SUD HOKIMIYATI MUSTAHKAMLANMOQDA
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Samarqandda 2016-yil 21-oktabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonning huquqiy davlat barpo etishdagi ahamiyatini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi tomonidan tashkil etilgan tadbirda sudyalar, advokatlar, huquqshunos olimlar, jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mustaqillik yillarida sud-huquq tizimida amalga oshirilgan islohotlar sohani demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud hokimiyatining fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi roli va ahamiyatini oshirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Umumiy yurisdiksiya sudlari ixtisoslashtirilib, fuqarolik, jinoyat va xo‘jalik ishlari bo‘yicha sudlar tashkil etildi. Sud ishlarini apellatsiya va kassatsiya tarzida ko‘rib chiqish instituti joriy qilindi. Shaxsni ushlab turish, hibsga olish, shuningdek, boshqa protsessual majburiy choralarni qo‘llash uchun sanksiya berish huquqi sudlarga o‘tkazildi.
– Mazkur farmon mamlakatimizda istiqlolning dastlabki yillaridan amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, xalqaro huquq me’yorlariga mos milliy sud tizimni rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishi bilan ahamiyatlidir, – deydi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi raisi M.Tojiboyev. – Unda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, odil sudlovga erishish darajasini oshirishdek ustuvor yo‘nalishlar belgilab berilgan. Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, kasb nufuzini oshirish, yuqori malakali va samarali faoliyat yurituvchi sud korpusini shakllantirish maqsadida ilk bor sudyalarning vakolat muddati qayta ko‘rib chiqildi. Xususan, sudyalik lavozimiga birinchi marta besh yil muddatga va keyin o‘n yil muddatga, shundan so‘ng muddatsiz tayinlash (saylash)ni nazarda tutuvchi tartib joriy etildi. Bu xalqaro standartlar va rivojlangan demokratik davlatlar tajribasiga to‘liq mos keladi.
Seminarda jinoyat, jinoyat-protsessual, fuqarolik protsessual va boshqa qonun hujjatlariga inson huquq va erkinliklari ustuvorligini ta’minlash, sud muhokamasini adolatli va o‘z vaqtida o‘tkazish, jazoning adolatli va insoniyligi kafolatlarini kuchaytirishni inobatga olgan holda kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati atroflicha tahlil etilib, fikr-mulohazalar bildirildi. Fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda advokatura institutining o‘rni, ularning sud jarayonlarida ishtiroki haqida ma’ruzalar tinglandi.
O’zA