“SHARQ TARONALARI” TURLI MILLAT VA XALQLARNI BIRLASHTIRADIGAN ANJUMANGA AYLANGAN
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Samarqand shahrida “Sharq taronalari” X xalqaro musiqa festivali hal qiluvchi pallaga kirdi. O‘zA muxbirlari xorijlik san’atkor va mutaxassislarning festivalga oid fikrlari va mamlakatimiz haqidagi taassurotlarini yozib oldi.
Sox Svi Kiat, ijodkor (Singapur):
– Prezident Islom Karimovning festival ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi tabrik so‘zi bizni g‘oyat to‘lqinlantirdi. O‘zbekiston rahbarining bugungi shiddatli davrda umrimizga ma’no-mazmun baxsh etadigan madaniyat va san’at olami bilan yaqindan oshno bo‘lish, jahonda tinchlik va osoyishtalikni saqlash, go‘zal hayotni qadrlash, xalqlarimizning madaniy boyliklaridan bir-birimizni ko‘proq bahramand etish zarurligini haqidagi so‘zlari olamshumul ahamiyatga ega.
Dunyo san’atkorlari uchun Registon maydonida o‘z xalqining musiqasi, qo‘shiqlari va raqs san’atini namoyon etish sharafga aylangan. Chunki dunyoning hech bir yerida uchramaydigan ushbu muhtasham sahnada o‘ziga xos tarixiy-afsonaviy muhit bor. Bu ijodkorga katta ilhom bag‘ishlaydi, milliy mumtoz taronalarga yangicha, betakror go‘zallik va nafosat baxsh etadi, san’at muxlislari xotirasida o‘chmas iz qoldiradi. Men ham Registonda o‘z ijodimni namoyish etishdek ulkan baxtdan masrur bo‘lganimdan quvonchim cheksiz.
Xiroyasu Kobayashi, “Min-On” musiqa uyushmasi prezidenti (Yaponiya):
– “Sharq taronalari” festivali chin ma’noda turli millat va xalqlarni birlashtiradigan tinchlik anjumaniga aylangan. Festivalning ochilish marosimida millati, tili, dini va irqi turlicha bo‘lgan ishtirokchi va mehmonlarning san’atkorlarni olqishlagani, qo‘lni qo‘lga berib birga raqsga tushgani buning yorqin ifodasi bo‘ldi.
Samarqand azaldan Buyuk ipak yo‘lidagi turli sivilizatsiyalar tutashadigan muhim markaz bo‘lgan, san’at va madaniyat rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan. Yurtingizda musiqa san’ati chuqur tarixiy ildizlarga ega ekani, Amir Temur davrida dunyoning turli o‘lkalaridan kelgan yetuk san’atkorlar ishtirokida musiqa anjumanlari o‘tkazilgani tarixdan ma’lum. O‘zbek xalqi ana shu an’analarni davom ettirib, milliy san’atini dunyoga namoyish qilmoqda. Festivalning tantanali ochilish marosimidagi musiqa ohanglari hamon quloqlarimiz ostida jaranglab turibdi. Bu bizning yurtingizdan olgan eng katta taassurotimiz bo‘lib qoladi.
Bart Luis Brayeken, “Trio Hop” guruhi a’zosi (Belgiya):
– “Sharq taronalari” haqida avval ham eshitgan edik. Bu yerga kelib, ishtirokchilar soni va jo‘g‘rofiyasi bilan tanishib, juda hayratlandik. Festival allaqachon butun dunyo san’atkorlari qalbidan joy olganiga, nainki Sharq, balki jahon taronalari anjumaniga aylanganiga guvoh bo‘ldik.
Samarqand shahrining bag‘rikeng, mehmondo‘st xalqi bilan yaqindan tanishib, uning noyob me’moriy yodgorliklari va tarixiy obidalarini, afsonaviy Sharq timsoli bo‘lmish bozorlarini kezib, bu go‘zal o‘lkaning o‘xshashi yo‘q ekaniga ishonch hosil qildik.
Registon, Shohi Zinda majmualari, Amir Temur maqbarasi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi kabi mo‘jizalarni ko‘rishga musharraf bo‘lganimizdan g‘oyat baxtiyormiz. Mamlakatingizda ajdodlaringizning boy merosini o‘rganish, targ‘ib qilish, madaniy yodgorliklarni ta’mirlash va asrab-avaylash, san’at, ta’lim, fan va madaniyat sohalarini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani tahsinga sazovor.
Asevedo Ballon Jorje Osvaldo, musiqachi (Peru):
– Samarqand dunyoning albatta borib ko‘rish kerak bo‘lgan ellikta shahri qatorida turishini yaxshi bilamiz. Festival asnosida ushbu ulug‘vor shaharda bo‘lish, uning jahonga dong taratgan bebaho tarixiy obidalarini tomosha qilish, bugungi farovon va osuda hayoti, asrlar davomida sayqal topgan milliy qadriyat va an’analari, to‘kin bozorlari, mehmondo‘st xalqi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘layotganimizdan benihoya baxtiyormiz.
Anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov aytganidek, ayni kunlarda buyuk Sharq timsoli bo‘lgan ko‘hna Samarqandning zamonlar ruhini o‘zida mujassam etgan o‘lmas obidalaridan, moviy gumbazlari va yuksak minoralaridan, mahobatli peshtoqlaridan go‘yoki asrlar sadosi taralayotgandek, shu muqaddas zaminda yashab, ijod qilgan ulug‘ mutafakkirlar, alloma va san’atkorlarning ovozlari yangrab turgandek tuyulmoqda.
O’zA