TARIXIY IXTIRO
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Bashariyat madaniyati taraqqiyotida Sharq kitobat san’atining beqiyos ta’siri va o’rni bor. Markaziy Osiyoda ushbu san’atning shakllanishi ilk marotaba eramizning II asrida Xitoyda qog’ozning ixtiro qilinishi hamda uning ishlab chiqarilishi bilan uzviy bog’liq. VIII asrning ikkinchi yarmidan e’tiboran Samarqandda Xitoy qog’ozidan sira qolishmaydigan, hatto undan-da sifatli ashyo kashf etishga erishildi.
Yer yuzining sayqali, deya ta’riflanadigan bu manzilda oliy navli qog’oz ishlab chiqarish uchun kerakli xom ashyoning barcha turi — ipak, paxta, kanop, qamish, poxol, tut novdasining po’sti kabi ne’matlar mo’l edi. Ular mohir ustalarning qo’lida nafis va jiloli qog’ozga aylanardi. Shu tariqa ona-Vatanimizda tayyorlangan qog’oz turlariga nisbatan “Samarqand qog’ozi” yoki “Sharqona qog’oz” degan shartli atamalar ishlatildi. Ko’p o’tmay, mazkur kashfiyot butun olamga dovruq taratdi.
Manbalarda yozilishicha, hali Yevropada papirus hamda pergament asosiy yozuv ashyosi sifatida foydalanilayotgan bir paytda Sharq mamlakatlarida allaqachon qog’oz ishlab chiqarish yo’lga qo’yilgandi. Bu esa, ayniqsa, hozirgi Markaziy Osiyo hududlarida qo’lyozma kitoblarning yoyilishiga keng imkoniyat yaratdi.
1931-yili Mug’tepa tog’idan topilgan Samarqand hukmdorlariga oid hujjatlar va Tuproqqal’ada qo’lga kiritilgan Xorazm arxiv materiallari So’g’diyona, Xorazm hamda Baqtriyadagi qog’ozga yozilgan mahalliy qo’lyozmalarning arablar bosqinidan avvalgi davrlarga oidligini asoslaydi. Nima bo’lganda ham, X asrning oxirlariga kelib, Samarqand qog’ozi papirus va pergament o’rnini tamoman egalladi.
O’rta asrlarda Samarqandda qog’ozsozlik keng ravnaq topdi. Tadbirkor ajdodlarimiz o’z mahsulotlarini nafaqat qo’shni davlatlar, balki Buyuk Ipak yo’li orqali Yevropa bozorlariga olib chiqishdi. Tabiiyki, ushbu jarayon natijasida jahon olimlar, yozuvchi hamda shoirlar, kotibu naqqoshlar yurtimizda tayyorlangan yuqori sifatli qog’ozlardan foydalana boshlashdi. Samarqand qog’ozining ta’rifi haqida buyuk san’atkor-xattot Sulton Ali Mashhadiy shunday yozadi: “Har qancha sinasang ham Xitoy qog’ozidan yaxshisi yo’q. Ammo Samarqand qog’ozi bebahodir. Agar sen aqlli odam bo’lsang, undan voz kechma, undagi yozuv ravon va go’zal bo’ladi. U oddiy bo’ladimi, “sultoniy” bo’ladimi, yaxshisini olishga harakat qil”. Zahiriddin Muhammad Bobur esa: “Olamda yaxshi kog’az Samarqanddin chiqar, Juvozi kog’azlar suyi tamom Konigildin keladur. Konigil Siyohob yoqasidadurkim, bu qora suvni Obirahmat ham derlar”, deya yuksak e’tirof etadi.
Markaziy Osiyoda davrlar mobaynida qog’oz ishlab chiqarishning bir nechta turlari paydo bo’ldi. Ayni zamonda unga hamohang tarzda ularni anglatuvchi yangi atamalar ham shakllanib bordi. Bunday qog’oz turlaridan biri “qog’ozi abrishemiy” deb nomlangan. U juda sifatliligi, tozaligi hamda pishiqligi bilan barcha savdo ahlini, ayniqsa, yevropalik savdogarlarni o’ziga rom etgan. Mazkur qog’oz turining bunchalik xaridorgir bo’lishi sababi uning ipakdan tayyorlanganligidadir. Shu tufayli “qog’ozi abrishemiy” jahon bozorida oltin tengida baholangan. Yana bir qog’oz navi “qog’ozi nimkatoniy” deb atalgan. Ushbu qog’oz turini tayyorlashda ipak va kanop tolasi (katon)dan teng nisbatda foydalanilgan. Mazkur qog’oz navi ham “qog’ozi abrishemiy” singari juda sifatli, pishiq bo’lib, pardozi hamda nafisligi bilan undan sira qolishmasdi. Bundan tashqari, “qog’ozi nimkatoniy” yaltiroqligi va fusunkorligi bilan boshqa qog’oz turlaridan ajralib turgan.
Sharqda, shuningdek, qog’ozning yana bir necha turlari ishlab chiqarilgan hamda ular tayyorlangan joyiga nisbat berilgan holda, “qog’ozi samarqandiy”, “qog’ozi buxoriy”, “qog’ozi davlatobodiy”, “qog’ozi sultoniy”, “qog’ozi haririy” (ipak qog’oz) deb nomlangan.
Albatta, ulug’ ajdodlarimiz tomonidan kashf etilgan qog’ozning Buyuk Ipak yo’li orqali Yevropa bozoriga yetkazib berilishi jahon miqyosida ilm-fanning, u asosida texnika va texnologiya taraqqiyotining tez sur’atlar bilan rivojlanishiga zamin yaratdi. Samarqand qog’ozi kashfiyoti natijasida dunyo nashriyotchiligi shakllandi hamda ravnaq topdi. Ilgari bir kitobni tayyorlash uchun yuzlab hayvon terisidan ne mashaqqatlar bilan teri sahifalar tayyorlangan bo’lsa, keyinchalik Samarqand qog’ozi asosida sohaning oson va qulay texnologiyasi kashf etildi.
Istiqlol yillarida mamlakatimizda qog’oz ishlab chiqarish sanoati yanada rivojlandi. Samarqand qog’ozi bugungi kunda ham jahonning eng sifatli qog’ozlari sirasiga kiradi.
Ibrohim YO’LDOSHEV, filologiya fanlari doktori, professor.