“PREZIDENTDAN YANGI YIL SOVG‘ASI”
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Joriy yil 22 dekabr kuni televideniye orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilgan va butun dunyo bo‘ylab namoyish etilgan O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga Murojaatnomasi xorijiy mamlakatlar vakillari tomonidan ham atroflicha sharhlanmoqda. Quyida ularning “Jahon” AA muxbirlari bilan o‘rtoqlashgan fikr-mulohazalari qalamga olingan.
Xagen Lixtenberg, Bremen Xalqaro va Yevropa huquqi universitetining professori (Germaniya):
— O‘zbekiston Prezidenti Murojaatnoma bilan o‘z mamlakati xalqiga katta Yangi yil sovg‘asini taqdim etdi. Bu sovg‘aning asosiy mohiyati millionlab O‘zbekiston fuqarolariga taqdim etilgan umid bilan izohlanadi. Jamiyatda adolat o‘rnatilishiga umid, tub islohotlarga umid, yaxshi kelajak umidi...
Shavkat Mirziyoyev huquqiy davlatning asosiy tamoyillarini hayotga tadbiq etmoqda hamda fuqarolarning yuksak ishonchini oqlamoqda, deb o‘ylayman.
Falk Porshe, Germaniya – O‘zbekiston ishbilarmonlik kengashining ijrochi direktori, “Doyche Kabel Toshkent” qo‘shma korxonasi sarmoyadori:
— O‘zbekistondagi ishlab chiqarish korxonasining sarmoyadori bo‘lganimga 10 yildan oshdi. Yashirmayman, o‘tgan yillar davomida deyarli muntazam ravishda valyuta konvertatsiyasi, daromadni olib chiqish qiyinchiliklari, juda murakkab bojxona tartibоtlari, ko‘p sonli nazorat organlari tomonidan rejadan tashqari tekshiruvlari singari muammolar bilan ro‘para bo‘ldik.
2017 yil biz aniq-ravshan o‘zgarishlarni his eta boshladik. Iqtisodiyotning liberallashuvi yo‘liga, o‘zbek so‘mining erkin konvertatsiyasi yo‘lga qo‘yilganiga guvoh bo‘ldik. Bu iqtisodiyot boshqaruvining bozorga xos bo‘lmagan mexanizmlaridan to‘la voz kechishni anglatadi.
Roy Mendoza, sarmoyalar bo‘yicha mustaqil maslahatchi (Shveytsariya):
— Bir muddat davom etgan tanaffusdan so‘ng joriy yilning kuz faslida O‘zbekistonga kelganimda butunlay boshqa muhitni his etdim. O‘zbek tadbirkorlari bilan uchrashuvlarim chog‘ida biznes yuritish uchun ko‘pgina cheklashlar olib tashlangani bois paydo bo‘lgan faollikni, umid qayta tug‘ilganini sezdim. Ilgari valyuta ayirboshlash bilan bog‘liq qoyaday muammo barcha sarmoyaviy va savdo-sotiq tashabbuslarini yo‘qqa chiqarar edi. Endi bu jiddiy masala hal etilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasida O‘zbekiston hayotining barcha sohalarini isloh etish bo‘yicha tashabbuslar o‘z ifodasini topgan. Yangi rahbarning vaqt sinovidan o‘tgan qat’iy irodasi sarmoyadorlarni O‘zbekistonga kapital yotqizishning istiqbolli ekanligiga ishontirishim uchun menga muhim va ishonchli dalil bo‘lib xizmat qiladi.
Jasurxan Tash, “Sahipkiran” strategik tadqiqotlar markazi direktorining o‘rinbosari (Turkiya):
— O‘zbekiston Prezidenti mamlakat sud-huquq sohasida mavjud bo‘lgan kamchiliklarni, ayrim kuch ishlatar tizimlarning jazo-repressiv kayfiyatiga aloqador fikrlarni ochiq-oydin bayon etgani juda katta hurmat va yuqori bahoga loyiqdir. Nutqdagi ochiqlik va qat’iylik ruhi O‘zbekiston yetakchisining samimiyatidan hamda kun tartibidagi masalalarga yondoshuvdagi jiddiyligidan dalolat beradi.
Hukumat va fuqarolar o‘rtasidagi muloqot mutlaqo o‘zgacha muhitni paydo qildi – jamiyatda adolatning ildiz otishiga, rahbarlar va mansabdorlarning aholi bilan yaqinlashishiga imkoniyat yaratdi. Mamlakat oldida turgan sud-huquq sohasi islohotlari huquq-tartibоt idoralari ishini yangi andozalar bo‘yicha qayta ko‘rib chiqilishidagi eng muhim bo‘g‘in bo‘ladi. Vazifa – odamlar huquqni muhofaza qiluvchilardan qo‘rqmasligi kerak, aksincha, o‘zlarini tashvishga solayotgan muammolar yuzasidan ishonch bilan bilan ularning oldiga borishlari, huquq-tartibоt muhofazasi vakillari qiyofasida o‘zlarining himoyachilarini ko‘rishlari lozim.
“Jahon” AA