SUVLI-BОTQOQLI HUDUDLARDA NOQONUNIY OVCHILARGA QAT’IY CHORALAR KO‘RILMOQDA
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida mamlakatimizda suvli-bоtqoqli hududlarni muhofazalash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tabiatning o‘ziga xos ko‘rinishini namoyon etuvchi suvli-bоtqoqli hududlar biologik xilma-xillikni muhofazalash, iqlim barqarorligini saqlash, oziq-ovqat to‘kinligini ta’minlash, suv resurslari holatini baholashda muhim tabiiy omildir. Mamlakatimizning suvli-bоtqoqli mintaqalari daryolar, ko‘llar, suv omborlari va qator irrigatsiya tizimlarini qamrab oladi. Ushbu suv havzalarida suvda suzuvchi va suv bo‘yicha hayot kechiradigan bir yuz ellik turdan ko‘proq qushlarni uchratish mumkin. Yurtimiz ornitofaunasining o‘ttiz foizdan ko‘prog‘ini tashkil etadigan ushbu qushlarning yigirma turga yaqini xalqaro va O‘zbekiston «Qizil kitobi»ga kiritilgan.
Ushbu noyob turlarni asl holicha asrash, ular hayot kechiradigan suvli-bоtqoqli hududlarda ekologik barqarorlikni ta’minlash dolzarb vazifadir. Tadbirda ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, uning hududiy tuzilmalari, ilm-fan muassasalari va jamoat tashkilotlari hamkorligida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etildi.
Mamlakatimiz suvda suzuvchi qushlarning asosiy yashash manzili bo‘lgan xalqaro ahamiyatga ega suvli-bоtqoqli hududlar to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaga 2001-yilda a’zo bo‘lgan edi. O‘tgan yillarda ushbu yo‘nalishda qator dastur va loyihalar hayotga tatbiq etildi. Natijada Buxoro viloyatidagi Aydarko‘l va Jizzax viloyatidagi Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi Ramsar konvensiyasi ro‘yxatiga kiritildi. Ayni paytda yana bir qator tabiiy hududlarni ushbu ro‘yxatga kiritish yuzasidan ish olib borilmoqda.
Davlat va jamoat tashkilotlari, ilm-fan muassasalari hamkorligida mamlakatimiz ornitofaunasini chuqur tadqiq etish, suvda suzuvchi qushlarning monitoringini yuritishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Yurtimizga har yili to‘rt milliondan ziyod suvda suzuvchi qushlar uchib keladi, – deydi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi "Davbionazorat" inspeksiyasi monitoring bo‘limi boshlig‘i Sergey Zagrebin. – Shuningdek, doimiy yashaydigan qushlarning ham ko‘plab turlarini uchratish mumkin. Bu yurtimizda barqaror ekologik muhit yaratilganining ifodasidir. Bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirish maqsadida qushlarning hayot tarzi, migratsiyasini o‘rganish, hayvonot olami va ular yashaydigan hududlarga salbiy ta’sirning oldini olish bo‘yicha muntazam monitoring ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Har yili yanvar oyining o‘rtalarida qushlarni hisobga olish ishlari tashkil etilmoqda. Bu jarayonda noqonuniy ov va boshqa ekologik qonunbuzarliklarni aniqlash hamda bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tadbirda mamlakatimizda suvli-bоtqoqli hududlarni muhofazalash va boshqarishni takomillashtirish, Ramsar ro‘yxatiga kiritilgan suvli-bоtqoqli hududlarda qushlarning sanog‘ini yuritish, ekologik muhit barqarorligini ta’minlash, tabiatni muhofazalashga oid qonunlarning ijrosi samaradorligini yanada oshirish bilan bog‘liq vazifalarga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.
O’zA