QUYOSHLI O’ZBEKISTON MEVA-SABZAVOTLARI KUALA-LUMPURDA NAMOYISH ETILDI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Malayziya poytaxtida agrar jabhadagi yirik tadbirlardan biri - Qishloq xo’jaligi, bog’dorchilik va agrosayyohlik ko’rgazmasi (Malaysia Agriculture, Horticulture & Agrotourism Fair - MAHA - 2016) bo’lib o’tdi.
Ushbu ko’rgazma joriy yilda «Bizning ovqatlanishimiz - bizning kelajagimiz» shiori ostida tashkil etildi. Ulkan ko’rgazma maydonida agrar jabhaning turli-tuman ne’matlari, qishloq xcjaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan uskunalar namoyish etildi. Dunyoning yigirmadan ziyod mamlakatidan kelgan qariyb 1,5 ming fermer xo’jaliklari va kompaniyalar uning ishtirokchilari bo’lishdi. 10 kun ichida 3,5 milliondan ziyod kishi mazkur ko’rgazma ishi bilan tanishdi.
Shuni alohida qayd etish joizki, mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan O’zbekiston milliy bo’lmasi ko’rgazma qatnashchilarida katta qiziqish uyg’otdi. Quyoshli o’lkamizda yetishtirilgan mahsulotlar - quritilgan mevalar, yong’oq, sharbat va boshqa turli xil noz-ne’matlar milliy bo’lmamiz peshtaxtalaridan joy oldi.
Shu bilan birga, ko’rgazma chog’ida O’zbekiston Respublikasining qishloq xo’jaligi sohasidagi imkoniyatlari ham taqdim etildi. Bunda MAHA-2016 ko’rgazmasi ishtirokchilarining e’tibori mamlakatimizda biznes yuritish uchun yaratilgan keng sharoitlarga hamda amaliy hamkorlik uchun mo’ljallangan aniq loyihalarga qaratildi.
MAHA-2016 ko’rgazmasi tashkiliy qo’mitasi raisi Sharif Abdulaziz o’zbek zaminida yetishtirilgan meva- sabzavotlarning ta’mi va sifatiga yuqori baho berar ekan, ushbu tadbirda O’zbekiston vakillari qatnashayotganidan mamnun ekanligini ma’lum qildi.
— O’zbekiston Respublikasi milliy bo’lmasi ishtirokchilar va mehmonlarda alohida qiziqish uyg’otayotganiga guvoh bo’ldik. Chunki bo’lma peshtaxtalarini yuqori ta’m va sifatga ega bo’lgan rang-barang mahsulotlar bezab turibdi. O’zbekistonda mevalarni tabiiy yo’l bilan quritish uslubiga amal qilinayotgani bois ularning tashqi ko’rinishi kishi e’tiborini o’ziga tortishi bilan birga, mahsulotlarning tabiiy ta’mi ham saqlanib qoladi.
Hozirgi paytda Malayziya bozorining asosiy qismini Turkiya va Erondan import qilingan qishloq xo’jaligi mahsulotlari tashkil qiladi. Biroq O’zbekiston qishloq xo’jaligi mahsulotlarining ta’mga boyligi hamda turli kimyoviy o’g’itlardan foydalanilmasdan tabiiy ravishda yetishtirilgani va ishlab chiqarilgani mamlakatimiz bozorida alohida o’rin egallashini kafolatlaydi.
O’z navbatida, Malayziya federal hududlar vazirligi Rejalashtirish siyosati departamentining boshlig’i Omairi Xashim ham mamlakatlarimiz o’rtasida qishloq xo’jaligi mahsulotlari savdosining hajmlari ortishiga ishonch bildirdi.
— O’zbekiston nafaqat meva-sabzavotlar eksporti uchun, balki Markaziy Osiyoning boshqa bozorlariga chiqish nuqtai nazaridan ham biz uchun muhim mamlakat hisoblanadi, - dedi u. - Shu bois biz ayni paytda qishloq xo’jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo’yicha qo’shma korxonalarni barpo etish imkoniyatlarini o’rganmoqdamiz. Bundan tashqari, Malayziya kompaniyalarining vakillari amaliy aloqalarni yo’lga qo’yish uchun O’zbekistonda o’tkaziladigan tarmoq yarmarkalari va ko’rgazmalarida ishtirok etish istagini bildirishmoqda.
Shokolad ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Tehmag Foods Corp.” Kompaniyasi direktorining o’rinbosari Ben Li o’zbek zaminida yetishtirilgan mayizlarni Malayziyaga olib kelish va ulardan shokoladlar tayyorlashda foydalanish yuzasidan aniq rejalari borligini ma’lum qildi.
— Ishonchim komilki, o’zaro savdo aloqalarining o’rnatilishi mamlakatingiz qishloq xo’jaligi mahsulotlarining eksporti hajmlarini kengaytirishga imkon berishi barobarida o’zbek mayizlari biz ishlab chiqaradigan mahsulotlarga ham alohida ta’m bag’ishlaydi, - dedi malayziyalik biznesmen.
“Jahon” AA, Kuala-Lumpur