SURATLARDA AKS ETGAN HAYOT
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Poytaxtimizdagi Tasviriy san’at galereyasida O‘zbekiston xalq rassomi Javlon Umarbekovning retrospektiv ko‘rgazmasi ochildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalq shoiri S.Saidov, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori H.Aminov va boshqalar mamlakatimizda tasviriy san’atni izchil ravnaq toptirish borasida olib borilayotgan ezgu sa’y-harakatlarda ijodkorlar mehnatini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, «ustoz-shogird» an’analarini izchil davom ettirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
J.Umarbekov o‘zbek tasviriy san’ati taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ijodkor. Uning serqirra ijodi xalqimizning boy madaniy va tarixiy an’analari-yu adabiy merosini o‘zida mujassam etgan.
Uning ijodida jonajon Vatanimiz, uning maftunkor tabiati, mehridaryo insonlariga bo‘lgan cheksiz hurmat va ehtirom muhim o‘rin egallaydi. Rassom tasviriy san’atning turli janrlarida ijod qiladi. Xususan, natyurmort, manzara, portret, murakkab kompozitsiya kabi janrlarda yaratgan asarlarida yurtimizning ma’naviy qadriyatlari, urf-odatlari, to‘kin bozorlari, hushmanzara maskanlari tasvirlangan.
– Javlon Umarbekov asarlarini kuzatib, unda milliy va umuminsoniy qadriyatlar, insonning ichki dunyosi, yaratuvchanlik va vazminlik kayfiyati, ona tabiatimizning go‘zal manzaralari o‘z aksini topganligiga guvoh bo‘lasiz, – deydi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti prorektori D.Rahmatullayeva. – Asarlar hayotiyligi, zamonaviyligi va tabiatga yaqinligi bilan ajralib turadi. Ijodkor asarlari dunyoning ko‘plab mamlakatlarida namoyish etilgan. Rassom ijodida ona va bola, xotin-qizlar obrazlari alohida o‘rin tutadi.
Ko‘rgazmada namoyish etilgan “Shoir va faylasuf”, “Men – insonman”, “O‘tov yonida”, “Kun va tun jangi”, “Xumsonlik qo‘shiqchi – hofizlar” kabi ko‘plab asarlar tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
– Shaxsiy ko‘rgazma tashkil etish rassom uchun ham quvonchli, ham mas’uliyatli ish, – deydi O‘zbekiston xalq rassomi J.Umarbekov. – Chunki shaxsiy ko‘rgazma o‘ziga xos imtihon, deyish mumkin. Rassom yillar davomida chekkan mashaqqati mevalarini tomoshabin hukmiga havola qiladi. Xususan, yurtimizda bu tabiiy hol. Boisi – san’at muxlislarimiz juda talabchan, didi baland, san’atning barcha janrlarini nozik va teran tushunadi. Bu, albatta, har qanday ijodkorni hayajonga soladi. Bugungi ko‘rgazmaga qo‘yilgan asarlar tasviriy san’at muxlislariga manzur bo‘lsa, ularni o‘ylashga, fikrlashga undasa benihoya xursand bo‘lar edim.
O’zA