Qadrdon manzaralar, mo‘tabar siymolar
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Bu ko‘rgazmadan o‘rin olgan kartinalardagi tasvirlarning bari dilga yaqin manzaralar, qadrdon siymolar haqida. Mahallaning sersoya ko‘chasi, oftob taftidagi supa, shinam hovli, choyxonada gurunglashayotgan oqsoqollar, tanish favvora, yoshi ulug‘ onaxon...
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Xalqaro madaniyat karvon saroyida Keksalarni e’zozlash yiliga bag‘ishlab tashkil etilgan “Ota uyim, ayvoningda izim qoldi...” deb nomlangan ko‘rgazma milliy ruhi, samimiyatga yo‘g‘rilgani bilan tomoshabinlarda alohida qiziqish uyg‘otmoqda. Unda taniqli musavvir Qudratilla Ajimetov ijodiga mansub tasviriy asarlar namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazmaning ochilishida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov va boshqalar yurtimizda yosh avlodni har jihatdan yetuk, yuksak ma’naviyatli insonlar etib kamolga yetkazishda nuroniylarning ibratli va boy hayotiy tajribasidan keng foydalanish masalasiga ustuvor vazifa sifatida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
“Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturida ham bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish, navqiron avlodda vatanparvarlik, mehnatsevarlik, fidoyilik, halollik kabi fazilatlarni qaror toptirishda tabarruk otaxon va onaxonlarning o‘git va yo‘l-yo‘riqlarini tarbiya jarayoniga keng tatbiq etishga doir muhim vazifalar belgilab berilgan.
Ayni jihatlar musavvir Q.Ajimetov ijodida o‘z ifodasini topgan. U tasviriy san’atga oid bilimlarni san’at yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtining dastgohli rangtasvir bo‘limida professor Rahim Ahmedovdan o‘rgandi. O‘qishni tamomlagach, ko‘p yillar davomida Toshkent arxitektura-qurilish institutida, so‘ngra Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida talabalarga saboq berdi. Qayerda mehnat qilmasin, musavvir mudom ijodiy izlanishda bo‘lgani e’tiborga molikdir.
Rassomning ijodida realistik va romantik, impressionizm va avangardizm kabi yo‘nalishlar omuxta bo‘lsa-da, milliy ruhi bilan tomoshabin mehrini qozongan. Shu bois uning asarlari yurtimiz va xorijda o‘tkazilgan bir qator ko‘rgazmalarda muvaffaqiyat qozongan.
Ko‘rgazmada qadimiy shaharlarimiz, me’moriy obidalar, jonajon Vatanimizning betakror tabiati manzaralari, tabarruk nuroniylar aks ettirilgan oltmishdan ortiq kartina namoyish etilayotir. Ayniqsa, «Sharq ohangi», «Shohi Zinda», «Bibixonim – kichik masjid», «Shohimardon», «Buvim», «Kayfiyat», «Ostona», «Kichik hovli», «Sokinlik» kabi asarlar san’at muxlislarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.