SARVAR OTAMURATOVNING TOSHKENT SHAHRI SAYLOVCHILARI BILAN UCHRASHUVI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov 21-noyabr kuni Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashdi.
"Turkiston" saroyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvni Toshkent pediatriya tibbiyot instituti o‘qituvchisi M.Akbarova ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili F.Muhiddinova nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Dasturda milliy o‘zlikni anglash, milliy qadriyatlarni himoya qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish, xalqimiz farovonligini oshirish, milliy axborot makonini takomillashtirish, barkamol avlodni tarbiyalash hamda tashqi siyosatda milliy manfaatlarni himoyalash kabi dolzarb vazifalar belgilangan. Mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida kelajagimiz egalarini milliy ma’naviyat va qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ma’naviy-ma’rifiy markazlarni tashkil etish va ularning faoliyatini rivojlantirish, oilaviy qadriyatlarni ardoqlash va oilalarni mustahkamlash masalalari saylovoldi dasturining asosiy vazifalaridan biridir.
Uchrashuvda istiqlol yillarida Toshkent yirik megapolisga aylangani, ulkan bunyodkorlik ishlari tufayli u go‘zal qiyofa kasb etib, muhtasham binolar, ravon va keng ko‘chalar, ko‘priklar, obod mahallalar, jozibali favvoralar, ulkan savdo inshootlari poytaxtimiz chiroyiga yanada chiroy qo‘shayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekistonda umumjahon ahamiyatiga molik bo‘lgan juda ko‘plab tarixiy-madaniy va arxitektura yodgorliklari mavjud. Nomzodning saylovoldi dasturida bunday ulkan tarixiy merosni asrab-avaylash va hisobga olish, bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirishga doir masalalar belgilangan.
Nomzod saylovchilarni dasturida belgilangan ustuvor vazifalar bilan tanishtirar ekan, “Barkamol avlod – millat tayanchi” tamoyili ostida yoshlar ongini xalqimizga yot bo‘lgan “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta’siridan muhofaza qilish maqsadida ularning qalbi va ongiga milliy tiklanish g‘oyasini singdirish, milliy ma’naviyat va qadriyatlar ruhida tarbiyalashni yanada kuchaytirish lozimligini aytdi. Bu borada kino, teatr va estrada san’atida xalqimizning boy va betakror tarixi, madaniyati, an’analari va ilg‘or urf-odatlarini ta’sirchan badiiy obrazlar orqali ifoda etadigan asarlarni yaratish taklifini berdi.
Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi raisi N.Habibullayev, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshidagi akademik litsey direktori N.Umarova, Toshkent arxitektura-qurilish instituti o‘qituvchisi O‘.Shakarov, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi M.Ashurova va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi haqida fikr bildirdi. Saylovchilarni Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
O’zA