TABIAT MUSAFFOLIGI YO‘LIDA HAMKORLIK
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida Latviya Respublikasi atrof-muhitni muhofaza qilish va mintaqaviy rivojlanish vaziri Kispars Gerxards bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida ekologik toza texnologiyalar bo‘yicha xalqaro seminar ham o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi B.Abdusamatov Prezidentimiz Islom Karimovning 2013-yil oktabrida Latviya Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida asos solingan ikki mamlakat tabiatni muhofaza qilish idoralari o‘rtasidagi hamkorlik samarali davom etayotganini ta’kidladi.
Mazkur tashrif doirasida imzolangan hukumatlararo bitimni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda Latviya Respublikasi atrof-muhitni muhofaza qilish va mintaqaviy rivojlanish vazirligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi dastur ishlab chiqildi va joriy yil aprel oyida imzolandi. Latviya delegatsiyasining toza ekologik texnologiyalar sohasida tajriba almashish va ushbu yo‘nalishda hamkorlikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirish bo‘yicha mamlakatimizga bu galgi tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvning amaliy natijalaridan biridir.
Xalqaro seminar ikki mamlakat vakillarining ekologik toza texnologiyalarni joriy etish va rivojlantirish masalalarini muhokama qilish uchun samarali maydonga aylandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, “O‘zkommunxizmat” agentligi, “O‘zkimyosanoat”, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyatlari, “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi va boshqa idoralar, Latviya tomonidan davlat va tijorat sektori vakillari ishtirok etdi. Ular tabiiy resurslardan samarali foydalanish tajribasiga bag‘ishlangan taqdimotlarni namoyish qildi.
Mamlakatimizda atmosfera musaffoligini ta’minlash, yer va suv resurslari holatini, zamonaviy qayta ishlash usullarini joriy qilish hisobidan chiqindilarni boshqarishni yaxshilashga qaratilgan ko‘plab dasturlar hayotga tatbiq etilayotir. Xalqaro talablarga muvofiq mamlakatimiz yetakchi sanoat korxonalarining texnologik uskunalari izchil modernizatsiya qilinmoqda.
– O‘zbekiston va Latviya atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida yaqin hamkorlik qilib kelmoqda, – deydi Cleantech Latvia kompaniyasining xalqaro munosabatlar departamenti direktori Evia Pudane. – Muqobil energiya turlarini ishlab chiqarish, oqova suvlarni tozalash, chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish, har qanday tuproqqa ko‘chat ekish va boshqa yo‘nalishlar shular jumlasidan. Mamlakatlarimizning hamkorlikdagi amaliy sa’y-harakatlari kelajak avlod uchun ekologiya musaffoligini saqlash imkonini berishiga ishonaman.
Seminarda tabiatni muhofaza qilishning turli yo‘nalishlarida O‘zbekiston – Latviya aloqalarini kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida ham Latviya delegatsiyasi bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
O‘zA