QUDRATLI MAMLAKATNING SOG’LOM AVLODI
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida barkamol avlodni tarbiyalashning samarali omili bo’lgan bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor va g’amxo’rlik yuksak samaralar berayotir.
Bugun yoshlarni jismoniy va ma’naviy rivojlantirishga qaratilgan bu tizimning yo’lga qo’yilgani har tomonlama to’g’ri bo’lganini hayotning o’zi tasdiqlamoqda. Shaharu qishloqlarimizda bunyod etilgan zamonaviy sport majmualarida bolalar sport bilan muntazam shug’ullanib, salomatligini mustahkamlamoqda. Sog’lom, kuchli, mard va qat’iyatli bo’lib kamolga yetmoqda.
Yurtimizdagi barcha sport maktablarida tibbiyot bo’limlari mavjud bo’lib, yuqori malakali shifokor va hamshiralar bolalarning salomatligini, maktabning sanitariya-gigiyena holatini doimiy nazorat qilib boradi. Bolalar tibbiy ko’rikdan o’tkazilib, ularning salomatligi, jismoniy va ruhiy holati qayd etib boriladi.
— Tibbiy ko’rik natijalari o’g’il-qizlarning bo’yi o’sganini, vazni me’yorlashganini ko’rsatdi. Sport bilan muntazam shug’ullanayotgan bolalarning tetik va harakatchanligi, kasalliklarga chalinmayotgani ota-onalarni xushnud etmoqda, - deydi poytaxtimizdagi 24-bolalar va o’smirlar sport maktabi hamshirasi Hikoyat Egamberdiyeva. - Sport bolalarning nafaqat jismonan sog’lom va baquvvat bo’lishiga yordam beradi, balki ularning hulqi, ma’naviyatiga ham ijobiy ta’sir ko’rsatadi.
Prezidentimiz raisligida yaqinda Bolalar sportini rivojlantirish jamg’armasi Homiylik kengashining yig’ilishi bo’ldi. Unda bu borada amalga oshirilgan ulkan ishlar qayd etildi. Jumladan, quyidagi ma’lumotlar keltirildi: 2005 yilda 6 yoshdan 15 yoshgacha bo’lgan bolalar va o’smirlarning 30 foizi, jumladan, qishloq joylarda 29 foizi sport bilan shug’ullangan bo’lsa, 2015 yilda bu raqamlar tegishli ravishda 57,2 va 56 foizni tashkil etmoqda.
E’tibor bering: shahar va qishloq bolalari o’rtasidagi farq juda kam. Bu nimaning samarasi, nimaning samarasi?! Bu Prezidentimiz rahnamoligida barcha tumanlarda, eng chekka qishloqlarda ham zamonaviy sport majmualari bunyod etilganining samarasi. Qishloqlarda shahardagidan kam bo’lmagan sharoit yaratilgani, bu borada ham adolat ta’minlanayotganining dalolati.
Toshkentning markazida qad rostlagan sport maktabi bilan olis Qo’ng’irotda barpo etilgan sport maktabida yaratilgan shart-sharoit, imkoniyat, sport jihozlari va murabbiylar bilan ta’minlanishining deyarli farqi yo’q.
Chimboylik Janaboyev.B. poytaxtga yo’li tushganda to’qqiz yoshli o’g’lini shifokorlarga ko’rsatdi. Ular bolaning sog’lig’ida muammo yo’qligini, faqat immuniteti biroz pasayganini, yosh organizmni dori-darmondan ko’ra, sport bilan chiniqtirish samaraliroq ekanini aytibdi. Otaning ko’ngli xotirjam - o’g’li sport bilan shug’ullanishi uchun tumanning o’zida yetarlicha imkoniyat bor.
— Eslasam, tuproq changitib yugurishni yengil atletika, maktab hovlisida to’rtta g’ishtni “darvoza” qilib to’p tepishni futbol, oshiq bilan chillak o’yinini jismoniy tarbiya, deb yuravergan ekanmiz, - deydi u. - Hozir tumanimizda zamonaviy sport majmuasi bor. U yerdagi sharoitlarni ko’rib havasing keladi. Mahallamiz bolalarining bo’sh vaqti shu majmuada o’tadi.
So’nggi yillarda sportchilarimizning xalqaro musobaqalarda g’alabaga erishishi odatiy holga aylandi. Bunday quvonchli voqyealarning deyarli har kuni bo’layotgani o’zbek sportining jahon miqyosida yuksak pog’onaga chiqqanidan dalolatdir. Ammo bunday natijalarga o’z-o’zidan erishilmaganini, uning zamirida tinimsiz mehnat, har jihatdan puxta o’ylangan, keng qamrovli va tizimli chora-tadbirlar mujassam ekaniga ko’pincha e’tibor bermaymiz.
Sobiq tuzum davrida qanchadan-qancha iste’dodli sportchilar iqtidoriga rag’bat ko’rsatilmay, ular jahon miqyosidagi musobaqalarda ishtirok etish to’g’risidagi istaklarini yuragining tub-tubiga yashirib, “tog’u toshlar orasida nomi chiqmay” qolib ketgandi.
Prezidentimiz rahnamoligida iste’dod sohiblari har tomonlama qo’llab-quvvatlanmoqda, ularga sharoit yaratilmoqda. Bugun Vatan sha’ni uchun maydonga chiqib, O’zbekistonning yuksak sport salohiyatini butun dunyoga tan oldirayotgan sportchilarimiz buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo’lishga qodir, har tomonlama yetuk yoshlar kamolga yetayotganini tasdig’idir.
Birgina o’tgan yili 1 ming 668 sportchimiz, jumladan, 567 qiz 165 xalqaro musobaqada ishtirok etib, 983 medalni qo’lga kiritgani buning yaqqol namunasidir. Yosh sportchilarimiz boks, erkin va yunon-rum kurashi, dzyudo, og’ir atletika, shaxmat kabi qator sport turlari bo’yicha nufuzli musobaqalarda munosib ishtirok etib, yuksak g’alabalarga erishmoqda.
2015 yilning avgust oyida Bosniya va Gersegovinaning Sarayevo shahrida erkin, yunon-rum va xotin-qizlar kurashi bo’yicha o’tkazilgan jahon chempionatida O’zbekiston o’smirlar terma jamoasi a’zolari munosib qatnashdi.
Musobaqaning yunon-rum kurashi bo’yicha vazni 46 kilogrammgacha bo’lgan polvonlar bellashuvida qatnashgan To’rabek Tirkashev shohsupaning eng yuqori pog’onasiga ko’tarildi.
— Har bir bellashuvga chiqishdan oldin Prezidentimizning “Bolalarim, marrani baland oling. G’alaba bizniki, kelajak bizniki!” degan da’vatlarini xayolan takrorlayman. Bu menga kuch beradi, g’ayratimni oshiradi, - deydi To’rabek. - G’alabam sharafiga Vatanimiz bayrog’i baland ko’tarilib, madhiyamiz yangraganida Prezidentimizning biz, yoshlarga bildirgan yuksak ishonchini, oz bo’lsa-da, oqlaganimdan ko’nglim faxr-iftixorga to’ladi. Maqsadim, bundan keyin ham jahon arenalarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilish, Olimpiya o’yinlarida g’alaba qozonishdir.
Erkin va obod, tinch va osoyishta yurtda voyaga yetayotgan o’g’il-qizlar o’z hayotini Vatani ravnaqi, el-yurt taqdiriga daxldor, deb biladi. Bu yo’lda bilim va salohiyatini, iste’dodu iqtidorini ayamaydi. Bunday avlodni hyech kim yenga olmaydi, uning qaddi ham, qadri ham doimo baland bo’ladi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ana shunday yoshlarga ega bo’lgan, o’z oldiga yuksak va ulug’ maqsadlar qo’yib yashayotgan xalqni o’z yo’lidan aslo to’xtatib bo’lmaydi, u o’z maqsad-muddaolariga albatta erishadi, deb yozadi O’zbekiston Milliy axborot agentligi.
Jahon AA