TADBIRKORLAR VA ISHBILARMONLAR HARAKATI – O‘ZBEKISTON LIBERAL-DEMOKRATIK PARTIYASINING VIII SYEZDI BO‘LIB O‘TDI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
2016-yil 19-oktabr kuni Toshkent shahrida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII syezdi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan saylangan 300 ga yaqin delegat qatnashdi.
Syezd ishtirokchilari 2016-yil 4-dekabrda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim voqea ekanligi, unda O‘zLiDePning faol ishtirok etishi lozimligini qayd etdi.
Anjuman qatnashchilari ta’kidlaganidek, mustaqillik yillarida mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Milliy davlatchiligimizning mustahkam asoslari yaratildi. Demokratik huquqiy davlat, kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, bozor iqtisodiyoti tamoyillariga o‘tish, aholi hayot darajasini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Qonun ustuvorligi, ko‘ppartiyaviylik, demokratik saylovlar mamlakatimiz siyosiy-ijtimoiy hayotining ajralmas tarkibiy qismiga aylandi.
Syezd ishtirokchilari tomonidan yurtimizda har tomonlama o‘zini oqlagan islohotlarning davomiyligini, Vatanimizdagi tinchlik va osoyishtalik, xalqimiz farovonligini ta’minlash yo‘lida faol ish olib borish vakillik organlarida eng ko‘p deputatlik o‘rinlariga ega bo‘lgan yetakchi siyosiy kuch sifatida O‘zLiDeP uchun bundan buyon ham asosiy maqsad bo‘lib qolishi ta’kidlandi.
Mamlakatimiz taraqqiyotining xozirgi bosqichida O‘zLiDePdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, o‘tgan yillar davomida yurtimizda amalga oshirilgan rivojlanish yo‘lini yangi, yuksak bosqichga ko‘tarishga qodir, islohotlarning tub mohiyatini aniq biladigan, ularni amalga oshirish jarayonlarining faol ishtirokchisi bo‘lgan, xalq taqdirini o‘z taqdiri bilan chambarchas bog‘lab, doimo el-yurt tashvishi bilan yashaydigan, tashabbuskor va tashkilotchi shaxs nomzodini ilgari surish zarurligi alohida qayd etildi.
Ana shu holatlarni hamda syezd delegatlarining chiqishlarida o‘z aksini topgan saylovchilar va ko‘p sonli partiya elektorati vakillari fikrlarini inobatga olgan holda, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining syezdi bo‘lajak saylovda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga keng miqyosli islohotlarni amalga oshirish, mustaqil davlatchilik asoslarini barpo etish va mustahkamlashda, bozor tamoyillariga asoslangan mutlaqo yangi iqtisodiy tizimni shakllantirishda O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovga uzoq yillar yelkadosh bo‘lib ishlagan, o‘zining butun mehnat faoliyatini Vatanimiz ravnaqiga bag‘ishlab kelayotgan inson, o‘zining amaliy faoliyati bilan yurtdoshlarimiz orasida haqli ravishda katta hurmat va obro‘-e’tibor qozongan, partiya Siyosiy Kengashining a’zosi Shavkat Miromonovich Mirziyoyev nomzodini ko‘rsatish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Tadbirda O‘zLiDeP tomonidan ko‘rsatilayotgan nomzod shu yilning 4-dekabrida bo‘lib o‘tadigan saylovda xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga ishonch bildirildi.
Syezdda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’ruza qildi.
Syezd qaroriga ko‘ra O‘zLiDeP qonunda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga partiya nomzodini ro‘yxatga olishni so‘rab O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga murojaat etadi.
Syezdda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Syezd yakunida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun brifing tashkil etildi.
O’zA