RANG-BARANG KONFETLAR
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Prezidentimizning shu yil 2-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida mustaqillikkacha yurtimiz aholisining asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji import hisobidan qoplangani, hozirgi vaqtda ularning 96 foizi mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgani qayd etilgan.
...Poytaxtimizdagi “Korzinka” supermarketida nevarasi Boburjon bilan aylanib yurgan surxondaryolik Zaynab momo bu yerdagi orastaligu to‘kinlik, sotuvchilarning xushmuomalasiyu shirinso‘zligidan mamnun bo‘ldi. Qandolat mahsulotlari rastasidagi biri-biridan chiroyli qadoqlangan konfetlarning qay birini tanlashni bilmay ikkilandi. Deyarli barchasiga “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” deb yozilganini ko‘rib yanada quvondi.
– Nabiram Boburjon ham xuddi otasi Bahodirjon singari shirinlikka o‘ch, – deydi Zaynab momo Jo‘rayeva. – Bundan 25-yil avval birov hali to‘kinlik zamoni keladi, hamma narsa mo‘l-ko‘l bo‘ladi, desa hech kim ishonmasdi. Chunki u paytlarda magazinlar qup-quruq, hamma narsa taqchil edi-da. Hatto shakaru parvardani ham ro‘yxat orqali navbat bilan berardi. Pishiriqlaru qandolat mahsulotlarini-ku aytmasayam bo‘ladi. Hozir do‘kon ham ko‘p, mahsulot ham serob. Bunday farovonlikka istiqlol sharofati, Yurtboshimizning oqilona siyosati tufayli erishdik.
Mustaqillikdan oldin respublikamizga shirinliklar asosan chetdan keltirilardi. Bugun mamlakatimizda qandolat mahsulotlari ishlab chiqaradigan 1200 dan ziyod katta-kichik korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu soha jadal rivojlanayotgan tarmoqlardan biriga aylangan.
“O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasiga qarashli 27 korxonada, jumladan, “Bonu shirinliklari”, “Renessans Dizayn”, “Class food servis”, “Fibber”, “Fayz dekor biznes”, “Rossi plus” kabi korxonalarda konfet, marmelad, holva va boshqa mahsulotlar tayyorlanmoqda. Bu ichki bozorni arzon, sifatli va raqobatbardosh shirinliklar bilan to‘ldirish imkonini berayotir.
– “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi aholiga iste’mol tovarlari, o‘simlik yog‘i, margarin, qandolat mahsulotlari, mayonez, shakar va boshqa mahsulotlar yetkazib berayotgan yuzdan ziyod korxonani o‘z tarkibida birlashtirgan, – deydi kompaniya bosh mutaxassisi N.Osmonov. – Mahsulotlarimizning bir qismi eksportga ham chiqarilayotir. Kompaniyaga qarashli korxonalarda 2015-yilda 135 turdagi qariyb 16 ming tonna qandolat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilning shu paytigacha 137 turdagi 18 ming 850 tonna mahsulot tayyorlangan. Sohada yangi korxonalar ko‘payib borayotgani aholi, xususan, kollej bitiruvchilarining ish bilan bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda ko‘plab qo‘shma korxonalar tashkil etilayotgani ishlab chiqarish sifati va salmog‘ini oshirishga xizmat qilayotir. Toshkent shahridagi “Lazzat Karamel” O‘zbekiston – Shveytsariya qo‘shma korxonasi bunga yorqin misoldir. Mamlakatimizda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti va ishlab chiqarish jarayonining zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgani samarasida ushbu korxona qisqa fursatda mijozlarning sevimli brendlaridan biriga aylandi. Birgina “Glory Food” mas’uliyati cheklangan jamiyatida “Estello”, “Morelia”, “L’amore”, “Kelly”, “Paris”, “Valencia” shokoladlari tayyorlanmoqda. “Tufin”, “Candy Gold” va “Choco World” kabi mas’uliyati cheklangan jamiyatlarda ham ko‘plab turdagi qandolat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
Tadbirkorlar uchun yaratilayotgan sharoitlar, berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan poytaxtimizdagi “Sladus Produce” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham yoshlarni ish bilan ta’minlash, aholi farovonligini oshirishga munosib hissa qo‘shmoqda.
“Sladus Produce” mas’uliyati cheklangan jamiyati 2010-yildan buyon “Sladus Leading” savdo belgisi ostida 20 turdagi qandolat mahsulotlari ishlab chiqarmoqda. Bu yerda mahsulotning sifati, ta’mi, xushbo‘yligi, raqobatbardoshligiga alohida e’tibor qaratiladi. Korxona mamlakatimizda an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan “Oziq-ovqat sanoati – WorldFood Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazmasida faol ishtirok etib, mahsulotlarini iste’molchilarga taqdim etmoqda, istiqbolli shartnomalar tuzib, xaridorlari safini kengaytirmoqda. Korxonada yetmish kishi mehnat qilmoqda.
– Xaridorlarning didi juda nozik, – deydi korxona ishchisi Halima To‘ychiyeva. – Bu bizning mas’uliyatimizni yanada oshiradi. O‘tgan yili Toshkent iqtisodiyot va servis kasb-hunar kollejini tamomlab, shu yerda ish boshladim. Tajribali ishchilarga shogird tushdim. Korxonamizda mahsulot ishlab chiqarish jarayoni to‘liq zamonaviy texnologiyalar yordamida bajariladi. Bu kollejlarda puxta bilim olgan yoshlarning samarali mehnat qilishida qo‘l kelayotir.
Korxonada tayyorlanayotgan qandolat mahsulotlari xushta’mligi, bejirim qadoqlanganligi bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda. Bu yerda ishlab chiqarish yil sayin kengayib, mahsulot turlari ko‘payib borayotir.
– Shokolad ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarni xarid qilishdan oldin ekologik tozaligi, sifati va kafolati, sanitariya-gigiyena holatlariga alohida e’tibor qaratamiz, – deydi korxona rahbari Abdusamad Abdug‘aniyev. – Chunki mahsulotlarimizni katta-kichik – hamma iste’mol qiladi. Ularning salomatligi biz uchun nihoyatda muhim. Davlatimiz rahbari tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, bu yo‘ldagi to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etishga doimo e’tibor qaratib kelmoqda. Bu bizni yanada sifatli, rang-barang mahsulotlar ishlab chiqarishga ruhlantiradi.