SAYOHAT VA HAMKORLIKNI RIVOJLANTIRISH YO‘LIDA
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
“O‘zekspomarkaz”da 5-oktabr kuni “Ipak yo‘lida turizm” XXI Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi ochildi.
“O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi va “Buyuk ipak yo‘li” reklama agentligi tomonidan BMT Jahon sayyohlik tashkiloti (YuNVTO) ko‘magida tashkil etilgan ushbu tadbirning ochilishida mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning sayyohlik firma va kompaniyalari, mehmonxonalar vakillari, soha mutaxassislari hamda diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
“O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi raisi F.Rizayev, BMTning Jahon sayyohlik tashkiloti ijrochi direktori Z.Shomogi va boshqalar Prezident Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekistonda sayyohlik sohasi izchil rivojlanayotgani, sayyohlarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha sharoit yaratilganini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 10-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sayyohlik infratuzilmasini taraqqiy ettirish, milliy turistik xizmatlarni xalqaro bozorlarga taklif etishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Mamlakatimiz turizm industriyasi qadimiylik va zamonaviylikni o‘zida mujassam etgan. O‘zbekiston tarixiy qadamjolari ko‘pligi bo‘yicha dunyodagi yetakchi o‘n mamlakat qatorida turadi. Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xiva va Shahrisabz shaharlari butun dunyoda qadrlanadi. Yurtimizning boy ma’naviy-madaniy merosi va rang-barang tabiati ekoturizm, geoturizm, alpinizm, ekstremal, madaniy turizm, baliq ovi, rafting kabi sayyohlikning zamonaviy turlari uchun qulay imkoniyat yaratmoqda.
Sayyohlik yo‘nalishlari kengayayotgani, transport kommunikatsiyalari va xizmat ko‘rsatish yaxshilanayotgani samarasida yurtimizga kelayotgan sayyohlar tobora ko‘payib borayotir. 2014-yilda mamlakatimizda sayyohlik xizmatlari hajmi 2013-yilga nisbatan 116 foiz, shunday xizmatlar eksporti 120 foizni tashkil etdi. Joriy yilning yanvar-iyun oylarida yurtimizga kelgan xorijlik sayyohlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7 foiz o‘sdi.
“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi xalqaro turizm bozorida munosib o‘rin egallagan. Havo kemalari parki va aeroportlar modernizatsiya qilingani, parvozlar geografiyasi kengaygani yurtimizga sayyohlarni jalb etishda muhim omil bo‘lmoqda. Poytaxtimizdan Samarqand va Qarshiga qatnovchi yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdi sayyohlarga manzur bo‘lmoqda.
Bugun O‘zbekistonda 1279 sayyohlik tashkiloti, jumladan, 548 mehmonxona, sayyohlik bazalari va kempinglar, 731 sayyohlik kompaniyasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Mamlakatimizda Jahon sayyohlik tashkiloti bilan hamkorlikda ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston ushbu tashkilotga 1993-yilda a’zo bo‘lgan. 2004-yildan buyon Samarqandda Jahon sayyohlik tashkilotining Buyuk ipak yo‘lidagi mintaqaviy markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zaro hamkorlikda xalqaro sayyohlik yarmarkalari, anjumanlar va seminarlar tashkil etib kelinmoqda. O‘tgan yilning oktabr oyida Samarqandda o‘tkazilgan BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasi turizm industriyasi rivojida muhim qadam bo‘ldi.
O‘zbekistonda 1995-yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi mamlakatimiz turizm sanoatini rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda. Jahon jamoatchiligini yurtimizning bu boradagi ulkan salohiyati bilan tanishtirish, xorijning sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Bu yilgi yarmarkada O‘zbekiston, AQSh, Buyuk Britaniya, Belgiya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Fransiya, Shveytsariya, Latviya, Rossiya, Polsha, Slovakiya, Chexiya, Xitoy, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Singapur, Vetnam, Malayziya, Tailand, Turkiya, Dominikan Respublikasi, Isroil, Ozarbayjon, Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikiston kabi mamlakatlardan yetti yuzdan ziyod firma va kompaniyalar vakillari ishtirok etmoqda.
– Kompaniyamiz Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasida birinchi marta ishtirok etmoqda, – deydi Tailand mehmonxonalari uyushmasi bosh kotibi Suchin Jienjitlert. – O‘zbekistonda biznes yuritish, xususan, sayyohlik sohasida hamkorlik qilish uchun katta imkoniyatlar yaratilgan. Tailandda O‘zbekistonga tashrif buyurishni istovchilar juda ko‘p. Ushbu yarmarkada mamlakatingizning turizm sohasidagi imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish, O‘zbekistonning firma va kompaniyalari bilan hamkorlik o‘rnatishni maqsad qilganmiz.
Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi sayyohlik sanoatining barcha zamonaviy yo‘nalishlarini qamrab olgan. Unda turoperatorlar, turagentlar, yirik tarmoqli mehmonxona majmualari hamda xususiy otellar, sanatoriylar, kurortlar, avtotransport kompaniyalari, aviatashuvchilar, global buyurtma tizimlari, turbiznes va boshqa sayyohlik xizmatlarining dasturiy ta’minotchilari, muzeylar hamda madaniy hordiq chiqarish va dam olish sanoati korxonalarining xizmatlari, sohaga oid zamonaviy texnologiyalar namoyish etilmoqda. Yarmarkada biznes, ekologik, sport va ma’rifiy sayohat, ekskursiya, kruiz, mehmonxona va restoran servisi, sohaga doir ko‘chmas mulk va sug‘urta, sog‘lomlashtirish, gastronomik turizm kabi yo‘nalishlarga oid bo‘limlar ish olib bormoqda.
“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat” milliy pavilyonida mamlakatimizning barcha hududlaridan sayyohlik firma va kompaniyalari ishtirok etmoqda. Unda o‘quv va sog‘lomlashtirish markazlari, teatrlar, muzeylar, sayyohlik agentliklari, “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasining hududiy bo‘limlari, Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi xizmatlari taklif etilayotir.
– Ochiq osmon ostidagi muzeyimizda ko‘p ming yillik me’morlik, xalq amaliy san’atiga oid doimiy ko‘rgazma va ekspozitsiyalar tashkil etilgan, – deydi Xivadagi Ichan-qal’a davlat muzey-qo‘riqxonasi vakili Maqsud Abdurasulov. – 140 dan ortiq arxeologik obidalar ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab kelinmoqda. Xodimlarimiz tomonidan me’moriy obidalar, noyob ashyolar va nodir kolleksiyalarni saqlash, o‘rganish hamda keng miqyosda targ‘ib etish borasida izchil izlanishlar olib borilmoqda. Moddiy-madaniy merosni asrab-avaylash, ilmiy tavsiflash, yoshlarimiz qalbida milliy g‘urur tuyg‘ularini kuchaytirishga xizmat qiluvchi yangi muzeylar, ekspozitsiya va ko‘rgazmalar tashkil etishga alohida e’tibor qaratilayotir. Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasida milliy madaniy merosimizni xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish, mintaqamizga chet ellik sayyohlarni ko‘proq jalb qilish maqsadida jahonning nufuzli sayyohlik kompaniya va firmalari bilan shartnomalar tuzishni rejalashtirganmiz.
Yarmarkaga tashrif buyuruvchilar O‘zbekistonning iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati bilan ham tanishishi mumkin. Yarmarka doirasida tashkil etilgan “Milliy taomlar festivali”, “Sharq bozori”, “Uzumning quyoshli shingillari” ekspozitsiyalarida ishtirokchilarga o‘zbek milliy taomlari hamda saxovatli zaminimizda yetishtirilgan sarxil meva va sabzavotlar bilan tanishish, milliy pazandachiligimizga oid ma’lumotlarga ega bo‘lish imkoniyati yaratilgan. Anjuman qatnashchilari “Hunarmandlar shahri” bo‘limida namoyishga qo‘yilgan mahoratli ustalar tomonidan nozik did bilan ishlangan milliy hunarmandlik buyumlarini katta qiziqish bilan tomosha qilayotir.
Yarmarkada ta’lim turizmiga oid alohida bo‘lim tashkil etilgan. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Samarqand iqtisodiyot va servis hamda Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutlari, qator kasb-hunar kollejlarida sayyohlik marketingi va menejmenti, xizmat ko‘rsatish, xalqaro turizm, mehmonxona xo‘jaligi va restoran ishi yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassis tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu bo‘limda mazkur ta’lim muassasalari va “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasining o‘quv markazi taqdim etilgan.
– Mamlakatimizda sayyohlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti xalqaro turizm fakulteti dotsenti Mahbuba Aliyeva. – Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasida tashkil etilgan ta’lim turizmi stendlarida bu boradagi yutuq va imkoniyatlar yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Fakultetimizda mehmonxona xo‘jaligi, sayyohlik marketingi va menejmenti hamda xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlanmoqda. “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi, AQSh, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Fransiya, Gretsiya, Italiya, Malayziya kabi mamlakatlarning oliy o‘quv yurtlari bilan yaqin hamkorlik qilib kelmoqdamiz.
Ko‘rgazma doirasida tashkil etilgan “Hosted Buyers” (“Professional xaridorlar”) dasturi uchrashuvlarida xorijiy kompaniyalar rahbar va menejerlari mamlakatimizdagi sayyohlik yo‘nalishlari bilan tanishish, hamkorlik o‘rnatish va o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Yarmarka doirasida “Madaniy merosni asrash O‘zbekiston sayyohlik sohasi rivojining muhim omili” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi va YuNVTO hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda madaniy merosni asrab-avaylash va o‘rganishga alohida e’tibor qaratilayotgani, bu turizmni rivojlantirishda alohida o‘rin tutayotgani ta’kidlandi.
Konferensiyada O‘zbekistonning Ipak yo‘lida turizmni rivojlantirishdagi o‘rni, madaniy meros obyektlarini asrash, o‘rganish, jahon miqyosida keng targ‘ib va tashviq etish, bu orqali turizmni yanada rivojlantirish, sayyohlik sohasida kadrlar tayyorlashning istiqbollariga oid masalalar muhokama qilindi.
Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi doirasida eng yaxshi sayyohlik yo‘nalishi taqdimoti, kompaniya va mehmonxona taqdimoti, eng yaxshi stend, tematik bo‘lim va turistik imkoniyatlar, eng yaxshi servis, eng yaxshi dizayn, ko‘p yillik va sermahsul hamkorlik kabi qator yo‘nalishlarda tanlovlar bo‘lib o‘tadi.
Ko‘rgazmada mamlakatimizga sayyohlarni yanada ko‘proq jalb qilish borasida chet ellik hamkorlar va mutaxassislar bilan o‘zaro fikr almashish, hamkorlikka oid bitimlar imzolanishi kutilmoqda.
O‘zA