Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

PREZIDENT Yagona yoʻlimiz – tadbirkorlar sonini koʻpaytirish, odamlarni ishbilarmon qilish

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
PREZIDENT Yagona yoʻlimiz – tadbirkorlar sonini koʻpaytirish, odamlarni ishbilarmon qilish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2019-yil 8-yanvar kuni Davlat byudjeti parametrlarini ijro etish va hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha joriy yilgi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Ilgʻor xorijiy tajriba hamda sinalgan amaliyot asosida mamlakatimizda milliy soliq tizimi yaratildi. Soliqlar soni va stavkalari optimallashtirildi. Qoʻshilgan qiymat soligʻining stavkasi 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirildi. Buning natijasida oʻtgan yili tadbirkorlar ixtiyorida jami 2 trillion soʻm mablagʻ qoldi.
2020-yil 1-yanvardan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi amaliyotga tatbiq etildi. Bu islohotlardan asosiy maqsad – joriy va kelgusi yillarda iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashdir.
Yigʻilishda buning uchun tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash va bu orqali byudjet tushumlarini muntazam oshirib borish zarurligi taʼkidlandi.
– Yagona yoʻlimiz – tadbirkorlar sonini koʻpaytirish, odamlarni ishbilarmon qilish! Har bir hokim byudjetga qoʻshimcha daromadlarni taʼminlashi uchun oʻzi izlanishi, tadbirkorga sharoit yaratib, biznes vakillari bilan yelkama-yelka ishlashi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Joylardagi rahbarlarning eskicha ish uslubi, energiya resurslari isteʼmoli va toʻlovi boʻyicha hisob-kitob yuritishi, tadbirkorlarni qiynayotgan masalalarga yondashuvi tanqid qilindi. Oʻtgan yili Mirzo Ulugʻbek, Gʻuzor va Muborak tumanlarida faoliyat koʻrsatmayotgan tadbirkorlar soni oshgani koʻrsatib oʻtildi.
– Bitta tadbirkor oʻz faoliyatini toʻxtatsa ham, bunga “favqulodda holat” sifatida qaralishi kerak, – deya taʼkidladi Prezident. – Iqtisodiy barqarorlik asosi raqobatbardosh tadbirkorlarni koʻpaytirishdir.
Yigʻilishda joriy yil birinchi chorakda byudjetga soliq tushumlarini taʼminlash uchun hokimlar boshchiligida, ularning iqtisodiy masalalar boʻyicha birinchi oʻrinbosarlari, moliya va soliq idoralari tomonidan amalga oshiriladigan vazifalar belgilab berildi.
Avvalo, yangi tadbirkorlik subyektlarini tashkil qilish hamda faoliyatini toʻxtatgan korxonalarni tiklashga koʻmaklashish kerakligi taʼkidlandi. Buning uchun elektr, gaz, yoʻl, suv bilan bogʻliq infratuzilmani yaxshilash, yangilarini barpo etish zarur. Shu bois hokimiyatlar tomonidan oshirib bajarilgan daromadlar, birinchi navbatda, hududlarda mavjud infratuzilmani yaxshilashga yoʻnaltirilishi belgilandi.
Shuningdek, tayyor infratuzilmasi bor kichik sanoat zonalarining 263 gektar maydoni va 50 mingdan ziyod obyektlaridan samarali foydalanilsa, koʻplab yangi quvvatlar tashkil etish mumkin. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga viloyat hokimliklari bilan birgalikda shu borada manzilli dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Davlatimiz rahbari har bir tuman kesimida resurs soligʻi toʻlovchilarni hamda ularning obyektlarini hisobga olish, ish oʻrinlari va tadbirkorlar faoliyatini legallashtirish boʻyicha ham topshiriqlar berdi.
Elektr energiyasi va tabiiy gaz isteʼmoli uchun qarzdorlikni qisqartirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Toshkent, Sirdaryo, Samarqand, Navoiy viloyatlari va boshqa joylarda debitor qarzdorlik koʻpaygani, avtomobillarga gaz quyish shohobchalarida katta miqdorda talon-torojliklar aniqlanayotgani koʻrsatib oʻtildi. Bu energiya ishlab chiqaruvchi korxonalarning moliyaviy ahvoliga salbiy taʼsir etishi bilan birga hududlardagi tadbirkorlarning elektr va tabiiy gaz taʼminotida uzilishlarga sabab boʻlmoqda.
Davlatimiz rahbari bunday holatlarga chek qoʻyib, elektr energiyasi va tabiiy gazdan qarzdorlikni qisqartirish, aholi va tadbirkorlarni ushbu manbalar bilan uzluksiz taʼminlash zarurligini taʼkidladi.
Maʼlumki, Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari, “Oʻzbekneftgaz”, “Oʻztransgaz”, “Oʻzqurilishmaterillari”, “Oʻzkimyosanoat” kabi yirik korxona va tashkilotlar byudjet koʻrsatkichlariga sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Endilikda ulardan tushumlar yaqinda tuzilgan Yirik soliq toʻlovchilar bilan ishlash inspeksiyasi tomonidan mustaqil yigʻiladi.
Bosh vazir oʻrinbosarlari va maslahatchilariga oʻz komplekslari tarkibidagi korxonalarda ishlab chiqarish koʻrsatkichlarini har oyda muhokama qilib borish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Byudjetga tushumlarni oshirishda yana bir muhim yoʻnalish – davlat aktivlari. Oʻtgan yili davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan byudjetga jami 1,6 trillion soʻm dividend toʻlangan, xolos.
Shu bois mutasaddilarga davlat mulki obyektlarini, jumladan, yogʻ-moy va alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarni xususiylashtirish, yirik soliq toʻlovchi subyektlar boʻyicha dividend toʻlash miqdori va davriyligini belgilash vazifasi yuklatildi.
Yigʻilishda berilgan topshiriqlar ijrosini samarali tashkil etish uchun viloyat hokimlarining iqtisodiy masalalar boʻyicha birinchi oʻrinbosarlari moliya, soliq, bojxona, bank va iqtisodiy kompleks tarkibidagi boshqa tashkilotlar bilan birgalikda tadbirkorlarga munosib sharoit yaratish va byudjet daromadlarini oshirish boʻyicha doimiy ishlashi zarurligi qayd etildi.
Videoselektorda yana bir muhim masala – yangi Soliq kodeksini hayotga toʻliq tatbiq etish masalasi ham atroflicha muhokama qilindi.
Maʼlumki, oʻtgan yili soliq tizimidagi oʻzgarishlarning mazmun-mohiyatini aholi va tadbirkorlarga chuqur tushuntirish boʻyicha Ishchi guruh tuzilgan edi. Uning hududiy tuzilmalari tomonidan bu borada manzilli ishlar olib borildi.
Joriy yil 1-yanvardan mamlakatimiz soliq tizimida 120 dan ortiq yangi qoidalar amaliyotga kiritildi. Bu qoidalar toʻgʻri qoʻllanishi, aholining huquq va manfaatlari taʼminlanishi uchun oʻzgarishlardan barcha xabardor boʻlishi kerak.
Shu bois viloyatlar, tuman va shaharlar hokimlari boshchiligida iqtisodiy kompleks idoralari xodimlari va tadbirkorlarni oʻqitishni tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.
Kodeksning mazmun-mohiyatini anglagan holdagina uning sifatli ijrosini taʼminlashga imkon boʻladi. Undan tashqari, hujjatda koʻzda tutilgan qoidalarni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida barcha tumanlarda davra suhbatlari, seminarlar va boshqa targʻibot tadbirlarini oʻtkazish muhimligi qayd etildi. Ommaviy axborot vositalarida targʻibot boʻyicha media reja ishlab chiqib, birinchi chorak davomida barchaga yetkazish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Yangi kodeksda soliq organlariga ham koʻplab vazifalar yuklatilgan. Ularni sifatli amalga oshirish uchun soliq xodimlari bilim va saviyasini keskin oshirishi, tadbirkorlarga munosabatini tubdan oʻzgartirishi zarurligi taʼkidlandi.
Davlat soliq qoʻmitasi, Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsmanga xalqaro tajriba asosida, tadbirkorlar bilan muhokama qilgan holda soliq tekshiruvlari oʻtkazish tartibini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilishda qurilishni moliyalashtirish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Moliyalashtirish manbasi aniq boʻlmagan obyektlarda qurilishni boshlash va loyiha-smeta hujjatlarisiz qurilishni moliyalashtirish taqiqlanishi qayd etildi.
– Bugungi topshiriqlar ijrosini samarali tashkil etish iqtisodiy kompleksdan katta masʼuliyat talab etadi. Shu bois bu yil hukumat va hududlar uchun “iqtisodiy kompleksni safarbar qilish yili” boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Videoselektorda soha va tarmoqlar rahbarlari, hokimlar belgilangan prognoz rejalarni bajarish, tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan hisobot berdi.
(Manba: O‘zA)
Barcha xizmatlar uchun yagona boʻlgan elektron raqamli imzo ishlab chiqiladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 9-yanvar kuni davlat xizmatlari koʻrsatish samaradorligini oshirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.
Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sifatidagi faoliyatining ilk kunlaridan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan gʻoyani ilgari surgan edi. Maqsad odamlarimizning ogʻirini yengil qilish, har qanday qulayliklar yaratishdan iborat.
Buning uchun, avvalo, rasmiy idoralarga u yoki bu yumush bilan murojaat qilgan aholining vaqti va mablagʻini tejash, ayniqsa, sarson-sargardonlikka barham berish, qolaversa, korrupsiyani bartaraf etish maqsadlarida davlat xizmatlari koʻrsatishning yaxlit, zamonaviy, ishonchli tizimini yaratishga kirishildi.
Shu munosabat bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yil 12-dekabr kuni “Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmon qabul qilindi. Unga muvofiq, Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi.
Hozirda mamlakatimiz boʻylab Agentlik tasarrufidagi Davlat xizmatlari markazlari faoliyat yuritib kelmoqda. Oddiy odamlar uchun qulay, koʻrkam boʻlgan 80 dan ortiq innovatsion binolar jismoniy va yuridik shaxslarga xizmat qilib kelayotgan boʻlsa, bugungi kunda yana 94 ta shunday inshootlarni qurish ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, olis joylarga chiqish orqali (“mobil davlat xizmatlari”) qulay va shaffof tarzda sayyor xizmatlar ham koʻrsatilyapti.
Bugungi kunga kelib, Davlat xizmatlari markazlari orqali “yagona darcha” tamoyili asosida 130 turdan ziyod xizmatlar taqdim etilmoqda. 2017-yilda aholiga koʻrsatilgan xizmatlar soni 12 mingtani tashkil etgan boʻlsa, 2019-yilda bu koʻrsatkich 13 milliontadan oshgan.
Eng koʻp murojaat qilinadigan 36 turdagi xizmatlar boʻyicha hujjatlar soni 112 tadan 52 taga kamaytirildi, xizmat koʻrsatish muddati 280 kundan 126 kunga qisqartirildi.
Masalan, ilgari haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish uchun pasport, tibbiy maʼlumotnoma, imtihon varaqasi, eski guvohnoma, rasm va eng kam ish haqining 70 foizi miqdorida toʻlov talab qilingan. Endilikda esa faqat uchta narsa: eski haydovchilik guvohnomasi va uning taloni, bazaviy hisoblash miqdorining 70 foizi hajmida toʻlov kerak, xolos.
Oʻtgan yil 1-iyundan boshlab fuqarolarning yashash joyidan va tashkilotlarning manzilidan qatʼi nazar, istalgan markaz orqali davlat xizmatlari koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi.
Bu odamlarga juda katta qulaylik yaratib, sarsongarchilikdan xalos etdi.
Masalan, Toshkentdagi universitetga Nukusdan kelib hujjat topshirish uchun kamida 2 million soʻm xarajat qilingan boʻlsa, hozirda istalgan markazga murojaat qilish kifoya.
Joriy yilda ham bu boradagi ishlar davom ettirilib, 94 ta yangi markaz barpo etilishini aksar hollarda xususiy sektor bilan sheriklikda amalga oshirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari bu dastlabki qadamlar ekani, aholiga qulayliklarni yanada koʻpaytirish zarurligini taʼkidladi.
Avvalo, “yagona darcha” tamoyili toʻliq ishlashi uchun barcha davlat xizmatlari toʻliq elektron shaklga oʻtkazilishi va maʼlumotlar raqamlashtirilishi lozimligi koʻrsatib oʻtildi.
Hozirgi kunda davlat xizmati koʻrsatuvchi 80 ta idoradan atigi 27 tasi Davlat xizmatlari agentligi bilan oʻzaro integratsiya qilingan. 53 idorada maʼlumotlar raqamlashtirilmagan. Misol uchun, sogʻliqni saqlash, ekologiya, qurilish, arxiv bilan bogʻliq davlat xizmatlari sohasida haligacha elektron maʼlumot bazasi shakllanmagan.
Shunday maʼlumot almashinuvi yoʻqligi sababli 2019-yilda qurilish, tabiiy gaz, issiq suv va ichimlik suvi taʼminoti borasida xizmat koʻrsatish muddatlari buzilgan.
Shu bois yigʻilishda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Adliya vazirligiga barcha idoralarning davlat xizmatlari bilan bogʻliq axborot tizimlari va maʼlumotlar bazasini yaratish boʻyicha manzilli dastur ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
Elektron davlat xizmatlaridan foydalanuvchilar sonini yil yakunigacha kamida 5 baravarga oshirish, 2025-yilgacha toʻliq elektron xizmat koʻrsatishga oʻtish maqsad qilib qoʻyildi.
Aholining 75 foizi internetga mobil qurilmalar orqali kirayotganini inobatga olib, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil versiyasini ishga tushirish muhimligi qayd etildi. Uzoq hududlarda yashaydigan aholiga qulayliklar yaratish maqsadida davlat xizmatlari markazining 50 dan ortiq filialini tashkil etishni jadallashtirish zarurligi taʼkidlandi.
Xorijiy tajribani qoʻllagan holda, odamlarga bir murojaat asosida qoʻshimcha kompleks xizmatlar koʻrsatish hamda fuqaroning murojaatisiz ham unga kerakli xizmat turlarini taklif qilish mumkinligi qayd etildi.
Misol uchun, farzand tugʻilishi bilan unga tugʻilganlikni qayd etish, nafaqa belgilash, yashash joyiga roʻyxatga va tibbiyot muassasasiga hisobga qoʻyish, bolalar bogʻchasiga navbat kabi xizmatlar biryoʻla taqdim etilsa, ota-onalarga gʻoyat qulay boʻladi.
Yigʻilishda ushbu tizimni eksperiment tariqasida Toshkent shahrida, keyinchalik boshqa hududlarda bosqichma-bosqich joriy etish yuzasidan topshiriq berildi.
Prezidentimiz koʻplab xizmatlar uchun elektron raqamli imzo talab qilinishi odamlarga qiyinchilik tugʻdirayotgani, ayniqsa, bu tadbirkorlarning eng ogʻriqli nuqtasi ekanini taʼkidladi.
Elektron raqamli imzodan kompyuter orqaligina foydalanish mumkin. Tadbirkor roʻyxatdan oʻtish uchun soliq idorasi kaliti, bojxona hujjatlari uchun bojxona kaliti va hisob raqami bilan ishlash uchun bankning elektron raqamli imzosini olishi shart. Bu kalitlarni olish uchun har bir idoraga alohida-alohida borib, uni xarid qilishi, tagʻin muayyan muddatda yana mablagʻ sarflab yangilashi kerak.
Prezidentimiz tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda elektron raqamli imzo talab etiladigan xizmat turlari uchun shaxsni tasdiqlashning muqobil, xavfsiz va sodda usullarini joriy qilish vazifasi qoʻyildi. Shu yil 1-iyulgacha hamma xizmatlar uchun yagona boʻlgan elektron raqamli imzo ishlab chiqish boʻyicha topshiriq berildi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi.
(Manba: O‘zA)
RASMIY
Oʻzbekistonda 2020-yil 1-martdan tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasiga baho berish tizimi joriy etiladi
“Respublika hududlarida tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasiga baho berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Hukumat qarori (8-son, 08.01.2020-y.) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2020-yil 1-martdan boshlab respublika hududlarida tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasiga baho berish tizimi joriy etiladi.
2020-yil 1-martga qadar tadbirkorlikni rivojlanganlik darajasi koʻrsatkichlarini hisoblash va baholash boʻyicha “BUSINESS INDICATOR” avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimi ishga tushiriladi.
Ushbu tizimni ishlab chiqish, unga texnik xizmat koʻrsatish yuzasidan, istisno tariqasida, tender (tanlov) savdolarini oʻtkazmasdan eng yaxshi takliflarni saralab olish yoʻli bilan shartnoma tuziladi.
Qaror bilan Respublika hududlarida tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasini baholash tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi.
Nizomga koʻra, baholash yarim yillik va yil yakuni boʻyicha oʻtkaziladi.
Baholash natijasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek tuman va shaharlar reytingi tuziladi, reytingda yuqori koʻrsatkichlarga ega hududdagi tashkilotlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari boshqaruv xodimlari moddiy ragʻbatlantiriladi.
Baholash Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
(Manba: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi telegram kanali)
INVESTITSIYA
O‘zbekiston Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi: Yangi yilda yangilangan investitsiya portali bilan
O‘zbekiston Respublikasi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligining investitsiya portali – bu doimiy ravishda yangilanib turadigan onlayn platforma bo‘lib, mamlakatning investitsion faoliyatidagi eng muhim voqealarni o‘z ichiga oladi.
Yangi 2020-yildagi asosiy yangiliklar: yangilangan vizual dizayn, yaxshilangan tarkib va yaxshilangan sayt xususiyatlari. Qulaylik uchun investitsion taklifga elektron ariza topshirishda, siz avvalgi 92 punkt o‘rniga endi18 punktni to‘ldirasiz, xolos.
Sizga qulay bo‘lishi uchun mintaqalar bo‘yicha investitsiya loyihalari va tavsiya etilgan investitsiya takliflari sahifalari birlashtirildi. Endi mos investitsiya loyihalarini izlash ancha qulay va osonroq bo‘ladi.
Umuman olganda, bugungi kunda qiymati 2 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 192 ga yaqin investitsion takliflar e’lon qilindi va yangi qidiruv funksiyasi sizga tarmoq, loyihaning hajmi va mintaqasi bo‘yicha ma’lumotlar topishga yordam beradi.
Siz eng so‘nggi yangiliklar, imtiyozlar va afzalliklar bilan, shuningdek respublikaning investitsiya muhiti bilan yangi tashkil etilgan “Nima uchun O‘zbekistonga investitsiya kiritish foydali?” bo‘limida tanishishingiz mumkin.
Siz Investitsiya portalining yangi dizayni va barcha o‘zgarishlar bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin: http://invest.gov.uz/uz/.
(Manba: Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligining matbuot xizmati)
ENERGETIKA
O‘zbekistonda quyosh elektr stansiyalarini barpo etish bo‘yicha ikkinchi tender o‘tkaziladi
Energetika vazirligida Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) ko‘magida fotoelektr (quyosh) elektr stansiyalar qurilishi bo‘yicha «Scalingsolar II» loyihasi doirasidagi tender savdolarining ikkinchi bosqichini tashkil etilishi muhokama qilindi.
Energetika vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, «Scalingsolar II» doirasida O‘zbekistonning Samarqand va Jizzax viloyatlarida har birining quvvati 200 MVt.ga teng bo‘lgan ikkita fotoelektr stansiyasi (FES) qurilishi bo‘yicha bitta lotga tender e’lon qilinishi kutilmoqda.
Tender savdolari 2020 yilning birinchi choragida e’lon qilinishi mumkin.
O‘zbekistonda IFC ko‘magida xalqaro tender savdolarining birinchi bosqichi o‘tkazildi va ularning natijalari 4 oktyabrda e’lon qilindi. Tender Navoiy viloyatida quvvati 100 Mvt.ga teng birinchi FES qurilishi bo‘yicha o‘tkazilgan.
Ushbu loyiha Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro moliyaviy korporatsiya tomonidan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 15-17 may kunlari AQShga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Xalqaro tenderning birinchi bosqichida XXR, Janubiy Koreya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, BAA, Hindiston, Janubiy Afrika, Rossiya, Ispaniya, Norvegiya va Fransiyadan 23 kompaniya ishtirok etmoqda, shundan kvalifikatsiya oldi tanlovidan 11 ta kompaniya o‘tdi.
5 ta kompaniya tomonidan tender takliflari berildi: «AcwaPower» (Saudiya Arabistoni); «JinkoPower» va «AljoimahEnergy&WaterConsortium» (XXR/Saudiya Arabistoni); «Masdar» (BAA); «TBEA XinjianingSunoasisCoLtd» (XXR) va «TotalEren» (Fransiya).
Da’vogarlarning texnik va tijoriy takliflari o‘rganilib, baholangach, tender komissiyasi tomonidan xalqaro tenderning birinchi bosqichi g‘olibi deb «Masdar» (BAA) e’lon qilindi, bunda tarif ishlab chiqilgan elektrenergiyaning 1 kVt.s uchun 2,679 AQSh sentini, qurilish muddati esa 12 oyni tashkil etadi.
(Manba: Kun.uz)
XALQARO MUNOSABATLAR
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bayonoti
O‘zbekistonda Markaziy Osiyoga bevosita tutash Yaqin Sharqda yuz berayotgan voqealar alohida tashvish bilan qarshi olinmoqda.
Harbiy-siyosiy holatning yanada keskinlashishi ko‘plab insonlar qurbon bo‘lishiga va keng ko‘lamli gumanitar falokatga olib kelishi mumkin, hayotiy muhim iqtisodiy aloqalar va kommunikatsiya yo‘llarini vayron qiladi, mintaqaviy va global xavfsizlikka tuzatib bo‘lmas zarar yetkazadi.
O‘zbekiston tomoni o‘ta bosiqlik tarafdori bo‘lib, taranglikni kamaytirish va mintaqadagi vaziyatni mo‘tadillashtirish uchun qarama qarshi tomonlarni siyosiy-diplomatik choralar ko‘rishga chaqiradi.

(Manba: O‘zbekiston Respublikasi TIV veb-sahifasi)