TA’LIM TIZIMINING “O‘ZBEK MODELI”
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Istiqlol – istiqbol
O‘zbekiston rahbari Islom Karimov 1990-yil 3-avgustda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlardan birida respublikada barcha sohalar qatori ta’lim tizimi ham butunlay izdan chiqqani, o‘quv muassasalari achinarli ahvolga kelib qolganini aniq raqam va dalillar asosida ko‘rsatib o‘tadi. Ushbu muammolarni hal etish borasida fikr-mulohazalarini bayon etar ekan, Prezidentimiz bunday deydi: Bizga kadrlar tayyorlashning maxsus milliy dasturi kerak. Bu dastur umumta’lim maktablarida dars berish sifatini har tomonlama yuksaltirish, eng iste’dodli bolalar uchun maktablar ochish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash uchun chet ellardagi eng yaxshi markazlarga yoshlarni yuborish kabi ustuvor vazifalarni o‘zida mujassam etishi lozim.
Ana shu ulug‘ maqsadlar yo‘lida O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi qabul qilindi. Dastur ijrosining birinchi bosqichida mavjud kadrlar tayyorlash tizimining ijobiy tomonlarini saqlab qolish barobarida uni tubdan isloh qilish va rivojlantirish, ilmiy-uslubiy hamda iqtisodiy shart-sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan ulkan ishlar amalga oshirildi. Ikkinchi bosqichda ta’lim tizimining jamiyatdagi o‘zgarish va yangilanishlar, barcha sohalarda kadrlarga doir mavjud ehtiyoj bilan uyg‘un bo‘lishiga erishildi.
Kadrlar tayyorlash milliy modeli yaxlit va tizimli bo‘lib, shaxs, davlat va jamiyat manfaatlarini o‘zida mujassam etgan. Mazkur dastur mamlakatimiz iqtisodiyoti va hayotining barcha jabhalari uchun yuqori malakali, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishning samarali integratsiyalashuvini ta’minlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida tarbiyalashga xizmat qilayotgani ta’lim tizimining “o‘zbek modeli” yuksak samaralar berayotganidan dalolatdir.
9+3 sxemasi samaralari
Istiqlol yillarida milliy ta’lim tizimida “akademik litsey”, “kasb-hunar kolleji” degan yangi tushunchalar paydo bo‘ldi. Zamonaviy o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limini shakllantirishga xizmat qiladigan ushbu muassasalar uzluksiz ta’lim sohasining ajralmas qismiga aylandi.
Akademik litseylar davlat ta’lim standartlariga mos ravishda o‘rta maxsus ta’lim beradi, o‘quvchilarning intellektual rivojlanishini, imkoniyat va qiziqishlari asosida chuqurlashtirilgan, profilli, differensiallashgan, kasbga yo‘naltirilgan o‘qitishni ta’minlaydi. Kasb-hunar kollejlari davlat ta’lim standartlari doirasida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi beradi, o‘quvchilarning kasb qiziqishlari, malaka va ko‘nikmalari chuqur rivojlanishini, tanlagan kasbi bo‘yicha bir yoki bir qancha ixtisosliklarni egallashiga xizmat qiladi.
Bir vaqtlar o‘rta maktabni tamomlaganlarning ma’lum foizigina oliy o‘quv yurtlariga kirish imkoniyatining mavjudligi bois minglab yoshlar biror kasb-hunarsiz, zamonaviy bilimlarsiz “barmog‘ini tishlab” qolardi. Sanoqli texnikum va xalq tilida “PTU” deb ataluvchi o‘quv dargohlarida esa traktorchilik, chilangarlik kabi tor doirada ta’lim berilardi.
Bugungi kunda hayotimizga muvaffaqiyatli tatbiq etilgan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi uzluksiz ta’lim tizimining mutlaqo muhim va yangi bo‘g‘inidir. 9+3 sxemasi bo‘yicha 12-yillik umumiy majburiy bepul ta’lim tizimini o‘zida mujassam etgan ushbu bo‘g‘in kelajagimiz egalariga umumta’lim fanlari bilan birga ikki-uch mutaxassislik bo‘yicha zamonaviy kasb-hunarlarni puxta egallash, axborot texnologiyalari va chet tillarini o‘zlashtirish imkonini bermoqda.
Har bir o‘quvchi e’tiborda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazidan ma’lum qilishlaricha, bu yil umumta’lim maktablarining 9-sinfini 476 ming 616 o‘quvchi bitirdi. Ularning 7,5 foizi akademik litseylarda, 92,5 foizi kasb-hunar kollejlarida o‘qishni davom ettirish istagida ariza topshirgan.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining tayyorlov yo‘nalishlari, kasblar va ixtisosliklar umumdavlat tasniflagichi mamlakatimiz iqtisodiyotining real tarmoqlarida kadrlarga bo‘lgan ehtiyojga asosan tegishli vazirlik, korxona va tashkilotlar hamkorligida har yili qayta ko‘rib chiqilib, qo‘shimchalar kiritilmoqda. Bugungi kunda mazkur tizimda 91 tayyorlov yo‘nalishi, 239 kasb va 670 ixtisoslik mavjud.
– 2016/2017 o‘quv yilidan yigirma ikkita kasb-hunar kolleji qayta ixtisoslashtirildi, – deydi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Xayrulla Zikrillayev. – Masalan, Marhamat qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji – Marhamat qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejiga, Shofirkon pedagogika kolleji – Shofirkon pedagogika va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejiga, Baxmal iqtisodiyot kolleji – Baxmal xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejiga, Kasbi tumani oziq-ovqat sanoati kasb-hunar kolleji – Kasbi oziq-ovqat sanoati va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejiga, Samarqand shahar maishiy xizmat kasb-hunar kolleji – Samarqand sanoat va qurilish kasb-hunar kollejiga aylantirildi. Bu yil muhandislik, ishlov berish va qurilish tarmoqlari, qishloq va suv xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlariga yanada ko‘proq o‘quvchilar qabul qilindi. Yoshlarning yashash manziliga yaqin bo‘lgan o‘rta maxsus ta’lim maskanlarida o‘qishini ta’minlash maqsadida Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida 2 tadan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida bittadan kasb-hunar kolleji filiallari ochildi.
O‘quvchilarni ta’limning keyingi bosqichiga yo‘naltirishda qizlarga alohida e’tibor qaratilayotir. Pedagoglar, amaliyotchi-psixologlar, huquqshunoslar, mahalla va xotin-qizlar qo‘mitalari faollari hamkorligida ota-onalarga qizlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, oilasi mustahkam bo‘lishi, farzandlarini barkamol etib tarbiyalashi, o‘z huquq va burchlarini tanishida o‘qish va kasb-hunar egallashning ahamiyati keng tushuntirilmoqda.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga o‘quvchilar qabul qilish umumiy o‘rta ta’lim negizida maktablarning 9-sinfini bitiruvchilarning yakuniy davlat attestatsiyasi va umumiy o‘rta ta’limni tugatishda ular tomonidan olingan reyting ko‘rsatkichlari natijalari, shuningdek, o‘qish joyi va yo‘nalishini ixtiyoriy ravishda tanlashini hisobga olgan holda amalga oshirilmoqda. Qabul chog‘ida bitiruvchiga uning qobiliyati, kasb-hunarga qiziqishiga ko‘ra kasbga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik tashxis markazlari tomonidan beriladigan tavsiyanomalar inobatga olinayotir.
Qabulning tasdiqlangan ko‘rsatkichidan ortiqcha arizalar tushgan kollej yoki litseyda O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasining qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan sinov imtihonlari o‘tkaziladi. Quvonarlisi, o‘quvchilarni imtihonlar asosida qabul qilayotgan kollejlar soni yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Bu mamlakatimiz taraqqiyoti, hayotimiz farovonligini ko‘zlab izchil amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatini fuqarolar yanada chuqur anglayotgani, yoshlarda o‘z kelajagiga e’tibor va ishonchning, Vatanimiz taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘usining ortib borayotgani ifodasidir.
Hayotning eng yorqin pallasi
Akademik litsey yoki kasb-hunar kollejida tahsil olish har bir yosh uchun hayotning eng yorqin pallasidir. Bu davrda yigit-qizlar chuqur bilim olib, o‘zi qiziqqan kasb-hunarni egallab kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratishga, salohiyatini namoyon etib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga intiladi.
Mamlakatimizda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari zamonaviy bilim va malakaga ega o‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda 144 akademik litsey, 1411 kasb-hunar kollejida jami 1 million 500 mingga yaqin o‘quvchi tahsil olmoqda.
Iqtidorli yoshlarni aniqlash va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu yil akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining 11 o‘quvchisi, umuman, 2000-yildan buyon tizimdagi ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yuzdan ziyod qiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Prezidentimiz rahnamoligida yoshlar kamoloti yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborga javoban o‘quvchilar dunyo miqyosidagi turli ko‘rik-tanlov va xalqaro fan olimpiadalarida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. O‘zbekiston yoshlari hech kimdan kam emasligini amalda namoyon etmoqda.
Mamlakatimizda jahon standartlariga mos sport inshootlari bazasiga ega 15 olimpiya zaxiralari kollejida sport mutaxassislari tayyorlanmoqda. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida o‘tkazilayotgan “Barkamol avlod” sport musobaqalarida qatnashgan o‘quvchilar qit’a va jahon chempionatlarida ham faxrli o‘rinlarni egallamoqda. O‘tgan yillar davomida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi dargohlarining 846 o‘quvchisi nufuzli xalqaro turnirlar sovrindori bo‘ldi.
Mamlakatimizda “kollej – korxona” hamkorligi muntazam yo‘lga qo‘yilgani o‘quvchilarni ishlab chiqarish o‘quv amaliyotiga jalb qilish hamda ularni kasbga yo‘naltirish, bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Hunar – oqar buloq, bilim – yonar chiroq
Yoz mavsumi, ayniqsa, yoshlar uchun o‘zgarishlarga boy bo‘ladi. O‘smir yigit-qizlar yilning aynan shu davrida hayotidagi eng muhim qarorlardan birini qabul qiladi. 9-sinfni tamomlagan o‘quvchilar o‘z bilimini yanada boyitishi uchun akademik litsey yoki kasb-hunar kollejiga hujjat topshiradi. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini bitirgan yigit-qizlar esa o‘z oldida turgan ikki yo‘ldan birini tanlaydi: yoki oliy o‘quv yurtida o‘qishni davom ettiradi, yoki egallagan kasbi bo‘yicha mehnat faoliyatini boshlaydi.
Oliy o‘quv yurtlarida test imtihonlari o‘tkazilib, sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tganlar talabalik atalmish oltin davr ostonasiga qadam qo‘yadi. O‘qishga kirolmaganlar biroz ranjishi mumkin, ammo bekor, bee’tibor qolmaydi. Negaki, ular kollejda kamida ikkita kasbni puxta egallagan, bitiruv arafasida imzolangan to‘rt tomonlama shartnoma bo‘yicha ishga joylashish imkoniyatiga ega.
Xalqimizda hunar – oqar buloq, bilim – yonar chiroq, degan purhikmat maqol bor. Zero, qo‘lida hunari bor insonning xonadonida qut-baraka buloq suvi misoli doimo oqib turadi. Bilim yuksak manzillarga, baland marralarga eltuvchi yo‘llarni xuddi chiroq kabi yoritadi. Sevgan kasb-hunari, yuksak bilimi bor inson hayot yo‘llarida qoqilmaydi, o‘z orzu-maqsadlariga yetadi. Mamlakatimizda uzluksiz ta’lim tizimining “o‘zbek modeli” asosida har bir bolaga shaxs sifatida yondashilib, ularning zamonaviy bilim olishi va kasb-hunar egallashi uchun barcha sharoit yaratilgani zamirida ana shunday ezgu muddao mujassamdir.
O’zA