SAYLOV TIZIMI: O‘ZBEKISTON VA XORIJIY MAMLAKATLAR TAJRIBASI
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Toshkentda “Saylov tizimi va qonunchiligini yanada demokratlashtirish: O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar tajribasi” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Jahon saylov organlari assotsiatsiyasi, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, shuningdek, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Davra suhbati O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlarning saylov qonunchiligi rivoji masalalarini muhokama qilish, O‘zbekiston saylov tizimini xalqaro standartlarga muvofiq isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar bilan xalqaro hamjamiyatni tanishtirishga bag‘ishlandi.
Unda Jahon saylov organlari assotsiatsiyasi, Fransiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Latviyadan ekspertlar, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va hududiy saylov komissiyalari a’zolari, Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, siyosiy partiyalar, O‘zbekiston Ekologik harakati, vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, saylov huquqi sohasi olimlari va mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov mamlakatimizda mustaqillik yillarida siyosiy, davlat va huquqiy tizim bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinishi samarasida yuksak demokratik talablarga mos milliy saylov tizimi yaratilganini ta’kidladi. Fuqarolarning shu asnoda davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqi to‘liq ta’minlanmoqda. Bunda Konstitutsiyamiz va qonunlarda umume’tirof etilgan norma va prinsiplar asosida shakllantirilgan saylovlarni o‘tkazishning demokratik prinsiplari mustahkamlab qo‘yilgani muhim ahamiyat kasb etayotir.
Davra suhbatida saylov erkinligi va xohish-irodani erkin bildirish prinsiplari, birinchi navbatda, har bir shaxsning davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqi milliy davlatchiligimiz modelining asosini tashkil etishi ta’kidlandi. Saylov tizimida izchil va o‘zaro uyg‘un islohotlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga boshqa davlat hokimiyati organlarining aralashuvisiz saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishni ta’minlaydigan, davlat hokimiyati tizimida alohida o‘rin tutgan konstitutsiyaviy organ maqomi berilgani ham saylovlarning demokratikligi, ochiq va oshkoraligini har tomonlama ta’minlashning muhim kafolatlaridan biri bo‘ldi. Markaziy saylov komissiyasini shakllantirishning demokratik tizimi, uning faoliyati asosiy prinsiplari konstitutsiyaviy norma sifatida belgilandi, shuningdek, Byudjet kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, uning moliyaviy mustaqilligi ta’minlandi.
2014-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga bo‘lib o‘tgan saylovlar, shuningdek, 2015-yilda o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi demokratik saylov tizimini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlar yuksak samaralar berayotganidan dalolatdir. Mazkur saylovlar natijalari davlat hokimiyati organlarini takomillashtirish, xalq hokimiyatining demokratik asoslarini mustahkamlash, mamlakatimizni huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida yanada rivojlantirishning muhim bosqichiga aylandi.
Davra suhbatida Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori D.Sabo saylovlar har bir mamlakat hayotidagi muhim siyosiy jarayon ekanini qayd etdi. O‘zbekiston saylovlar o‘tkazishdek keng ko‘lamli siyosiy tadbirlarni yuksak saviyada tashkil etish bo‘yicha o‘ziga xos ulkan tajribaga ega. Bunda saylov tizimini takomillashtirishga qaratilgan mustahkam huquqiy asoslar yaratilgani muhim omil bo‘lmoqda.
Tadbir davomida saylov tizimi va saylov to‘g‘risidagi qonunchilikning turli jihatlari, jumladan, huquqni qo‘llash amaliyoti, saylov kampaniyasini moliyalashtirish, saylov jarayoni ishtirokchilarining javobgarligi, partiyalararo raqobat, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga doir dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Shu munosabat bilan saylovchilarning yagona elektron reyestri faoliyati bo‘yicha chet davlatlarda huquqni qo‘llash amaliyoti, mamlakatimizda ham bunday reyestrning huquqiy asoslarini yaratish va undan foydalanish imkoniyati muhokama etildi.
Latviya Markaziy saylov komissiyasi raisi A.Simdarsning ta’kidlashicha, Latviya tajribasidan kelib chiqqan holda shuni aytish mumkinki, saylovchilarning yagona elektron reyestridan foydalanish fuqarolar huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytiradi, saylov jarayonining ochiq va oshkoraligini ta’minlaydi. Saylov komissiyalari va mahalliy organlar ishini yengillashtirib, saylovchilar to‘g‘risida aniq ma’lumotlar tuzish imkonini beradi va "bir saylovchi – bir ovoz" prinsipini ta’minlaydi. Eng muhimi, saylovchilar mas’uliyatini oshirib, shikoyatlar bo‘lish ehtimolini kamaytiradi.
Tadbirda huquqni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirish, saylov jarayoni barcha ishtirokchilarining saylov to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga so‘zsiz rioya etishi, saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishning huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Fransiyaning Tuluza shahar moliyaviy sudi faxriy vitse-prezidenti J.Raken O‘zbekiston saylov qonunchiligi bilan tanishib, uning har tomonlama puxta ishlab chiqilganiga ishonch hosil qilganini ta’kidladi. Uning fikricha, mazkur qonunchilikda fuqarolar huquqlari bilan bog‘liq barcha jihatlar inobatga olingani O‘zbekistonda jamiyat yuksak darajada demokratlashtirilganidan dalolat beradi. Saylov to‘g‘risidagi qonunlarning yagona Saylov kodeksi shaklida kodifikatsiya qilinishi barcha darajadagi saylovlarni o‘tkazishning asosiy tamoyil va umumiy qoidalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ekspertlarning fikricha, saylov jarayonining ochiq va oshkoraligini ta’minlash fuqarolarning saylash huquqlarini amalga oshirishning kafolatidir. Saylov kampaniyasi davomida ommaviy axborot vositalari nafaqat saylovchilarni xabardor qilishning asosiy manbai, balki muhim jamoatchilik nazorati vositasi hamdir. Parlament va Prezident saylovlari jarayonida Markaziy saylov komissiyasining ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligi yanada mustahkamlanib borayotgani yaqqol namoyon bo‘ldi.
Davra suhbati ochiq va amaliy muloqot ruhida o‘tdi. Tadbir ishtirokchilari Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq O‘zbekistonda izchil amalga oshirilayotgan, jumladan, saylov erkinligini ta’minlash va saylov qonunchiligini takomillashtirish borasida hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar fuqarolarning davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish bo‘yicha Konstitutsiyamizda kafolatlangan huquqlarini mustahkamlashga qaratilgani haqida yakdil fikr bildirdi.