SAYLOV BILAN BOG’LIQ NIZOLAR: BU BORADA FUQAROLARNING MUROJAATI QANDAY TARTIBDA KO’RIB CHIQILADI?
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Mamlakatimizda davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarni ochiq, shaffof va mustaqillik prinsiplari asosida o’tkazishda xalq hokimiyati va siyosiy plyuralizmning huquqiy asoslarini mustahkamlash va saylov tizimini bosqichma-bosqich modernizasiyalash bo’yicha tegishli chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning 2017 yil 22 dekabrda Oliy Majlisga yo’llagan Murojaatnomasida qayd etilganidek, siyosiy hayotimizda muhim ahamiyatga ega bo’lgan saylov tizimiga oid qonunlar va qonunosti hujjatlari haligacha yaxlit bir hujjat shakliga keltirilmagandi. Shuning uchun xalqaro norma va standartlarga javob beradigan yagona Saylov kodeksini ishlab chiqish va qabul qilish vazifasi belgilab berildi.
Mazkur vazifa Harakatlar strategiyasini 2018 yil - Faol tadbirkorlik, innovatsion g’oyalar va texnologiyalarni qo’llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturiga kiritildi.
Shu paytga qadar saylovga oid munosabatlar “O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risida”, “O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to’g’risida”, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to’g’risida”, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to’g’risida”, “O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to’g’risida”gi qonunlar bilan tartibga solib kelingan. Shuningdek, bu sohada qirqqa yaqin qonun osti hujjatlar qabul qilingan.
Yangi Saylov kodeksida, birinchidan, bugunga qadar tarqoq holda amal qilgan saylov to’g’risidagi ana shu qonun hujjatlari o’zaro uyg’unlashtirildi. Ikkinchidan, mazkur kodeksni ishlab chiqishda xalqaro norma va standartlar talablaridan kelib chiqildi. Uchinchidan, saylov jarayoniga nisbatan yagona shaffof va samarali yondashuvlar nazarda tutildi.
Mamlakatimiz tarixida birinchi marta ishlab chiqilgan va qabul qilingan Saylov kodeksi 18 bob, 103 moddadan iborat.
Saylov kodeksida quyidagi yangiliklar va asosiy qoidalar mustahkamlab qo’yilgan.
Birinchidan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida amaldagi 150 deputatlik o’rni saqlab qolingan holda, O’zbekiston Ekologik harakati vakillariga quyi pallatada deputatlik o’rinlari uchun kvota ajratish instituti chiqarib tashlandi.
Ikkinchidan, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari tomonidan xalq depututlari tuman (shahar) Kengashlariga nomzod ko’rsatish tartibi bekor qilindi.
Uchinchidan, saylovchilarning yagona elektron ro’yxatini shakllantirish qonun bilan tartibga solinadigan bo’ldi.
To’rtinchidan, siyosiy partiyalar tomonidan imzo yig’ish jarayonida saylovchilarning bir yoki bir nechta nomzodlarni yoxud partiyalarni qo’llab-quvvatlab imzo qo’yishi mumkinligi belgilandi.
Beshinchidan, muddatidan ilgari ovoz berish va saylov kuni ovoz berish uchun yagona saylov byulleteni joriy etilib, shu munosabat bilan “saylov varaqasi” tushunchasi chiqarib tashlandi.
Oltinchidan, saylovlarni o’tkazish yoki tashkil etish masalalari yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko’rib chiqish tartibi aniq belgilab qo’yildi.
Fuqarolarning saylov huquqlari qonun bilan kafolatlangan va sud tomonidan ma’muriy-huquqiy tartibda himoya qilinadi.
Agar fuqaro saylovchilar ro’yxatida xato yoki noaniqliklarni aniqlasa, tegishli saylov komissiyasiga arz qilishi mumkin. Shuningdek, fuqaro bu haqida sudga ham murojaat qilishi mumkin.
Shu o’rinda fuqarolarning saylovga oid murojaatlarini hal etish tartibi haqida to’xtaladigan bo’lsak, saylov komissiyalari endilikda kelib tushgan murojaatlarni o’z vakolatlari doirasida ko’rib chiqadi. Ular tomonidan ushbu murojaatlar yuzasidan tekshiruvlar o’tkaziladi va uch kunlik muddatda yozma javob beriladi. Agar saylovga kamida olti kun qolgan yoki murojaat ovoz berish kuni kelib tushgan bo’lsa, unda bu murojaatlar darhol ko’rib chiqiladi.
Murojaatlar saylov komissiyasida yuritiladigan qaydlov daftarida ro’yxatga olinadi. Saylov komissiyasi raisi murojaat kelib tushgach, komissiya a’zolari ishtirokida ushbu murojaat muhokamasiga bag’ishlab majlis o’tkazadi. Majlisga manfaatdor shaxslar taklif etilishi mumkin.
Murojaatni ko’rib chiqqan saylov komissiyasi a’zolari qabul qilingan qaror to’g’risida murojaat yuborgan shaxsni xabardor qilishi shart.
Saylov komissiyasi vakolatiga kirmaydigan murojaatni uch kunlik muddatda tegishli organga yuboriladi va bu haqida murojaat yuborgan shaxs xabardor qilinadi.
Saylov komissiyalarining qarorlari ustidan tushgan shikoyatlarni ko’rib chiqish tartibi ham kodeksda o’z ifodasini topgan.
Jumladan, deputatlikka nomzodlar ko’rsatgan siyosiy partiyalar organlari, deputatlikka nomzodlar, ishonchli vakillar, kuzatuvchilar va saylovchilar saylov komissiyalarining qarorlari ustidan ushbu qarorlar qabul qilinganidan keyin o’n kun ichida yuqori turuvchi saylov komissiyasiga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin.
Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ustidan qaror qabul qilinganidan keyin o’n kun ichida O’zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin.
Fuqarolar saylov qonunchiligi buzilishi yuzasidan to’g’ridan-to’g’ri tegishli ma’muriy sudga murojaat qilishi mumkin.
Bunda saylov komissiyasining xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan berilgan shikoyat sud tomonidan shikoyat berilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay, agar saylovga olti kundan kam vaqt qolgan bo’lsa, darhol ko’rib chiqiladi.
Murojaat bo’yicha o’tkaziladigan sud majlisida arizachi va tegishli saylov komissiyasining vakili, shuningdek, prokuror, agar shikoyat ariza bergan shaxsga emas, boshqa fuqaroga daxldor bo’lsa, o’sha shaxs ishtirokida ko’rib chiqiladi. Yuqorida qayd etilgan shaxslarning kelmasligi shikoyatni sudda ishni ko’rib chiqishga to’sqinlik qilmaydi.
E’tiborlisi, sudning hal qiluv qarori chiqarilishi bilanoq darhol tegishli saylov komissiyasiga va arizachiga topshiriladi va darhol ijro etilishi shart.
Xulosa o’rnida aytganda, fuqarolarning huquqiy ongiva dunyoqarashi yuqoriligi, ayniqsa, ular o’zlarining saylov bilan bog’liq huquqlarini puxta bilishi jamiyatimizda huquqiy madaniyatni yuksalishini ta’minlash bilan birga saylovlarning adolatli va qonuniy o’tishini ta’minlaydigan muhim omildir.
Sardor Alimardonov,
O’zbekiston Respublikasi
Oliy sudi boshqarma boshlig’i