PREZIDENT SAYLOVI – DEMOKRATIK YANGILANISH VA ISLOHOTLAR KO‘ZGUSI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Mamlakatimizda 2016-yil 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ishlari qizg‘in pallaga kirdi. O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzoulug‘bek Abdusalomov bilan ushbu saylovning mamlakatimiz hayoti va taraqqiyotidagi ahamiyati, milliy saylov qonunchiligimizga kiritilgan o‘zgartirishlar, saylovga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari haqida suhbatlashdi.
– Mustaqilligimiz asoschisi, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning bevaqt vafoti barchamiz, butun xalqimiz uchun og‘ir judolik bo‘ldi, – deydi M.Abdusalomov. – Yurtboshimiz respublikamiz deyarli jar yoqasiga kelib qolgan, og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy muammolar jamiyatda keskin norozilik kayfiyatini tug‘dirgan murakkab va tahlikali bir paytda respublika rahbari etib saylangan edi. Buyuk Yo‘lboshchimiz o‘zining oqil va dono siyosati, uzoqni ko‘ra olishi, har bir muammo va masalaning yechimi ustida chuqur o‘ylab, yetti o‘lchab, bir kesishi natijasida nafaqat o‘sha davrda vujudga kelgan vaziyatning yanada chuqurlashib, olov olib ketishining oldini olishga erishdi, balki Vatanimiz istiqlolini e’lon qilib, uni mustaqil taraqqiyot yo‘liga olib chiqdi. Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida O‘zbekiston ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga ega bo‘lgan huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish, xalq farovonligini, uning hayot sifatini va darajasini muttasil oshirib borish, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallash yo‘lida olamshumul yutuqlarga erishdi.
Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining asosiy muallifi, mamlakatimizni yangilash va modernizatsiya qilish jarayonlarining huquqiy asosini belgilab bergan ko‘plab qonun hujjatlarining tashabbuskori va ijodkori bo‘ldi. O‘zbekistonda demokratik tamoyillarga to‘liq javob beradigan milliy saylov tizimi va qonunchiligi yaratilgani ham bevosita Birinchi Prezidentimiz nomi va faoliyati bilan bog‘liq.
Mamlakatimiz saylov qonunchiligi asosini Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro pakt va O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan boshqa xalqaro huquq hujjatlarida mustahkamlangan va jahonda e’tirof etilgan muhim demokratik prinsiplar tashkil qiladi. Bu haqda gapirganda, aksariyat xorijlik mustaqil ekspertlar bugungi kunda O‘zbekiston saylov qonunchiligi demokratiyaga muvofiqlik darajasi bo‘yicha dunyoning ko‘plab rivojlangan davlatlarining saylov to‘g‘risidagi qonunlaridan ustundir, degan fikrda ekanini aytib o‘tish o‘rinlidir.
Mamlakatimizda yaratilgan ana shunday demokratik saylov qonunchiligi parlament, Prezident va mahalliy Kengashlarga saylovlarning mustahkam huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 96- va 117-moddalari, "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida"gi qonunning 8-moddasi, "O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida"gi qonunning 5- va 9-moddalariga muvofiq 2016-yil 4-dekabr kunini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni, deb belgiladi va 9-sentabrdan saylov kampaniyasi boshlangani e’lon qilindi.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda davlat boshqaruvida prezidentlik instituti asosiy o‘rin tutadi. Mamlakatimiz hali sobiq ittifoq tarkibida bo‘lgan davrda Islom Karimov asos solgan bu institut mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadam edi. O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritganidan keyin prezidentlik instituti o‘zining tom ma’nodagi mazmun-mohiyatiga ega bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilganidek, Prezident davlat boshlig‘idir va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishi hamda hamkorligini ta’minlaydi. Prezident fuqarolarning huquq va erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining kafolatidir.
Mustaqil O‘zbekiston tarixining hozirgi davrida oldimizda nihoyatda mas’uliyatli vazifa turibdi. Yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikni, fuqarolar va dinlararo bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat muhitini asrab-avaylash va yanada mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni barqaror rivojlantirish, xalqimiz farovonligini izchil yuksaltirib borish, Vatanimizning dunyodagi eng rivojlangan davlatlar qatoridan joy olishi yo‘lidagi ezgu maqsadlarimizni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha strategik va ustuvor vazifalarni belgilab olishimiz lozim.
Shu ma’noda joriy yilning 4-dekabrida bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovi mamlakatimiz, xalqimiz hayotida g‘oyat muhim o‘rin tutadigan ijtimoiy-siyosiy tadbir hisoblanadi.
Mazkur saylovga tashkiliy-huquqiy va moddiy-texnik jihatdan yuksak darajada tayyorgarlik ko‘rish, uni milliy saylov qonunchiligimizda mustahkamlab qo‘yilgan demokratik prinsiplarga to‘liq muvofiq holda, ochiq-oshkora va adolatli o‘tkazish katta ahamiyatga ega. Buning uchun mamlakatimizda barcha shart-sharoit yaratilgan.
– Prezident saylovini demokratik tamoyillarga muvofiq holda o‘tkazishni kafolatlaydigan huquqiy asoslar to‘g‘risida kengroq ma’lumot bersangiz.
– O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi milliy saylov tizimining faoliyat yuritishi va jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarini demokratik rivojlantirishda, shubhasiz, asosiy hujjat bo‘lib xizmat qilmoqda. Konstitutsiyada, xususan, O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tomonidan umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanishi belgilab qo‘yilgan. Bundan tashqari, mustaqillik yillarida Prezident saylovi jarayonini tartibga soladigan qonunlar yaratildi. «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida», «Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida», «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida»gi qonunlar va boshqa qonun hujjatlari shular jumlasidandir.
Mamlakatimizda ushbu sohada qabul qilingan huquqiy-me’yoriy hujjatlar adolatlilik, ochiqlik, oshkoralik va transparentlik prinsiplari asosida fuqarolarning saylov huquqlariga so‘zsiz rioya etish, saylovchilarga saylovda erkin ishtirok etish uchun zarur shart-sharoitlar, Prezidentlikka nomzod ko‘rsatadigan siyosiy partiyalar va nomzodlarga saylov kampaniyasi davomida keng va teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.
Milliy qonunchiligimizda Markaziy saylov komissiyasi rahbarligida saylovlarning qonun talablariga muvofiq ravishda tashkil etilishi va o‘tkazilishini ta’minlaydigan hamda faqat qonunga bo‘ysunadigan mustaqil saylov komissiyalari haqidagi me’yor mustahkamlab qo‘yilgani saylov tizimining eng muhim xususiyatidir.
– Saylov qonunchiligiga keyingi yillarda kiritilgan o‘zgartirishlar haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.
– Mamlakatimizda to‘plangan demokratik saylovlar o‘tkazish tajribasi va huquqni qo‘llash amaliyotini hisobga olgan holda saylov qonunchiligi izchil takomillashtirilmoqda. Aytib o‘tish kerakki, 2014-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovlar hamda 2015-yilda o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi demokratik saylov tizimini rivojlantirish borasida olib borilayotgan o‘zgarishlar o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatdi.
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi asosida saylov qonunchiligiga saylov erkinligi prinsipini yanada to‘liq amalga oshirishga oid me’yorlar kiritildi. Bu saylovoldi tashviqotini o‘tkazishda siyosiy partiyalar va ular tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarni teng sharoitlar bilan ta’minlash samaradorligini oshirish, saylov davomida oshkoralikni ta’minlashning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish imkonini berdi.
2015-yilda o‘tkazilgan Prezident saylovidan keyin «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi qonunning takomillashtirilgani ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Qonunda siyosiy partiyalarning saylovda qatnashishida yengillik berildi. Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalari jami saylovchilarning umumiy soni kamida bir foizining, kamida sakkizta ma’muriy-hududiy tuzilma namoyandasi bo‘lgan saylovchilarning imzosini qamrab olgan bo‘lishi kerak. Ilgari bu ko‘rsatkich besh foiz edi.
Ovoz berish tartibiga oid qoidalarning takomillashtirilgani saylovlarni yanada liberallashtirish, ularning ochiqligini ta’minlash, fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin va mustaqil bildirishi uchun yanada qulay shart-sharoit yaratdi.
Taraqqiy etgan davlatlar qonunchiligida mavjud bo‘lgan saylov kuni va ovoz berish boshlanishiga bir kun qolganda saylovoldi tashviqotiga yo‘l qo‘yilmasligiga doir norma ham qonunchiligimizga kiritildi. Bu saylovchilarga o‘z qarashlarini, siyosiy xayrixohligini aniqlab olish, kim va qanday siyosiy dastur uchun ovoz berish masalasida aniq bir qarorga kelishi uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. Bu ovoz berish kuni arafasida turli suiiste’mollik holatlari va qonunbuzilishlarining oldini oladi.
Saylov kuni ayrim fuqarolar mehnat ta’tili, xizmat safari yoki o‘quv faoliyatining tartibi, davlat va jamoat majburiyatlarini bajarish, salomatligi bilan bog‘liq uzrli sabablarga ko‘ra o‘z uylarida bo‘lmasliklari mumkin. Bunda saylovchining boshqa ma’muriy hududga ketayotganligi tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak. Bu jarayon “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunning 31-moddasida o‘z ifodasini topgan. Muddatidan oldin ovoz berish saylovga 10 kun qolganda boshlanadi va saylovga bir kun qolganda tugallanadi. Muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti okrug saylov komissiyasi tomonidan belgilanib, saylovchilar, kuzatuvchilar hamda OAV vakillarining e’tiboriga yetkaziladi.
Shuni ham aytish lozimki, qamoqda saqlash joylarida saylov uchastkalarini tashkil etish imkoniyati "O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida", "Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida"gi qonunlarga kiritilgan edi. Bu amaliyot Qonunchilik palatasiga bo‘lib o‘tgan saylov vaqtida, shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi qaroriga asosan 2015-yilda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida muvaffaqiyatli sinab ko‘rildi. Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash maqsadida qamoqda saqlash joylarida sud huqmi chiqarilmagan shaxslarning ovoz berishi uchun imkoniyat yaratildi.
Saylov qonunchiligidagi so‘nggi o‘zgartirish va qo‘shimchalardan kelib chiqib, Markaziy saylov komissiyasining o‘ndan ziyod nizom va yo‘riqnomasi qayta ko‘rib chiqildi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovchilar ro‘yxatini tuzish tartibi, nomzodlar ko‘rsatish va ularni qo‘llab-quvvatlab to‘plangan imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirish tartib-taomili, saylovoldi tashviqoti hamda saylov kampaniyasi moliyalashtirilishi, shikoyat va arizalar ko‘rib chiqilishi, shuningdek, kuzatuvchilarning huquqlari va vazifalariga oid masalalarni tartibga soladigan hujjatlar yangilangandi. "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida" va "O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida"gi qonunlarda boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan bo‘lgan kuzatuvchilarga mandatlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan berilishi haqidagi norma mustahkamlandi.
– Saylovga tayyorgarlik ishlari qanday ketmoqda?
– Barcha darajadagi saylov komissiyalarining faoliyati va saylov jarayonining har bir bosqichida o‘tkaziladigan tadbirlar tegishli qonunlar hamda qonunchilik talablaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi asosida olib borilmoqda. Saylov kampaniyasini yuksak demokratik darajada tashkil etish, okrug va uchastka saylov komissiyalarining samarali faoliyat ko‘rsatishi, saylov jarayoni ishtirokchilarining huquqlarini to‘liq amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14 saylov okrugi tuzildi, okrug saylov komissiyalari tomonidan 9 ming 378 saylov uchastkasi tashkil etildi. Mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida 44 saylov uchastkasi tuzildi. Uchastka saylov komissiyalari tarkibi shakllantirilib, ularning faoliyatiga 98 mingdan ziyod kishi jalb qilingan. Okrug saylov komissiyalari a’zolarining 56 nafari xotin-qizlardir, ularning 12 nafari saylov komissiyalarining rahbariyatidan joy egallagan. Uchastka saylov komissiyalari tarkibida xotin-qizlar soni 47,4 foizni tashkil etadi. Uchastka saylov komissiyalari raislarining 26,7 foizi xotin-qizlardir.
Saylov okruglari va uchastkalari barcha shart-sharoitlarga ega zamonaviy binolarda joylashtirilib, transport, axborot-kommunikatsiya va aloqa vositalari, shu jumladan, internetga ulanish imkoniyatlari bilan ta’minlanmoqda.
Jismoniy imkoniyatlari cheklangan fuqarolarning ovoz berishda ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida har bir saylov uchastkasi nogironlarning aravachalari bemalol binoga kirishini nazarda tutadigan alohida pandus bilan jihozlanmoqda. Bundan tashqari, kabinalarning biri nogironlarning ovoz berishi uchun mo‘ljallanmoqda. Ko‘zi ojiz fuqarolarga brayl alifbosida saylov mavzusi bo‘yicha turli risolalar tayyorlanmoqda, ilk marta ular uchun mo‘ljallangan saylov byulletenlarini tayyorlash rejalashtirilgan. Bularning barchasi imkoniyati cheklangan shaxslar jamiyatimizning to‘laqonli a’zosi ekanini inobatga olgan holda amalga oshirilmoqda.
Ma’lumki, uchastka saylov komissiyalari faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish saylov kampaniyasini to‘g‘ri olib borishning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Shu bois bu jihatga yanada katta mas’uliyat bilan yondashilmoqda, saylov uchastkalarini tayyorlash, uchastka saylov komissiyalari a’zolarining huquqiy bilimini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Uchastka saylov komissiyalari ishini samarali tashkil etishga qaratilgan uch bosqichli seminar-treninglar dasturi ishlab chiqildi. Mamlakat, viloyat va tumanlar miqyosida tashkil etilayotgan mazkur tadbirlarda Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, saylov qonunchiligi va amaliyoti bo‘yicha ekspertlar ham bevosita ishtirok etib, uchastka saylov komissiyalari faoliyatini moliyalashtirish, saylovchilar ro‘yxatini tuzishning o‘ziga xos xususiyatlari, ovoz berish jarayonini tashkil etish hamda o‘tkazishning huquqiy asoslari, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil qilish singari dolzarb masalalar bo‘yicha uchastka saylov komissiyalari a’zolarining bilim va malakalari oshirilmoqda.
Bugungi kunda saylov uchastkalari fuqarolarimizning nafaqat huquqiy madaniyatini yuksaltirish, balki nomzodlar saylovoldi dasturlari va tarjimai hollari bilan tanishishi uchun siyosiy-ma’rifiy markazga aylangan. Bu yerda saylovchi saylovga oid har qanday ma’lumotni olishi mumkin.
Milliy saylov amaliyotimiz tarixida birinchi bor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish davrida saylovchilar huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar dasturi qabul qilindi.
Dastur fuqarolarga istiqlol yillarida yaratilgan milliy saylov tizimi, "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida"gi qonun, so‘nggi yillarda unga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, Markaziy saylov komissiyasining saylov masalalarini tartibga soluvchi qarorlarining mazmun-mohiyati hamda saylovchilarning qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklarini keng tushuntirish ishlarini olib borishni nazarda tutadi.
Targ‘ibоt tadbirlari davra suhbati, seminar, uchrashuv, bevosita muloqot, konferensiya, trening shaklida, ommaviy axborot vositalari orqali maqola, eshittirish va ko‘rsatuvlar e’lon qilish, turli risola, flayer va boshqa targ‘ibоt materiallarini tayyorlash orqali amalga oshirilmoqda.
Dasturda nazarda tutilgan tadbirlar doirasida aholining barcha qatlami, xorijdagi yurtdoshlarimiz qamrab olinmoqda. "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati, Xotin-qizlar qo‘mitasi, "Mahalla" xayriya jamoat fondi, Respublika Baynalmilal madaniyat markazi, fuqarolik jamiyati institutlari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan ijtimoiy sheriklikda fuqarolarning huquqiy madaniyati va faolligini yanada oshirish maqsadida turli aksiyalar o‘tkazmoqda.
Saylovchilar huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibоt tadbirlarida oilaviy ovoz berishning oldini olishga alohida e’tibor berilmoqda. Joylarda saylovchilar, okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolari ishtirokida seminarlar o‘tkazilmoqda. Shu bilan birga shu mavzuda 100 ming nusxada tashviqot plakatlari chop etilib, ularni odamlar gavjum maskanlarda joylashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birga muddatidan oldin ovoz berish, ovoz berish va saylov byulletenini to‘ldirish tartibiga bag‘ishlangan roliklar tayyorlanmoqda.
– Saylov kampaniyasining eng muhim bosqichlaridan biri bo‘lgan saylovoldi tashviqoti davom etmoqda. Ushbu jarayon haqida ham gapirib bersangiz.
– Saylovoldi tashviqoti saylov kampaniyasida g‘oyat muhim o‘rin tutadi. Bu jarayonga barcha demokratik davlatlar, jumladan, mamlakatimizda ham alohida e’tibor qaratiladi. Tashviqot nomzodlarga saylovchilarni o‘z saylovoldi dasturi bilan tanishtirish imkonini beradi. 2015-yil 29-dekabrda qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun saylovga oid qonunchilikni takomillashtirish ishlarining mantiqiy davomi bo‘ldi. Mazkur qonunda saylovoldi tashviqotini olib borishning turlari, shakllari va usullari, ommaviy axborot vositalari orqali tashviqot olib borish, OAV orqali tarqatiladigan axborotga qo‘yiladigan, masalan, uning haqqoniyligi, Prezidentlikka nomzodlar, siyosiy partiyalarning huquq va qonuniy manfaatlarini buzmasligiga doir talablar batafsil bayon etildi.
Qonunda bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarida albatta ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan adad, bosib chiqarilgan sana kabi ma’lumotlar ro‘yxati o‘z aksini topgan. Bino, inshootlar va boshqa joylarda joylashtirilgan saylovoldi tashviqoti materiallari saylov kunidan bir kun avval mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan olib tashlanishi belgilandi.
Saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali saylovoldi tashviqoti yuritish, Prezidentlikka nomzodlar uchun teng sharoitlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoatchilik birlashmalari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari Prezidentlikka nomzodlarga saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazish uchun tegishli ravishda jihozlangan xonalar ajratishi, kerakli ma’lumot va axborot materiallarini olishiga ko‘maklashishi shartligi belgilandi.
Bugungi kunda saylov kampaniyasi, shu jumladan, saylovoldi tashviqotini amalga oshirish jarayonlari mamlakatimiz qonunchiligi va Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturiga to‘la muvofiq holda amalga oshirilmoqda.
Siyosiy partiyalardan kelib tushgan taklif va istaklarni inobatga olib, har bir nomzodga o‘z saylovoldi dasturlarini aholiga yetkazish uchun O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining "O‘zbekiston" va "Yoshlar" tele va radiokanallarida 638 daqiqadan, Milliy teleradiokompaniyaning 12 hududiy telekanalida 206 daqiqadan, "Toshkent" teleradiokanalida 286 daqiqadan bepul efir vaqti ajratildi. "Xalq so‘zi", "Narodnoye slovo" va "Pravda Vostoka" gazetalarida 6 sahifadan iborat nashr maydoni bepul berilmoqda. Bundan tashqari, hududlardagi 30 mahalliy gazetada har bir nomzod uchun 55,5 sahifa nashr maydoni bepul taqdim qilinadi.
Turli millat vakillari bo‘lgan fuqarolarga saylovoldi tashviqoti materiallari bilan tanishishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar tojik tilidagi "Ovozi tojik", "Ovozi Samarqand", qozoq tilidagi "Nurli jol" gazetalari nashr maydonidan bepul foydalanadi. Umuman olganda, saylov kampaniyasi jarayonlari haqidagi axborotlar mamlakatimizdagi OAVlarda 17 tilda chop etilmoqda. Bundan tashqari, koreys tilidagi "Koryo Sinmun", "Txonil-Edinstvo", arman tilidagi "Apaga" kabi nashrlar ham hech qanday to‘siqlarsiz o‘z mushtariylarini ushbu jarayonlar to‘g‘risida boxabar qilishlari diqqatga sazovordir.
Nomzodlarning har biri mamlakatimiz bo‘yicha 642 tadan tashqi reklama vositasidan, ya’ni maxsus konstruksiyalar, ekranlar, billbordlardan o‘z dasturiy g‘oya va maqsadlarini targ‘ib qilishda foydalanadilar. Respublikamizdagi 36 elektron monitorda ham nomzodlarning tashviqot roliklarini bepul joylashtirish imkoniyati yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ommaviy axborot vositalarida saylovoldi tashviqoti materiallarining turlari, shakllari, usullari va mazmunini mustaqil belgilaydi.
Ta’kidlash joizki, saylovoldi tashviqoti davrida teng shart-sharoit yaratish tamoyili partiya nashrlariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Ular tegishli materiallarni istalgan hajmda chop etishlari mumkin.
Bugungi kunda nomzodlar saylovoldi tashviqoti tadbirlarini faol olib bormoqda, bu jarayonda ularga ishonchli vakillari yaqindan yordam bermoqda.
Okrug saylov komissiyalari tenglik tamoyiliga rioya qilinishini qattiq nazorat qilmoqda.
Joylarda qonunchilik talablari qay darajada ta’minlanayotgani monitoring qilinmoqda va bu borada Markaziy saylov komissiyasiga kunlik axborot berilmoqda.
– Saylov jarayonining ochiq va oshkoraligini ta’minlash uchun saylov komissiyalari qanday chora-tadbirlarni ko‘rmoqda?
– Mamlakatimizda demokratik saylovlarni tashkil etish yashirin ovoz berishga asoslangan bo‘lib, qolgan barcha jarayonlar ochiqlik, oshkoralik va transparentlik asosida o‘tkaziladi. "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, saylov komissiyalari fuqarolarni saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha o‘z faoliyati bilan tanishtirib boradi. Saylov komissiyalari tuzilgani, ular joylashgan manzil va ularning ish vaqti haqida ma’lum qiladi. Saylovchilar ro‘yxati, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar ro‘yxati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan tanishtiradi, ovoz berish va saylov yakunlaridan xabardor qiladi.
Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, har bir saylov uchastkasida saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan bittadan kuzatuvchi, matbuot, televideniye va radio vakillari, xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan kuzatuvchilar qatnashish huquqiga ega.
Saylov jarayonining ochiq va oshkoraligini ta’minlashda ommaviy axborot vositalari muhim o‘rin tutadi. Prezident saylovi bo‘yicha 2016-yilgi saylov kampaniyasini har tomonlama xolis yoritish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, "Jahon", "Uzreport" axborot agentliklari, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi o‘rtasida ikki tomonlama bitimlar imzolandi.
Prezident saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi, shuningdek, okrug saylov komissiyalari huzurida ham shunday matbuot markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan xorijiy va milliy ommaviy axborot vositalarining 500 dan ortiq vakili, okrug saylov komissiyalari tomonidan qariyb 560 nafar mahalliy jurnalist akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Markaziy saylov komissiyasining barcha qarorlari, nizom va yo‘riqnomalari qabul qilingan kunning o‘zidayoq komissiyaning www.elections.uz manzili bo‘yicha rasmiy veb-saytiga o‘zbek, rus va ingliz tillarida joylashtirilayotgani, shuningdek, saylov kampaniyasi bilan bog‘liq ma’lumotlar, yangiliklar, matbuotda va axborot agentliklarining veb-saytlarida dolzarb mavzuga oid e’lon qilingan maqolalar, foto- va videomateriallar, efirga uzatilgan intervyu va ko‘rsatuvlar, saylovchilarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga va ularning xabardorligini oshirishga qaratilgan roliklar, chop etilgan saylov mavzusiga oid risolalar saytning tegishli bo‘limlarida aks etgani saylov jarayonining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlanayotganligining yana bir yorqin dalilidir.
Markaziy saylov komissiyasi dasturiga muvofiq okrug va uchastka saylov komissiyalari, shuningdek, xotin-qizlar, yoshlar, nuroniylar, imkoniyati cheklangan shaxslar, harbiy xizmatchilar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, mehnat jamoalari, o‘quv muassasalari vakillari, jurnalistlar uchun mavzuga oid seminarlar o‘tkazilmoqda. Bu milliy saylov qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlar, saylov komissiyalari oldida turgan vazifalar, ommaviy axborot vositalari ishtirokida saylov jarayonining ochiq va oshkoraligini ta’minlash vazifalari haqida ularning xabardorligini oshirishga yordam beradi.
Mazkur yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar samarasida saylov kampaniyasi boshlangandan beri mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida bu mavzuda 9 ming 900 dan ortiq, xorijiy ommaviy axborot vositalarida 800 dan ziyod material e’lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish, uni o‘tkazish chog‘ida qonunbuzilishlarining oldini olish, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, ular yuzasidan qonunda belgilangan choralarni ko‘rish hamda okrug, uchastka saylov komissiyalari bilan doimiy aloqa o‘rnatishni ta’minlash maqsadida 2016-yil 1-noyabridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida kechayu kunduz ishlab turadigan «ishonch telefoni» (0 371 239-35-62), shuningdek, faks (0 371 239-42-43) va elektron pochta (ub_saylov@umail.uz) ishga tushirildi.
Ayni paytda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi kabi nufuzli xalqaro tuzilmalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun taklifnomalar yuborilib, ular ushbu jarayonda qatnashishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining saylovni kuzatish bo‘yicha missiyasi asosiy guruhi mamlakatimizga tashrif buyurib, o‘z faoliyatini boshladi. Shu o‘rinda mazkur tashkilotning rasmiy veb-saytida Ehtiyojlarni baholash missiyasi ekspertlarining O‘zbekistonga tashrifi natijalari bo‘yicha hisobоt e’lon qilindi. Unda mamlakatimiz qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlar, Markaziy saylov komissiyasining nizom va yo‘riqnomalari yanada takomillashtirilgani yuqori baholangan, O‘zbekiston saylovni xalqaro standartlarga muvofiq o‘tkazishga tayyor ekani e’tirof etilgan holda saylovni kuzatish bo‘yicha to‘laqonli missiya yuborish haqida ma’lum qilingan.
Missiya asosiy guruh bilan birga 20 nafar uzoq muddatli kuzatuvchi, ovoz berish kuni saylov uchastkalarida kuzatuvni amalga oshiradigan 250 nafar qisqa muddatli kuzatuvchidan iborat bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichidagi g‘oyat muhim ijtimoiy-siyosiy voqeadir. Zero, Vatanimiz kelajagi, uning yanada taraqqiy topishi saylov barcha ishtirokchilarining faolligi, siyosiy yetukligi va pirovard natijada saylovchilar qabul qiladigan qarorga bog‘liqdir.
O’zA