POYTAXTIMIZDA XORIJIY DIPLOMATIK KORPUS VAKILLARINING FOTOKO‘RGAZMASI OCHILDI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Toshkent Fotosuratlar uyida mustaqilligimizning 25-yilligiga bag‘ishlab “O‘zbekiston xorijlik diplomatlar nigohida” deb nomlangan fotoko‘rgazma ochildi.
O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyatlari kengashi tomonidan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan fotoko‘rgazmada Xitoy, Buyuk Britaniya, Latviya, Janubiy Koreya, Bangladesh, Indoneziya kabi mamlakatlarning mamlakatimizdagi elchixonalari vakillari, xorijlik mehmonlar ishtirok etdi.
Kengash raisi M.Hojimatov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda barcha davlatlar bilan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizdagi elchixonalar o‘rtasida muntazam o‘tkazib kelinayotgan turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ko‘rgazma, anjuman va festivallar hamkor davlatlar bilan o‘zaro munosabatlarni yanada ravnaq toptirishga xizmat qilmoqda.
– O‘zbekiston xalqining betakror urf-odatlari, turmush tarzi namoyishiga aylangan ushbu fotoko‘rgazma O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlar, xususan, Buyuk Britaniya bilan madaniy aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotir, – deydi Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Kristofer Allan. – Bugungi kunda O‘zbekiston bilan Buyuk Britaniya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik ko‘plab yo‘nalishlarda izchil rivojlanib borayotgani g‘oyat quvonarli. O‘zbekiston xalqini mamlakatingiz davlat mustaqilligining 25-yillik bayrami bilan muborakbod etaman.
Ko‘rgazmada mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan diplomatik korpus vakillari tomonidan suratga olingan 160 fotosurat namoyish etildi.
– O‘zbekiston mustaqilligining 25-yilligi arafasida ushbu fotoko‘rgazmada qatnashayotganimdan xursandman, – deydi Bangladesh Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ma’sud Mannan. – O‘zbekistonning izchil taraqqiyoti, xushmanzara va fusunkor tabiati, do‘stona muhit, o‘zbekona mehmondo‘stlik kabi ko‘plab omillar barchaga birdek manzur bo‘lishi shubhasiz. Yurtingizdagi ko‘p asrlik tarixiy obidalar ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab kelinayotgani tahsinga loyiq.
Ko‘rgazma ishtirokchilari fotosuratlarda O‘zbekistonni yorqin va o‘ziga xos, noyob va ko‘pqirrali o‘lka sifatida tasvirlagan. Tarixiy obidalarning mahobatli obrazlarida dunyo tamaddunining ko‘p asrlik qiyofalari va muhim davrlari aks ettirilgan. Fotosuratlarning katta qismi yurtimizning mehmondo‘st va ko‘pmillatli xalqi hayotiga bag‘ishlangan. Shuningdek, diyorimizning go‘zal tabiati manzaralari, milliy bayramlarimiz, urf-odatlarimiz, yurtdoshlarimizning kundalik hayoti suratga olingan.
O’zA