OʻZBEKISTON TARIXI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Oʻzbekiston hududi insoniyat taraqqiyoti paydo boʻlgan va rivojlangan oʻchoqlardan biri hisoblanadi, uning davlatchilik tarixi qariyb 3000 yillik davrnii oʻz ichiga oladi. Yodgorliklar hududi boʻlmish Selengur, Koʻlbuloq va Teshiktoshdagi arheologik topilmalar shundan dalolat beradiki, Oʻzbekiston hududida oʻtroqlashgan aholining vujudga kelish bundan bir necha yuz ming yil avval sodir boʻlgan.
ENEOLIT VA BRONZA DAVRI
Oʻrta Osiyoda dehqonchilik madaniyatining paydo boʻlishi eramizdan avalgi 3-2 ming yilliklarga toʻgʻri keladi. Eramizdan avvalgi 3-ming yillikning ikkinchi yarmi, 2-ming yillikning birinchi yarmida Amudaryoning yuqori qismida aholi punktlari paydo boʻlgan edi. Bu yerlik aholi Badaxshon yoqutini (lazurit) ishlab chiqish va sotish ishlarida ishtirok etardi. Shuningdek ular bilan Hindistondagi Xarapp madaniyati oʻrtasida oʻsha davrdayoq aloqalar mavjud boʻlgan. Eramizdan avvalgi 2-ming yillikda hind-eron (oriylar) qabilalarining Oʻrta Osiyo hududi va unga tutushgan sahrolar orqali janubda Hindiston, janubiy-sharqda Midiya va Fors davlati, sharqda Sharqiy Turkiston sari migrasiyasi yuz bergan.
Dehqonlarning qadimiy maskanlaridan boʻlgan Zarafshon vohasidagi Zamonbobo hududida uy hayvonlarining suyaklari, bugʻdoy va arpa donlari, toshdan yasalgan dehqonchilik uskunalari topilgan. Panjikentdan uncha uzoq boʻlmagan Sarazm qishlogʻi atrofida eneolit va bronza davriga oid dehqonchilik maskani topilgan boʻlib, uning hududi 90 gektardan ziyodroq maydonni qamrab oladi. Qadimiy dehqonchilik maskanlari Surxondaryoda - Sopollitepa va Jaroʻqtonda ham topilgan. Xorazm hududida topilgan va bronza davriga oid boʻlgan arxeologik yodgorliklar Tozabogʻyobsoy dehqonchilik madaniyati nomini olgan. Koʻkcha, Qavat-3 dehqonchilik maskanlari 2-ming yillikning oʻrtalarida vujudga kelgan. Bu yerda qadimiy kanallar mavjud boʻlgani aniqlangan. Eramizdan avvalgi 1-ming yillikning boshlarida Xorazmda sun’iy sugʻorish texnikasi rivoj topishi asnosida Amirobod madaniyati shakllangan. Shu tariqa Fargʻona vodiysi aholisi ham asta-sekinlik bilan oʻtroq turmush tarziga oʻtib, dehqonchilik bilan shugʻullana boshlaydi. Xususan, eramizdan avvalgi 2-ming yillikning yakuni va 1-ming yillikning boshida Fargʻona vodiysida Chust dehqonchilik madaniyati paydo boʻlgan. 1-ming yillikning boshlarida Samarqand, Marv, Yerqoʻrgʻon, Axsikent, Xiva kabi shaharlar vujudga keladi. Shuningdek, ushbu davrda zardushtiylikning Avesto kitobi va qahramonlik eposlari paydo boʻldi.
QADIMGI BAQTRIYA PODSHOLIGI
Oʻrta Osiyodagi qadimiy davlatchilik tuzilmalaridan biri Qadimgi Baqtriya davlatidir. Qadimiy manbalar shundan dalolat beradiki, eramizdan avvalgi VIII asrda yirik Baqtriya podsholigi mavjud boʻlgan. Avestoda uning nomi Baxdi, Bihistun yodgorliklarida Baktrish, antik davr adabiyotlarida Baktriana sifatida qayd etilgan. Qadimgi Baqtriya bilan oʻsha davr dunyosining boshqa davlatlari - Ossuriya, Yangi Vavilon, Midiya, Hindiston knyazligi oʻrtasida aloqalar mavjud boʻlgan. Tarixiy manbalarga koʻra, Ossuriya hukmronligi (gegemonligi) qaror topgan eramizdan avvalgi IX-VII asrlarda ossuriyaliklar Baqtriyaga hujum qilishgan. Bu harakat tarixda Ossuriya yurishi nomi bilan ma’lum. Bu yurishning asosiy sababi Baqtriya lazuriti ustidan nazorat oʻrnatishga qaratilgan edi.
Eramizdan avvalgi VII-VI asrlarda Qadimgi Baqtriya podsholgi hududiga Surxon, Qashqadaryo va Zarafshon vohalari, Margʻiyona va Sugʻd yerlari kirgan. Baqtriyalik ustalar tomonidan tilla, tosh va bronzadan yasalgan turli mahsulotlar Xitoy, Fors davlati va Yevropada juda mashhur boʻlgan. Baqtriyaning yirik shaharlari Qiziltepa, Yer-Qoʻrgʻon, Uzunqir va Afrosiyob hududlarida joylashgan. Oʻsha davrda Baqtriyaga tashrif buyurgan sayyoh e’tiborini uylar, hunarmandlarning ustaxonalari va xoʻjalik binolari uzra boʻy choʻzib turgan salobatli minoralar tortishi tabiiy edi. Kursiy Rufning yozishicha, "Baqtriyaning tabiati boy va turli-tuman. Ayrim joylarda daraxtlar va toklar oʻta sermahsul hosil beradi, hosildor yerlar koʻplab buloqlardan suv ichadi. Yumshoq yerlarga bugʻdoy ekiladi, qolgani esa chorva uchun yaylovlardir".
QADIMGI XORAZM
Oʻrta Osiyoning ikki daryo oraligʻidagi yerlari qadimdan Xorazm nazorati ostida boʻlgan. Xorazmning nomi Avestoda Xvariazm, Bihistun yozmalarida Xvarazmish, Arrian va Strabonning tarixiy kitoblarida Xorasmiya sifatida keltiriladi. VIII asrda arab istilochilari tomonidan vayron etilgan Xorazm madaniyati tarixi eramizdan avvalgi 1292-yillarga borib taqaladi. Xorazm butun mintaqa uchun Avestoning muqaddas yeri, qadimiy madaniyat markazi sanalgan. Eramizdan avvalgi VII-VI asrlardayoq Xorazm hududida davlatchilik tuzilmalari mavjud edi. Arxeologik ma’lumotlar shundan dalolat beradiki, eramizdan avvalgi birinchi ming yillikning ikkinchi choragidayoq Amudaryo daryosiga tutashgan kuchli irrigasiya tizimi mavjud boʻlgan. Xorazmda yirik kanallarni tashkil etish uchun markazlashgan kuchli boshqaruv kerak boʻlgani tabiiy. Eramizdan avvalgi VI asrning oʻrtalarida Xorazm Fors podsholigi tomonidan bosib olingan. Forsiylar Xorazmdan turli qimmatbaho toshlarni, zargarlik va kulolchilik mahsulotlarini tashib ketgan. Eng yaxshi ustalar ham Fors podsholari saroyiga olib ketilgan. Eramizdan avvalgi V-IV asrlarda Xorazm Fors podsholigidan ozod boʻlib, oʻz mustaqilligini qayta tiklaydi. Eramizdan avvalgi IV-III asrlarda Xorazm yozuvi paydo boʻlgan. Xon qarorgohi - Tuproq qal’a, qadimiy maqbara va rasadxona Qoʻy-Qirilgan qal’a ham oʻsha davrlardayoq mavjud boʻlgan. Grek manbalarining shohidlik berishicha, eramizdan avvalgi 329-328-yillarda Xorazm xoni Farisman yunonistonlik Iskandar Zulqarnayn (Aleksandr Makedonskiy) bilan tinchlik bitimi tuzgan.
ISKANDAR ZULQARNAYNNING OʻRTA OSIYOGA YURISHI
Eramizdan avalgi 334-yilda Iskandar Zulqarnayn Osiyoga yurish boshladi. U Kichik Osiyo, Suriya, Finikiya, Misr va Eronni zabt etib, 329-yilning bahorida Hindikush togʻini kesib oʻtib Oʻrta Osiyoga hujum qildi. Baqtriya va Soʻgʻdiyona hukmdori Bess (u podsho maqomini va Artakserks nomini olgan) Zulqarnaynga qarshi turish befoyda ekanini anglaydi. Iskandar Zulqarnayn Baqtriya qal’alarini birin-ketin bosib olar ekan, Maroqandda oʻz garnizonini qoldirib, Sirdaryo tomonga - saklar yeriga yuradi. Ammo yoʻlda u mahalliy aholi tomonidan misli koʻrilmagan qarshilikka duch keladi. Ikki tomon kuchlarining oʻzaro toʻqnashuvlarining birida Iskandar Zulqarnayn ogʻir yarador boʻladi. Yunonlar ta’biri bilan aytganda "daryo boʻyida yashovchi varvarlar" Zulqarnayn garnizoniga katta talofot yetkazadi. Ayni shu vaqtning oʻzida Spitamen boshchiligida soʻgʻdlar ham Iskandar qoʻshinlariga qarshi bosh koʻtaradi. Soʻgʻdlarga baqtriyaliklar ham kelib qoʻshiladi.
Spitamen Iskandarga qarshi keskin kurashdi va uning garnizonini Maroqandda toʻxtatib qoʻydi. Makedoniya garnizoni Sirdaryo boʻyida zudlik bilan qal’a bunyod etishga kirishadi. Bu qal’a Olis Aleksandriya nomini olgan. Iskandar Zulqarnayn saklar bilan sulh tuzishga erishadi. Keyin esa asosiy kuchini Spitamenga qarshi tashlaydi. Ammo 329-328-yillar davomida yunon-makedon qoʻshinlari tomonidan Soʻgʻd hududida amalga oshirilgan beshafqat aksiyalar Iskandar Zulqarnayn kutgan natijani bermaydi. Ikki yillik samarasiz va omadsiz harakatlardan keyin u oʻz taktikasini oʻzgartiradi. Ayni xususda Kursiy Ruf shunday yozadi: "Iskandar oʻziga boʻysinishga qarshilik koʻrsatganlarga turli shahar va yerlarni tortiq etdi". Shu usul bilan Iskandar Zulqarnayn mahalliy zodagonlarni oʻziga qaratishga muvaffaq boʻldi va ularning koʻmagida baqtriya va soʻgʻdiylardan tarkib topgan harbiy kontingent tuzdi. 328-yilning kuzida Iskandar bilan Spitamen oʻrtasida hal qiluvchi jang boʻldi. Spitamen bu jangni boy beradi. Tarixiy ma’lumotlarga koʻra, jangni boy bergan Spitamen oʻz ittifoqchilari tomonidan qatl etilgan.
Hisor togʻlaridagi Xoriyon va Oksariat qal’alarini oʻziga boʻysindirgan Iskandar Oksariatning qizi Raxshonaga (Roksana, Ravshanak) uylanadi va shu tariqa mahalliy elitaga qarindosh boʻladi. Iskandar oʻz tomoniga oʻtgan soʻgʻdiylardan birini ( ayrim ma’lumotlarga koʻra uning ismi Oropiy boʻlgan) Soʻgʻd podshosi etib tayinlaydi. Shu tariqa uning Oʻrta Osiyo ustidan hukmronligi oʻrnatiladi. 327-yilning yozida esa u Hindikush togʻi orqali Hindiston sari yurishini boshlaydi.
SALAVKIYLAR DAVLATI
Spitamenning oʻlimi va Iskandarning soʻgʻd-baqtriya hukmdorlari bilan tuzgan sulhi natijasida 327-yilda Oʻrta Osiyo Iskandar Zulqarnayn davlati tasarrufiga oʻtadi. Mahalliy elitalarning harbiy kontingenti Iskandar Zulqarnayn armiyasiga qoʻshiladi. 323-yilda Iskandar Zulqarnaynning oʻlimi haqdagi xabarni eshitgan Soʻgʻd va Baqtriyadagi grek kelgindilari 20 ming kishidan iborat piyoda askar va 3 ming nafar otliqni yigʻib oʻz vatanlariga qaytishga otlandi. Ammo ularni toʻxtatish uchun Iskandarning Safdoshi sarkarda Perdik yetib keladi va qochishga shaylangan askarlarni qurolsizlantirib, jazolaydi. Oʻz vatanlariga qaytishga shaylangan grek askarlariga xayrixohlik bildirgan Soʻgʻd hukmdori (strapi) oʻz lavozimidan ozod etildi. Uning oʻrniga makedoniyalik Filipp oʻtiradi. Ma’lum muddat u har ikki straplikni - Soʻgʻdiyona va Baqtriyani boshqarib turdi. 315-yildan keyin mahalliy xalq orasidan tayinlangan straplarning hammasi greklar va makedoniyaliklar bilan almashtirildi. Faqat Oksariat (Iskandarning qaynotasi) va Atropat (Perdikning qaynotasi) oʻz lavozimida qoldiriladi. 312-yilda Iskandar sarkardalaridan biri - Salavk Vaviloniyaga ega boʻldi. Tez orada u oʻz yerlarini Sirdaryo va Hind daryolari qadar kengaytirdi. Uning oʻgʻli Antiox I (Salavk bilan Spitamenning qizi Apama nikohidan tugʻilgan) esa Iskandarning Osiyodagi hududlarining katta qismiga egalik qilgan. Oʻrta Osiyo hududida ikkita straplik vujudga keldi. Unga Soʻgʻdiyona, Baqtriya va Margʻiyona kirdi. Xorazm salavkaylarga boʻysunmagan.
Ahmoniylarning soʻnggi vakili va Iskandar davrida ham Xorazm oʻz mustaqilligiga ega boʻlgan. Salavk va Antiox Oʻrta Osiyoda oʻz pozisiyalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratgan. Koʻplab qal’a va shaharlar barpo etilgan va ular asosan greklar bilan toʻla boʻlgan. Tarixiy manbalarga koʻra, Salavk 75 ta shahar qurdirgan. Eng olis shaharlardan biri Yaksart ortida joylashgan Antioxiya shahri boʻlgan. Taxminlarga koʻra, mazkur shahar hozirgi Toshkent viloyati hududida yoki Fargʻona vodiysida joylashgan. Eramizdan avvalgi III asrning 60-yillariga qadar Baqtriyada salavkiylarning zarbxonasi saqlanib qolgan. Bu zarbxonada oltin va kumush tangalar zarb etilgan. Salavkiy hukmdorlaridan biri Antiox II ning davrida (earimizdan avvalgi 261-247-yillar) uning Baqtriyadagi strapi Diodot salavkiy tangalar asosida oʻz tangalarini zarb qilgan. Bu uning salavkiylar hukmronligida qandaydir muxtoriyatga ega boʻlganidan dalolatdir. Baqtriya, Soʻgʻdiyona va Oʻrta Osiyodagi boshqa viloyatlarning iqtisodiy hayoti Salavkiylar davlatining gʻarbiy viloyatlaridagidan ancha farq qilgan.
YUNON-BAQTRIYA PODSHOLIGI
Eramizdan avvalgi 256-yilda Parfiya, Baqtriya va Soʻgʻdiyona Salavkiylar davlatidan ajralib chiqdi. Baqtriya strapi Diodot oʻzini shoh deb e’lon qildi va mintaqada gegemonlik uchun kurash boshladi. Bunga javoban, Arshaxidlar Parfiyada hokimiyatni qoʻlga kiritdi. Soʻgʻdiyona esa Baqtriya hukmronligi ostiga oʻtdi. Eramizdan avvalgi 230-yilda Soʻgʻdiyona strapi Yevtidem Diodotning vorisini taxtdan agʻdardi. Yunon-Baqtriya bilan Parfiya oʻrtasida savdo yoʻllarini nazorat qilish borasida doimiy urushlar boʻlib turgan. Eramizdan avvalgi 209-208-yillarda salavkiy hukmdori Buyuk Antiox III Salavkiylar saltanatini qayta tiklash uchun sharqqa yurish boshlaydi. 207-yilda u Parfiyani magʻlubiyatga uchratib, Yunon-Baqtriyaga qarshi harbiy yurish qiladi. Antiox qoʻshinlari Yevtidem ustidan gʻalaba qozonadi va Yunon-Baqtriya poytaxti Baqtrani qamal qiladi. Qamal ikki yil davom etgan. Nihoyat Yevtidem Antiox bilan tinchlik sulhini tuzishga erishadi. Oʻz navbatida u Antioxga oʻzining barcha jangchi fillarini topshiradi. Yevtidemning oʻgʻli Demetriy esa salavkiylar malikasiga uylanadi. Magnesiya jangida rimliklar tomonidan salavkiylarga qattiq talofot yetkazilishi natijasida Yunon-Baqtriya podsholigi salavkiylarning ittifoqchilari boʻlgan janubiy knyazliklarni oʻziga boʻysundirish imkoniyatiga ega boʻladi. Eramizdan avvalgi 187-yilda otasi Yevtidemning vorisi Demetriy Araxosiyani zabt etadi va Hindiston sari yoʻl oladi.
Demetriy Shimoliy Hindistonda oʻz qoʻshinlari bilan ancha muddat qolib ketadi. Bundan foydalangan uning sarkardalaridan biri - Yevkradit 171-yilda Baqtra hokimiyatini qoʻlga kiritadi. Yevkraditning podshohligi tarixda "behisob shaharlar podshohligi" degan nom olgan. Xitoy manbalarida yozilishicha, eramizdan avvalgi 165-yilda Yettisoyga (Semirechya) yuechjilarning qadami tekkan. Ular Sirdaryo orqali Amudaryo sohillari tomon yoʻl olgan. Ular Baqtriyani egallashga ham muvaffaq boʻlgan. 155-yilda Yevkradit navbatdagi yurishlarning birida oʻz oʻgʻli tomonidan oʻldiriladi. Xuddi shu davrlarda Yunon-Hind podshohligi tashkil topgan edi. 141-128-yillar Yunon-Baqtriya podshohligining tanazzulga yuz tutish davri boʻldi. Taxminlarga koʻra, yuechshilar Baqtriyani qoʻlga kiritgandan soʻng shoh Geliokl Paropamisada yoki Araxosiyada hokimiyatni saqlab qolgan. Oʻrta Osiyo ikki yuz yil ellinlar dunyosining bir qismi boʻldi. Bu davr Oʻrta Osiyo tarixida jiddiy iz qoldirgan. Soʻgʻd va Baqtriya ellin-makedon harbiy guruhlariga tayangan strapiyalarga aylandi. Hirot, Marv kabi yangidan-yangi shaharlar vujudga keldi. Mintaqada yunon standartlari boʻyicha tangalar zarb etildi. Mintaqaga yunon xudolari panteoni, yunon adabiyoti va teatri kirib keldi. Mahalliy va yunon madaniyatining oʻzaro sintezi sodir boʻldi.
KANGYUY
Xitoy tarixchisi Si Ma-syan oʻz kundaliklarida "yuechjilarnikiga oʻxshash an’ana va urf odatlarga" ega boʻlgan koʻchmanchi Kangyuy yoki Kandzyuy va Kangxa davlatlari haqida ma’lumot beradi. Antik davr tarixchilari asarlarida Kangxa davlati tilga olinmagan, ammo Avesto va Maxabxarata kitoblarida saklar va toxarlar bilan bir qatorda kankilar toʻgʻrisida ham atroflicha ma’lumot berilgan. Ancha keyingi Xitoy xronikalarida Amudaryo shimolida joylashgan Buxoro, Shahrisabz, Kattaqoʻrgʻon atroflari, Toshkent vohasi hamda Xorazmning shimoliy qismidan iborat barcha davlatlar Kangyuy davlatiga qaram boʻlganligi aytiladi. Xitoy manbaalarida keltirilishicha Kangyuy davlati rahbarlari "Chao-vu" deb nomlanganlar. Umuman "djabgu" boʻlishi ham ehtimoldan holi emas, chunki xitoy transkriptlarida bu aynan ana shunday talaffuz qilinadi. Eramizdan avvalgi II asrning ikkinchi yarmi - eramizdagi I asrlarida Kangyuy davlatining qudrati oʻz choʻqqisiga chiqdi. Davlatning janubiy oʻlkalarida yuechjeylar, shimolida esa xunlar ta’siri kuchli boʻlgan Kangyuy davlatining qisqa muddatli tanglik davri Baktriyada yuechjeylar qirolligining kuchsizlanishi bilan nihoyasiga yetdi. Eramizda avvalgi II-I asrlarda Kangyuy davlatida oʻz tangalarini zarb etish hamda pul almashinuvini yoʻlga qoʻyishga boʻlgan urinishlar kuzatildi. Ushbu jarayonda Grek-Baqtriya hukmronligi vaqtida amal qilgan tangalardan nusxa sifatida foydalanilgan. Kangyuy moddiy madaniy tarraqqiyot darajasi Xorazm, xususan shaharning oʻng qirgʻogʻida joylashgan Janbas-qal’a hududida amalga oshirilgan qazuv ishlari natijalarida namoyon boʻladi. 200x170 hajmdagi qal’a balandligi 10-11 metrlik xom gʻishtdan qilingan devor bilan oʻralgan. Darvozadan qal’a markazi sari keng koʻcha yotqazilgan. Koʻcha oxirida qurbonlik keltirish uchun aylana shaklidagi metal supaga ega boʻlgan muqaddas olov saqlash binosi qoldiqlari qazib ochilgan. Kangyuy davrida odamlar turli dinlarga mansub boʻlgan: zardoʻshtiylik, Anaxita oqimi, ot siymosida namoyon boʻlgan Mitra oqimi.
Ushbu davrda Kangyuy madaniyati bilan bogʻliq harbiy texnika sohasida erishilgan eng muhim muvaffaqiyatlardan biri bu keyinchalik keng tarqalgan taktik uslublar boʻldi: masalan, janglarda aslahalar bilan himoyalangan otlar va sovut kiygan chavandozlar safining jipslashtirilgan holda tuzilishi. Chavandozlar kamon, nayza va qilich bilan qurollanganlar. Kangyuyning Kushon imperiyasi tarkibida boʻlganligi hali ham noma’lum. Xitoy manbaalariga asosan Kangyuy eramiz boshida ham oʻz mustaqilligini saqlab qolgan hamda yansay (aorslar-alanlar) va boshqa qabilalar ustidan hukmronlik qilgan.
KUSHONLAR DAVLATI
Yuechjeylarning eramizdan avvalgi II asr oʻrtalarida Grek-Baqtriya davlatiga bostirib kirishi ushbu davlatni tamomila tugatilishiga olib keldi. Yuechjeylarning dastlabki mulklari shimoliy Baqtriya hududlarida boʻldi (zamonaviy Oʻzbekistonning janubiy hududlari va Tojikiston). Kushon davlati eramizning I asri birinchi yarmida yuechjeylar davlati amirliklaridan biri Kushonning yuksalishi oqibatida yuzaga keldi. Kushon xitoychada Guyshuan deb talaffuz qilinib, yuechjey qabilalaridan birining nomi boʻlish ehtimoli bor. Davlat asoschisi yabgu (amir) boʻlgan. Keyinchalik podshoh Kudjula Kadfiz hukmronligi ostida kushonlar hozirgi Afgʻoniston va Pokistonning katta qismini bosib oldilar. Uning merosxoʻri Vime Tok hukmronligi davrida kushon mulklariga Hindistonning katta bir qismi qoʻshildi. Kushon davlatining gullab-yashnashi Kanishka hukmronligi davriga toʻgʻri keldi (taxminan eramizning 78-123-yillari). Oʻsha davrda poytaxt Baqtriyadan Peshovorga koʻchirildi, mamlakat sarhadlari esa Hindiston va Xoʻtongacha boʻlgan oʻlkalarni qamrab oldi. Markaziy Osiyoda Kushon davlatining chegaralari hozirgi Oʻzbekiston janubidagi Hisor togʻ tizmalari choʻqqilaridan oʻtgan. Oʻsha yerdagi baland togʻ daralarida (Darband) mustahkam chegara inshootlari qad koʻtardi. Oʻsha davrlarda davlat sarhadlarida yangidan-yangi shaharlar qad koʻtardi, Hindiston, Xitoy va Rim imperiyasi bilan savdo munosabatlari oʻrnatildi. Pompeyda olib borilgan qazish ishlari mobaynida kushon tangalari hamda kushon ustasi tomonidan suyakdan yasalgan figuralar topildi. Kushon davrida me’morchilik yuksak rivojlandi. Ayniqsa saroylar va ibodatxonalar qurilishiga katta e’tibor qaratildi. Kushon hukmdorlarining Xolchayondagi saroyida va eski Termiz va Dalvarzindagi budda ibodatxonalarida yuqori badiiy did bilan ishlangan devor chizgilari va haykaltaroshlik namunalari yaxshi saqlanib qolgan.
Xolchayon, Dalvarzin va Ayritomda olib borilgan qazish ishlari davomida kushon ustalarining yuksak mahoratidan dalolat beruvchi bronza idishlar, muhtasham shagʻamsupalar, koʻzgular hamda zargarlik mahsulotlari topilgan. Dehqonchilik imperiya iqtisodiyotining tayanchi boʻlgan. Yer hosildorligini oshirish maqsadida turli oʻgʻitlardan keng foydalinilgan. Togʻ oldi hududlari va choʻllar chorvachilik maqsadlarida foydalanilgan.
Termizda olib borilgan qazuv ishlari davomida oramiy tili asosida yozilgan xatlar topilgan. Kushon kursiv xati oʻzining oʻtkir burchakli, kvadrat va aylana shaklidagi harflari bilan ajralib turar hamda oʻsha davrlarda juda keng tarqalgan edi. Kanishka davrida Kushon davlatiga buddizm kirib keladi va tez orada davlat diniga aylanadi. Ammo shu bilan birga zardoʻshtiylik va mahalliy Oʻrta Osiyo, Hindiston, Eron, Yunoniston va Misr xalqlari dinlari ham oʻz kuchini yoʻqotmaydi. Kushon davlati eramizning III asri birinchi yarmining oxirida barham topdi. Baktriya va Toxariston maxsus mulk huquqi ostida Sosoniylar imperiyasi tarkibiga qoʻshildi. Ushbu imperiya sosoniy podshohlar xonadoni a’zolari tomonidan boshqarilib, ular kushonshoh tituligi egalik qilgan.
EFTALIYLAR DAVLATI
Eftaliylar davlati parchalanib ketgan Kushon davlati hududining bir qismida tashkil topgan. Aholisining asosiy qismi dehqonchilik bilan mashgʻul boʻlgan, qolgani esa koʻchmanchi chorvachilik hayot tarzini davom ettirgan. Eftaliylar toʻgʻrisidagi dastlabki ma’lumotlar yozma manbalarda 457-yildan buyon, ya’ni ularning podshosi Vaxshunvar Chagʻaniyon, Toxariston va Badaxshonni oʻziga boʻysindirganidan soʻng qayd etila boshlagan. Turli manbalarda Eron sosoniylar davlati bilan eftaliylar oʻrtasidagi boʻlib oʻtgan jangu jadallarning yorqin, biroq bir-biriga zid manzarasi tasvirlangan. Sosoniylar podshosi Peroz eftaliylar davlatining tobora kengayishidan xavfsirab, ularga qarshi harbiy harakatlar boshlab yuboradi, biroq asirga tushib qoladi. Sosoniylar podshosi yordam soʻrab Vizantiyaga murojaat qiladi va koʻchmanchilar huruji bu davlat uchun ham tahdid ekanini uqtiradi. Vizantiya hukmdori tovon toʻlab, Perozni tutqinlikdan xolos etadi.
Peroz eftaliylarga Tolqon chegara shahrini topshirishni va’da qiladi, biroq oʻz va’dasini ustidan chiqmay, ikkinchi marta harbiy yurish uyushtiradi. Peroz bu safar ham magʻlubiyatga uchraydi va eftaliylarga oʻzining goʻdak oʻgʻlini tutqun etib qoldiradi hamda ikki yil davomida katta tovon toʻlab turadi. 484-yili Peroz oʻzining uchinchi harbiy yurishini amalga oshiradi. Bu gal u oʻz qoʻshini bilan birga eftaliylar tayyorlagan maxsus boʻri oʻrasiga tushib qolib halok boʻladi. Eftaliylar Peroz qoʻshinini batamom tor-mor qilgach, Eron xalqi zimmasiga katta miqdorda oʻlpon toʻlash majburiyatini yuklatadilar hamda Marv shahrini ishgʻol etadilar. Soʻngra ular Kobul vodiysi va Panjobni egallashadi, Qoroshor, Kuchu, Qashqar va Xotanni istilo qilishadi. Shu tariqa ular Markaziy Osiyo, sharqiy Eron, Hindistonning shimoliy qismi va Sharqiy Turkistonni oʻz ichiga olgan yagona qudratli davlat barpo etadilar. Oʻz bolaligini eftaliylar qoʻl ostida tutqunlikda oʻtkazgan Peroz oʻgʻli Kavade zamonida Eron eftaliylarga oʻlpon toʻlashda davom etgan. Vizantiyalik tarixchi Prokopiyaning qayd etishicha, eftaliylar "yagona podsho tomonidan boshqarilgan va oʻzaro hamda qoʻshni davlatlar bilan boʻlgan munosabatlarda vizantiyaliklar va forslardan qolishmagan holda adolat mezoniga amal qilishgan". "Ipak yoʻli" egalari boʻlgan eftaliylar xalqaro savdoda faol ishtirok etishgan. Ular Eron, Vizantiya, Hindiston va Xitoy bilan savdo-sotiq qilishgan. Eftaliylarning Peroz askarlariga qarshi urushiga oid epik rivoyatlar "Shohnoma" asarida keltirilgan. Asarning eftaliylar podshohi Gatferd haqidagi hikoyatida eftaliylarning turkiy xalqlarga qarshi kurashi aks etgan. Akademik V.Bartoldning taxmin qilishicha, Gatferd timsolida Vizantiya manbalarida keltirilgan tarixiy shaxs - Katulfni koʻrish mumkin. Katulf podsho tomonidan oʻz xotiniga yetkazilgan haqorat uchun intiqom bahonasida Eronga qochgan va oʻz mamlakatini turikiylarga sotgan. Eftaliylar koʻplab xalqlarni siyosiy jihatdan birlashtirishgan va bu hol mazkur davlat tarkibida koʻpgina diniy yoʻnalishlar va mashablar mavjud boʻlganini izohlaydi. Zoroastrizm mahalliy mashablar - Anaita, Siyavusha, Mitra bilan oʻzaro birlashib ketgan. Buddizm ham keng tarqalgan.
TURK XOQONLIGI
VI asr oʻrtalarida Oltoydagi turkiy qabilalar qoʻshni qabilalar bilan oʻzaro birlashib "moʻgʻil davrigagacha boʻlgan eng qudratli koʻchmanchilar davlati" - Turk xoqonligiga asos solgan. Ikki aka-uka, Toʻmin va Istemi ulkan davlatni boshqarishgan. Toʻmin hoqonlikning sharqiy qismidagi oʻziga qaram yerlarni kengaytirgan bir paytda, uning ukasi Istemi davlatning gʻarbiy qismidagi Yettisuv va Sharqiy Turkistonning tutashgan hududlari qabilalarini oʻzaro birlashtirgan. Davlatning Gʻarb tomon kengayishi uning eftaliylar davlati yerlari bilan toʻqnashuviga sabab boʻlgan. 563-567-yillarda turkiylar eftaliylar davlatini tor-mor qilishgan va Amudaryo boʻyida Eron sosoniylari bilan toʻqnash kelishgan. Turkiylar va Eron eftaliylar qiyofasida umumiy dushmanga qarshi kurashgan paytda ular oʻzaro doʻstona munosabatda boʻlganlar va hatto, shahanshoh Xusrov Anushervan turkiy malikaga uylangan. Turkiylar eftaliylarni tor-mor keltirgandan soʻng esa, ular bilan Eron oʻrtasida oʻzaro mojaro yuzaga kelgan. Turkiylarning muhim savdo yoʻllariga egalik qilishga boʻlgan intilishlari Eron bilan munosabatlarning keskinlashuviga olib kelgan. Istemining savdo masalalari boʻyicha elchilarining Eronga tashrifi muvaffaqiyatsiz tugagan, ikkinchi va soʻnggi elchilik a’zolari esa zaharlanganlar. Shundan soʻng turkiylar Vizantiya bilan ittifoqchilikda Eronga qarshi urush boshlashga qaror qilishadi. 568-569-yillarda Maniax boshchiligidagi Istanbulga birinchi elchilik tashrifi muvaffaqiyatli yakunlanadi.
Vizantiya bilan Eron oʻrtasidagi oʻzaro urush, ularning xoqonlikka nisbatan e’tiborini chalgʻitgan holda, turkiylarning yarimkoʻchmanchi davlatining shiddatli darajada yuksalishiga imkoniyat yaratgan. Turkiylar ichki ixtiloflar oqibatida zaiflashgan Xitoyga bir necha marta muvaffaqiyatli yurishni amalga oshirib, shoyi matolaridan iborat katta yillik oʻlpon olishga erishgan. 588-yili turkiylar hukmdori Qora Churin Vizantiya va hazarlar bilan ittifoqchilikda Eronga hujum qiladi, biroq magʻlubiyatga uchraydi va sosoniylar sarkardasi Bahrom Chubin tomonidan oʻldiriladi. Bu magʻlubiyat hoqonlikning tanazzulga yuz tutishi vaVI asrning 80-yillarida sharqiy va gʻarbiy oʻlkalarga ajralib ketishiga sabab boʻladi. VII asrning birinchi yarmida gʻarbiy xoqonlik hayotida yuksalish kuzatiladi. Uning chegaralari Inda sohillarigacha yetgan. Xitoy va Eron bilan savdo munosabatlari keng rivojlangan. Savdo karvonlari Marv-Chorjoʻy-Buxoro-Samarqand-Choch-Talas-Suyab yoʻnalishi boʻylab Sharqiy Turkiston vohalarigacha choʻzilgan. Butun yoʻl davomida karvonlar ularning jadal safarlariga imkon bergan sugʻd mulkiy hududlariga duch kelishgan. Taxminan, 630-yili turkiylarning yaqin qadargacha ittifoqchilari boʻlgan xitoylar ularni qaqshatqich magʻlubiyatga uchratadi. VI asr oxirida gʻarbdan yangi qudratli dushman - Markaziy Osiyoni oʻz tasarrufiga boʻsindirgan arablar bosib kela boshladi. Gʻarb turkiy xoqonligi Yettisuv oʻlkasi turgeshlar tasarrufiga oʻtgandan soʻng 704-yili batamom parchalanib ketgan.
SOʻGʻD
IV-VIII asrlarda soʻgʻdlar Uzoq Sharq, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mintaqalari savdosida asosiy vositachi boʻlganlar va butun Buyuk ipak yoʻli boʻylab muntazam xalqaro karvon savdosini tashkil etganlar. Soʻgʻd bu davrlarda bekliklar va erkin shaharlar hamdoʻstligidan iborat boʻlgan va ular orasida Samarqand, Maymurgʻ, Kesh, Naxshab, Ishtixon, Kushaniya, Buxoro, Amul va Andxoy ajralib turgan. Xitoygacha boʻlgan butun yoʻl boʻylab, janubdagi Xotan va Sharqiy Turkiston orqali Lob Nor va Yettisuv shimoligacha soʻgʻd mulkiy hududlari tarkib topgan va ular XII asrgacha mavjud boʻlgan. Soʻgʻdlarning Turkiston va Xitoydagi eng yirik mulklari ularning alohida jamoalar boʻlib yashagan Kucha, Chanan, Lanchjou, Dunxuan, Loyan kabi shaharlarda mavjud boʻlgan. 4-asrda Dunxuanning oʻzida soʻgʻd jamoasi taxminan 1000 kishidan iborat boʻlgan. Samarqandning sharqiy darvozalari "Xitoy" nomi bilan ataladi. Xalqaro savdo aloqalari Samarqand, Paykend va boshqa yirik shaharlardagi boy soʻgʻd uylari tomonidan nazorat qilinar edi. Ular oʻz vositachilari orqali kreditlar berishgan, savdo kelishuvlarini boshqarishgan.
Tan sulolasi tarixida qayd etilishicha, Kan hukmdorligida "yangi tugʻilgan oʻgʻil chaqaloq shirinsoʻz boʻlishi hamda pulni mahkam ushlashi uchun uning tiliga tosh asal, kaftlariga esa yelim surtilgan...Yigirma yoshga toʻlgan erkak qoʻshni oʻlkalarga joʻnab ketgan va qaysi joyda manfaat koʻrsa, oʻsha yerga borgan". Olis safarlar, Xitoy, Hindiston, Eron, Turkiya xalq hunarmandchiligi va an’analari bilan tanishuv orqali Gʻarb va Sharq yutuqlarini oʻzida mujassam etgan noyob va ochiq soʻgʻd madaniyati shakllangan. Soʻgʻd hunarmandchiligi markazi va savdo yoʻllari - Samarqand, Panjikent, Paykent, Buxoro va Varaxshi xavfsizligini ta’minlash ehtiyoji kuchli davlatlar bilan ittifoq tuzishga qaratilgan siyosiy yoʻnalishni belgilab bergan. VI asrda Soʻgʻd Eftaliylar davlati, keyinchalik Turk xoqonligi tarkibiga kirgan, 630-yildan buyon esa Xitoyning Tan sulolasi hukmdorligini tan olgan. Xoqonlik yuksalishi davrida soʻgʻdlar turkiylarning Xitoydan oʻlpon sifatida olgan shoyi bilan savdo qilish imkoniyatiga ega boʻlishgan. VI asrning 70-yillarida tyurkiy hukmdorlar buyurigʻi bilan soʻgʻd savdogari Maniax savdo kafolatlari yuzasidan muzokaralarni avvaliga Eron Shahanshohi, soʻngra Vizantiya imperatori bilan olib borgan.
Oʻrta asrlarda soʻgʻd tili Buyuk ipak yoʻlidagi asosiy muloqot tiliga aylangan. Buddistlar, nasroniylar, manixeylar oʻzlarining diniy matnlarini soʻgʻd tiliga tarjima qilishgan. Bunda ular oʻzlarining yozma an’analaridan foydalanishgan: buddistlardan hind alifbosi, manixeylardan arameys bosmasi, nasroniy-suriyaliklardan dastlabki umumiy maktubot, nestoriyan va yakovitlardan diniy e’tiqod alifbolarini oʻzlashtirishgan. Biroq ular aramey bosmasiga asoslangan va keyinchalik uygʻurlar tomonidan foydalanilgan ilk soʻgʻd yozuvi oʻrnini egallay olmadi. Mazkur yozuv namunalari bilan Dunxuandagi mulkiy hududlardan yoʻllangan "qoʻhna maktublar" va Zarafshon vodiysidagi Mug togʻida topilgan hujjatlar yordamida tanishish mumkin. VIII asr boshida Soʻgʻd Qutayba ibn Muslimning musulmon qoʻshinidan magʻlubiyatga uchraydi va halifalikka boʻsingan holda islom dinining jugʻrofiy-siyosiy makonida qudratli savdo-hunarmandchilik markazi boʻlib qoladi.
ARAB ISTILOSI
VII asrda murosasiz qabilalararo urushlardan soʻng kichik Madina shahri arab qabilalarning siyosiy birlashuv markaziga aylandi. Oʻz kuchlarini qoʻshni vohalar va shaharlar tomon yoʻnaltirgan koʻchmanchi qabilalar sardorlari Madina atrofida tezkorlik bilan birlashadilar. Arablar birin-ketin gʻalaba qozonib tezda Suriya, Falastin, Eronni zabt etadilar, 651-yili esa ular Marvga yetib kelib, uni jangsiz ishgʻol etadilar. Arablarning gʻalabalari ularning asl kuchidan koʻra koʻproq bosib olingan mamlakatlarning zaifligi va parokandaligi bilan izohlanadi. 674-yili xalif Muaviya tomonidan yoʻllangan Ubaydulloh ibn Ziyod chamasi birinchi boʻlib Amudaryoni kechib oʻtgan. U Poykandni qurshovga olib, ishgʻol etadi. Buxoro qirolichasi ustidan gʻalaba qozonib, u shahardan katta oʻlja -qurol-yarogʻ, kiyim-kechak, oltin, kumush va koʻplab asirlar olib ketadi. Soʻgʻd hukmdorlari Kesha i Nesefa buxoroliklarga yordam berishga qaror qilishadi, ammo, Narshohining hikoya qilishicha, arab qoʻshini soʻgʻdlarni dahshatga solgani bois, ular jang maydonini tark etishadi. Arab tarixchisi Belazurining soʻzlariga qaraganda, Buxoro asirlari qullarga aylantirilgan. Erksevar buoroliklar oʻz taqdirlariga tan berishni istamadilar. Ular Said ibn Usmon saroyiga bostirib kirib, uni oʻldirishadi. 704-yili Xurosonning noibi etib, Qutayba ibn Muslim tayinlanadi. U Movarounnahr, ya’ni Amudaryoning oʻng sohilidagi oʻlkalarni toʻliq bosib olishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻyadi. 705-706-yillarda u Balx, Poykandni ishgʻol etadi, ammo Bogʻdis Nizoq Tarxun boshchiligidagi soʻgʻdlar va turkiylarning keskin qarshiligiga duch keladi va chekinishga majbur boʻladi.
709-yili Qutayba burilish yasashga erishadi. Tarxun tor-mor keltirilib, qatl qilinadi, Buxoro katta qiyinchiliklarsiz ishgʻol etiladi. Koʻp oʻtmay Qutayba Shuman, Nasaf va Keshni egallab oladi. Arablarning Soʻgʻd yuragi Samarqandga hujum qilishi uchun barcha imkoniyatlar muhayyo tuyulgan edi, biroq Qutayba salkam ikki yilgacha Xorazmdagi yumushlar bilan ovora boʻladi. 711-yili Qutayba xorazmshohga taxtni qayta egallashda koʻmaklashadi va Xorazm Xalifatga tobe boʻlib qoladi. 712-yili Qutayba Samarqandga yurish qiladi. Samarqand hokimi Gurek unga keskin qarshilik koʻrsatadi. Arab qoʻshini qamalga moʻljallangan otish va devor buzish qurollaridan foydalanadi. Murosasiz jangdan soʻng Qutayba nihoyat shaharni ishgʻor etadi va Samarqand aholisiga ogʻir oʻlpon toʻlash majburiyatini yuklatadi. Qutayba oʻz harbiy yurishlarini davom ettirib, Xoʻjand va Fargʻonani zabt etadi, Shoshga qarshi urushadi, biroq uning bu hamlasi Shosh hukmdori turkiy Bahodir tudun tomonidan daf etiladi. 715-yili halifa Validning oʻlimidan voqif boʻlgan Qutayba qoʻzgʻalon koʻtaradi, ammo Fargʻonada oʻz yaqinlaridan biri tomonidan oʻldiriladi.
SOMONIYLAR DAVLATI
IX asrning 20-yillarida Movarounnahrda Asad ibn Somon va uning oʻgʻillari xalifatga sodiqliklari bilan namoyon boʻlgan. koʻtargan Rafi ibn Lays qoʻzgʻalonini bostirishga erishdilar. Ularning bobosi Somon Fargʻonaning dehqon oilasidan chiqqan (uning Bal yoki Termez viloyatlaridanligi haqida farazlar ham mavjud). Xalif al-Ma’munga sadoqatli xizmatlari evaziga Xuroson noibi Xasan ibn Abbad (819-821 yy.) Asad ibn Somon oʻgʻillarini muhim viloyatlar va shaharlarning hokimi etib tayinlaydi. Nuhga - Samarqand, Ahmadga - Fargʻona, Yahyoga - Shosh va Ustrushon, Ilyosga - Xirot tuhfa etiladi. Nuh oila sardori boʻlgan, uning oʻlimidan soʻng bu vakolat - Ahmad ibn Asadga oʻtgan. Ahmad davrida somoniylar xalifat va toxiriylardan muxtoriyat olishga erishadilar. Ahmad ibn Asad oilasi somoniylarning barcha hududlarini oʻziga boʻsundirib, Movarounnahrda ulkan davlat barpo etadi. Ahmad siyosati Samarqandda hukmronlik qilgan uning oʻgʻli Nasr tomonidan davom ettiriladi. Somoniylarning ta’sirini inobatga olib, xalif Mutadim 875-yili poytaxti Samarqand boʻlgan Movarounnahr boshqaruvini butunlay Nasr ibn Ahmad (875-892 yy.) ihtiyoriga topshiradi. 874-yildan buyon Boxoroni boshqargan Nasr ukasi Ismoil (892-907 yy.)
892-yili Movarounnahr amiri boʻladi. 900-yili Ismoil Somoni Bal yonida boʻlgan jangda Saffarid Amr ibn Leysni magʻlubiyatga uchratadi. Natijada Xuroson, keyinchalik esa Siston somoniylar davlati tarkibiga qoʻshib olinadi. Xuroson 999-yilga qadar Nishapurdagi somoniy noibi tomonidan boshqarilgan. Ahmad ibn Ismoil (907-914 yy.) oʻz otasi Ismoil davlatiga vorislik qiladi. X asrning 30-40-yillarida somoniy Nasr II (914-943) hukmronligi davrida davlatda karmatlar ta’limoti keng tarqaladi va unga qarshi uning oʻgʻli Nuh I (943-954) kurash olib boradi. Somoniylar davrida Movarounnahrda hunarmandchilik, qurilish va madaniyat gullab-yashnaydi. Karvon savdosi muhim ahamiyat kasb eta boshlaydi. Buyuk ipak yoʻli qayta jonlanib, uning yangi shahobchalari paydo boʻladi. Shaharlar yangidan quriladi. Toʻquvchilik, kulolchilik, mischilik, duradgorchilikning yangi markazlari yuzaga keladi. Shaharlar ichida karvonsaroylar, masjidlar va madrasalar bunyod etiladi. Oʻsha davrda buyuk qomusshunos olimlar al-Xorazmiy, al-Fargʻoniy, Abu Nasr Farobiy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Sharshohiy va boshqalar yashab ijod etgan. 945-yildan buyon Xurosonda betinim notinchliklar boshlanadi. Somoniylar Abdul-Malik ibn Nux (954-961) va uning ukasi Mansur (961-976), oʻgʻli Mansur - Nux II (976-977), Nux II oʻgʻli - Abdul-Malik II (997-999) zamonida davlat asta-sekin zaiflasha boshlaydi. 999-yili Somoniylar Movarounnahrni turk hukmdorlari - qoraxoniylarga boy beradilar va shu tariqa Somoniylar davlati tugatildi. Sominiylarning soʻnggi hukmdori Abdul-Malik II ning ukasi al-Muntasir 1005-yili oʻldirilgan.
QORAXONIYLAR DAVLATI
X asr oxirida Yettisuv va Sharqiy Turkiston hududlarida "podshoh yagʻma" yoki "elikxon" boshchiligidagi qoraxoniylar davlati tashkil topadi. Bu davlat tarkibiga turli turkiy millatlar - qorluqlar, chigillar, argʻular, yagʻmalar va boshqa xalqlar kirgan boʻlib, ular 960-yilga qadar islom dinini qabul qilganlar. 992-yili elikxon Bugʻra boshchiligidagi qoraxoniylar qoʻshini Movarounnahr hududiga bostirib kiradi. Qoraxoniylar gʻalabasiga Bugʻraxon bilan Xurosonning somoniy hokimi Abuali Simjur oʻrtasida tuzilgan hufyona ittifoq hamda lashkarboshi Foiqning sotqinligi sabab boʻlgan. Natijada qoraxoniylar Buxoroni jangsiz ishgʻol etadilar, amir Nuh esa Chorjoʻyga qochishga majbur boʻladi. Ammo Bugʻraxon kasallanib, oʻz vatani Koshgʻarga ketayotganda vafot etadi. Qoraxoniylar Buxorodan katta oʻlja bilan qaytadilar. Qoraxoniyalarning yangi yoʻlboshchisi boʻlgan elikxon Nasr Buxoroga qayta hujum uyushtiradi. 995-996-yillarda Nuh II Sabuh Tegin madadi bilan qoraxoniylar hujumini daf etadi. 999-yili qoraxoniylar yana Buxoroni yana ishgʻol etib, amir Abdul Malik II va podshoh oilasini asirga oladilar.
Bu hol Movarounnahrda hokimiyat qoraxoniylar foydasiga uzil-kesil hal boʻlishiga olib keladi. Qoraxoniylar davlati Koshgʻardan Amudaryogacha choʻzilgan Sharqiy Turkiston, Yettisuv, Shosh, Fargʻona va qadimgi Soʻgʻd yerlarini oʻz ichiga olgan. 1005-yilgacha somoniylarning soʻnggi vakili al-Muntasir qoraxoniylar bilan muvaffaqiyatli kurashgan, biroq raqibning koʻpsonli qoʻshini pirovard gʻalabani ta’minlagan. Bogʻdod halifi fatvosi bilan elikxon Nasr ibn Ali Movarounnahrda oʻz hukmronligini oʻrnatdi. Movarounnahrni zabt etgach qoraxoniylar dehqonlar tabaqasini yakson etdilar va ularning yerlari va suvlarini davlat tasarrufiga topshirganlar. Elikxon Nasr 1012-yili vafot etgach, uning davlatiga ukasi Ali Tegin vorislik qiladi. Qoraxoniylar Amudaryo vodiysi yerlari uchun gʻaznaviylar davlatiga qarshi muntazam urushlar olib borishadi, XI asr oxirida esa saljuqlarning kuchaygan davlatiga tobe boʻlib qolishadi. Elikxon poytaxti dastlab Uzgenda joylashgan, soʻngra Samarqandga koʻchirilgan. Buoro ham Samarqandga tobe boʻlgan. Qoraxoniylar Samarqandda, Buxoroda, Binkentda koʻplab binokorlik ishlarini amalga oshirishgan, saroylar, masjidlar va madrasalar bunyod etishgan, musulmon dini nufuzini saqlash va mustahkamlashga hissa qoʻshishgan.
XORAZMSHOHLAR DAVLATI
XI asr va XII asrning birinchi yarmida Xorazm saljuqlar davlati (gʻaznaviylar davlati xarobalarida XI asrda tashkil topgan) tarkibiga kirgan. Xorazmning XI asrdagi yuksalishi turkiylar sulolasiga mansub xorazmshohlar siyosati bilan uzviy bogʻliq. Mazkur sulolaga saljuq amirining tashtdori Anushtegin asos solgan. Sulton hammomchilari mahkamasining sardori boʻlgan Anushtegin Malikshoh (1072-1092 yy.) saroyida yuksak martabaga erishgan. U rahbarlik qilgan mahkama zimmasiga Xorazmni boshqarish ham yuklangan. Qayta tiklangan xoramshoh mansabiga sazovor boʻlgan Anushtegin nabirasi Otsiz Xorazm mustaqilligi yoʻlida astoydil harakat qilgan. Xorazmshoh Otsiz (1127-1156 yy.) saljuq sultoni Sanjarga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib borgan. U mugʻombir diplomat va qat’iy sarkarda boʻlib, mustaqil tashqi siyosat yuritadi. Chunonchi, u oʻz hukmdori Sanjarning ruxsatisiz qipchoqlar va turkmanlarga qarshi urush boshlaydi.
XII asrning boshida Oʻrta Osiyoni sharq tomondan yangi istilochilar - qoraxitoylar bosib oladilar. Sulton Sanjar oʻzining yaqin qarindoshi boʻlgan samarqandlik qoraxoniylar xoni Mahmudga yordamga keladi. Qoraxitoylarga qarshi Samarqand yaqinida boʻlib oʻtgan jang Sanjarning toʻla magʻlubiyati bilan yakunlanadi. Xorazmshoh Otsiz Sanjarning magʻlubiyatidan ustalik bilan foydalanib 1141-yili Marvni ishgʻol etadi, 1142-yili esa Nishopurga yaqinlashadi. 1156-yili Otsiz vafot etadi va uning oʻgʻli Elarslon (1156-1172 yy.) xorazmiylar davlatini mustahkamlashni davom ettirib, Dixistonni tevarak-atrofdagi yerlarga qoʻshib oladi. Uning oʻgʻli Tekesh (1172-1200 yy.) 1187-yili Nishopurni, 1192-yili esa Marvni bosib oladi. 1194-yili gʻarbiy saljuqlar sultonini qaqshatqich magʻlubiyatga uchratib, Eronning butun sharqiy qismini egallab oladi. 1195-yili Tekesh abbosiy xalifa qoʻshinini tor-mor qilib, Iroqga bostirib kiradi. Oʻz mamlakati hududlarini ikki karra kengaytirgan va qudratli davlat barpo etgan xorazmshoh Tekeshni Xorazmning eng iste’dodli hukmdori deb e’tirof etish mumkin. Uning siyosati kamchiliklaridan biri qipchoq harbiy aristokratiyasiga koʻrsatilgan homiylik boʻlgan. Qipchoqlar Tekesh rafiqasi xayriohligidan foydalanib davlat ishlariga koʻproq ta’sir koʻrsatishga intilgan. Turkiy "qoʻmondonlar"ning davlat ishlariga oʻzboshimcha aralashuvi keyinchalik Tekesh oʻgʻli Muhammad zamonida Xorazm davlatining parchalanishiga sabab boʻlgan.
CHINGIZXONNING OʻRTA OSIYO ISTILOSI
1215-yili Chingizxon shimoliy Xitoyda erishilgan gʻalabalarni mustahkamlab, oʻz etiborini gʻarb tomon qaratadi. 1219-yili u Jebenoyonga Sharqiy Turkiston va Yettisuvni ishgʻol etishni buyuradi. Chingizxon armiyasi kuchluq davlatini tor-mor keltirib Movarounnahrga bostirib kiradi. Samarqandni mustahkamlash uchun katta xiroj yigʻiladi, biroq bu mablagʻlar isrof qilinadi, shahar devorlari esa mustahkamlanmaydi. 1219-yili Chingizon katta va mustahkam qal’a boʻlgan Oʻtrornga yurish qiladi. Oʻz kuchlarini ikkiga ajratib, ulardan birini Oʻtror qurshovi uchun qoldiradi, qolganiga oʻgʻli Juchini boshliq etib Signak, Uzgen, Jenda va soʻngra Urganchni zabt etish maqsadida safarbar etadi. 5 ming kishilik askar Sirdaryo boʻlab Benaket va Joʻjand shaharlariga yuborilgan. Chingizxonning oʻzi esa asosiy kuchlar bilan suvsiz dashtlar boʻylab qisqa yoʻl orqali Buxoro tomon yoʻl oladi. 1220-yilning fevralida Buxoro ishgʻol etiladi. Chingizon shaharni oʻz askarlariga talon-taroj qilish uchun topshiradi.
Buxoroning ayanchli taqdiri haqidagi mash’um xabar tez orada butun Movarounnahrga yoyiladi. Aholi qoʻrquv va tahlikaga tushadi. Xorazmshoh Muhammad qoʻrqoqlik bilan qochishga hozirlik koʻradi. Samarqand himoyachilariga boshchilik qilgan turk Toʻgʻayxon Chingizxon xizmatiga oʻtishga umid qilib shaharni topshiradi. Moʻgʻillar shaharga bostirib kirib qirgʻinbarot uyushtiradilar. Samarqand aholisining faqat toʻrtdan bir qismi omon qoladi. 1220-yilning aprelida moʻgʻillar Xoʻjandni ishgʻol etadilar. Sirdaryo yaqinida ular Benakentni zabt etadilar. Xoʻjand hukmdori Temur Malik moʻgʻillarga qarshi mardonavor kurash olib boradi. U oʻzining kam sonli askarlari bilan yoʻl-yoʻlakay jang qilib Urganchga yetib keladi. 1220-yilning yoziga qadar Movarounnahrning sharqiy va markaziy qismi moʻgʻillar tomonidan bosib olinadi. Xorazmshoh qochadi. U Kaspiy dengizining janubiy qirgʻogʻidagi orolda vafot etadi. Urganchda Temur Malik qisqa vaqt davomida xalq lashkarlariga boshchilik qiladi. U uchiga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib boradi. 1220-yilning kuzida Chingizon hamla bilan Termezni ishgʻol tadi. 1221-yilning qishida Urgench qamali boshlanadi. Shahar aholisi dushmanga qahramonlarcha qarshilik koʻrsatadi. Urgench taslim boʻlishidan avval Balx va Marv shaharlari zabt etailadi. 1221-yilning yoziga qadar butun Markaziy Osiyo hududi moʻgʻillar tasarrufiga oʻtadi. Chingizxon vafotidan soʻng moʻgʻil imperiyasining merosxoʻrlar oʻrtasidagi taqsimoti natijasida Movarounnahr Chingizxon oʻgʻli Chigʻatoy ulusi deb e’tirof etiladi. Chigʻatoy saroyi uchun oʻlpon yigʻish vazifasi mahalliy savdogar Mahmud Yalvochga ishonib topshiriladi.
AMIR TEMUR DAVLATI
XIV asr oʻrtalarida barlos beki oʻgʻli Temur Taragʻay buyuk siyosiy arbob sifatida tarix sahnasida namoyon boʻladi. Nufuzli turk amiri Qazagʻon nabirasi - Samarqand hukmdori Xusayn bilan ittifoqchilikda Temur Movarounnahrni birlashtirish va uni moʻgʻil bosqinidan ozod qilish uchun kurash boshlaydi. Biroq koʻp oʻtmay ular oʻrtasidagi munosabatlar keskinlashadi. 1370-yili Amir Temur Xusayn qoʻshinini tor-mor qilgach, Movarounnahr amiri deb e’lon qilinadi.
1372-1388-yillar davomida Amir Temur Xorazmga besh marta yurish qiladi va uning oʻziga toʻla tobe boʻlishiga erishadi. Shundan soʻng u Eron, Iroq, Kavkaz, Suriya, turkiyaga harbiy yurishlarni boshlaydi. Natijada ulkan imperiya barpo etiladi. Biroq Temur davlati qudratiga Juchi ulusi tarkibidagi Oltin oʻrda va Oq oʻrda doimo rahna solib turadi.
1379-yili Amir Temur Toʻxtamishning Oq oʻrda taxtiga koʻtarilishiga yordam beradi. Biroq Mamay ustidan qozonilgan gʻalabadan soʻng, Toʻxtamish Oltin oʻrdadagi oliy hokimiyatni egallab oladi va Temur tasarrufidagi yerlarga hamla qila boshlaydi. Bunga javoban Amir Temur Toʻxtamishni 1391-yili Qunduzchi va 1395-yili Shimoliy Kavkazdagi Terek daryosi vodisida qaqshatqich magʻlubiyatga uchratadi. Natijada Toʻxtamish kuchlari shunchalar zaiflashdiki, Temur uchun Volgaboʻyiga, Oltin oʻrda poytaxti - Saroy Berkka toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻl ochiladi. Shahar ishgʻol etiladi.
1398-1399-yillarda mashhur hind yurishi amalga oshirilib, u yurtdan katta oʻlja olib kelinadi. 1400-yili Amir Temur turk sultoni Boyazid I va misr sultoni Farajga qarshi urush boshlaydi. 1402-yili Anqara yaqinida usmon sultoni usil-kesil tor-mor qilinadi va bu hol Istanbulni usmonli turklar tomonidan istilo etilishini 50 yilga kechiktiradi. 1404-yil boshida Temur oʻzining 200 ming lashkarlik qoʻshini bilan Xitoyga yurishga hozirlik koʻradi. Biroq 1405-yilning 18 fevralida Temurning Oʻtrorda vafot etishi tufayli bu yurish amalga oshmay qoldi.
Amir Temur hukmronligi davrida ulkan imperiyaning markazi boʻlgan Movarounnahrda iqtisod, savdo va madaniyat yuksak darajada ravnaq etdi. Temuriylar uygʻonishi davri boʻlmish XIV-XV asrni Markaziy Osiyo tarixidagi "oltin asr", deb ataladi. Bu asr jahonga mashhur olimlar, buyuk shoirlar va rassomlarni tuhfa etdi. Isfaxoniy oʻzining "Buxorolik mehmon kitobida" Samarqandda paxtachilikning rivojlanishi hamda paxta tolasi va shoyi matolarining ishlab chiqarilishi haqida bayon etgan. Temur dunyo savdogarlar tufayli obod boʻladi, deb hisoblagan va binobarin yangi yoʻllar, savdo inshootlarini bunyod etish uchun katta mablagʻlar sarf etgan. Aynan Temur zamonida Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlari, Yevropaning olis yurtlari - Ispaniya, Fransiya va Angliya bilan iqtisodiy va siyosiy munosabatlar kengaygan.
TEMURIYLAR DAVLATI (1405-1450)
Amir Temur vafotidan soʻng besh yil mobaynida Movarounnahrda xonliklararo va sulolalar oʻrtasida urishlar davom etgan. 1409-yili Temur oʻgʻli Shohruh (1376-1447) oʻz ukasining oʻgʻli - Halilsultonni yengib, rasman yagona temuriylar davlatining hukmdoriga aylanadi. Ammo amalda esa bu imperiya ikki alohida davlatga ajralgan edi. Shohruh markazi Xirot boʻlgan Xurosonni boshqargan, poytaxti Samarqand boʻlgan Movarounnahr esa uning oʻgʻli Mirzo Ulugʻbek (1394-1449) tasarrufiga oʻtgan. Bu ikki davlat kichik feodal yerlari birlashmasidan tashkil topgan boʻlib, ular katta hokimiyatga da’vogar temuriylar tomonidan boshqarilgan. Eron hukmdori etib tayinlangan Shohruh nabirasi Sulton Muhammad mustaqil siyosat yurita boshlagani tufayli shaxsan Shohruh koʻpsonli qoʻshin yordami bilan mamlakatda tartib oʻrnatishga majbur boʻladi. U quyi Sirdaryodagi voqealar jarayonini diqqat bilan kuzatib turadi, zotan bu yurtdan turib dashti qipchoqlik oʻzbeklar Xorazmga tez-tez hamla uyushtirishadi. 1419-yili u Barakni qoʻllab-quvvatlab, uni koʻchmanchi oʻzbeklar ulusi xoni boʻlishiga yordam beradi. Ulugʻbek yordami bilan xon Shermuhammad uzoq nizolardan soʻng Moʻgʻiliston taxtini egallaydi, biroq koʻp oʻtmay Ulugʻbek oʻz noiblariga qarshi urushishga majbur boʻladi.
1425-yili Ulugʻbek moʻgʻillarni tor-mor qiladi. 1427-yili Barak bilan munosabatlar yomonlashgach, u quyi Sirdaryoga yurish uyushtiradi, ammo natijada qaqshatqich magʻlubiyatga uchraydi. 1447-yili Shohruh oʻlimidan soʻng Ulugʻbek Xirot va Xurosonni zabt etishga urinib koʻradi, biroq buning uddasidan chiqa olmaydi. 1448-yili u oʻgʻli Abdullatif bilan Xirotga yana yurish qiladi va bu safar shaharni ishgʻol etadi. Xurosonni zabt etishga xurosonlik amirlar isyoni hamda xon Abdulxayr boshchiligidagi koʻchmanchi oʻzbeklarning Movarounnahrga bostirib kirishi monelik qiladi. 1449-yili Abdullatifning otasiga qarshi fitnasi Ulugʻbekning oʻlimi bilan tugaydi va Abdullatif taxtga oʻtiradi. Ammo zodagonlar va xalq tomonidan nafratlangan Abdullatif fitna natijasida 1450-yilning 8 mayidayoq oʻldiriladi. Hokimiyat temuriy Abdulla ihtiyoriga oʻtadi va u Ulugʻbek siyosatini tiklashga intiladi.
TEMURIYLAR DAVLATI (1451-1507)
Turk zodagonlari tomonidan qoʻllab-quvvatlangan temuriy Abdullaga qarshi Xoʻja Ahror (1404-1490) boshchiligidagi naqshbandiy tariqati yordamiga suyangan Buxoro amirlari taxtga oʻz nomzodlarini ilgari suradilar. Bu talabgor Amir Temur oʻgʻli Mironshoh nabirasi Abusaid (1451-1468) edi. Abusaid koʻchmanchi oʻzbeklar xoni Abulxayrni ittifoq tuzishga koʻndiradi. 1451-yili yozida Samarqand yaqinida hal qiluvchi jang boʻlib oʻtadi. Bu jangda koʻchmanchi oʻzbeklar gʻolib chiqishadi, Abdulla qoʻshini parokanda boʻladi, uning oʻzi esa oʻldiriladi. Abusaid Msamarqand va Movarounnahrda hokimiyatni egallaydi. Xoʻja Ahror uning yaqin maslahatchisi etib tayinlanadi. Abu Said Xurosonni ishgʻol eta olmaydi, zero Xirot taxtiga 1452-yildan to umrining oxirigacha, ya’ni 1457-yilga qadar Shohruh nabirasi Abulqosim Bobur egalik qilgan. Ikki hukmdor oʻrtasidagi munosabatlar adovatli boʻlgan. 1457-yili Abusaid Hirot taxtini egallab oladi va vaqtinchalik ikki davlatni oʻzaro birlashtirishga erishadi.
1468-yili Abusaid Eronni zabt etish uchun safarga otlanadi, biroq undan qaytib kelmaydi. Sulton Xusayin (1469-1506) fursatdan foydalanib Hirot hokimiyatini egallab oladi. Abusaid oʻgʻillari hokimiyat uchun kurashdan voz kechib Movarounnahrga joʻnab ketishadi. XV asrning ikkinchi yarmida Movarounnahr siyosiy parokandalik davrini boshidan kechiradi. 1469-yildan 1494-yilgacha Samarqandda Abusaid oʻgʻli Sulton Ahmad (amalda hokimiyat Xoʻja Ahror va naqshbandiy tariqati tasarrufi ostida boʻlgan), Buxoroda - Sulton Alimirza, Fargʻonada esa Zahiriddin Muhammad Bobur hukmdorlik qiladi. Aynan Bobur Shaybonixon boshchiligidagi koʻchmanchi oʻzbeklarning bosqiniga astoydil qarshilik koʻrsatadi. 1497-yili Bobur boshqargan andijonliklar qoʻshini Samarqandni ishgʻol etadi. 1501-yilning bahorida Bobur Shaybonixon bilan jang qilish uchun Samarqandni tark etadi, biroq Kuxak daryosi yaqinidagi jangda magʻlubiyatga uchraydi. Bobur Movarounnahrni tark etib Kobulga ketishga majbur boʻladi. Shaybonixon Movarounnahr va Xurosonga jadallik bilan hujum boshlaydi. 1501-1506-yillar davomida u Samarqand, Toshkent, Kat va Buldumsoz, Urgench, Balxni bosib oladi. Keksayib kuchdan qolgan Sulton Xusayin Shaybonixonga jiddiy qarshilik koʻrsata olmaydi. Xorazm Shaybonixon tomonidan egallab olingandan soʻnggina Sulton Xusayin yurish uyushtirishga qaror qiladi, ammo uning boshlanishida vafot etadi. Hirotda uning oʻrniga ikki voris - oʻgʻillari Badi az-Zamin va Muzaffar Xusayin tayinlanadi. Ular oʻrtasidagi ixtiloflar Hirotning tushkunlikka yuz tutishini tezlashtirdi. 1507-yili Shaybonion Hirotni ishgʻol etdi.
SHAYBONIYLAR DAVLATI
Shayboniylar davlatining poytaxti dastavval Samarqand boʻldi. Ubaydullaxon (1533-1539 yy.) hukmdorligi davrida murakkab harbiy-siyosiy vaziyatga qaramasdan fan va madaniyat rivojiga katta e’tibor berilgan. Ubaydullaxon oʻta savodli inson boʻlgan, u Qur’oni Karimni mohirona qiroat qilib, turkiy tildagi sharhlar bilan ta’minlagan, shuningdek, usta sozanda va iqtidorli xonanda boʻlgan. Abdullaxon II (1557-1598yy.) nomi bilan yagona kuchli davlat barpo etish harakati bogʻlangan. U 1557-yil Buxoroni zabt etadi, 1561-yil bu yerga poytaxt koʻchiriladi va davlat Buxoro xonligi nomi bilan yurita boshlanadi. Abdullaxon II hukmdorligi davrida bunyodkorlik ishlari quloch otadi- Karmanada Zarafshon daryosi ustiga koʻprik quriladi, Balx va Buxoroda koʻp sonli madrasalar qad rostlaydi. Xon imom Abubakr Saadiy maqbarasi atrofida masjid, madrasa, turar joy binosi va boshqa imoratlardan tashkil topgan majmuani bunyod etadi. 1598-yilda Abdullaxon vafot etgach yagona oʻzbek davlatini yaratish umidi ham soʻnadi. Shayboniylar sulolasining soʻnggi vakili Pirmuhammad oʻrtamiyona shaxs boʻlib, joylardagi hukmdorlar oʻrtasida siyosiy ta’sir kuchiga ega emas edi. Natijada yuzaga kelgan boshboshdoqlikka barham bera olmay, u tez orada oʻzaro janjallarda qurbon boʻladi. Buxoro xonligining ichki va tashqi dushmanlari markaziy hokimiyat inqirozi va mamlakatdagi porakandalikdan zudlik bilan foydalanib qolishdi. Janubda Eron shohi Abbos Sabzavor, Mashhad va Hirotni egallab oldi, Balx hokimligiga oʻz gumashtasi Muhammad Ibrohimni tayinladi. Qozoq sultonlari yirik hududlardan biri Toshkentni zabt etishdi. Xorazm yana mustaqillikka ega boʻldi. "Butun davlatda tartibsizlik va boshboshdoqlik yuzaga keldi, hech kim boshqa birovga boʻysinishni istamasdi",- deb yozgan edi oʻsha yillar haqida Muhammad Yusuf Munshiy. Oʻzaro nizolar va urushlar oqibatida Buxoro, Xiva va Qoʻqon xonliklari tashkil topdi.
XIVA XONLIGI
1505-yil Shayboniyxon qoʻshinlari Xorazmni egallab oladi. Lekin 1512-yilga kelib xonlik hokimiyati koʻchmanchi oʻzbeklarning boshqa urugʻi(shajarasi) rahbari Ilbarsxon qoʻliga oʻtadi. Shu vaqtdan boshlab Xiva xonligi yuzaga keladi, uning poytaxti turli yillarda Vazir, Qoʻhna Urganch va Xiva shaharlari boʻlgan. Xonlik tarkibiga Xorazmdan tashqari Mangʻishloq, Balxan togʻlari, Dehiston, Oʻzboy(Uzboy) va Oʻrta Xuroson hududlari kirgan. Buxoro xonligi bilan Oʻrta Osiyoda hukmronlik huquqi yoʻlidagi kurashda Xiva askarlari Qorakoʻl, Chorjoʻy, Vardanzini xorabazorga aylantirdi va Karmanagacha yetib keldi. 1662-yil Xiva xoni Abulgʻozi navbatdagi jangdan soʻng Buxoro xoni Abulaziz bilan sulh tuzdi. Lekin uning oʻgʻli Anushaxon (1663-1687yy.) davrida Buxoroga hujumlar yana davom ettirildi. 1685-yil xivaliklar Samarqandni egallab olishga muvaffaq boʻlishdi. Lekin Gʻijduvon yonida Anushaxon magʻlubiyatga uchradi va Samarqandni tashlab chiqishga majbur boʻldi. Koʻp oʻtmasdan Buxoro xoni Anushaxonga qarshi fitna uyushtirdi, unda Anushaning oʻgʻli Ernak(Ereng) ham ishtirok etdi. 1687-yil Anusha hibsga olinib, koʻzi koʻr qilindi. 1668-yil Buxoro xoni Subhonquli Xorazmni oʻziga boʻysindirdi va uning hukmdori etib Shohniyozni tayinladi- keyinchalik u xonlik unvonini qabul qildi. Shohniyoz xonlik hokimiyatini mustahkamlash va Buxoroga tobelikdan xalos boʻlishga intildi. Shu maqsadda 1700-yil Buxorodan yashirin holda Petr I ga elchi joʻnatib, qoʻl ostidagi xalqi bilan oʻzini Rossiya fuqaroligiga qabul qilishni soʻradi. Xon Arab Muhammad (1702-1714yy.) ham Rossiya koʻmagiga umid qilgan koʻrinadi. Shergʻozixon (1715-1728yyy.) hukmronligi davrida feodal fitnalari davlatni boʻlak-boʻlakka ajratib tashlagan.
1717-yil Xiva xonligi Rossiya davlatining A.Bekovich-Cherkasskiy boshchiligidagi harbiy ekspedisiyasi hujumini bartaraf etishga muvaffaq boʻlgan. Shergʻozidan soʻng xonlik taxtiga Ilbars (1728-1740yy.) oʻtirdi. Eron shohining Afgʻoniston va Hindistonga qilgan yurishidan foydalangan Ilbars Xurosonga hujum qildi. Ushbu voqea, shuningdek Xiva tomonidan Eron hukmronligining rad etilishi va Buxoroni harbiy jihatdan qoʻllab quvvatlanishi Nodirshohni Xorazmga yurish qilishga undadi. Hazorasp yonida Ilbars magʻlub boʻldi. Toʻrt kunlik qamaldan soʻng Nodirshoh poytaxtni zabt etdi. Xiva armiyasining katta qismi Nodirshoh qoʻshinlari tarkibiga kiritildi. Xivada Nodirshoh vakili va Eron harbiy garnizoni qoldirildi. Lekin xonlikning shimoliy qismida Eron hukmronligi kuchga ega emas edi. Bu yerda orolliklar orasida 1730-1732-yillarda Rossiya fuqaroligini qabul qilgan Kichik qozoq ulusi xoni Abul Xayrning oʻgʻli Nuralining mavqei baland edi. 1741-yil xivaliklar Eronga qarshi bosh koʻtarishdi. Xiva qoʻzgʻolonchilar tomonidan ozod etildi hamda vakil va garnizon yoʻq qilindi. Xonlik taxtini Nurali egalladi. Bu voqealardan xabar topgan Nodirshoh oʻgʻli Nurullomirzoga Xorazmga qarshi yurishni buyuradi. Nuralini taxtga koʻtargan Xiva korchalonlari Marvga boʻyin egib borishadi. Ularning iltimosiga koʻra Nodir Xiva xonligiga Ilbarsning oʻgʻli Abu Muhammadni tayinlaydi. XVIII asrning 40-yillarida Xivada bir necha xon almashdi.
QOʻQON XONLIGI
XVIII asr boshida Ashtarxoniylar xonligida hukm surgan siyosiy inqiroz sharoitida Fargʻona Buxorodan ajralib chiqadi. Markazi Qoʻqonda joylashgan mustaqil davlatga dastavval hojalar, keyin Ming xonlar sulolasi hukmronlik qila boshlaydi. Xonlik oʻz tarkibiga Namangan, Qoʻqon, Andijon va Margʻilon viloyatlarini kiritdi. Birinchi hukmdor etib oʻzbeklarning Ming qabilasidan Shohruhbiy e’lon qilindi. 1721/22-yillar Shohruh amirlarning ba’zi guruhlari oʻrtasidagi nizolar oqibatida halok boʻladi. Uning oʻgʻli Abdurahimbiy (1721/17-1733yy.) Xoʻjand va Andijonni xonlikka qoʻshib oldi, Samarqand, Kattaqoʻrgʻon, Jizzaxni ishgʻol qildi. Uning akasi Abdukarim (1733-1747/48yy.) hukmronligi davrida Oʻsh zabt etildi. Keyingi yigirma yillik hukmdorlarning tez-tez almashib turishi bilan ajralib turadi. 1770-yil Qoʻqon zodagonlari Norboʻtani (1770-1800yy.) hukmdor deb e’lon qilishdi. U Chust, Namangan va Xoʻjand hukmdorlarining ajralib chiqishga boʻlgan harakatlarini bosishga muvaffaq boʻldi. Norboʻtabiy Toshkentga ham qoʻshin yuboradi, lekin shaharni boʻysindira olmaydi. Norboʻtabiy davrida nisbatan siyosiy osoyishtalikka erishildi, bu esa oʻz navbatida iqtisodiy taraqqiyotga yoʻl ochdi. Sugʻorish tizimi kengaytirildi, yangi madrasalar, jumladan, Mir madrasasi bunyod etildi. Norboʻtaning oʻgʻli Olimbek (1800-1809yy.)
Qoʻqonning siyosiy mavqeini sezilarli tarzda koʻtardi. Olimxon hokimiyatni markazlashtirishga boʻlgan harakatlarida oʻzi togʻli tojiklardan tashkil qilgan yollanma qoʻshinga suyandi. U Toshkent va Fargʻonani boʻysintirdi, Oʻratepaga bir necha marta yurish qildi. Uyushtirilgan suiqasd oqibatida Olimxon oʻldiriladi va taxtga uning akasi Umarxon (1809-1822yy.) koʻtariladi. U Buxoro amiri Haydar bilan shartnoma tuzdi va Sirdaryoning quyi oqimigacha boʻlgan yerlarni saltanatiga qoʻshib oldi. Toshkent, Buxoro va Xiva yoʻllari kesishgan joyda u Oqmachit istehkomini bunyod qildi. "Musulmonlar amiri"-"amir ul muslimin" unvonining sohibi boʻlmish Umarxon oʻz nomidagi tangalarni zarb etgan. Uning hukmdorligi chogʻida Qoʻqonda ham Buxoro xonligidagi kabi ma’muriy tizim joriy etilgan. Umarxonning merosxoʻri etib uning 12 yoshli oʻgʻli Muhammad Ali (Madali) (1822-1842yy.) tayinlandi. Madali hukmronligini otasi zamonida ham unga yoqmagan kishilarni qatl qilishdan boshladi. U Sharqiy Turkiston va Qashqarga bir necha muvaffaqiyatli yurishlarni amalga oshirdi, Oloy togʻ tizmasi ortidagi tojiklarni boʻysindirishga erishdi. Uni tilyogʻmachilar "gʻozi"(e’tiqod yoʻlidagi kurashchi) deb atashsada ruhoniylar dinni bulgʻagan va xudodan qaytgan kishi, deya hisoblashar edi. Xon gʻanimlari Buxoro amiriga shikoyat yoʻlladilar. 1840-yil amir elchisi orqali Qoʻqonga otasining xotini bilan nikoh tuzganligi uchun Madalixonni kofir deb e’lon qilgan fatvoni joʻnatdi. Shundan soʻng Madalixon Buxoroga qarshi urush harakatlarini boshladi, biroq magʻlubiyatga uchragach, oʻzining Buxoro tobeligini tan oldi va amirlik foydasiga Xoʻjanddan voz kechdi. 1842-yil amir Nasrullo Qoʻqondni zabt etib, xonlikni Buxoroga qoʻshib oldi. Madalixon qatl etildi va tez orada Toshkent ham qoʻlga kiritildi.
BUXORO AMIRLIGI
1758-yil Rahimbiy vafotidan soʻng mangʻitlar amirlik taxtiga uning amakisi Miyonkoʻl hokimi Doniyorbiy (1758-1785yy.) nomzodini surishadi. Lekin u qat’iy markaziy hokimiyatni saqlab qololmadi. Mangʻitlarning tarafdorlari va gʻanimlari oʻrtasidagi oʻzaro janjallar, joylardagi hokimlarning mustaqillikka boʻlgan intilishlari oʻn yillarga choʻzilib ketdi. 1784-yil Doniyorbiyning boʻshligidan norozi boʻlgan Buxoro ahli qoʻzgʻolon koʻtardi va amir hokimiyatni oʻgʻli Shohmurodga (1785-1800yy.) topshirdi. Shohmurod yangiliklarni Arkda saroy ahli guvohligida ikkita yirik amaldor- Davlat qushbegi va Nizomiddin qozikalonni qatl etishdan boshladi. Shundan soʻng Shohmurod Buxoro ahliga ularni bir necha soliqdan ozod etuvchi imtiyozli hujjatni tantanali tarzda topshirdi. Hujjatning matni tosh lavhada kesilgan boʻlib, u katta jome’ masjidining ayvoniga oʻrnatildi. Shohmurod "joʻl"("jul") deb nomlangan va urush holatida qoʻshin saqlash maqsadida foydalaniladigan yangi soliq turini joriy qildi. Hokimiyatni oʻz qoʻlida jamlab olgach, u xonlik unvonidan voz kechdi va amirlik darajasida qoldi.
Taxtga esa Shohmurod Chingizxon avlodlaridan boʻlgan Donishmandchini, keyinroq esa Abulgʻozini koʻtardi, lekin ular amalda hokimiyatga ega emasdilar. 1785-yil Shohmurod pul islohotini oʻtkazdi hamda 0,7 misqollik (3,36 g) toʻla qimmatli kumush tangalar va bir xil shakldagi oltin tangalarni zarb etishni yoʻlga qoʻydi. U sud mahkamasiga ham shaxsan rahbarlik qildi. Shohmurod Buxoro amirligi tarkibiga Amudaryoning chap sohilidagi hududlarni, jumladan, Balx va Marvni qaytardi. 1786-yil u Karmanada xalq qoʻzgʻolonini bosdirdi, keyin Shahrisabz va Xoʻjandga muvaffaqiyatli yurishlarni amalga oshirdi. Shohmurod afgʻon hukmdori Temurshohdan ustun kelib, asosan oʻzbeklar va tojiklar yashaydigan janubiy Turkistonni oʻz qaramogʻida saqlab qolishga erishdi. Amir Haydar (1800-1826yy.) otasidan soʻng taxtga oʻtirgan vaqtda butun Mavorounnahr uning hukmiga boʻysinar edi. Haydarning taxtga koʻtarilishi ommaviy qoʻzgʻolonlar va qatllar bilan toʻgʻri keldi. 1800-yil Marv turkmanlari bosh koʻtarishdi. Ichki janjallarga koʻp oʻtmasdan Qoʻqon bilan Oʻratepa uchun urush qoʻshildi. Haydar ushbu shaharni tasarrufida saqlab qolishga muvaffaq boʻldi. Amir Haydar davrida siyosiy tizim yakka hokimiyatchilik tomon intilayotgan markazlashgan monarxiyadan tashkil topgan edi. Amirga 4 ming kishigacha yetadigan byurokratik mahkama xizmat qilardi. Armiyaning miqdori oshdi. Faqat Buxoroning oʻzida 12 ming harbiydan iborat qoʻshin turardi. Ahmad Donishning yozib qoldirishicha, Amir Haydar boshqaruv vaqtiga "har 3-6 oyda yuzaga keladigan toʻxtovsiz feodal urushlar davri" deya baho berish mumkin. Haydardan soʻng taxtga uning oʻgʻli Nasrullo (1826-1860yy.) oʻtirdi.
Unga hokimiyat sari yoʻl ochish maqsadida akalari Husayn va Umar oʻldirildi. Armiya va ruhoniylarga suyangan Nasrullo zodagonlarni jilovlash maqsadida feodal tarqoqlikka qarshi qat’iy kurash olib bordi. Hukmronligining birinchi oyida u har kuni 50-60 tadan kishini qatl qildi. Nasrullo shu paytgacha amirlik tarkibiga faqat nomigagina kirgan viloyatlarni birlashtirishga erishdi. Viloyatlarni boshqarishga oʻziga mute’ boʻlgan "nasl-nasabsiz" kishilarni tayinladi. Nasrullo amirligi chogʻida Xiva va Qoʻqon xonliklari bilan Marv, Chorjoʻy, Oʻratepa, Xoʻjand kabi chegarada joylashgan alohida hududlar uchun boʻlgan tinimsiz urushlar davom etib turdi. Shahrisabz va Kitob hukmdorlarining qarshiligi, ayniqsa kuchli boʻldi. Bir necha harbiy yurishlardan soʻng 1853-yilga kelib ular Buxoroga boʻysindirildi. Amirlik tarkibiga faqat Zarafshon daryosining oʻrta va quyi oqimidagi vohagina barqaror kirgan edi.
OʻZBEKISTON XX ASRNING 20-40-YILLARIDA
1924-yili Oʻzbekiston respublikalardan biri sifatida Sovet Ittifoqi tarkibiga kirdi. 1927-yilning martida Oʻzbekistonning birinchi Konstitusiyasi qabul qilindi. Oʻsha yillari xalq xoʻjaligi va madaniyatni rivolantirishda respublikalararo boshqaruv organlari - Oʻrta Osiyo iqtisodiy kengashi (1923 y.) Qisqa vaqt ichida respublikada fuqarolar urushining ayanchli oqibatlari bartaraf etildi. Sanoat jadal sur’atlarda rivojlandi. Mashinasozlik, metalni qayta ishlash va energiya sohalarida eng salmoqli oʻzgarishlar yuz berdi. 1928-yildan 1942-yilgacha boʻlgan davrda 515 ta sanoat korxonasi va elektrostansiya ishga tushirildi. Ular orasida Chirchiq elektrokimyo kombinati, Toshkent qishloq xoʻjaligi zavodi, Quvasoy sement va ohak zavodi, Toshtekstilkombinati va boshqalar bor edi. 1925-1929-yillarda yer-suv islohoti amalga oshirildi. Qishloq xoʻjaligi va irrigasiya butunlay qayta ta’mirlandi, yangi kanallar va suv omborlari qurib bitirildi. 1941-yilga kelib Oʻzbekiston aholisining savodxonlik darajasi 95 % ni tashkil etdi. Turkiston davlat universiteti (1920) oliy ta’limning yirik markaziga aylandi. 20-yillarning oxiriga kelib tarkibida mingdan ziyod ilmiy xodimlar mavjud oʻnlab ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat koʻrsatar edi. 1930-yildan boshlab Toshkent Oʻzbekiston poytaxtiga aylandi.
1937-yilning fevralida OʻzSSRning yangi konstitusiyasi qabul qilindi. Yangi konstitusiyaga muvofiq Y.Oxunboboev va F.Xoʻjaev rahbarligida respublika boshqaruv organlariga saylovlar boʻlib oʻtdi. Respublikaning kundalik hayoti, butun SSSRdagi ahvol singari, Stalin shaxsiga sigʻinishning avj olishi hamda totalitar boshqaruv usullarining kuchayishi shiori ostida oʻtdi. Oʻzbekistondagi ommaviy qatagʻonlik taniqli partiya va davlat arboblarining xibsga olinishidan boshlandi. Siyosiy boshqaruv organlari F. Xoʻjaev, A. Ikromov, D. Manjar va boshqalarga nisbatan qalbaki ayblovlar bilan jinoiy ish qoʻzgʻadi. 1937-yilning avgust-sentyabr oylarida yuzlab kishilar, shu jumladan, Oʻzbekiston kompartiyasi rahbarlari S. Boltaboev, I. Xudoyqulov, A. Sexer, M. Shermuxamedov, M. Usmonov va boshqalar xibsga olindi. 1938-yilning bahoriga qadar obkom, shaharkom, raykom partiyalari kotiblarining 60 % dan ziyodi qatagʻon qilindi.
OʻZBEKISTON URUSH YILLARIDA (1941-1945 YY.)
1941-yilning 22-iyunida Germaniya hujum qilmaslik toʻgʻrisidagi bitimni buzib Sovet Ittifoqiga qoʻqisdan hamla uyushtirdi. 23 iyun kuniyoq Toshkentda koʻpming kishilik yigʻin boʻlib oʻtdi. Unda toshkentliklar front va front ortida butun sa’y-harakatlarini fashizm ustidan gʻalaba uchun safarbar etishga tayyorliklarini bildirishdi. Urushning dastlabki oylarida Oʻzbekistonda frontga joʻnab ketish toʻgʻrisida 32 mingdan ziyod ariza berildi. 1941-yilning noyabriga qadar respublikada 14 ta milliy brigada - 9 ta alohida oʻqchi va 5 ta otliq brigada tuzildi. 1941-1943-yillari Oʻzbekiston urush tufayli Rossiya, Ukraina va Belarussiyadan evakuasiya qilingan 1 million qochoq, shu jumladan 200 ming bolani oʻz bagʻriga qabul qildi. Harbiy holat front ortini mustahkamlash uchun favqulotda choralarni koʻrishni taqozo etardi. Oʻzbekistonga yuzdan ziyod sanoat korxonalari koʻchirildi. Ular orasida Leningrad toʻqimachilik mashinalari zavodi, Rostselmash, "Krasn?y Aksay", Stalingrad kimyoviy kombinati, Moskvaning "Pod’emnik", "Elektrostanok" zavodlari va boshqa koʻplab korxonalar bor edi. 1941-yilning oxiriga kelib evakuasiya qilingan 50 dan ziyod korxona ishga tushirildi. 1942-yilning oʻrtalarida Oʻzbekistonga koʻchirilgan barcha korxonalar toʻla quvvatda ishlab, front uchun harbiy texnika, oʻq-dorilar, kiyim-aslahalar yetkazib bera boshladi. Respublikaning sanoat korxonalari ham urushning dastlabki kunlaridanoq mudofaa mahsulotlarini ishlab chiqarishga qayta moslashtirildi.
Jumladan, Tashselmash, parovoz remont zavodi, Chirchiq elektroximiya va boshqalar. 1941-1945 urush yillari davomida Oʻzbekistonda 280ta ishlab chiqarish korxonalari ishga tushurildi. 1943-yilda umumiy ishlab chiqarish hajmi respublikaning xalq xoʻjaligida 75% ga oshdi. 1942-yilning kuzidan Bekobod metallurgiya zavodining qurilishi boshlandi. Aniqlangan volfram, molibden va mis zahiralari asosida rangli metallurgiya sohasi tarkib topdi. Olmaliq mis konidan foydalanish yoʻlga qoʻyildi. 1940 -1943-yillar davomida yangi elektrostansiyalar qurilishining hisobiga elektroenergiya ishlab chiqarish 3,5 barobarga ortdi. 1941-yildan 1945-yilgacha sanoatning hamma sohalarini qamrab oluvchi 280 ta yangi korxona qurib bitkazildi. Oʻzbekiston mamlakatning asosiy harbiy salohiyat markazidan biriga aylandi. Frontga 2000 dan ortiq samolet, 1,7 ming dan ortiq aviamotor, shuncha minamet, 22 million minalar, 560 ming snaryad, millionga yaqin granatalar, 330 ming parashyutlar, 5 ta bronopoezd, 100 ming km dan oshiq turli xildagi simlar joʻnatildi.
Oʻzbekistonga 22 ta ilmiy-tekshirish instituti, 16 ta oliy talim muassasalari, 2 ta kutubxona koʻchirib keltirildi. 1943-yilning 4 noyabrida Fanlar Akademiyasining tantanali ochilishi boʻlib oʻtdi. Uning birinchi Prezidenti etib T.N. Qoriniyozov saylandi. 1944-yilning oxiriga kelib Fanlar Akademiyasining tarkibiga 22 ta ilmiy muassasalar kirar edi. 1943-yilga kelib esa respublikada 41 ta oliy talim muassasalari faoliyat yuritgan, jumladan 12 tasi koʻchirib keltirilgan, 52 tasi oʻrta mahsus bilim yurtlari edi. Urush yillari davrida ularda 20 mingdan ortiq mutahassislar tayyorlandi. Milliondan ortiq oʻzbekistonliklar urush frontlarida jang qilganlar. Oʻnlab milliy jangovor tuzilmalar tashkil etildi. Ulardan koʻpchiligi ordenlar bilan taqdirlandi va gvardiya unvonlarini oldilar. Oʻzbekistonlik jangchilar Brest qal’asining (D.Abdullaev, T.Aliev, Isaev, Yusupov, Laenkov F, U. Ataev va boshqalar.) Kiev, Smolensk, Odessa, Sevastopol va boshqa shaharlarning himoyasida mardonovor qatnashganlar.
OʻZBEKISTON 1945-1991-YILLARDA.
Urushdan keyingi davrda Oʻzbekistonda rivojlangan transport va energo tizimlari bilan ta’minlangan koʻptarmoqli sanoatning yuksalish jarayoni davom etdi. Shaharlar ilmiy va madaniy markazlarga aylanib borardi. 1947-yilda Oʻzbekiston Davlat katta akademik teatri, 1964-yilda Samarqandda opera va balet teatri ochiladi. Qishloq oʻjaligida jadal usullar qoʻllanilib mexanizasiyalashtirildi. 1984-yilga kelib 4175 ming ga ekin maydonlari oʻzlashtirildi, ulardan 2056 ming ga paxta dalalari edi. Respublikani urushdan keyingi davrlarda , turli yillarda U.Yusupov, A,Niyozov N.Muhiddinov, Sh.Rashidov boshqardi.
80-yillarda SSSR siyosiy va mafkuraviy inqirozga duch keldi. Markazdan qochish hollari kuchayib bormoqda edi. SSSR hududida yashovchi xalqlar bu vaqtga kelib iqtisodiy va oʻz milliy anglashining shunday darajasiga yetdiki, endi ittifoqdan iqtisodiy, davlat va siyosiy qaramlik xar bir respublikaning bundan keyingi ravnaqini orqaga tortuvchi holatga aylanib qolgandi. Kutilayotgan istiqbol uchun esa yangi sharoitlar kerak edi.
MUSTAQIL OʻZBEKISTON
Oʻzbekistonning 1991-yilning 31 avgustida mustaqillikni qoʻlga kiritishi murakkab siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlar ostida amalga oshdi. Jumladan, 130-yil davomida hukumronlik qilgan mustamlaka tizimi Respublikaning mustaqil rivojlanishiga toʻsqinlik qilib keldi.
Mustaqillikning e’lon qilinishi xalqning va hukumatning oldiga tubdan islohotlar oʻtkazish vazifasini qoʻydi. Prezident I.Karimov boshchiligida hukumat tomonidan amalga oshirilgan ichki va tashqi islohotlar natijasida Oʻzbekistaon dunyo ham jamiyatida mustaqil r davlat sifatida olindi. Qisqa muddatlar davomida Oʻzbekiston oʻz taraqqiyot yoʻlini belgilab oldi.
I.Karimov tomonidan ishlab chiqilgan va amalga tadbiq etilgan “Oʻzbek modeli” yurtning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga zamin yaratdi. Qisqa muddatlar ichida don va neft mustaqilligiga erishildi, Oʻzbekiston agrar-hom-ashyo davlatidan tez rivojlanayotgan, zamonaviy texnika va tehnologiyalarni eksport qiluvchi davlatga aylandi. Oʻzbekiston tutgan yoʻlining naqadar toʻgʻri ekanligi 2008-yilda boshlangan “jahon moliyaviy iqtisodiy inqirozi” davrida yana bir bor isbotlandi. Inqiroz davridan muvafaqqiyatli chiqqan «Oʻzbek modeli» xalqaro moliyaviy tashkilotlar va ekspertlar tomonidan yuksak ijobiy baholarga sazovor boʻldi.
Tarixiy tajriba shuni koʻrsatadiki, hech bir davlat dunyo hamjamiyatidan ayri holatda rivojlania olmaydi. Har tomonlama oʻylanib olib borilgan tashqi siyosat natijasida Oʻzbekiston 180dan oshiqroq dunyo davlatlari tomonidan tan olindi, 130 dan koʻproq davlatlar bilan diplomatic munosabatlar oʻrnatildi, bugungi kunda Oʻzbekiston BMT, MDH, SHHT kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar a’zo hisoblanadi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston Evropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Yakin Sharq va Osiyo mintaqadagi davlatlar bilan ikki tomonlama va koʻp tomonlama iqtisodiy, siyosiy va madaniy sohalarda hamkorlik qilmoqda.
Oʻzbekiston Respubliksida uning konstitutsiyasiga muvofiq insonlarning millati, tili, dinidan qati’iy nazar teng huquqliligi ta’minlangan. Bugungi kunda Respublikada yuzdan ortiq turli millat va elat vakillari inoqlikda yashamoqdalar, ular uchun zarur shart sharoitlar yaratilgandir.