SHHTning raqamli rivojlanish strategiyasi: imkoniyatlar va muammolar
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) o‘zining raqamli kun tartibini amalga oshirishda muhim bosqichga kirdi. So‘nggi besh yil ichida tashkilot raqamlashtirishni tobora faol ravishda deyarli barcha yo‘nalishlarga — elektron boshqaruv va transchegaraviy savdodan tortib kiberxavfsizlik, infratuzilma rivojlantirish hamda sun’iy intellektgacha — joriy etmoqda. Biroq, deklaratsiyalardan amaliyotga o‘tilar ekan, SHHT texnologik nomutanosibliklar, suverenitetlar o‘rtasidagi raqobat va tashqi geosiyosiy bosimlar bilan belgilanadigan murakkab sharoitga duch kelmoqda.
Strategik kontekst: raqamlashtirish geosiyosiy ustuvor yo‘nalish sifatida
A’zo davlatlarning siyosiy rahbariyati raqamli transformatsiyani eng muhim strategik ustuvor yo‘nalishlardan biri deb belgilagan. Raqamlashtirish tashkilotning uzoq muddatli rivojlanish rejalariga va institutsional arxitekturasiga kiritilgan. Bu qator asosiy hujjatlarda aks etgan: 2020 yilda qabul qilingan SHHT Davlat rahbarlari kengashining Raqamli iqtisodiyot haqidagi Bayonoti, 2023 yildagi Raqamli transformatsiya to‘g‘risidagi Bayonot hamda 2025 yil iyunida tasdiqlangan Raqamli transformatsiya bo‘yicha Harakatlar rejasi. Mazkur so‘nggi hujjat hamkorlikni yetti ustuvor yo‘nalish bo‘yicha tizimlashtiradi: 1) raqamli infratuzilma va ulanish; 2) kiberxavfsizlik va ma’lumotlarni himoya qilish; 3) elektron tijorat va aqlli logistika; 4) sun’iy intellekt va robototexnika; 5) raqamli ko‘nikmalar va kadrlar tayyorlash; 6) me’yoriy-huquqiy uyg‘unlashtirish; 7) raqamli jamoat manfaatlariga oid sohalarda hamkorlik.
Shu bilan SHHT raqamli transformatsiyani endilikda tor sohaviy masala sifatida emas, balki mintaqaviy integratsiya va tobora ikkiga bo‘linayotgan global texnologik tartibda strategik avtonomiya uchun asos sifatida ko‘rmoqda.
SHHT raqamlashtirishining harakatlantiruvchi kuchlari: elektron tijoratdan kibernormalargacha
Tashkilotning raqamli integratsiyaga tobora ko‘proq yo‘nalishini bir qator jarayonlar tasdiqlaydi.
Birinchidan, transchegaraviy elektron tijorat jadal o‘smoqda. 2024 yilda Xitoy va SHHTning boshqa mamlakatlari o‘rtasida raqamli platformalar orqali amalga oshirilgan savdo hajmi 14 foizga oshib, 12,8 milliard dollarga yetdi. Alibaba va JD.com kabi xitoy kompaniyalari Qozog‘iston, O‘zbekiston va Pokistonda faoliyatini kengaytirib, Pekinning mintaqaviy platforma iqtisodiyotidagi yetakchiligini mustahkamladi.
Ikkinchidan, kiberxavfsizlik SHHT doirasida hamkorlikning muhim yo‘nalishiga aylandi. A’zo davlatlar kiber mudofaa, dezinformatsiyaga qarshi kurashish hamda ma’lumotlarni boshqarish bo‘yicha yondashuvlarni rivojlantirishda hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidlashmoqda. Bu borada Moskva SHHT doirasida umumiy “kibersuverenitet” konsepsiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi, boshqa a’zolar, jumladan Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari esa mintaqada yanada xavfsiz va ishonchli raqamli muhit yaratishga o‘z tajribasi va qarashlarini qo‘shishga tayyor ekanini bildirishdi.
Uchinchidan, SHHT a’zo davlatlari o‘rtasida me’yoriy uyg‘unlashtirish bo‘yicha tajribalarni boshladi. 2023–2025 yillarda Xitoy, Qozog‘iston va O‘zbekiston ishtirokida raqamli bojxona va logistika sohalarida pilot loyihalar amalga oshirildi. Ular ma’lumotlar oqimini soddalashtirish, raqamli imzolardan foydalanish va elektron litsenziyalarni o‘zaro tan olish orqali SHHT doirasida “Raqamli Ipak yo‘li”ni shakllantirishni maqsad qilmoqda.
Tarkibiy chaqiriqlar: nomutanosiblik va parchalanganlik
Erishilgan natijalarga qaramay, SHHT raqamli integratsiyaning chuqurligi va miqyosini cheklashi mumkin bo‘lgan to‘rt asosiy muammoga duch kelmoqda.
Birinchidan, a’zo davlatlar o‘rtasida raqamli infratuzilma va salohiyatda katta nomutanosiblik mavjud. Xitoy mobil internet tezligi, sun’iy intellektni rivojlantirish va davlat xizmatlarini raqamlashtirishda katta ustunlikka ega. Ayrim davlatlarda esa internetga kirish, ma’lumot markazlari va elektron davlat xizmatlari sezilarli darajada orqada qolmoqda. Bu esa SHHT doirasida “raqamli ierarxiya”ni shakllantirib, teng huquqli hamkorlikni qiyinlashtiradi.
Ikkinchidan, me’yoriy uyg‘unlik yetarli emas. Har bir a’zo davlat ma’lumotlarni himoya qilish, kiberxavfsizlik va raqamli savdo bo‘yicha o‘zining milliy huquqiy tizimiga ega. Xitoy “kibersuverenitet” modelini ilgari surayotgan bo‘lsa, Qozog‘iston va O‘zbekiston davlat nazoratini bozor ochiqligi bilan uyg‘unlashtirgan gibrid yondashuvni tanlamoqda. Bu tafovutlar tizimlarning o‘zaro moslashuvchanligini va qo‘shma loyihalarning kengayishini qiyinlashtirmoqda.
Uchinchidan, raqamli hamkorlik ko‘proq ikki tomonlama yoki kichik formatlarda rivojlanmoqda. Masalan, Xitoy–Markaziy Osiyo, Xitoy–Rossiya yoki Pokiston–Rossiya yo‘nalishidagi texnologik hamkorlik ko‘pincha SHHTning umumiy mexanizmlarini chetlab o‘tadi. Mintaqaviy tashabbuslarga nisbatan ikki tomonlama bitimlar tezroq rivojlanmoqda, bunga tahdidlarni turlicha qabul qilish va tashqi hamkorlar (Yevropa Ittifoqi, AQSh yoki Fors ko‘rfazi mamlakatlari) bilan o‘zaro aloqalar ham sabab bo‘lmoqda.
To‘rtinchidan, siyosiy ishonch va ma’lumotlarni boshqarish muammolari hanuzgacha hal etilmagan. Ba’zi a’zo davlatlar xitoy platformalarining ustunligi va Rossiyaning kiberxavfsizlik kun tartibiga ehtiyotkorona qarashmoqda. Kuzatuv, ma’lumotlarni mahalliylashtirish va yirik texnologik kompaniyalarning hududiydan tashqari ta’siri bo‘yicha xavotirlar integratsiyani sekinlashtirmoqda. Hamkorlik zaruriyati haqida umumiy bayonotlar mavjud bo‘lsa-da, real tizimlarning o‘zaro mosligi juda kam uchraydi.
Kelajak sari: SHHT raqamli blokka aylanishi mumkinmi?
SHHTning raqamli transformatsiya istiqboli integratsiya va suverenitet kabi ikki qarama-qarshi talabni uyg‘unlashtirish qobiliyatiga bog‘liq.
Bir tomondan, tashkilot umumiy raqamli ekotizim yaratishga intilmoqda. Bu ekotizim mintaqaviy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashi, savdoni yengillashtirishi va texnologik barqarorlikni mustahkamlashi kerak. Ikkinchi tomondan, davlatlar o‘z raqamli suverenitetini qat’iy himoya qiladi, tashqi texnologiyalarga ortiqcha qaramlikdan yoki blok ichidagi yirik davlatlarning regulyator ustunligidan ehtiyot bo‘ladi.
Bu tafovutni bartaraf etish uchun SHHT moslashuvchan raqamli arxitekturani qabul qilishi mumkin. Bunda ayrim davlatlar elektron tijorat, kiberxavfsizlik yoki raqamli ta’lim kabi yo‘nalishlarda umumiy konsensus talab qilmasdan oldinga siljishi mumkin. Shuningdek, tashkilot orqada qolayotgan davlatlarda salohiyatni oshirishga sarmoya kiritishi zarur, masalan, umumiy Raqamli rivojlanish jamg‘armasi yoki mintaqaviy texnologiya transferi mexanizmlari orqali.
2025 yilda Tyantszinda o‘tkazilgan Raqamli iqtisodiyot forumida taklif qilingan SHHT Raqamli markazini tashkil etish markazlashgan muvofiqlashtirish mexanizmini yaratishi mumkin. Bunday platforma raqamli standartlarni uyg‘unlashtirishi, tizimlarning moslashuvchanligini ta’minlashi va sun’iy intellekt, logistika hamda “aqlli shaharlar” bo‘yicha pilot loyihalar uchun markaz bo‘lishi mumkin.
Xulosa: strategiya va tuzilma o‘rtasida
SHHTning raqamli transformatsiya strategiyasi keng qamrovli va o‘z vaqtida ishlab chiqilgan. Bu global boshqaruvdagi bo‘shliqlarni to‘ldirishga intilayotgan mintaqaviy tashkilotlar tendensiyasini aks ettiradi. Biroq ambitsiya o‘zi yetarli emas. Agar SHHT tarkibiy tafovutlarni bartaraf etmasa, me’yoriy uyg‘unlikni mustahkamlasa va a’zo davlatlar o‘rtasida birdamlikni kuchaytirmasa, raqamli kun tartibi faqat deklarativ tus olib, strategik qiymatini yo‘qotishi mumkin.
Raqamli makon ta’sir uchun yangi maydonga aylangan bir paytda, SHHT o‘z tanlovini qilishi kerak: u mustaqil suveren davlatlarning bo‘sh forumigina bo‘lib qoladimi yoki mintaqaviy raqamli tartibni shakllantira oladigan integratsiyalashgan blokkaga aylanadimi? Ehtimol, keyingi besh yil aynan qaysi yo‘l tanlanishini belgilaydi.
Ozod Tanbayev,
Markaziy Osiyo Xalqaro institutining yetakchi ilmiy xodimi