SUN LITSZE: “MUSTAQILLIKNING QO’LGA KIRITILISHI O’ZBEKISTONNING KO’P ASRLIK SHONLI TARIXIDA JUDA KATTA AHAMIYATGA EGA BO’LGAN VOQEADIR”
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
O’zbek xalqining ulug’ va bebaho bayrami - mamlakatimiz davlat mustaqilligining 25 yillik bayrami tobora yaqinlashib kelmoqda. Ilgari xabar berilganidek, ushbu qutlug’ yubiley sanasi munosabati bilan xorijiy davlatlarning Toshkentda akkreditatsiyadan o’tgan diplomatiya missiyasi rahbarlari “Jahon” axborot agentligining savollariga bajonudil javob qaytarmoqdalar.
Bu safar Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Sun Litsze suveren rivojlanish yillari davomida O’zbekiston erishgan asosiy muvaffaqiyatlar to’g’risidagi o’z fikr-mulohazalarini bayon etdi:
— Shu kunlarda o’zbek xalqi mustaqil hayotining 25 yillik yubileyini tantanali nishonlashga faol hozirlik ko’rmoqda. Mustaqillikning qo’lga kiritilishi O’zbekistonning ko’p asrlik shonli tarixida juda katta ahamiyatga ega bo’lgan voqea hisoblanadi. U yangi demokratik davlat va jamiyat barpo etishning ibtidosi bo’ldi.
Tarixan qisqa davr ichida respublika o’z hayotining barcha jabhalarida, jumladan, davlat suverenitetini yanada mustahkamlash, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, rejali boshqaruvdan bozor iqtisodiyotiga izchil o’tish, aholining hayot darajasi va sifatini oshirish borasida ulkan muvaffaqiyatlarni qo’lga kiritdi.
Men bunday izchil o’suvchan taraqqiyotga guvoh bo’layotganimdan juda mamnunman. Respublikaning xalqaro maydondagi obro’-e’tibori yuksalmoqda. O’zbekiston mintaqa xavfsizligining juda muhim kafolati hisoblanishi xalqaro darajada umum e’tirofini topgan.
O’zbekistonning qudrati va iqtisodiy salohiyati tobora o’sib borayotgani mustaqillik yillari davomida erishilgan muvaffaqiyatlarning yaqqol tasdig’i hisoblanadi. Keyingi 11 yil mobaynida yalpi ichki mahsulot o’sishining sur’atlari 8 foizdan kam bo’lmagan darajada saqlanib qolmoqda. O’ylaymanki, bu ko’rsatkichlar rivojlanishning o’zbek modeli naqadar to’g’ri va chuqur o’ylanganining yaqqol tasdig’i hisoblanadiki, u mamlakatning har bir aholisiga o’z Vatani bilan haqli ravishda faxrlanish imkonini berdi.
Mustaqillikning birinchi kunlaridan e’tiboran O’zbekistonda onalik va bolalik muhofazasi ijtimoiy siyosatning strategik yo’nalishlaridan biri sifatida belgilandi. 1994 yili davlat rahbari mustaqil O’zbekistonning birinchi davlat mukofoti - “Sog’lom avlod uchun” ordenini topshirish marosimida sog’lom avlodni tarbiyalash - buyuk davlat poydevorini, farovon hayot asosini qurish ekanligini qayd etgan edi. Bu fikrdagi chuqur ma’no onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, yoshlarni ma’nan va jismonan barkamol etib tarbiyalash, ularda vatanparvarlik va Vatanga muhabbat tuyg’ularini shakllantirishga qaratilgan ishlarning asosiy yo’nalishlarini belgilab berdi.
O’ylaymanki, 2016 yil respublikada “Sog’lom ona va bola yili”, deb e’lon qilingani xalqingizning ijtimoiy-axloqiy va oilaviy qadriyatlarida o’z aksini topmoqda. Shunisi quvonarliki, qabul qilingan davlat dasturi doirasida “Sog’lom ona va bola - baxtli oila asosi, baxtli oila - gullab-yashnayotgan davlatning asosi” degan g’oyat go’zal g’oyaning jamiyatda yanada chuqur anglanishi va o’z tasdig’ini topishiga yo’naltirilgan majmuaviy chora-tadbirlar hayotga tadbiq etilmoqda.
Bundan tashqari, oila instituti muhofazasini takomillashtirish, davlat hokimiyati organlarining jamoat tashkilotlari bilan ijtimoiy sherikligini mustahkamlash bo’yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Har bir xalqning o’z tarixi, madaniyati va urf-odatlari bor. Mamlakatda millatlararo hamjihatlik hukm surishining kaliti odamlarning o’zaro tinch-totuv yashashi, bir-birini to’g’ri tushunishi, jamiyatdagi barcha a’zolar birdamligi va o’zaro muloqotning mavjudligidadir.
O’zbekistonda millatlararo do’stona munosabatlar va tolerantlikni qo’llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvorliklaridan biri hisoblanadi. Respublikaning barcha fuqarolari milliy mansubligidan qat’iy nazar teng huquqqa ega ekanligi mamlakat Konstitutsiyasida kafolatlangani yuqori bahoga loyiqdir.
Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan 1992 yili Respublika baynalmilal madaniyat markazi tashkil etildi. Millatlararo munosabatlarni mustahkamlash, mamlakat hududida istiqomat qiladigan turli millat va elatlar vakillarining ma’naviy ehtiyojlarini qondirish uning asosiy vazifasi hisoblanadi. Mazkur tashkilotda ishlar yaxshi yo’lga qo’yilgani tufayli milliy madaniy markazlar faol rivojlanmoqda. O’zbekistondagi milliy madaniy markazlarning soni qariyb 140 tani tashkil qiladi, ularning 14 tasi respublika ahamiyatidagi markaz maqomiga ega.
Zarur sharoitlar yaratilgani bois turli millat va elatlarning taniqli namoyandalari mamlakatning iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va boshqa sohalari taraqqiyotiga muhim hissa qo’shdilar. Shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, respublikaning barcha fuqarolari bundan keyin ham o’zaro hamjihatlikda yashab, ko’pmillatli yagona davlatining gullab-yashnashi yo’lida yelkama-yelka mehnat qilishadi.
Mustaqillik yillari davomida O’zbekiston xalqaro ishlarda faol ishtirok etgani holda dunyodagi jarayonlarga moslashuvning maqbul yo’lini tanladi. Jumladan, respublika Shanxay Hamkorlik Tashkilotining teng huquqli a’zosi hisoblanadi. O’zbekiston boshqa mamlakatlar bilan samarali va o’zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirmoqda, mintaqada barqarorlik saqlanishiga muhim hissa qo’shmoqda.
O’zbekiston olib borayotgan tashqi siyosat o’zining hayotiy va istiqbolli ekanligini tasdiqladi. Respublika erishgan muvaffaqiyatlarning xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilgani mamlakat xalqaro maydonda munosib o’rinni egallashidan dalolat beradi.
1992 yili diplomatiya munosabatlari o’rnatilganidan so’ng O’zbekiston va Xitoy o’rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik darajasi turli sohalarda izchil oshib bordiki, bu xalqlarimiz o’rtasidagi an’anaviy do’stlikni yangicha mazmun bilan boyitdi.
1996 yilning iyul oyida har ikki davlat tenglik va o’zaro manfaatdorlik asosida do’stona hamkorlikni mustahkamlashga qaror qildi. 2005 yil may oyida Pekin va Toshkent har tomonlama va uzoq muddatli hamkorlik va sheriklikni rivojlantirishga ahd qildi. 2012 yilning iyun oyida O’zbekiston - Xitoy munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko’tarildi.
Keyingi yillarda muntazam ravishdagi oliy va yuqori darajadagi tashrif almashuvlari yo’lga qo’yildi. Joriy yilning iyunida Toshkentda ikki tomonlama aloqalar rivojlanishidagi yangi bosqich o’z tasdig’ini topdi. XXR Raisi Si Szinpinning O’zbekistonga buyurgan davlat tashrifi chog’ida ikki davlat rahbarlari mamlakatlarimiz o’rtasidagi munosabatlarni har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko’tarishga qaror qildilar. Bu qaror turli sohalarda o’zaro hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi qirralarni ochadi. Har ikki tomon yanada ravnaq topish hamda mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yo’lidagi kelishuvlarni amalga oshirish uchun birgalikdagi sa’y-harakatlarni hayotga tadbiq etishga tayyordir.
Ushbu fursatdan foydalanib, o’zbekistonliklarni chin dilimdan Mustaqillik kuni bilan tabriklashga ijozat bergaysiz. Davlatchilikni mustahkamlashda, barqaror taraqqiyot, yalpi gullab-yashnash va farovonlik ta’minlanishida yanada katta muvaffaqiyatlar tilayman!
“Jahon” AA