Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

TADBIRKORLAR HIMOYASI YANADA MUSTAHKAMLANMOQDA

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
TADBIRKORLAR HIMOYASI YANADA MUSTAHKAMLANMOQDA

Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada qabul qilingan qonun hujjatlari soha vakillariga yanada qulay sharoit va rag‘bat yaratmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturini hayotga tatbiq etishda huquqni muhofaza qilish organlarining roli va mas’uliyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” mavzuidagi respublika konferensiya-seminari ishtirokchilari O‘zA muxbirlari bilan suhbatda shular haqida fikr yuritdi.

Ne’matilla Dehqonov, Toshkent viloyatidagi “Olplast” qo‘shma korxonasi mas’uliyati cheklangan jamiyati ijrochi direktori:

– Davlatimiz rahbarining joriy yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni tadbirkorlik faoliyatining barcha qirralarini qamrab olgan. Bundan 15-yillar avval korxonani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun haftalab vaqt sarflanardi. Bugunga kelib tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tish, soliq va statistika hisobotlarini topshirish elektron shaklda amalga oshiriladigan bo‘ldi. Prezidentimiz farmonida tuman hokimliklari huzuridagi «bir darcha» faoliyatini takomillashtirish yuzasidan belgilab berilgan chora-tadbirlar kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi vakillarini turli ruxsat berish xarakteridagi hujjatlar, litsenziyalarni olish bilan bog‘liq tashvishlardan xalos etadi.

Konferensiya-seminar davomida Yurtboshimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojiga to‘sqinlik qilayotgan g‘ovlarni bartaraf etishda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqidagi ma’ruzalarni tinglab, biz, tadbirkorlar ham qo‘l qovushtirib turmay, imkoniyat va imtiyozlardan unumli foydalangan holda, ishlab chiqarish sur’atlarini yanada oshirib borishimiz zarur, degan xulosaga keldim.

Sohib Akbarov, Samarqand viloyatidagi “Alnazar orzu servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari:

– Tadbirkorning ishiga xalaqit beradigan, ba’zan faoliyatining butunlay to‘xtab qolishiga olib keladigan holat – bu turli o‘rinli-o‘rinsiz tekshirishlardir. Tasavvur qiling, ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan, o‘nlab odamlar ishlayotgan korxonaga elektr ta’minoti yoki boshqa bir tashkilot vakili kelib, arzimagan sabablar bilan korxona faoliyatini to‘xtatib qo‘yadi. Buning oqibatida yetkazilgan zararni tadbirkorga hech kim qoplab bermaydi. Prezidentimiz farmonida ana shu jihatlarga alohida e’tibor qaratilgani ko‘pchilik tadbirkor qatori meni ham xursand qildi. Bugungi konferensiya-seminarda ta’kidlanganidek, tekshirishlar muddatining qisqartirilishi, tegishli soliq va boshqa majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarayotgan tadbirkorlik subyektlarini tekshirishga moratoriy e’lon qilinishi, eng asosiysi, tekshiruvlar korxonaning to‘laqonli ish olib borishiga to‘sqinlik qilmasligining belgilanishi tadbirkor faoliyatiga to‘g‘anoq bo‘lib kelgan muammolardan birining bartaraf etilishida muhim qadam bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasining joriy yil 20-avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni ayrim mutasaddilarga nisbatan aniq javobgarlik choralarini belgilab berdi. Bular tadbirkorlar uchun katta imkoniyatdir.

Aktam Ahmedov, Qashqadaryo viloyatidagi “Ahmedov Aktam Buxarovich” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari:

– O‘tgan davrda mamlakatimizda tadbirkorlarni har tomonlama rivojlantirish va himoyalash borasida amalga oshirilgan ishlar mahsulini sohaning iqtisodiyotdagi o‘rni tobora oshib borayotganida ko‘rish mumkin. Ayniqsa, prokuratura idoralari qoshida tashkil etilgan «ishonch telefoni» biz uchun katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

Prezidentimizning “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillari murojaatlari zudlik bilan ko‘rib chiqilishini ta’minlash, noqonuniy tekshiruvlarni joyida aniqlash, nazorat organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlari qonuniy huquq va manfaatlari poymol etilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida «ishonch telefoni» faoliyati yanada takomillashtirilgani tadbirkorlar davlat himoyasida ekanini amalda tasdiqladi.

Konferensiya-seminarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining, Davlat soliq qo‘mitasi raisining ma’ruzalarini tinglab, «ishonch telefoni»ga ishongan, o‘z haq-huquqini biladigan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakili oldida turgan har qanday muammoni ushbu xizmatdan foydalangan holda yechishi mumkinligiga yana bir bor amin bo‘ldim.

Ixtiyor Matmurodov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi sudyasi:

– Prezidentimizning 2015-yil 15-maydagi farmoni, joriy yil 20-avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan sohaga oid qonun hujjatlari yanada takomillashtirildi. Qonun hujjatlariga kiritilgan yangiliklar tufayli xususiy mulk va tadbirkorlik faoliyatining yanada erkin rivojlanishi, tadbirkorlik subyektlari huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmi yaratildi.

Qonun tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik va noqonuniy aralashganlik uchun davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligini yanada kuchaytirdi. Bu borada sud organlarining mas’uliyatini oshirdi. Jumladan, xo‘jalik ishlarini tezkorlik bilan ko‘rib chiqish maqsadida Xo‘jalik protsessual kodeksining 116-, 122- va 125-moddalariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq, xo‘jalik sudlari tomonidan da’vo arizasini ko‘rib chiqishga qabul qilish va ishni sud muhokamasiga tayyorlash to‘g‘risidagi ajrim chiqarish muddati 10 kundan 5 kungacha kamaytirildi.

Xo‘jalik sudlariga taalluqli ishlar doirasi kengaytirilib, mehnatga oid nizolardan tashqari barcha korporativ nizolar xo‘jalik sudlari tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilandi. Xo‘jalik protsessual kodeksi “Korporativ nizolar bo‘yicha ish yuritish” deb nomlangan yangi 204-bob bilan to‘ldirildi. Unda sud tomonidan hal etiladigan korporativ nizolar turlari belgilandi. Mazkur nizolar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqish tartibi va o‘ziga xos xususiyatlari, nizo bo‘yicha da’vo arizasiga qo‘yiladigan talablar, bu borada da’voni ta’minlash choralari tartibga solindi.

Barcha korporativ nizolar xo‘jalik sudlariga taalluqliligining belgilanishi natijasida fuqarolarning sudma-sud ovora bo‘lib yurishlari bartaraf etildi. Ishlarni yanada sifatli ko‘rib chiqish va mazkur sohada yagona sud amaliyotini shakllantirish imkoniyati yaratildi.

Davlat organi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan noqonuniy hujjat qabul qilinganligi yoxud ularning mansabdor shaxslari tomonidan g‘ayriqonuniy harakatlar (harakatsizlik) sodir etilganligi oqibatida tadbirkorlik subyektiga yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi da’volarni ko‘rishda sud da’vogarning arizasi bo‘yicha da’voni ta’minlash choralarini ko‘rishi shartligi belgilandi.

Kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan ishlarni yangidan ko‘rish uchun yuborish asoslarining kamaytirilishi kodeksga kiritilgan o‘zgartishlardan biridir. Shu paytga qadar kassatsiya instansiyasi sudi quyi sudning hujjati yetarlicha asoslanmagan bo‘lsa, uni bekor qilish hamda ishni tegishli instansiya sudiga yangidan ko‘rish uchun yuborishi mumkin edi. Endilikda kassatsiya instansiyasi sudi quyi sudlar tomonidan ishlarni ko‘rishda faqat protsessual huquq normalari buzilganligini aniqlagan taqdirda, sud hujjatini bekor qilish hamda ishni tegishli instansiya sudiga yangidan ko‘rish uchun yuborishi mumkin. Bu bilan nizolarning sudda uzoq vaqt mobaynida ko‘rib chiqilishi va fuqarolarning sudlarda instansiyama-instansiya yurishlariga deyarli chek qo‘yiladi.

Shokir Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i:

– Davlatimiz rahbarining shu yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga binoan Yagona portalga integratsiya qilingan tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatiga olish va hisobga qo‘yish tizimi avtomatik ravishda, ya’ni sutkasiga yigirma to‘rt soat davomida uzluksiz ishlash rejimiga o‘tdi.

Mazkur farmon asosida turli idoralar qoshida faoliyat yuritayotgan, alohida davlat xizmatlari ko‘rsatayotgan “bir darcha” xizmatlari o‘rniga tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatga olish inspeksiyalari negizida “bir darcha” tamoyili asosida tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish Yagona markazlari tashkil etilmoqda. Bu davlat xizmatlaridan foydalanishda byurokratik to‘siqlarni bartaraf etib, ochiqligini ta’minlaydi.

Prezidentimiz farmonida barcha turdagi ro‘yxatdan o‘tkazish, ruxsat berish va litsenziyalash, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish bilan bog‘liq tartib-taomillarni yanada soddalashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Shundan kelib chiqib, qonunchilikka kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar bu borada muhim qadam bo‘ldi.

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun asosida “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritildi. Unga ko‘ra, qonunning 14-moddasi birinchi qismining uchinchi xatboshisi chiqarib tashlandi. Buning mohiyati shundaki, litsenziya olish uchun avval yuridik shaxslar ham, jismoniy shaxslar ham davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasini tegishli organga topshirardi. Bu hujjatning endilikda talab qilinmasligi tadbirkorlar uchun yaratilgan yana bir qulaylik bo‘ldi.

“Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi qonunning 22-moddasi beshinchi qismidagi “o‘n kun muddat” degan so‘zlar “uch kun muddat” degan so‘zlar bilan almashtirildi.

Ahamiyatlisi, yangi qonun bilan litsenziyalash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini va ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi. Bu jarayonda qonunbuzarlikning darajasiga qarab jarima, axloq tuzatish, hatto ozodlikdan mahrum qilish jazolari ham qo‘llaniladi.

Davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini buzganlik uchun ham javobgarlik belgilandi. Jumladan, tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibi va muddatlarini buzish, tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi va muddatlarini buzish, shuningdek, davlat xizmati ko‘rsatishni g‘ayriqonuniy ravishda rad etish yoxud uni ko‘rsatishdan bo‘yin tovlash mansabdor shaxslar va xizmatchilarga eng kam ish haqining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, mansabdor shaxslar va xizmatchilarga eng kam ish haqining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bunday choralar litsenziya beruvchi, davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi organlarning mas’uliyatini yanada oshiradi. Muhimi, bu bilan tadbirkorlarga har tomonlama keng qulayliklar yaratildi.

Soliya Matyoqubova, Xorazm viloyati Yangibozor tumanidagi «Xushnud» fermer xo‘jaligi rahbari:

– Prezidentimiz Islom Karimovning joriy yil 15-maydagi farmoni qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning uzviy davomi bo‘ldi. Unda belgilab berilgan vazifalar «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunda o‘z ifodasini topdi.

Qonundagi normalar ishbilarmonlik va fermerlik faoliyati yanada yuksalishiga xizmat qiladi. Xususan, soliq to‘lashdan birinchi marta bo‘yin tovlagan shaxsga nisbatan u o‘ttiz kun ichida soliq va boshqa to‘lovlar, jumladan, penya hamda boshqa moliyaviy sanksiyalar ko‘rinishida davlatga yetkazilgan zararni qoplagan taqdirda, jinoyat ishi ko‘zg‘atilmasligi va javobgarlikdan ozod etilishi belgilab qo‘yilgan.

Xo‘jaligimiz ilk qaldirg‘ochlardan hisoblanadi. 1990-yilda ish boshlaganimizda bu qadar imkoniyat va imtiyozlarni xayolimizga ham keltirmagan edik. Endi esa ana shunday g‘amxo‘rlik bois xo‘jaligimiz yil sayin kengayib, ko‘p tarmoqli bo‘lib bormoqda. Hozir paxta, g‘alla, pilla yetishtirib, bog‘ parvarishlayotirmiz. Kelgusida baliqchilik va asalarichilikni rivojlantirish rejamiz bor. Bunda ham qonunda ko‘rsatilgan yangiliklar qo‘l kelishi shubhasiz.

Erkin Jo‘rayev, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i, Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi kotibi:

– Davlatimiz rahbarining joriy yil 15-maydagi farmoni sohadagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Barcha nazorat organlari uchun rejali tekshirishlar davriyligi birxillashtirildi. Avval nazorat organlari uchun har xil rejali tekshirishlar davriyligi belgilanganligi sababli 2011-2015-yillarda 136 subyektda ikki martadan, 58 subyektda uch martadan turli nazorat organlari tomonidan rejali tekshirishlar o‘tkazilgan. Belgilangan yangi me’yor tadbirkorlik subyektlarida turli nazorat organlari tomonidan har yili yoki ikki yilda bir marta rejali tekshirish o‘tkazilishining oldini oldi.

Farmonga muvofiq, 2015-yil 1-iyuldan boshlab nazorat qiluvchi organlar tomonidan mikrofirma, kichik korxona va fermer xo‘jaliklari faoliyatidagi barcha rejali tekshirishlar ko‘pi bilan to‘rt yilda bir marta, boshqa tadbirkorlik subyektlarida esa ko‘pi bilan uch yilda bir marta amalga oshiriladigan bo‘ldi.

Tadbirkorlik subyektlarida o‘tkaziladigan moliya-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan, ya’ni buxgalteriya va boshqa hujjatlarni o‘rganishni talab etmaydigan rejali tekshirishlar muddati 10 kalendar kunidan oshmasligi belgilandi.

Bundan tashqari, farmonda tadbirkorlik subyektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatini rejali tekshirishlarda faqatgina oxirgi rejali tekshiruvdan keyingi davr qamrab olinishi ham aniq belgilab qo‘yildi.

Bu me’yorlar 2015-yil 20-avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda o‘z ifodasini topdi.

Shundan kelib chiqqan holda, Kengash tasdiqlagan 2015-yil tekshirishlar reja-jadvali qayta ko‘rib chiqildi. Natijada joriy yilning yanvar-avgust oylarida tekshirilgan subyektlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8 foizga qisqardi.

Shuni ham aytib o‘tish kerakki, nazorat qiluvchi organ rejali tekshiruv o‘tkazishning boshlanishi haqida tekshiruvni o‘tkazish boshlanishidan kamida o‘ttiz kalendar kun oldin tadbirkorlik subyektini tekshiruv o‘tkazish muddatlari va predmetini ko‘rsatgan holda yozma shaklda xabardor qiladi. Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkazilayotgan tekshiruvlar ularning to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishiga to‘siqlarni yuzaga keltirmasligi uchun barcha choralar ko‘rilmoqda.

Yangi qonun asosida tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilish tartibini buzganlik uchun javobgarlik ham kuchaytirildi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi va Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartishlar kiritildi.

Endilikda bu masalalarda aybdor shaxslar eng kam oylik ish haqining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Tekshirishlar kamayishi barobarida qat’iy tartibga solingani tadbirkorlarning vaqtini behuda olish, kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatish kabi holatlarga barham berib, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun yanada kengroq imkoniyat yaratadi.

Rahmiddin Sharopov, Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Chorvador” fermer xo‘jaligi rahbari:

– Davlatimiz rahbarining joriy yil 15-maydagi farmonida xususiy tadbirkorlikni sifat jihatidan taraqqiy ettirish uchun zarur shart-sharoitni yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan bo‘lib, hayotga tatbiq etilayotgan bu kabi hujjatlar ishbilarmonlar safi kengayishida dasturilamal bo‘lmoqda.

Unga ko‘ra, joriy yilning 1-iyulidan boshlab mikrofirma, kichik korxona hamda fermer xo‘jaliklari faoliyatiga oid tekshiruvlar rejali tartibda to‘rt yilda bir marta o‘tkazilishi nazarda tutilgani diqqatga sazovor. Tekshirishlarning o‘n kundan oshmasligi esa nur ustiga nur.

Xo‘jaligimiz ko‘p tarmoqli. Ham fermer, ham tadbirkormiz. Ba’zida bir kunda ikkita-uchta idoradan kelgan vakillarga turli hujjatlarni taqdim qilish kerak bo‘lar, bu hol oylab davom etardi. Bu vaqtimizni olib, yumushlarimiz samaradorligiga salbiy ta’sir qilardi. Endi huda-behuda aralashishlarga chek qo‘yiladi, noqonuniy tekshirish natijasida mulkdorlar huquqlarini buzganlarga jinoiy javobgarlikka tortishgacha chora ko‘riladi.

Ikrom Iskanov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari:

– Prezidentimizning 2015-yil 15-maydagi farmoni va uning asosida qabul qilingan yangi qonun so‘nggi yillarda ushbu sohada ishlab chiqilgan, o‘z ko‘lami va mazmuniga ko‘ra eng muhim normativ hujjatlardan biri hisoblanadi. Bu xususiy sektor faoliyatini kuchaytirish hisobiga iqtisodiyotimizning jadal rivojlanishiga asos bo‘lishi shubhasiz.

Qabul qilingan yangi qonun xususiy mulkni himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etishga, tadbirkorlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik va qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun huquqni muhofaza qilish, nazorat va boshqa davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligi muqarrarligini ta’minlashga muhim huquqiy asos yaratdi.

Qonun bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, biznes yuritish tartibi, nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlardan tortib ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, shuningdek, javobgarlikni erkinlashtirishga qadar tadbirkorlik subyektlari faoliyatining deyarli barcha jihatlariga daxl qiladigan qator qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Qonun bilan tadbirkorlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik va noqonuniy aralashganlik uchun davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligi ancha kuchaytirildi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi “Tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish, qonunga xilof ravishda aralashish bilan bog‘liq jinoyatlar hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiladigan boshqa jinoyatlar” deb nomlangan yangi bob bilan to‘ldirildi. O‘n bir moddadan iborat ushbu bobda xususiy mulk huquqi kafolatlari o‘z ifodasini topgan.

“Xususiy mulk huquqini buzish” deb nomlangan moddaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, unda nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi hamda boshqa davlat organining va davlat tashkilotining mansabdor shaxsi yoki xizmatchisi tomonidan xususiy mulkdorlarning huquqlarini buzish yo‘li bilan ularga zarar yetkazish, ya’ni mulk huquqini qonunga xilof ravishda cheklash kabi jinoyatlar uchun katta miqdordagi jarimadan tortib besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazolar belgilandi.

Qonunchilikdagi yangilik bo‘lgan bu me’yor xususiy mulk ustuvorligi prinsipiga to‘la mos bo‘lib, amalda tadbirkorlarning erkin faoliyat yuritishiga xizmat qiladi.

Farog‘at Abdullayeva, Urganch shahridagi «Ustoz-shogird» hunarmandlik maktabi rahbari:

– Qabul qilingan yangi qonun biz kabi hunarmandlarga yanada keng imkoniyatlar yaratmoqda. 2015-yil 1-iyuldan yakka tartibdagi tadbirkorlarga, faoliyatidan kelib chiqqan holda, har bir yollangan ishchi uchun byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga eng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdorida sug‘urta badali va yakka tartibdagi ish beruvchi tadbirkor uchun belgilangan soliq stavkasining 30 foizi miqdorida soliq to‘lash sharti bilan bir nafardan uch nafargacha ishchi yollash huquqi berildi.

Qonunchilikka ko‘ra, yakka tartibdagi tadbirkor qat’iy belgilangan soliqni faoliyatining turi va soliq to‘lovchining faoliyatini amalga oshirish joyiga qarab belgilangan stavka bo‘yicha to‘laydi. Yana bir imtiyoz. Yakka tartibdagi tadbirkor yakka tartibdagi tadbirkorning kasb-hunar kolleji bitiruvchisi bo‘lgan xodimi uchun qat’iy belgilangan soliqni to‘lashdan ushbu xodim kollejni tamomlaganidan e’tiboran o‘n ikki oy mobaynida ozod etiladi.

Shavqiddin Jamolov, Navoiy viloyatidagi «Navoiy-lyuks» korxonasi rahbari:

– Yangi qonun asosida joriy etilgan normalar tadbirkorlar mulkiy manfaatlari ishonchli himoya qilinishiga puxta asos yaratdi. Ular tadbirkor moliyaviy holatining haddan tashqari yomonlashishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, soliq to‘lovchi tomonidan soliqqa oid bir necha huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda bitta jazo tayinlash amaliyoti o‘rnatiladi. Oldin bu borada qonunchilikda soliq to‘lovchi soliqqa oid bir necha huquqbuzarlik sodir etgan taqdirda moliyaviy sanksiyalar har bir huquqbuzarlikka nisbatan alohida-alohida qo‘llanilganini e’tiborga olsak, yangi me’yor tadbirkorni o‘ylab qilingani anglashiladi.

Ahmad Nekboyev, Toshkent shahridagi «Texkafolat lyuks» xususiy korxonasi direktori:

– Korxonamiz qurilish faoliyati bilan shug‘ullanadi. Prezidentimiz farmoni, yangi qabul qilingan qonun biz uchun juda katta imkoniyat eshiklarini ochdi.

Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida nazorat qiluvchi organlar tomonidan xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvda advokatning ishtirok etishi mustahkamlandi. Bu jarayonda tadbirkorning advokatdan malakali yuridik yordam olishi uning qonuniy huquq va manfaatlarini ishonchli ta’minlaydi.

Tadbirkor faoliyatini tekshirish paytida tekshirishning maqsadi, doirasi endilikda aniq belgilanib, bu tekshiruvni tayinlash to‘g‘risidagi qarorda aks etadi.

O‘zA