Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

SUD HOKIMIYATI MUSTAQILLIGINING MUHIM KAFOLATI

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
SUD HOKIMIYATI MUSTAQILLIGINING MUHIM KAFOLATI

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishga oid yangi vazifalar belgilangan.

Shu asosda mamlakatimizda sud hokimiyatining nufuzini oshirish, chinakam mustaqilligini ta’minlash bilan bir qatorda soha faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilayotir. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni buning yaqqol tasdig‘idir.

Farmonda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi qonunlar 2017-yil 7-aprelda matbuotda e’lon qilindi.

“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan Asosiy qonunimizning 80, 81, 83, 93, 107, 110, 111-moddalariga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritildi. Bulardan ayrimlari Sudyalar oliy kengashi bilan bog‘liq bo‘lib, ushbu tuzilmaning faoliyatiga oid masalalar “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi qonunda to‘liq o‘z ifodasini topgan.

Yangi kengash konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘ldi. Konstitutsiyamizning 111-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyatining organi bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyatining mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashadi. O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashini tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi.

Bunday maqom kengashga yuklatilgan vazifalarni mustaqil va samarali amalga oshirishning muhim konstitutsiyaviy kafolati hisoblanadi. Xalqaro standartlarda bunday amaliyot doim yuksak e’tirof etilgan. Shuning uchun ham ko‘pgina rivojlangan demokratik davlatlar konstitutsiyalari bunday vazifani amalga oshiruvchi organlar faoliyatini tartibga soluvchi normalarni o‘zida ifodalagan.

Yana bir e’tiborli jihat shundaki, mazkur organni tashkil etish va uning faoliyati avvalgidek davlat boshlig‘i farmoyishi bilan tasdiqlangan nizom asosida emas, balki qonun bilan belgilanishidir. Sudyalar oliy kengashi raisi avvalgidek Senat a’zolari orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi bilan tayinlanmay, balki boshqa bir qator mustaqil konstitutsiyaviy organlar rahbarlari kabi Prezidentimizning taqdimiga binoan Senat tomonidan tayinlanishi yuqori palataning mutlaq vakolatlariga kiritildi.

Bundan tashqari, Sudyalar oliy kengashi raisi Qonunchilik palatasi va Senat majlislarida, shuningdek, ularning organlari majlislarida ishtirok etishi konstitutsiyaviy jihatdan mumkin bo‘lgan shaxslar qatoriga kiritildi. Bu mazkur lavozim yuksak obro‘ va nufuzga egaligidan dalolat bo‘lib, uning mustaqilligini, daxlsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Endilikda harbiy sudlarning, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining sudyalarini, tumanlararo, tuman, shahar sudlarining raislari va sudyalarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda kengashning o‘zi lavozimga tayinlaydi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda ularni Prezident bilan kelishilgan holda lavozimidan ozod qiladi. Bu jihatlar kengashning nufuzini ko‘tardi va mustahkamladi.

Avvallari bu lavozimlarga tayinlash va ozod qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mutlaq vakolatlari sirasiga kirar edi. Shu ma’noda Sudyalar oliy kengashiga nafaqat vakolat, balki juda katta mas’uliyat ham yuklandi.

Qonunda kengashni shakllantirish tartibi to‘liq ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, kengash rais, rais o‘rinbosari, uning a’zolari va kotibidan – jami yigirma bir nafar kishidan iborat tarkibda bo‘ladi. Bu tarkib sudyalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va huquq sohasidagi yuqori malakali mutaxassislar orasidan shakllantiriladi.

Kengashning o‘n bir nafar a’zosi kengash raisining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. Kengashning ushbu a’zolaridan bir nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlarining sudyalari orasidan tasdiqlanadi. Kengashning raisi, kotibi va sudyalar orasidan tasdiqlangan o‘n bir nafar a’zosi o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi, kengashning qolgan sakkiz nafar a’zosi, shu jumladan, kengash raisining o‘rinbosari o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi.

Yuqoridagi normalar Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi tomonidan ilgari surilgan sudyalarni tanlash bo‘yicha organ tarkibining kamida yarmi sudyalarning o‘zidan bo‘lishi kerakligiga oid qoidaga mos.

Kengash sudyalik lavozimlariga nomzodlarni eng malakali va mas’uliyatli mutaxassislar orasidan tanlov asosida tanlab oladi. Sudyalarni tayinlash, kasbiy tayyorlash, malakasini oshirishni tashkil etadi. Kengashning asosiy vazifalarida sudyalarning faoliyati samaradorligini baholash, ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik olib borish, aholi bilan muloqotni amalga oshirish, sudyalarni intizomiy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi, shuningdek, ularni jinoiy va ma’muriy javobgarlikka tortish uchun xulosa berish haqidagi masalani ko‘rib chiqish kabilar belgilangan.

Kengash faoliyatida tadqiqot faoliyatiga alohida o‘rin berilgan. Oliy sud huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha tadqiqot markazi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini o‘rganish bo‘yicha tadqiqot markaziga aylantirilgani buning amaliy ifodasidir.

Mazkur markaz kengashning sud-huquq sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini va yagona sud amaliyotini ta’minlash, odil sudlovga erishish darajasini va uni amalga oshirish sifatini yaxshilash bo‘yicha takliflar tayyorlash vazifasini amalga oshirishda o‘zining tadqiqotlari bilan ko‘maklashadi.

Kengash sudyalarni davlat mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risida Prezidentimizga taqdimnomalar kiritadi. Sudyalarni intizomiy javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish va materiallarni sudyalarning tegishli malaka hay’atlariga yuborish, sudyalarni jinoiy yoki ma’muriy javobgarlikka tortish masalalari yuzasidan xulosa beradi. Sudyalarning malaka hay’atlari faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi. Jismoniy va yuridik shaxslarning sudyalar tomonidan odob-axloq qoidalarini buzish masalalariga doir murojaatlarini ko‘rib chiqadi. Kengash sudyalarning faoliyatini o‘rganish va baholash mezonlarini, sudyalarni kasbiy tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etishga doir dasturni tasdiqlaydi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti direktorining o‘z faoliyati to‘g‘risidagi axborotini har yili eshitadi.

Yuqoridagilardan tashqari qengash a’zolarining huquq va majburiyatlari qonunda aniq belgilab qo‘yilgan. Masalalarni ko‘rib chiqishda kollegiallikni, demokratizmni kuchaytirish maqsadida kengash majlisi o‘z a’zolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi, deb belgilangan (avvalgi komissiyada majlis uning a’zolarining ko‘pchiligi ishtirok etgan taqdirda vakolatli deb hisoblanar edi), kengash a’zosini rad etish va uning o‘zini o‘zi rad etishiga oid qoidalar kiritildi, sudyalar korpusini shakllantirish chog‘ida sudyalik lavozimlariga nomzodlar huquqlarining tengligi e’tirof etildi, avvalgidan farqli ravishda odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklarga yoki jismoniy nuqsonlarga ega bo‘lganlar ham zaxiraga kiritilishi mumkin emasligi qayd etildi.

Qonunda sudyalik lavozimiga nomzodlarning zaxiradan chiqarilishiga oid asoslar ham o‘rin olgan. Jumladan, nomzod zaxiradan chiqarish to‘g‘risida o‘zi ariza berganda, sudyalik lavozimlariga nomzodlar tayyorlanadigan maxsus kurslarga qabul qilish tanlovidan o‘tmaganda, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotganda, unda odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklar yoki jismoniy nuqsonlar paydo bo‘lganda, belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan, deb topilganda, vafot etganda yoki sud qarori bilan vafot etgan, deb e’lon qilinganda, jinoyat sodir etganda, uning sudyalik lavozimiga nomunosibligi haqida xulosa chiqarilganda kabi asoslar kiritildi. Bundan tashqari, sudyalik lavozimiga nomzod, agar u uch yildan ortiq muddat davomida sudyalik lavozimiga ko‘rsatilmagan bo‘lsa ham zaxiradan chiqarilishi qayd etildi.

Mazkur hujjatda birinchi marta tayinlanadigan sudyalarni tanlashning asosiy mezonlari alohida, sudyalarni yangi vakolat muddatiga va boshqa sudyalik lavozimlariga tanlashning asosiy mezonlari alohida qayd etilgan. Sudyalik lavozimiga nomzodning tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilishi qonunan belgilandi. Bunda odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklarning va jismoniy nuqsonlarning ro‘yxati kengashning va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining qo‘shma qarori bilan tasdiqlanadi. Sudyalar malakasini oshirish tadbirlariga nisbatan talablar o‘rnatilib, unga ko‘ra malaka oshirish sudyalar faoliyatini o‘rganish va baholash natijalariga ko‘ra, odil sudlovni amalga oshirishda aniqlangan tizimli kamchiliklar hisobga olingan holda tashkil etiladi.

Mazkur islohotlar fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli sud himoyasini, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlashga, sudlar faoliyati samaradorligi va nufuzini, odil sudlovga erishish darajasini oshirishga xizmat qiladi.

Miravzal Mirakulov,
yuridik fanlari doktori.

O’zA