SOLIQ IMTIYOZLARI VA PREFERENSIYALARI KICHIK BIZNES HAMDA XUSUSIY TADBIRKORLIK SUB’YEKTLARI RIVOJIDA RAG‘BATLANTIRUVCHI OMIL BO‘LMOQDA
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Xalqimiz eng ulug‘, eng aziz bayram — mustaqilligimizning yigirma besh yilligini keng tantana qilishga katta tayyorgarlik ko‘rayotgan ayni kunlarda ortga bir nazar tashlab, bosib o‘tilgan yo‘limizni sarhisob etadigan bo‘lsak, erishilgan natijalardan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tariladi.
Chunki tarixan juda qisqa davr ichida O‘zbekiston dunyo hamjamiyatida iqtisodiy hamda ma’naviy qudrati yuksak davlat sifatida tan olinib, jadal rivojlanayotgan mamlakatlar safidan mustahkam joy egalladi.
Albatta, yurtimizning shitob bilan taraqqiy topib borayotganiga guvoh bo‘layotganlar bundan 25 yil muqaddam u iqtisodiy jihatdan qoloq davlat bo‘lganiga ishonishi qiyin. Istiqlol yillarida taraqqiyotning o‘zimizga xos va mos yo‘li — “o‘zbek modeli” asosida olib borilgan oqilona islohotlar ana shunday ulkan o‘zgarishlarga mustahkam poydevor bo‘ldi. Bu jarayonda, ayniqsa, bozor iqtisodiyotining o‘zgaruvchan talablariga moslashuvchan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasini rivojlantirishga e’tibor kuchaytirilib, milliy qonunchiligimizda uning ustuvorligi ta’minlangani muhim ahamiyat kasb etdi. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, mustaqil rivojlanishning butun davri mobaynida iqtisodiyotimiz kelajagini ta’minlaydigan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit, imtiyoz va preferensiyalar yaratish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash eng muhim ustuvor yo‘nalish hisoblanadi.
Ana shu hayotiy tamoyillar asosida olib borilgan keng ko‘lamli ishlar tufayli xalqimizning qon-qoniga singib ketgan tadbirkorlik fazilati nafaqat qayta tiklandi, balki yangicha ma’no-mazmun bilan boyib, respublikamiz iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotini yanada yuksak bosqichga ko‘tarishga xizmat qilayotgan asosiy kuchga aylandi.
Chindan ham, ichki bozorni raqobatdosh va sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, shu asosda aholi daromadlarini ko‘paytirish hamda farovonligini oshirishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik tobora muhim rol o‘ynamoqda. Soha vakillariga qo‘shimcha imtiyoz hamda preferensiyalar, xususan, soliq imtiyozlari berilayotgani muvaffaqiyatlarni yanada mustahkamlayotir.
Yurtimizda olib borilayotgan iqtisodiy siyosatning eng muhim yo‘nalishlaridan biri, shubhasiz, bu — soliq siyosatini yanada liberallashtirish, soliqqa tortish tartibini soddalashtirish, soliq yukini pasaytirish, xo‘jalik sub’yektlarining huquq va erkinliklarini himoya qilish, ularning moliya-xo‘jalik faoliyatiga noqonuniy aralashishiga chek qo‘yish bo‘yicha choralar majmuini amalga oshirish hisoblanadi. Shu ma’noda, iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlari ta’minlanishida soliq yuki bosqichma-bosqich pasaytirilayotgani muhim omil bo‘layotir. Misol uchun, hozirgi paytda ko‘plab mamlakatlarda korxona hamda muassasalar foydasidan olinadigan soliq stavkasi o‘rtacha 12,5 — 39,5 foizni tashkil etayotgan bir paytda, O‘zbekistonda ushbu ko‘rsatkich 1995 — 2016 yillar mobaynida 38 foizdan 7,5 foizga tushirilganligi e’tiborga molik jihatdir.
Soliq stavkasining bunday sezilarli darajada pasaytirilishi xo‘jalik sub’yektlari uchun ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, aylanma mablag‘larni ko‘paytirish, mahsulot tayyorlash va xizmatlar eksportini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratishda moliyaviy madad bo‘lmoqda. Bundan tashqari, u soliqqa tortish bazasini kengaytirish, soliq to‘lashdan bosh tortish hamda daromadlarni yashirish darajasini kamaytirish, yig‘ilayotgan soliqlarning to‘liqligini ta’minlash imkonini berayapti.
Soliqlarning rag‘batlantiruvchi rolini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan tizimli chora-tadbirlar, aytish joizki, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga xizmat qilayotir. Natijada 2010 — 2015 yillarda ro‘yxatga olingan kichik biznes sub’yektlari (fermer va dehqon xo‘jaliklaridan tashqari) soni 193 800 tadan 225 998 taga yetkazilib, sohaning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 1,8 barobar oshdi.
Kichik biznes rivojida soliq yuki yengillashtirilayotgani muhim omillardan biri ekanligi inobatga olingan holda, bu yo‘nalishdagi islohotlar tobora keng ko‘lam kasb etmoqda. Xususan, so‘nggi 5 yil ichida mikrofirma hamda kichik korxonalar tomonidan to‘lanayotgan yagona soliq stavkasi 7 foizdan
5 foizga pasaytirildi. Shuningdek, 2016 yildan e’tiboran, iqtisodiyot tarmoqlarida xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarda yagona soliq to‘lovi stavkasi 6 foizdan 5 foizga -tushirildi.
Shu bilan birga, yagona soliq to‘lovi stavkasining joriy qilingani, Inqirozga qarshi choralar dasturi asosida yana bir qator imtiyoz va preferensiyalar qo‘llanila boshlangani kichik biznes ravnaqida yangi sahifalar ochmoqda.
Unga ko‘ra, jismoniy shaxslarning mikrofirma hamda kichik korxonalarni ta’sis etishdan oladigan dividend ko‘rinishidagi daromadlari, yuridik shaxslarning kapitallashuvga, investitsiyalarga, ilgari olingan kreditlar bo‘yicha hisob-kitob qilishga yo‘naltirilgan mablag‘lari besh yil davomida soliqdan ozod qilindi. Shuningdek, 2012 yilning 1 yanvaridan boshlab, go‘sht va sutni qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan mikrofirma hamda kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi, soliqqa tortishdan ozod etilgan mablag‘lar korxonalarni asosiy faoliyati bo‘yicha texnik qayta ishlash va modernizatsiyalashga yo‘naltiriladigan bo‘lsa, 50 foiz pasaytirildi.
Prezidentimizning 2014 yil 7 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga binoan, qurilish materiallari, oziq-ovqat, yengil sanoat kabi ko‘p mehnat talab qiladigan ayrim tarmoqlarda faoliyat yuritadigan kichik korxonalar uchun xodimlarning cheklangan o‘rtacha yillik soni 100 tadan 200 tagacha oshirilishi belgilab qo‘yilgani tizimdagi islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining 2015 yil 15 maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni esa kichik biznes rivojida sifat jihatidan yangi davrni boshlab berdi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Sababi, ushbu hujjat xususiy tadbirkorlikning iqtisodiyotdagi roli hamda o‘rnini tubdan oshirish, tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish yo‘lidagi mavjud to‘siq va cheklovlarni tugatish, xususiy mulkning yalpi ichki mahsulotda, jumladan, xorij sarmoyasi ishtirokidagi ulushini izchil oshirish uchun yanada qulay iqtisodiy, huquqiy sharoit hamda rag‘batlar yaratishga qaratilgandir.
Buni Farmon asosida to‘rtta yetakchi yo‘nalish bo‘yicha amalga oshiriladigan o‘ttiz uchta aniq chora-tadbirni ko‘zda tutuvchi kompleks Dastur tasdiqlanganligi misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Unda biznes faoliyatini yo‘lga qo‘yish tartib-taomilini yanada soddalashtirish, ma’muriy va jinoyat qonunchiligini liberallashtirish hisobidan tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berishga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, 2015 yilning 1 iyulidan boshlab, mikrofirmalar, kichik korxonalar hamda fermer xo‘jaliklari faoliyatiga oid barcha tekshiruv rejali tartibda nazorat organlari tomonidan to‘rt yilda bir martadan, boshqa xo‘jalik sub’yektlarida esa faqat Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika kengashi qaroriga asosan, uch yilda bir martadan ko‘p bo‘lmagan tartibda amalga oshiriladigan bo‘ldi. Moliya-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan rejali tekshiruvlar o‘tkazish muddati esa
10 kalendar kunidan oshmasligi, tadbirkorlik sub’yektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatini rejali tekshirishlar faqat so‘nggi tekshiruvdan keyingi davrni qamrab olishi kerak. Agar shaxs O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 184-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni (soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin -tovlash) birinchi marta sodir etgan, jinoyat aniqlangandan keyin 30 kun ichida davlatga yetkazilgan zararni to‘liq qoplagan, penya va boshqa turdagi moliyaviy sanksiyalarni to‘lagan bo‘lsa, unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilmaydi hamda u javobgarlikdan ozod qilinadi.
Bundan tashqari, 2015 yilning 1 iyulidan boshlab, yakka tartibdagi tadbirkorlarga faoliyatidan kelib chiqqan holda, har bir yollangan ishchi uchun byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga eng kam oylik ish haqining
50 foizi miqdorida sug‘urta badali va yakka tartibdagi ish beruvchi tadbirkor uchun belgilangan soliq stavkasining 30 foizi miqdorida soliq to‘lash sharti bilan bir nafardan uch nafargacha ishchini yollash huquqi berildi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini ishga yollagan taqdirda esa, o‘n ikki oy mobaynida yollanma ishchilar uchun belgilangan soliqdan ozod etildi.
Respublikamizda kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, huquqiy manfaatlarini himoyalash, shuningdek, soliq imtiyozlari va preferensiyalar berish borasidagi bunday keng ko‘lamli ishlar kelgusida sohaning yanada jadal hamda barqaror rivojlanishini ta’minlash bilan birga, xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi. Bu esa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarning bosh maqsadidir.