SAMARQANDNI SOG‘INIB YASHAYAPMIZ
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali bu yil o‘ninchi bor o‘tkaziladi. Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu musiqa anjumani san’at va madaniyatni rivojlantirish, turli millat va elatlarni san’at vositasida birlashtirish, tinchlik va do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda.
O‘zA muxbirlari avvalgi festivallarda ishtirok etgan xorijlik san’atkorlar bilan internet orqali bog‘lanib, ularning fikrlari bilan qiziqdi.
Diabat Dauda, “Lanaya” musiqachilar guruhi a’zosi (Burkina Faso):
– Ko‘plab xalqaro madaniy anjumanlarda ishtirok etganmiz, biroq mamlakatingizda yuksak saviyada tashkil etilayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali ular orasida eng a’losidir. Festival turli millatlar san’at asarlari namoyishi asnosida xalqlarni yagona maqsad yo‘lida birlashtirayotgani bilan ham alohida ahamiyatga ega. Ushbu musiqa bayrami Sharq olamini va falsafasini, benazir go‘zallik va nafosatni o‘zida mujassam etgan. Registonda yangragan ohang inson qalbining eng nozik nuqtalariga yetib borishi, qalblarni maftun etishi tabiiy. Bu O‘zbekistonning xalqaro tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qo‘shayotgan katta hissasidir.
2013-yili guruhimiz ushbu betakror festivalda birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. O‘sha ondagi hayajon va faxr-iftixorimizni ta’riflashga so‘z ojiz. Mazkur nufuzli san’at anjumanida ishtirok etish ulkan sharafdir. Ana shunday go‘zal va ajoyib festivalni tashkil etayotgani uchun O‘zbekiston rahbariyatiga samimiy minnatdorlik izhor etamiz. “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali allaqachon butun dunyo san’atkorlari qalbidan joy olgan, nainki Sharq, balki jahon taronalari anjumaniga aylangan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Mamlakatingizdagi noyob tarixiy-madaniy obidalarni tomosha qilib, ta’lim muassasalari, zamonaviy mahallalarda, bog‘ va xiyobonlarda bo‘lib, olam-olam taassurot oldik. Ayniqsa, Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan qishloq joylarda namunaviy uy-joylar qurilib, aholiga uzoq muddatli kredit asosida berilgani davlatingiz xalqparvarligining amaliy ifodasidir. Zamonaviy bu uylarda barcha shart-sharoit yaratilgani e’tiborga molik. Shuningdek, zamonaviy musiqa va san’at maktablari, bu maskanlarda bolalarning milliy va jahon musiqa an’analarini puxta o‘rganishi uchun keng imkoniyatlar mavjudligi festival ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Samarqandni sog‘inib yashayapmiz, yana Registondagi muazzam sahnada kuylash bizning eng katta orzuimiz.
Kizxi Reng, “Dunhuang New Words” guruhi a’zosi, “Sharq taronalari” VIII Xalqaro musiqa festivalining birinchi o‘rin sohibi (Xitoy):
– “Sharq taronalari” nafaqat milliy, balki umumjahon madaniyati va san’atini asrab-avaylash hamda ularning taraqqiyoti yo‘lida katta xizmat qilmoqda. Bu hozirgi globallashuv va axborot asrida muhim ahamiyatga ega. Jannatmonand O‘zbekistonda har ikki yilda o‘tkaziladigan mazkur xalqaro festival tili, madaniyati, milliy qadriyatlari rang-barang millat va elatlarni san’at vositasi bilan mushtarak maqsadlar yo‘lida bir-biriga yaqinlashtirishga ulkan hissa qo‘shmoqda.
Registon maydonida qo‘shiq kuylash har qanday xonanda uchun sharaflidir. Festival bizda takrorlanmas taassurotlar qoldirgan. “Sharq taronalari” festivalida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan onimizda bizni chulg‘ab olgan cheksiz hayajon va xursandchilik hech yodimdan chiqmaydi.
Samarqandda kechirgan mazmunli kunlarimizni hech qachon unutmaymiz. U yerda o‘tgan ajoyib damlar, Registon maydonidagi takrorlanmas sahna, xalqingizning mehmondo‘stligi yuragimizning tub-tubidan joy olgan. Samarqand shahri va “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali bizga eng yorqin xotiralarni yodga soladi. Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston aholisini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan chin dildan qutlaymiz. Ushbu aziz bayram muborak bulsin!