Tadrijiy taraqqiyot yo’li ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi muvaffaqiyatlarning bosh omilidir
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Istiqlolga erishganimizdan keyingi har bir yilda O’zbekistonning dunyodagi rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan mustahkam joy egallashi, jahon hamjamiyatidagi obro’si va nufuzi yuksalishi, xalqimiz farovonligi yanada oshishi yo’lida yangidan-yangi marralar zabt etilmoqda.
O’tgan davr mobaynida milliy iqtisodiyotimiz 5 barobarga ortgani, aholi daromadlari jon boshiga o’rtacha 8,7 barobar o’sgani, jumladan, 2014-yilda ham barqaror iqtisodiy o’sish sur’atlari ta’minlangani buning yaqqol dalilidir.
Darhaqiqat, mana, o’n yildirki, mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot hajmining o’sishi 8 foizdan yuqori bo’lmoqda. Bugungi kunda esa O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganidek, “ba’zi davlatlar, qani, biz ham shunday natijalarga erishsak, deb bizga havas bilan qarayotgani ham hyech kimga sir emas”.
Xalqaro valyuta jamg’armasining ma’lumotlariga qaraganda, o’tgan yili jahondagi 221 davlatdan faqat beshtasi, shu jumladan, O’zbekistonda yalpi ichki mahsulot hajmining o’sishi 8 foizdan yuqori bo’ldi. Rivojlangan davlatlar - Germaniya, Italiya va Fransiyada, umuman, Yevropa Ittifoqiga a’zo ko’pgina mamlakatlar, shuningdek, Yaponiyada ushbu ko’rsatkich atigi 1-2 foizni tashkil etdi.
Mamlakatimizda esa iqtisodiy islohotlar “bozor iqtisodiyotining shiddatli girdobiga o’zingni tashlasang, uning o’zi ko’zlangan manzilga olib chiqadi” degan xomxayollarga berilmasdan, demokratik yangi davlat qurish, uni modernizatsiya qilish, jamiyatimizni tubdan isloh etish, erkinlashtirish bo’yicha puxta o’ylangan taraqqiyotning “o’zbek modeli” asosida bosqichma-bosqich olib borilayotgani barcha muvaffaqiyatlarning muhim omili bo’lmoqda. Ammo mustabid tuzumdan meros bo’lib qolgan majruh, qo’l-oyog’i tushovlangan iqtisodiyotni isloh qilish, ijtimoiy yo’naltirilgan bozor munosabatlarini shakllantirishga osonlikcha erishilmadi, albatta. Sababi o’sha davrda, Yurtboshimizning “O’zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobida qayd etilganidek, iqtisodiyotga rahbarlik qilishning ma’muriyatchilik, buyruqbozlik usullari qaror topib, respublikaning ishlab chiqaruvchi kuchlarini rivojlantirishga yuzaki, yaroqsiz yondashilardi. Sanoatda tayyor mahsulotning salmog’i 50 foizga ham yetmasdi, qishloq xo’jaligi mahsulotining 80 foizdan ko’prog’i mutlaqo qayta ishlanmasdan, chetga jo’natilardi. Qisqacha aytganda, respublika sobiq ittifoqning xom ashyo bazasiga aylantirilgandi.
Shuni hisobga olgan holda, mamlakatimizda keng ko’lamli, chuqur bozor islohotlarini amalga oshirishga kirishilar ekan, avvalo, iqtisodiy erkinlikning huquqiy asoslarini mustahkamlash, insonning ijodiy va intellektual qobiliyatini ro’yobga chiqarish, o’z iste’dodi va imkoniyatlarini namoyon etish uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratish choralari ko’rildi. Jumladan, xususiylashtirish jarayonida milliy iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi davlat mulki 31 mingdan ziyod jismoniy va yuridik shaxslar ixtiyoriga berildi.
Shu bilan birga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratildiki, bu rejali-taqsimot tizimining halokatli asoratlarini bartaraf etish, mamlakatimizning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash, qolaversa, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi salbiy oqibatlarining oldini olishda o’ziga xos lokomotiv vazifasini o’tadi. Natijada bugungi kunga kelib, bu soha iqtisodiyotimizni harakatlantiruvchi asosiy kuchga aylandi. O’tgan yili mazkur jabhaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 56 foiz, sanoat ishlab chiqarishida esa 31,1 foizga yetgani ana shundan dalolat beradi. Ayniqsa, yurtimizda ish bilan band aholining 76,5 foizdan ziyodi kichik biznes sub’yektlari tomonidan qamrab olingani diqqatga sazovordir.
Keyingi yillarda respublikamizda yuqori texnologiyalarga asoslangan sanoatning yangi yo’nalishlari o’zlashtirilgani O’zbekistonning raqobatbardoshligini ta’minlamoqda. Avtomobilsozlik, zamonaviy qishloq xo’jaligi mashinasozligi, neft-kimyo va neft-gaz sanoati, maishiy elektronika, farmatsevtika va mikrobiologiya tarmoqlari shular jumlasidan bo’lib, ularga qarashli korxonalarda tayyorlanayotgan mahsulotlarga xorijda ham talab tobora oshib borayapti. Bu esa chet ellik investorlarning iqtisodiyotimizga bo’lgan qiziqishini kuchaytirayotir. Pirovardida AQSh, Xitoy, Germaniya, Yaponiya, Shveysariya, Ispaniya, Janubiy Koreya, Singapur kabi 90 dan ortiq davlatlarning sarmoyadorlari ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni 4 mingtadan oshib ketdi.
Ma’lumki, globallashuv va jahon bozorida raqobat tobora kuchayib borayotgani zamonaviy ilm-fan va kasb-hunar sirlarini puxta egallagan, har tomonlama yetuk va mustaqil fikrlaydigan yosh mutaxassislarni tayyorlashni taqozo etmoqda. Shundan kelib chiqib, Prezidentimiz tashabbusi bilan 1997-yilda Kadrlar tayyorlash milliy dasturi qabul qilinib, muvaffaqiyatli joriy etilgani, ijobiy ma’noda “portlash effekti”ni bermoqda.
Ushbu dastur doirasida mamlakatimizdagi deyarli barcha umumta’lim maktablari yangitdan qurilib, kapital rekonstruksiya qilindi va zamonaviy o’quv-laboratoriya asbob-uskunalari bilan ta’minlandi. 1500 dan ortiq yangi kasb-hunar kolleji va akademik litsey barpo etildi.
Qolaversa, mustaqillik yillarida oliy o’quv yurtlarimiz soni ikki baravar ortdi, shuningdek, Yevropa va Osiyoda nufuzli Vestminster universiteti, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Turin politexnika universiteti, Rossiya neft va gaz universiteti, Moskva davlat universiteti, Rossiya iqtisodiyot universiteti, Inxa universiteti filiallari tashkil etildi. Ularda mashinasozlik, neft-gaz, axborot texnologiyalari, iqtisodiyot va biznes boshqaruvi, moliyaviy menejment, tijorat huquqi kabi mehnat bozorida talab yuqori bo’lgan mutaxassisliklar bo’yicha bakalavr va magistrlar tayyorlanmoqda.
Mamlakatimiz iqtisodiyotining jadal va mutanosib ravishda rivojlanib borayotgani esa, o’z navbatida, aholi hayot darajasi va sifatini izchil oshirish uchun mustahkam zamin yaratayapti. Mustaqillikkacha respublikamizda aholining iste’mol tovarlariga bo’lgan ehtiyojini qondirish uchun chetdan katta miqdorda tayyor mahsulot olib kelingan bo’lsa, bugungi kunda maishiy texnika va ro’zg’or buyumlarining asosiy qismi o’zimizning korxonalarimizda ishlab chiqarilayotgani buning tasdig’idir.
Izchil amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida fuqarolarimizning ro’zg’ori but bo’lishi bilan birga, uy-joy sharoitlari ham tubdan yaxshilanmoqda. O’tgan davrda aholini turarjoy bilan ta’minlashda jon boshiga to’g’ri keladigan uy-joy maydoni 12,4 kvadrat metrdan 15,4 kvadrat metrga ortgani, uy-joy fondining deyarli barchasi xususiy mulk sifatida aholi tasarrufida ekanligi bunga misol bo’la oladi. Vaholonki, ko’plab rivojlangan davlatlarda ham oilalarning yarmidan ko’pi ijaraga olingan xonadon va uylarda yashamoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan “Keksalarni e’zozlash yili” deb e’lon qilingan 2015-yilda yalpi ichki mahsulot hajmining o’sish sur’ati 8 foiz darajasida bo’lishi ko’zda tutilayotgani diqqatga sazovordir. Bu marra ham, albatta, qo’lga kiritiladi. Negaki, Jahon banki O’zbekistonning salohiyatini yanada chuqurroq tahlil etish asosida uning bu yilgi iqtisodiy o’sish sur’atini avvalgi prognoziga nisbatan 0,2 foiz oshirdi.
Muxtasar aytganda, barqaror iqtisodiy o’sishni ta’minlash, aholining hayot darajasi va sifatini yanada oshirish vazifasi uchun shu muqaddas zaminda umrguzaronlik qilayotgan har bir yurtdoshimiz mas’ul ekanligini doimo yodda tutsa, uni ijro etishga munosib hissa qo’shsa, shubhasiz, ulug’vor maqsadlar ro’yobga chiqaveradi. Pirovardida esa O’zbekistonimiz o’zi tanlagan yo’ldan shaxdam odimlar bilan taraqqiyot sari dadil boraveradi.
Qalandar ABDURAHMONOV,
iqtisod fanlari doktori, professor.