SAYLOV VA YOSHLAR
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Yoshlar ijod saroyida "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish, unda yoshlar faolligini oshirish, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga bag‘ishlangan "Mening ovozim – Vatanim kelajagi" mavzuida onlayn muloqot tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xodimlari, Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari, iqtidorli talaba-yoshlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda navqiron avlodning huquq va manfaatlarini ta’minlash, iste’dodini yuzaga chiqarish, jahon andozalari darajasida bilim olishi, kasb-hunar egallashi, ijodiy-intellektual salohiyatini yuksaltirishiga alohida e’tibor qaratilayotganligi ta’kidlandi.
Yoshlar demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarda faol ishtirok etayotir. Buni joriy yil 4-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lib o‘tadigan saylovga tayyorgarlik jarayonida ham kuzatish mumkin.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi hamkorligida o‘tkazilayotgan “Vatan kelajagi sening qo‘lingda!” shiori ostidagi tadbirlar, “Yuragingdan ovoz ber!”, “Sening ovozing hal qiluvchi ahamiyatga ega!”, “Birinchi marta ovoz beraman!”, “Fuqarolik pozitsiyangni namoyon et!” mavzularidagi videoroliklar, banner va bukletlar targ‘ibоti yoshlarning saylov to‘g‘risida xabardorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
– Joylarda “Mening ovozim – Vatanim kelajagi” mavzuida davra suhbati va uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i Ma’mur Bayonov. – Maqsad – yoshlarning siyosiy jarayonlarga nisbatan mustaqil va ongli munosabatini shakllantirish, ularda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga hurmat hissini kuchaytirish, yosh saylovchilar, ayniqsa, birinchi marta saylovda qatnashadigan yoshlarning xabardorligini oshirishdan iboratdir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar”, deb ta’kidlangan.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ilk marta ovoz beraman, – deydi Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti talabasi Nilufar Hamidova. – O‘tkazilayotgan davra suhbatlari va onlayn muloqotlarda mamlakatimiz saylov tizimi va qonunchiligiga doir bilimlarimizni oshirib bormoqdamiz. Vatanimiz taraqqiyoti, tinchlik-osoyishtaligimiz, mamlakatimiz istiqboliga hissa qo‘shadigan, xalqimiz, xususan biz, yoshlarning kelajagimiz uchun qayg‘uradigan, yurt taqdiri uchun fidoyi bo‘lgan munosib nomzod uchun ovoz berishni niyat qilganmiz.
O‘z yurti va unda yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy voqealarga befarq bo‘lmagan, o‘z taqdirini yurt taqdiri bilan bog‘lagan har bir yosh saylovlarda mas’uliyat bilan ishtirok etadi. Onlayn muloqot davomida mamlakatimizning barcha hududlaridan internet tarmoqlari orqali 200 dan ortiq savol tushdi, ularga tegishli javob berildi.
Onlayn muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida har bir fuqaro faollik va mas’uliyat bilan ishtirok etishi, bu jarayonda yoshlar o‘z fikri, mustaqil fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.
O’zA