“QO’L BILAN TIKLAB BO’LMAS HAYKAL QO’YDIM O’ZIMGA”
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Jahon adabiyotining mumtoz vakillaridan biri, rus she’riyatini dunyo maqomiga olib chiqqan ulyg’ shoir Aleksandr Sergeyevich Pushkinning nomi va ijodi o’zbek kitobxonlari qalbidan ham munosib o’rin olgan. O’z asarlarida ezgulik va insonparvarlik, muhabbat va sadoqat tuyg’ularini avj pardalarda tarannum etgan shoirning betakror ijodi ona tilimizda ham jaranglay boshlaganiga bir asrdan ko’proq vaqt o’tdi.
Manbalarga ko’ra, XIX asrning 80-yillari oxirida Toshkentda bosiladigan "Turkiston viloyatining gazeti"da uning ilk bor "Baliqchi va baliq haqida ertak" asari o’zbek tilida chop etilgan.
Xususan, Aleksandr Sergeyevich Pushkin tavalludining 100 yilligi munosabati bilan bir qator maqolalar va uning ayrim she’rlari tarjimasi bosilgan. Toshkentda shoir ijodiga bag’ishlangan kechalar o’tkazilgan. Shu tariqa, o’zbek o’quvchilari ham Pushkin ijodi bilan yaqindan tanishib borgan.
XX asrning 30-yillarida o’zbek adiblari jahon adabiyoti, shu jumladan, rus adabiyotining eng yaxshi asarlarini o’zbek tiliga tarjima qila boshladilar. Ular orasida, ayniqsa, A.S.Pushkin ijodiga murojaatlar ko’p bo’ldi. Xususan, o’sha davrda yigirmadan ortiq eng nomdor adiblarimiz shoir asarlarini tarjima qilishga kirishdilar.
Ana shu ijodiy mehnat tufayli, 1937-yilga kelib o’zbek o’quvchilari A.S.Pushkinning eng sara asarlarini o’z ona tillarida o’qish imkoniyatiga ega bo’ldilar. Jumladan, Oybek "Yevgeniy Onegin", Cho’lpon "Boris Godunov”, Asqad Muxtor "Mis chavandoz" va "Xasis ritsar”, Usmon Nosir "Bog’chasaroy fontani", Hamid Olimjon "Kavkaz asiri" va "Suv parisi”, Maqsud Shayxzoda "Motsart va Salyeri", Mirtemir "Ruslan va Lyudmila”, G’afur G’ulom "Graf Nulin", Abdulla Qahhor "Kapitan qizi" asarlarini, Zulfiya esa shoirning o’nga yaqin she’rlarini mahorat bilan tarjima qildi. Shuningdek, Izzat Sulton, Hamid Fulom, Ma’ruf Hakim singari o’nlab ijodkorlar ham atoqli rus shoirining asarlarini tarjima qilishga o’z ulushlarini qo’shdilar.
Oradan 80 yilga yaqin vaqt o’tgan bo’lsa-da, bu tarjimalar hamon sevib o’qilmoqda. 1999-yili G’afur G’ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida chop etilgan Aleksandr Sergeyevich Pushkinning "Tanlangan asarlar"iga ularning katta qismi kiritilgan.
O’zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov mazkur nashrga so’zboshi yozar ekan, jumladan, Pushkin dahosiga shunday ta’rif beradi: "Pushkin erkinlik va ozodlik kuychisidir, Pushkin she’riyati har jihatdan - shaklan, ruhan va ma’nan Sharq she’riyatiga yaqin. Uning ayrim to’rtliklari teranligi, ma’nosining chuqurligi, falsafiyligi bilan bizning ruboiylarni eslatib turadi. Uning she’riyati Sharq ruhi bilan chuqur sug’orilgan, desak, mubolag’a bo’lmaydi".
Usmon Nosir tarjimasidagi "Bog’chasaroy fontani" bunga yorqin misoldir.
"Jahon" AA