SAYLOV VA XOTIN-QIZLAR HUQUQI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga qarashli Ma’naviyat va ma’rifat markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xotin-qizlarning faolligini kuchaytirish, ularning siyosiy bilimlarini yanada oshirishga qaratilgan davra suhbati tashkil etildi.
Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Markaziy saylov komissiyasi, Toshkent shahar hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Turin politexnika universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari, olimlar, nodavlat notijorat tashkilotlari, siyosiy partiyalar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda mamlakatimizda saylov huquqi va erkinliklarini ta’minlash, saylov qonunchiligini rivojlantirish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, bu jarayonda xotin-qizlar faolligini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganligi ta’kidlandi.
Markaziy saylov komissiyasining shu yil 7-oktabrdagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish davrida saylovchilar huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirishga oid tadbirlar dasturi izchil amalga oshirilmoqda. Dasturning 16-bandida mamlakatimizning barcha hududlarida «Xotin-qizlarning saylovlardagi ishtiroki» mavzuida davra suhbatlari, uchrashuvlar o‘tkazish, targ‘ibоt-tashviqot ishlarini kuchaytirish belgilangan. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan bugungi kunga qadar o‘n ikki mingdan ziyod tadbirlar tashkil etildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati, har bir saylovchining huquq va erkinliklari, ularning ovozi davlatimiz kelajagi va xalqimizning ertangi farovon turmushi uchun qanday ahamiyat kasb etishi bilan bog‘liq mavzular bo‘yicha tushunchalar berildi. Ilk bor saylovda ishtirok etayotgan qizlar saylov qonun-qoidalari bilan tanishtirilib, ularga saylov kampaniyasi jarayonlari, saylovchilarning huquq va majburiyatlari, ovoz berish tartibi haqida ma’lumotlar berildi.
– Saylov – demokratiya ko‘zgusi, – deydi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Mahzuna Abdurasulova. – Bu siyosiy jarayonga biz tahsil olayotgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida ham katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Tinch-osuda hayotimiz, biz, yoshlarning kelajak-istiqbolimiz uchun qayg‘uradigan eng munosib nomzodga ovoz beraman.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova so‘zga chiqdi.
O’zA