Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

TARTIB-INTIZOM VA MAS’ULIYATNI KUCHAYTIRISH, JINOYATCHILIKNING OLDINI OLISH MUHITINI MUSTAHKAMLASH – HUQUQBUZARLIK PROFILAKTIKASI SAMARADORLIGINING ASOSIY OMILIDIR

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
TARTIB-INTIZOM VA MAS'ULIYATNI KUCHAYTIRISH, JINOYATCHILIKNING OLDINI OLISH MUHITINI MUSTAHKAMLASH – HUQUQBUZARLIK PROFILAKTIKASI SAMARADORLIGINING ASOSIY OMILIDIR

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 15-noyabr kuni mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda parlament va hukumat a’zolari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari mas’ul xodimlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi. Videoselektorda joylardan mahalliy hokimiyat organlari va boshqa mutasaddi idoralar rahbarlari qatnashdi.

Qayd etish joizki, o‘tgan vaqt davomida Prezidentimizning bevosita rahbarligi va tashabbuslari asosida fuqarolarning tinch va farovon hayot kechirishini ta’minlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish, diniy ekstremizm, terrorizm va uyushgan jinoyatchilikning boshqa shakllariga qarshi kurashish bo‘yicha tashkiliy-amaliy choralarni kuchaytirish, korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish va samaradorligini oshirish, aholining huquqiy madaniyati va ongini yuksaltirish, bu borada davlat tuzilmalarining fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro samarali hamkorligini tashkil etish bilan bog‘liq aniq vazifalar belgilangan.

Mazkur vazifalar ijrosi yuzasidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar, Prezidentimizning “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, davlat organlari va keng jamoatchilik oldida turgan muhim vazifalar aniq va ravshan belgilab berildi.

Davlat idoralari, ziyolilar, mahalla faollari va boshqa jamoatchilik tuzilmalarining ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini birlashtirish orqali ishlar ta’sirchanligini oshirish maqsadida davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan har haftaning payshanba kuni – “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” etib belgilandi va joylarda bu amaliyot o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

Jumladan, joriy yilning 10 oyi mobaynida umumiy jinoyatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14 foizga, shundan talonchilik 16 foizga, bosqinchilik – 19 foizga, qotillik – 21 foizga, tovlamachilik – 22 foizga, bezorilik – 34 foizga kamayishiga erishildi.

Shuningdek, ayollar o‘rtasida jinoyat sodir etish holatlari 16 foizga, yoshlar o‘rtasida 14 foizga, voyaga yetmaganlar o‘rtasida 17 foizga kamaydi.

Prezidentimizning joriy yil 8 avgustdagi qaroriga asosan viloyat, tuman va shaharlar hududlari sektorlarga bo‘lindi. Sektorlarda hokimlik, huquq-tartibоt va boshqa davlat organlari hamda jamoatchilik vakillari mavjud muammolarni bartaraf etish, aholining turmush farovonligini oshirish, bir so‘z bilan aytganda, xalqning og‘irini yengil qilishga qaratilgan aniq tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Aholi va jamoatchilik bilan yaqin hamkorlik va muloqot o‘rnatilgani natijasida 1 ming 243 mahallada bironta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Uyma-uy yurib aholi muammolarini o‘rganish natijasida 22 ming 370 oilaning notinchligiga barham berildi, 11 ming 345 yosh oila ajrashib ketishdan saqlab qolindi, mahalla posbonlarining tezkor xabarlari yordamida 4 ming 494 jinoyat fosh etildi.

Huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng tatbiq qilinmoqda. Jumladan, Toshkentda “xavfsiz shahar”, Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlarida “xavfsiz turizm”, Parkent tumanida “xavfsiz dam olish” konseptual loyihalari joriy etilmoqda.

Mamlakatimizda savdo-sotiq, madaniy hordiq chiqarish va boshqa jamoat joylari, ta’lim muassasalarida jami 177 mingdan ortiq videokuzatuv moslamalari o‘rnatilishi natijasida ko‘plab og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni fosh etishga erishildi.

Ma’lumki, har bir mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish, bu borada befarqlik, loqaydlik holatlariga barham berish jamiyatda tinch va osoyishta hayotni ta’minlashning asosiy shartlaridan biridir. Bu borada har bir fuqaro ongida “Mening mahallamda jinoyat sodir bo‘lmasligi kerak” degan tuyg‘uni shakllantirish g‘oyat muhim ahamiyatga ega.

Namangan shahrining Orzu mahallasidagi ijobiy tajribadan samarali foydalanish natijasida viloyatning 160 ta, Xorazmda “Jamoatchilik nazorat maskanlari” faoliyati yo‘lga qo‘yilishi evaziga 198 ta mahallani jinoyatdan xoli hududga aylantirishga erishildi.

Huquqbuzarliklar o‘z-o‘zidan sodir etilmaydi. Asosiy masala huquqbuzarliklarning oqibatlari bilan kurashish emas, balki barvaqt oldini olish, sodir etishga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni o‘z vaqtida bartaraf etishdan iboratdir.

Bu masalada hududlarda yangi ish o‘rinlari tashkil qilish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga eng asosiy e’tibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda mamlakatimizda 11 erkin iqtisodiy zona va 5 sanoat zonasi tashkil etildi. Kichik sanoat zonalarining soni 90 taga yetkazildi. Bu yil yangidan tashkil etilgan korxonalarda 7 ming 500 ishlab chiqarish quvvatlari foydalanishga topshirildi, 650 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.

Bu esa hududlarni jadal rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash hamda yuqori texnologik va jahon bozorida raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish orqali aholining doimiy bandligini ta’minlash, oilalar daromadini ko‘paytirish, halol va farovon turmush sharoitini yo‘lga qo‘yish imkonini bermoqda.

Amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga, davlatimiz rahbari ayrim hududlarda jinoyatlarni sezilarli kamaytirishga erishilmagani, ba’zi jinoyat turlari oshgani kabi kamchiliklarni keskin tanqid qildi.

Xususan, Toshkent shahri, Jizzax, Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlari mutasaddi rahbarlariga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ko‘rsatilib, ularni bartaraf etish borasida aniq topshiriqlar berildi.

Qator mahallalarda profilaktik tadbirlarning samaradorligi yetarli darajada ta’minlanmagani, huquq-tartibоt idoralarining jamoatchilik bilan hamkorligi talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagani, bu esa ayrim turdagi og‘ir jinoyatlar sodir etilishiga sabab bo‘lgani aniq raqam va misollar asosida tahlil qilindi.

Davlatimiz rahbari tomonidan har bir hududning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda, tumanlar kesimida jinoyatlarning oldini olish borasida alohida chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, joriy yilning dastlabki 10 oyida sodir etilgan qotillik jinoyatlarining 165 tasi er-xotin va qaynona-kelinlar o‘rtasida, 66 tasi qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida oddiygina maishiy kelishmovchiliklar oqibatida kelib chiqqan.

Yig‘ilishda mahallalarda faoliyat yuritayotgan posbonlar haqida so‘z borar ekan, ko‘p hollarda ularning salohiyati, bilim va malakasi talabga javob bermasligi, bunday vazifaga fidoyi yoshlar safarbar etilmayotgani, rag‘batlantirish mexanizmlari ishlab chiqilmagani sababli huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda posbonlar ishtiroki sezilmayotgani ta’kidlandi. Shundan kelib chiqqan holda, “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqib, uning ish samaradorligini oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Yana bir og‘riqli mavzu – ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlarni keskin kamaytirishga erishilmayotgani ta’kidlab o‘tildi. Bunday jinoyatlarning asosiy sabablari fuqarolik munosabatlarini qonun doirasida amalga oshirmaslikka borib taqaladi. Oqibatda bu sodda odamlarning jinoyat qurboni bo‘lishiga olib kelmoqda.

Shu sababli davlatimiz rahbari notariat tizimlaridagi byurokratizm va sansolarlik holatlariga chek qo‘yish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali notarial xizmatlar ko‘rsatish jarayonini takomillashtirish zarurligiga alohida e’tibor qaratdi.

Yig‘ilishda, shuningdek, ayollar tomonidan jinoyat sodir etish holatlariga barham berilmayotgani tanqid qilindi. Shu sababli oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni atroflicha o‘rganish, aniqlangan muammolarni joyida hal etish, bu jarayonda, ayniqsa, sektor rahbarlari, xotin-qizlar qo‘mitalari hamda jamoatchilikning mas’uliyatini oshirish muhim ahamiyatga ega.

Davlatimiz rahbari faqat jazo qo‘llash tahdidi bilan emas, avvalo, aholi ongiga jinoyatga qo‘l urmaslik, birovning haqiga xiyonat qilmaslik, Vatanga sadoqatli bo‘lish, atrofdagi insonlarga yuksak hurmatda bo‘lish kabi fazilatlarini singdirish lozimligi, bunda ommaviy axborot vositalari, radio-televideniye, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar matbuot xizmatlari yanada faollik ko‘rsatishi zarurligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatchilik masalasi batafsil muhokama qilindi. Bu borada ahvol tashvishlanarlidir. Xususan, joriy yilning 10 oyi davomida yoshlarning 22 ming nafari jinoyatga qo‘l urgan. Bu raqam jinoyat sodir etgan jami shaxslar ko‘rsatkichining uchdan bir qismini tashkil qiladi. Achinarlisi shuki, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari tomonidan 875 ta, maktab o‘quvchilari tomonidan esa 310 ta og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Toshkent yuridik kolleji o‘quvchilari dars vaqtida muassasa hovlisida o‘zaro janjallashib, oqibatda bu ulardan birining o‘limiga, birining esa og‘ir jarohat olishiga sabab bo‘lgani kabi holatlar qaytarilishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi ta’kidlandi.

Majlisda yoshlar orasida jinoyatchilikning oldini olish, bu borada ta’lim muassasalari va ichki ishlar organlarining hamkorligini mustahkamlash va mas’uliyatini oshirish masalalari tahlil qilindi. Shu maqsadda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga o‘quvchi-talabalarning darsdan tashqari vaqtlarini samarali o‘tkazishni tashkil etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish, maktabgacha va maktabdagi ta’lim davrida tadbirkorlik qobiliyatini shakllantirishga alohida e’tibor berish, bu jarayonga malakali kadrlarni jalb etish, yoshlar uchun biznes sohasiga oid adabiyotlar yaratish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda jinoyatchilikning oldini olishda eng muhim omillardan biri bo‘lgan ishsizlikni bartaraf etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu muammoni bartaraf etmay turib, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha ko‘zlangan natijalarga erishib bo‘lmaydi.

Shu ma’noda, Prezident Shavkat Mirziyoyev jinoyat sodir etganlarning 16 mingdan ziyodi yoki har to‘rttadan bittasi ishsiz ekaniga e’tibor qaratdi.

Davlatimiz rahbari bunday noxush holatni bartaraf etish uchun har bir sektor rahbari o‘ziga biriktirilgan hududlarda tadbirkorlik subyektlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi, yangi ish o‘rinlarini barpo etishga ko‘maklashishi, fuqarolarning bandligini ta’minlashga imkoniyat yaratish bo‘yicha aniq ishlarni amalga oshirishi lozimligini ta’kidladi.

Muhokama qilingan yana bir dolzarb masala – bu yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarning bugungi kun talablariga javob bermasligidir. Masalan, o‘tgan 10 oyda sodir etilgan 8 mingga yaqin yo‘l-transport hodisasi oqibatida 2 ming 31 nafar fuqaro halok bo‘lib, 7 ming 622 nafari tan jarohati olgan. Bu hodisalarning asosiy sababi fuqarolarimizda yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish madaniyatini oshirish, avtotransport vositalarining yo‘llarda harakatlanishi uchun xavfsizlik choralarini ko‘rishda jiddiy muammolar mavjudligidadir.

Shuni inobatga olgan holda, mutasaddi rahbarlarga haydovchi va piyodalarning yo‘llarda harakatlanish madaniyatini oshirish, yo‘llarni harakat xavfsizligini ta’minlashning zamonaviy texnik vositalari bilan jihozlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasida xizmat intizomi va qonunchilikni kuchaytirish, ichki ishlar idoralari tarkibiga adashib kirib qolgan, mas’uliyatni to‘la anglamasdan, fuqarolarning haqli e’tirozlariga sababchi bo‘layotgan xodimlardan tozalash masalasi doimo dolzarb vazifadir.

Shu nuqtai nazardan, ichki ishlar organlarining kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda Prezidentimiz tashabbusi bilan har bir tumanda tuzilgan sektorlar faoliyati tahlil qilindi. Bundan buyon har bir sektor rahbari jinoyatchilikning holati uchun ham shaxsan javob berishi qayd etildi. Sektor rahbarlarining bu boradagi mas’uliyatini oshirish maqsadida Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish Respublika komissiyasini tuzish bo‘yicha topshiriq berildi. Uning tarkibiga “Mahalla”, “Nuroniy” jamg‘armalari, Yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarlarini ham kiritish, Komissiya faoliyatini Oliy Majlis Senati tomonidan muvofiqlashtirish belgilandi.

Majlisda rahbarlar ma’naviyati masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Haqiqiy rahbar, haqiqiy yetakchi odamlarning bardoshini sinash uchun emas, balki ularga munosib shart-sharoit yaratib berish, og‘irini yengil qilish uchun rahbar etib tayinlanadi. Barcha bo‘g‘indagi rahbarlar – u vazir yoki hokim bo‘ladimi, idora yoki tashkilot boshlig‘i bo‘ladimi, o‘zining odob-axloqi va madaniyati bilan hammaga o‘rnak va namuna bo‘lishi zarurligi alohida ta’kidlandi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar yurtimizda aholining tinch-osoyishta hayot kechirishini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, boshqa hayotiy muhim masalalarni hal etish bo‘yicha keng ko‘lamli harakatlar boshlangani, yangi tizim yaratilgani ijobiy natijalar berayotganini qayd etdilar.

Shu bilan birga, barcha sa’y-harakatlarga qaramasdan, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha kamchiliklar hali ko‘pligi, ularni bartaraf etish va sohadagi ahvolni o‘nglash, davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlarning qat’iy ijrosini ta’minlashda davlat idoralari, mahalla faollari va boshqa jamoatchilik tuzilmalarining hamjihatligini yanada mustahkamlash lozimligi ta’kidlandi.

www.uza.uz