Saxovatga yo’g’rilgan tashabbus
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Davlatimiz rahbarining 2015-yil 26-martda imzolangan umumxalq bayrami - Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish to’g’risidagi farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida mamlakatimiz bo’ylab “Jasorat, burch, matonat” shiori ostida davom etayotgan salomatlik haftaligi Toshkent viloyatida yashovchi keksalarning ham xursandchiligiga sabab bo’lmoqda.
Xususan, Piskent tumani ko’p tarmoqli markaziy poliklinikasida o’tkazilgan asosiy tadbirlarda urush va mehnat faxriylari, boquvchisini yo’qotgan yolg’iz qariyalar, nogironlar malakali shifokorlar ko’rigida bo’lib, zarur maslahatlar olishayapti.
Ushbu poliklinika hududdagi 95305 nafar aholiga xizmat ko’rsatadi. Uning binosi tubdan ta’mirlangan bo’lib, eng zarur tibbiy uskunalar bilan jihozlangan. Hovlida ochilib turgan turfa gullar muassasaga kelayotganlar ruhiyatiga ijobiy ta’sir etishi, shubhasiz. Zero, tib ilmining sultoni Abu Ali ibn Sino aytganidek, go’zal manzara va shirin so’zdan ko’proq bahramand bo’lmoq har qanday kishining ta’bini yorug’, fe’lini mayin qiladi.
Tadbir doirasida yoshi ulug’ kishilarga birinchi yordam ko’rsatish uchun zarur bo’lgan dori-darmonlar bepul tarqatildi. Piskent shahrining Navoiy mahallasida yashovchi Jahonbu aya Ahmadjonova bu yil to’qsoninchi bahorni qarshi oldi. Shifokorlar u kishining xonadoniga tashrif buyurib, dori-darmonlarni ulashishganida, onaxonning ko’zlariga quvonch yoshlari qalqdi.
— Umrim dalada o’tgan, ertayu kech boshim qora mehnatdan chiqmagan, - deydi onaxon. - Ishlayveribmiz-u, qadr nima, e’zoz nima bilmabmiz. Kechagi og’ir kunlarimizni o’ylab, mustaqilligimizga ko’z tegmasin, deymiz. Prezidentimizga rahmat. Biz, keksalarga shunday e’tibor, g’amxo’rlik ko’rsatilayaptiki, bundan behad mamnunmiz. Shifokorlar doimo holimizdan xabardor. Ularning yo’qlovidan boshim osmonga yetadi. Charchoqni ham unutaman, xastaligim ham bir zumda yodimdan ko’tariladi. Mehr-oqibat, fayzu baraka yog’ilgan O’zbekistonimiz dunyo turguncha tursin!
Yuz-ko’zidan mehr balqib turgan Jahonbu ayaning xonadonidan chiqayotganimizda, nomi yuqorida tilga olingan poliklinika bosh shifokori Shahlo Rahimovaning mobil telefoni jiringlab qoldi. Bosh shifokor “Yo’g’-e, o’zimiz boramiz, deb tayinlagandik-ku”, deya kim bilandir gaplashgach, bizga izoh berdi:
— O’tgan kuni Piskentning eng yoshi ulug’ kishilaridan biri, 105 yoshli Abdusalim ota Omonovning uylariga shifokorlar guruhi bilan birga borib, hol-ahvol so’rab kelgan edik. Bugun otaxonning o’zlari poliklinikaga kelibdilar.
Bu gapni eshitgach, ochig’i, ishonib-ishonmay, shifo muassasasiga shoshildik. Ko’rinishidan, yurish-turishidan, gap-so’zidan o’ktamligi shundoq ko’zga tashlanib turgan otaxonni yuz yoshdan oshgan, deb hech ham o’ylamaysiz. U kishi shifokorlarni ko’rishi bilan: “Shuncha katta tadbir qilayotgan ekansizlar, nega meni aytmadilaring?” deya ranjigandek bo’ldilar-u, keyin dil so’zlarini izhor etdilar:
— Yuz yoshdan oshdim, beadad shukr. Qaniydi, yana yosh bo’lib qolsamu bor kuch-g’ayratimni odamlarga yaxshilik qilishga, mustaqil O’zbekistonimiz taraqqiyotiga hissa qo’shishga bag’ishlasam. Shunday zamonlarni ko’rdikki, odamlar ochlikdan, qahatchilikdan tutday to’kildi. Bir burda non topish mashaqqat edi. Bir tomondan tirikchilik azobi, ikkinchi tomondan urush balosi odamlarni butunlay holdan toydirib, ezib qo’ygan edi. Bugungi hayotimizga har qancha shukronalar aytsak, kamlik qiladi. Bunday zamon tushimizga ham kirmagan. Endi rohat-farog’atda yashaydigan yorug’ kunlar keldi. O’g’illarimning hammasida mashina bor. Hozir yo’lda meni ko’rib qolib, “Ota, qayerga ketayapsiz, o’zimiz olib boramiz”, deb holi-jonimga qo’yishmadi. Baraka topishsin, lekin men piyoda yurishni yaxshi ko’raman. Yoshu qari bilan suhbatlashishni yoqtiraman. Chunki inson insondan mehr oladi, kuch oladi. Mustaqillikka erishganimizdan buyon keksalar, ayollar va bolalar salomatligi davlatimizning doimiy e’tiborida. Toshkentdan kelgan shifokorlar hammamizni tibbiy ko’rikdan o’tkazib, maslahatlar berishdi. Fuqarosini, keksalarini, ayollarini e’zozlaydigan shunday yurt yana qayerda bor?! Baraka topishsin, shifokorlar dori-darmon, davolanishim uchun yo’llanma berishdi. Biz kabi yoshi ulug’larga g’amxo’rlik ko’rsatayotganlarga aytamanki, bu yaxshiligingiz sizlarga ming barobar bo’lib qaytsin. Osoyishta, tinch-totuv hayotimizga ko’z tegmasin.
Otaxonning mamnuniyat ohangidagi bu so’zlarini bejiz keltirmadik. Zero, istiqlol sharofati tufayli eng olis hududlarda yashovchi aholi uchun ham zamonaviy va sifatli tibbiy xizmat ko’rsatish yo’lga qo’yildi.
— Sohadagi keng ko’lamli islohotlar bois boshqa joylarda bo’lganidek, bizda ham har bir davolanish muassasasi yangitdan qurildi yoki tubdan ta’mirlandi, - deydi Piskent tumani tibbiyot birlashmasi boshlig’i Muhabbat Qodirova. - Ular ilg’or uskunalar bilan ta’minlandi. Bu esa murojaat bilan keluvchilarning mushkulini oson qilishda beqiyos ahamiyat kasb etmoqda. Bunday tadbirlarda professor-o’qituvchilarning mahalliy mutaxassislarga maslahat berayotgani ham ayni muddao bo’layotir.
“Jasorat, burch, matonat” shiori ostida tashkil qilingan salomatlik haftaligi tadbirlari Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyatlarda ham qizg’in davom etmoqda.