Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

SUN LITSZE: «O’ZBEKISTONDA HUKM SURAYOTGAN TINCHLIK VA OSOYISHTALIK - BUTUN DUNYONING HAVASINI KELTIRAYOTGAN MUVAFFAQIYATLAR ASOSIDIR»

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
SUN LITSZE: «O'ZBEKISTONDA HUKM SURAYOTGAN TINCHLIK VA OSOYISHTALIK - BUTUN DUNYONING HAVASINI KELTIRAYOTGAN MUVAFFAQIYATLAR ASOSIDIR»

O’zbekiston bilan Xitoy o’rtasidagi o’zaro aloqalar tarixi uzoq asrlarga borib taqaladi. Ikki davlat o’rtasida diplomatik munosabatlar o’rnatilganidan so’ng hamkorlik yanada jadal rivojlanmoqda.

O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 24 yilligi bayrami munosabati bilan O’zA muxbiri Xitoy Xalq Respublikasining O’zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sun Litsze bilan suhbatlashdi.

— Janob elchi, suhbatimiz O’zbekiston mustaqilligining 24 yilligi arafasida o’tmoqda. Mamlakatimizda istiqlol yillarida amalga oshirilayotgan islohotlarni qanday baholaysiz?

— O’zbekiston buyuk va g’oyat go’zal mamlakat. Men buni sizdan ko’ra yaxshiroq his qilaman, desam, adashmayman, negaki, mamlakatingizda ro’y berayotgan ulkan o’zgarishlar sizlar uchun odatiy holga aylangan. O’zbekistondagi faoliyatim davomida siyosiy, huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda izchil va samarali islohotlar amalga oshirilayotganining guvohi bo’lmoqdaman. Jamiyatni yanada demokratlashtirish maqsadida uzoqni ko’zlab amalga oshirilayotgan oqilona siyosat yuksak natijalar bermoqda.

Demokratik taraqqiyot yo’lidan ishonch bilan borayotgan O’zbekistonda barcha sohalarda keng ko’lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Mamlakatingizning iqtisodiy rivojlanish sur’atlariga havas qilsa, arziydi. Butun mamlakat bo’ylab mahobatli imoratlar, zamonaviy infratuzilma inshootlari barpo etilayotgani O’zbekistonning qudrati va salohiyatidan dalolat beradi. Ayni paytda turli davlatlar iqtisodiyotida yuzaga kelayotgan muammolar mamlakatingiz tanlagan bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich o’tish yo’li, taraqqiyotning “o’zbek modeli” naqadar hayotiy va samarador ekanini yana bir karra tasdiqlaydi. O’zbekiston mustaqilikka erishganiga hali ko’p vaqt bo’lgani yo’q. Ammo mana shu qisqa muddatda mamlakatingizda barcha sohalarda havas qilarli yutuq va marralarga erishildi. O’zbekistonni barqaror rivojlantirish strategiyasi boshqa davlatlar uchun namuna bo’la oladigan ko’plab jihatlarga ega. Prezident Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan oqilona siyosat O’zbekiston xalqi qo’lga kiritayotgan yutuqlarning muhim omilidir.

O’zbekiston bank-moliya muassasalari, infratuzilma, investitsiyalar va turizm sohalarini rivojlantirish borasida ulkan salohiyat va imkoniyatlarga ega ekanini alohida ta’kidlashni istardim. Bank-moliya tizimida hayotga tatbiq etilayotgan tub islohotlar samarasida mamlakatingizning tashqi iqtisodiy munosabatlari tobora mustahkamlanib, xalqaro maydonda obro’-e’tibori ortib borayotir. So’nggi yillarda jahondagi yetakchi reyting kompaniyalari O’zbekiston bank tizimi faoliyatini «barqaror» deb baholamoqda. Aynan shu omil Prezident Islom Karimovning zukko va bilimdon iqtisodchi, buyuk rahnamo ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Jahon bozorida raqobat kuchayib borayotgan bugungi kunda iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etmoqda. O’zbekiston bu borada ham ulkan ilmiy-intellektual salohiyatga ega. Sanoatni yuksaltirish, resurslarni tejash, mahalliy xomashyodan keng foydalanish, mahsulotlar sifati va raqobatbardoshligini oshirish, eksportni kengaytirishda innovatsion texnologiya va ishlanmalardan samarali foydalanilmoqda.

O’zbekistonda har yili davlat byudjetining katta qismi o’quv muassasalari barpo etish, ta’lim olish sharoitlari va sifatini yaxshilash, ta’lim tizimini isloh qilish, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash masalasini hal etishga yo’naltirilayotgani e’tiborga sazovordir. Bu, o’z navbatida, ta’lim samaradorligini oshirish va har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Mamlakatda hukm surayotgan tinch va osuda hayot, millatlararo totuvlik va hamjihatlik muhiti O’zbekistonda qo’lga kiritilayotgan va butun dunyoda havas uyg’otayotgan ulkan muvaffaqiyatlar asosidir. O’zbekiston fuqarolari tarixan qisqa vaqt ichida erishilgan olamshumul yutuqlar bilan har qancha faxrlansa arziydi.

— O’zbekiston va Xitoy hamkorligining bugungi holati, uning istiqbollari haqida nima deya olasiz? Sizningcha, o’zaro hamkorlikning qaysi yo’nalishlari ustuvor hisoblanadi?

— Xitoy Xalq Respublikasi O’zbekiston Respublikasini ishonchli sherik, deb biladi. So’nggi yillarda Xitoy - O’zbekiston munosabatlari yanada kengayib, yuksak strategik sheriklik darajasiga ko’tarildi. Siyosiy muzokaralarni faollashtirish, xavfsizlik sohasida hamkorlikni kengaytirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnikaviy, gumanitar sohalardagi aloqalarni rivojlantirish o’zaro munosabatlarimizning ustuvor yo’nalishlaridir. Hamkorligimiz an’anaviy do’stlik va o’zaro ishonch ruhida, ikki tomonlama manfaatdorlik asosida izchil rivojlanmoqda. Xitoy va O’zbekiston rahbarlari uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar bu borada muhim huquqiy asos bo’lib xizmat qilayotir. Xususan, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2014 yil avgust oyida Xitoyga davlat tashrifi strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishda yangi bosqich bo’ldi. Ushbu tashrif doirasida umumiy qiymati 5,2 milliard AQSh dollari miqdoridagi loyihalar bo’yicha yigirmadan ziyod hujjat, shuningdek, 800 million dollarlik savdo shartnomalari imzolandi. Shu tariqa 6 milliard dollarga teng kelishuvlarga erishildi. Bu o’zaro manfaatli hamkorlik ko’lami yanada kengayib borayotganidan dalolat beradi. Shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin va O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov shu yilning iyul oyida Shanxay hamkorlik tashkilotining Ufa sammiti doirasida ham uchrashdi.

Mamlakatlarimiz o’rtasidagi munosabatlar Strategik sheriklik o’rnatish to’g’risidagi qo’shma deklaratsiya, Do’stlik va hamkorlik to’g’risidagi shartnoma, Ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish haqidagi qo’shma deklaratsiya hamda boshqa ko’plab muhim hujjatlar asosida jadal rivojlanib borayotir.

Xitoy bilan O’zbekiston savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasida katta imkoniyatlarga ega. Tomonlar «o’zaro manfaatdorlik va umumiy muvaffaqiyat» tamoyiliga amal qilgan holda, ishbilarmon doiralar vakillari o’rtasidagi bevosita aloqalarni kengaytirmoqda. Buning samarasida o’zaro tovar ayirboshlash hajmi jadal sur’atlarda o’sib bormoqda. Mamlakatlarimiz o’rtasida tovar ayirboshlash hajmi keyingi 6 yilda 3 barobar ko’paygani alohida e’tiborga sazovor.

Investitsiyaviy hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. Xitoylik ko’plab ishbilarmonlar O’zbekiston bozoriga qiziqish bildirmoqda, investitsiya kiritish va yangi qo’shma korxonalar tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bugun Xitoy O’zbekistonning eng yirik investoridir va bu har ikki mamlakat manfaatlariga xizmat qilmoqda.

Xitoy O’zbekistondagi barqaror rivojlanish sur’atlarini yuksak baholaydi hamda iqtisodiyotning yuqori texnologiyali yangi tarmoqlarini tashkil etish va rivojlantirish, sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish, texnologik qayta jihozlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo’llab-quvvatlaydi.

Hamkorligimiz ko’lami yoqilg’i-energetika sohasida ham yorqin namoyon bo’lmoqda. Markaziy Osiyo - Xitoy gaz quvurining to’rtta tarmog’i ham O’zbekiston Respublikasi hududidan o’tishi yuksak darajadagi ishonch va o’zaro manfaatdorlikdan dalolat beradi. Xitoy Xalq Respublikasiga uzluksiz tabiiy gaz yetkazib berishni ta’minlaydigan ushbu gaz quvurini barpo etish va ishga tushirish har ikki mamlakat uchun ham strategik ahamiyatga ega.

Angren - Pop temir yo’li, jumladan, Markaziy Osiyodagi eng uzun - 19,2 kilometrlik temir yo’l tunneli qurilishi kommunikatsiya sohasidagi muhim loyiha hisoblanadi. 2013 yilning iyulida boshlangan mazkur tunnel qurilishi jadal sur’atlarda davom ettirilmoqda. Tunnel Angren - Pop temir yo’l liniyasini elektrlashtirish borasidagi muhim loyiha bo’lib, bu O’zbekiston infratuzilmasini modernizatsiya qilishda katta ahamiyatga ega va, umuman, mintaqada transport logistikasini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Xitoy va O’zbekiston o’rtasidagi munosabatlar mintaqada xavfsizlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashda mamlakatlarimiz uchun o’ziga xos platforma bo’lgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) doirasida ham jadal rivojlanmoqda.

Mamlakatlarimiz o’rtasida ta’lim sohasida ham yaqin hamkorlik yo’lga qo’yilgan. Toshkent va Samarqandda Konfutsiy institutining tashkil etilgani bu boradagi hamkorligimiz izchil rivojlanayotganidan dalolat beradi. 2010 yilning iyun oyida Xitoy millatlar markaziy universitetida o’zbek tili bo’limi ochildi. 2012-2013 o’quv yilidan Pekin xorijiy tillar universitetida o’zbek tilini o’qitish yo’lga qo’yildi. O’zbekistonda xitoy tili va adabiyotiga, Xitoyda esa o’zbek tili, madaniyati, urf-odatlari va, umuman, mamlakatingizga qiziqish ortib bormoqda. Shu bois ta’lim sohasida, xususan, o’zbek va xitoy tillarini o’rganish doirasida talabalar va stajyorlar almashinuvi kengaymoqda.

Ikki mamlakatning madaniyat va san’at namoyandalari Xitoy hamda O’zbekistonda o’tkazilayotgan turli ko’rgazma va madaniy tadbirlarda faol ishtirok etmoqda. Shanxay va Toshkent, Sian va Samarqand, Shensi provinsiyasi va Samarqand viloyati o’rtasida birodarlik munosabatlari o’rnatilganini ta’kidlash o’rinlidir. Bu ikki mamlakat hududlarining to’g’ridan-to’g’ri aloqalari izchil rivojlanib borayotganidan dalolat beradi.

«O’zbekiston - Xitoy» va «Xitoy Xalq Respublikasi - Markaziy Osiyo mamlakatlari» do’stlik jamiyatlari o’zaro madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Xitoy bilan O’zbekistonning turizm sohasidagi hamkorligi ham izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidlamoqchiman. O’zbekistonning sayyohlik salohiyati Xitoy xalqaro turizm yarmarkalarida muntazam namoyish etib kelinmoqda. Xitoyliklar har qanday sayyoh istagiga javob beradigan noyob tarixiy yodgorliklar, yuksak sayyohlik salohiyati va imkoniyatlariga ega O’zbekiston bilan yaqindan tanishishni istaydi.

Xitoy hukumati O’zbekistonning milliy va mintaqaviy xavfsizlik hamda barqarorlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarini hamisha qo’llab-quvvatlaydi. O’zbekiston ham, o’z navbatida, Xitoy xalqiga yordam berishga tayyor. Tomonlar an’anaviy do’stlikni qadrlaydi, hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga alohida e’tibor qaratadi.

— O’zbekistonning eksport salohiyatiga qanday baho berasiz?

— Keng ko’lamli iqtisodiy islohotlar amalga oshirilayotgani samarasida mamlakatingizning eksport salohiyati tobora yuksalib, bu yerda tayyorlanayotgan mahsulotlar jahon bozorida mustahkam o’rin egallamoqda. Bugun O’zbekiston korxonalari tashqi bozorga deyarli barcha turdagi tovarlarni yetkazib berayotgani quvonarlidir. Xalqaro standartlar asosida ishlab chiqarilayotgan yuqori sifatli ushbu mahsulotlar xorijiy iste’molchilarga manzur bo’lmoqda. Jumladan, O’zbekiston avtomobillari dunyoning o’ndan ziyod davlatiga eksport qilinayotir. O’zbek avtomobillari yuqori texnik xususiyatlari va zamonaviy dizayni bilan xaridorlar ishonchini qozonib, butun dunyoga mamlakatingizning ulkan iqtisodiy salohiyatini namoyish etmoqda.

O’zbekiston ishlab chiqaruvchilari xorijda, xususan, Xitoyda o’tkazilayotgan yirik xalqaro ko’rgazma-yarmarkalarda ishtirok etib, o’z mahsulotlarining eksport ko’lamini kengaytirishda muvaffaqiyatlarga erishmoqda.

Mamlakatingizda tashkil etilgan «Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy zonasi, «Jizzax» va «Angren» maxsus industrial zonalari eksportbop mahsulotlar ishlab chiqaradigan sanoat korxonalari tashkil etish va ular faoliyatini qo’llab-quvvatlash uchun qulay sharoit va keng imkoniyatlar yaratmoqda.

Bularning barchasi Prezident Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlar, O’zbekiston xalqining fidokorona mehnati, mamlakatingizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik samarasidir. Bu esa O’zbekistonning har bir fuqarosiga faxr-iftixor bag’ishlaydi.

— Yaqinda Samarqandda bo’lib o’tadigan “Sharq taronalari” X xalqaro musiqa festivali haqida o’z fikringizni bildirsangiz. Ushbu musiqa forumida Xitoydan ishtirok etadigan san’atkorlar haqida ham so’zlab bersangiz.

— Musiqa kayfiyatni ko’tarib, insonni xayrli ishlar qilishga undaydi. Shuningdek, musiqa har bir millatning o’ziga xos xususiyatlarini ifoda etib, turli xalqlarni birlashtirishga, ularning an’ana va urf-odatlarini o’rganishga xizmat qiladi. «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali qadimiy an’analar va sharqona falsafani ifoda etadigan, kishi qalbini rom qiladigan, uning ma’naviy dunyosini boyitadigan dilrabo va jozibali kuy-qo’shiqlar ijro etiladigan o’ziga xos noyob sahnadir. Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu xalqaro forum xalqlar o’rtasida madaniy aloqalarni rivojlantirish, tinchlik, do’stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Xitoylik san’atkorlar ushbu festivalda muntazam ishtirok etib kelmoqda. Joriy yilda Szyansu provinsiyasidan xotin-qizlar xalq musiqa orkestri qatnashadi. Ular o’z mahoratini muvaffaqiyatli namoyish etishiga ishonaman. Bundan tashqari, Xitoy millatlar markaziy universiteti xodimlari festival doirasida o’tkaziladigan «Sharq xalqlari musiqa madaniyatining mushtarakligi» mavzusidagi ilmiy konferensiyada ishtirok etadi.

Nufuzi tobora ortib borayotgan «Sharq taronalari» festivalining Yer yuzidagi eng qadimiy shaharlardan biri - har qarichida sharqona jozibadorlik sezilib turadigan, afsonaviy Samarqand shahrida o’tayotgani unga o’ziga xos ruh bag’ishlamoqda. Haqli ravishda Yer yuzining sayqali va Sharq gavhari deb nom olgan ushbu qadimiy va hamisha navqiron shahar betakror go’zalligi va mahobati bilan azaldan e’tiborni o’ziga jalb qilib kelgan.

Qariyb uch ming yillik shonli tarixga ega Samarqand mahobatli arxitektura yodgoriklari, moviy gumbazlari, betakror sharqona qiyofasi bilan bugun ham butun dunyodan kelgan sayyohlar va mehmonlar e’tiborini tortmoqda. Ushbu ajoyib shahar har qanday insonni maftun eta oladi. Bu yerda bir marta bo’lgan kishi uni hyech qachon unutmaydi.

Fursatdan foydalanib, O’zbekiston xalqini Mustaqillik bayrami bilan samimiy muborakbod etaman. Prezident Islom Karimov rahnamoligida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot sur’atlarining izchil o’sishi, mehnatsevar va mehmondo’st xalqingiz barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishishini tilayman. Farovonlik, kuch-qudrat, tinchlik va xotirjamlik O’zbekistonni hyech qachon tark etmasin.

UzA