“SHARQ TARONALARI” OLMON JURNALISTI NIGOHIDA
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Yaqinda Germaniyaning “Usbekistan Online” axborot portalida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Sharq taronalari” XI xalqaro musiqa festivaliga bag‘ashlab rang-barang suratlar bilan bezatilgan maqola e’lon qilindi. Uning muallifi – nashr bosh muharriri Gerxard Birkl mazkur madaniy forumni yoritish ishida bevosita qatnashgan jurnalistlardan biri sanaladi.
Maqolada har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan ushbu nufuzli san’at festivali 1997 yilda O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan YuNESKOning shafeligida milliy musiqa san’atining noyob namunalarini keng targ‘ib qilish, ularni asrab-avaylash va rivojlantirish, xalqaro ijodiy va madaniy munosabatlar doirasini kengaytirish maqsadida tashkil etilgani qayd etiladi.
Muallif mazkur musiqa bayrami bugun nafaqat Osiyoda, balki butun dunyoda ommalashgani va mashhur ekanini ta’kidlaydi. “Sharq taronalari”ga qiziqishning yuqoriligini unga qatnashuvchilar sonining ko‘payayotgani va ularning ijodiy salohiyatlari yuqorilab borayotganigina emas, balki, geografiyasining ham tobora kengayayotganidan anglash mumkin, degan mulohazani bildiradi.
“Festival qadimiy va mashhur Samarqandni dunyoning turli madaniyat sohasi olimlari, musiqachilar va san’atshunoslarning uchrashadigan joyiga aylantirdi, - deb yozadi G.Birkl. – U o‘zbek xalqi madaniy hayotining ajralmas qismiga aylandi”.
Shu bilan birga, maqolada bu yil ushbu musiqa festivalida Germaniya nomidan Bavariyaning Raynxard Raysner rahbarligidagi mashhur folklor guruhi ishtirok etgani, ular o‘zbek jamoatchiligi, tadbir qatnashchilari va mehmonlarini olmon madaniyati va san’ati bilan tanishtirgani aytiladi.
“Mintaqa xalqlarining qadimiy an’analariga asoslangan, ildizlari asrlar qa’riga tutash san’at va musiqa insoniyatning rivojlanish tarixida muhim ahamiyat kasb etgan, - deyiladi maqolada. – Xususan, Afrosiyob xarobalarida eramizdan avvalgi ikkinchi asrlarga tegishli bo‘lgan musiqa asboblari topilgan. Ularning barchasini Samarqandning tarixiy muzeyida ko‘rish mumkin”.
Maqolada qayd etilganidek, tarixiy manbalardan ma’lumki, Amir Temur davrida Samarqandda turli yirik madaniy tadbirlarni o‘tkazish uchun dunyoning eng sara musiqachilari va qo‘shiqchilari to‘plangan. Temuriylar davrining taniqli tarixchisi va shoirlaridan biri Sharofiddin Ali Yazdiy musiqa bayramlari eramizdan oldingi davrlarda ham o‘tkazilgani haqida yozadi. Ispaniya elchisi Rui Gonsales de Klavixo xotiralariga ko‘ra, Amir Temur o‘z saltanatining poytaxti – Samarqand shahrida turli bayramlar va madaniy tadbirlar o‘tkazishni juda yaxshi ko‘rgan.
Bugungi zamonaviy davr haqida so‘z yuritar ekan, olmon jurnalisti “Sharq taronalari” XI xalqaro musiqa festivali ishtirokchilari Toshkent aeroportida yuksak hurmat bilan kutib olingani, u yerdan “Afrosiyob” tezyurar poezdida Samarqandga yetib kelishgani va bir necha mehmonxonalarga joylashtirilgani haqida hikoya qiladi. Tadbir davomida xavfsiz va qulay harakatlanishlari uchun mehmonlarga “MAN” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 30 ta shinam avtobuslar ajratilgani aytiladi.
Festivalning o‘tkazilish jarayoni haqida to‘xtalib, muallif mahobatli Mirzo Ulug‘bek, Tillaqori va Sherdor madrasalari o‘rtasidagi Registon maydonida yuksak badiiy mahorat bilan bezatilgan ulkan sahnaning ulug‘vorligidan hayratga tushganini yashirmaydi.
Maqola xulosasida mazkur madaniyatlararo forum xalqlar o‘rtasidagi tinchlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashi ta’kidlanadi. “Zero, musiqa ta’sir qilishning sirli va qudratli kuchiga ega va u insonlarni bir-birlarini so‘zsiz tushunishga o‘rgatadi, - deb yozadi G.Birkl. – Shuningdek, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali O‘zbekistonning madaniyat va musiqa san’ati sohasida erishgan eng so‘nggi muvaffaqiyatlarini namoyish etish maydoniga ham aylangan”.
“Jahon” AA, Berlin