Birinchi slide Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

Tashrif doirasida erishilgan kelishuvlar ikki mamlakat manfaatiga xizmat qiladi

2019 - Фаол инвестициялар ва ижтимоий ривожланиш йили 2019 - Фаол инвестициялар ва ижтимоий ривожланиш йили O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi - 2016 O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi - 2016 O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligi O’zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligi Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar Press-relizlar Press-relizlar O`zbеkistоning IHT TIVKga raisligi O`zbеkistоning IHT TIVKga raisligi BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari XMT doirasidagi xamkorlik (ILO) XMT doirasidagi xamkorlik (ILO) "MAQOM" xalqaro festivali "MAQOM" xalqaro festivali Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O‘zbekiston Xalqaro Paxta Yarmarkasi O‘zbekiston Xalqaro Paxta Yarmarkasi Sayyohlik Sayyohlik Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari
hamma resurslarni ko'rsatish
Tashrif doirasida erishilgan kelishuvlar ikki mamlakat manfaatiga xizmat qiladi

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan samarali tashqi siyosat natijasida Oʻzbekistonning xalqaro nufuzi yuksalib, barcha davlatlar bilan munosabatlari yanada mustahkamlanmoqda. Bu Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi davomida yana bir bor oʻz tasdigʻini topdi.

Davlatning mavqei, xalqaro maydondagi oʻrni uning hududi va nufusi bilan oʻlchanmaydi. Mamlakat dovrugʻini uning iqtisodiy qudrati bilan ham dunyoga taratish mumkin. Birgina Singapur misolida bu fikrning yaqqol tasdigʻini koʻramiz, lekin Birlashgan Arab Amirliklari ham ana shunday asosli fikrning yorqin misoli boʻla oladi.

Dubay amirligi misolida oladigan boʻlsak, u ham qisqa muddatda Singapur kabi dunyoning moliyaviy, investitsiyaviy va biznes markaziga aylandi. Hech bir mamlakatda “Ferrari” rusumli avtomobil kishi boshiga hisoblaganda amirlikka teng kelolmaydi. Yoki bir kunda qabul qiladigan samolyot va yoʻlovchilar soniga koʻra dunyoda Dubay aeroportiga teng keladigani kam. Sayyohlar eng koʻp borishni orzu qiladigan joylardan biri ham mana shu amirlikdir. Shaxsiy biznesini ochmoqchi boʻlganlar Dubayga borsa, istagan miqdorda oʻz manfaatiga mos kredit olishi, investitsiya kiritmoqchi boʻlganlar bu yerga hech qanday xavotirsiz kirib kelishi mumkin. Birgina “Burj Xalifa” minorasining oʻzi qancha gapdan darak beradi.

Abu-Dabi deganda faqat Amirliklar poytaxti emas, balki arab dunyosida juda katta nufuzga ega, oʻziga xos madaniyat, sport va biznes markazi nazarda tutiladi. Bu goʻzal shahar oʻzining mehmondoʻstligi, betakror meʼmoriy yechimga ega inshootlari, sahroda joylashganiga qaramasdan doim yashillik barq urib, toza va namxush havo esib turadigan iqlimi bilan tanilgan.

Oʻzbekiston bilan Birlashgan Arab Amirliklarini koʻp asrlik tarixiy-madaniy, iqtisodiy rishtalar bogʻlab turadi. Mustaqillik yillarida ikki mamlakat munosabatlari qator sohalarda jadal rivojlandi.

Keyingi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi. Jumladan, ushbu mamlakat delegatsiyalarining tashriflari chogʻida Amirliklar investorlarini istiqbolli loyihalarga keng jalb etish, neft-gaz, kimyo, qurilish, qishloq xoʻjaligi, logistika, turizm, shaharsozlik va boshqa sohalarda oʻzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha samarali muzokaralar olib borildi.

Prezidentimizning Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi oʻzaro munosabatlarni yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari tashrif doirasida 25 mart kuni Abu-Dabi shahridagi shayx Zoid bin Sulton Ol Nahayon maqbarasi va masjidini ziyorat qildi, “Vohat al-Karoma” yodgorligiga gulchambar qoʻydi.

Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri oʻrinbosari, ichki ishlar vaziri shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon bilan uchrashuvda ijtimoiy xavfsizlikni taʼminlash sohasida amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, bu borada oʻzaro tajriba almashish, delegatsiyalar tashrifini tashkil etish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Abu-Dabi shahridagi “Qasr al-Vatan” saroyida Oʻzbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari rasmiy delegatsiyalarining keng va tor doiradagi muzokaralari boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi bilan BAA oʻrtasida investitsiyalar, moliya, muqobil energetika, sanoat va infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi, bojxona maʼmuriyatchiligi, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlik boʻyicha umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq boʻlgan kelishuvlarga erishildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi doirasida 26 mart kuni Dubay shahrida BAA vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amiri shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan muzokara oʻtkazdi.

Amirliklarning yirik shahri Dubay insoniyat ilmiy-texnik taraqqiyotining eng ilgʻor yutuqlarini oʻzida mujassam etgan. Masalan, dunyoning sakkizinchi moʻjizasi, deb eʼtirof etilayotgan Palm Islands sunʼiy orollari inson qoʻli bilan yaratilgan eng yirik arxipelag boʻlib, oʻzining miqyosi va koʻrkamligi bilan hayratga soladi. Bu yerda muhtasham mehmonxonalar joylashgan. Sayyoramizdagi eng baland osmonoʻpar bino – “Burj Xalifa” esa 11 koʻrsatkich boʻyicha Ginnesning rekordlar kitobiga kirgan.

Dubayda dunyodagi eng uzun avtomatlashtirilgan metro tizimi va usti yopiq piyodalar oʻtish yoʻlagi mavjud. Sahroda joylashganiga qaramay, shaharda jahonning eng yirik gullar bogʻi barpo etilgan. Bu yerdagi plyajlar eng toza deb tan olingan. Shaharga bir yilda oʻrtacha 16 million kishi tashrif buyurishi bejiz emas. Dubay boshqa soha va yoʻnalishlarda ham koʻplab rekordlarni zabt etgan.

Bularning barchasi ochiqlik va tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish siyosati tufaylidir. Dubayning jadal ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga koʻp jihatdan shahar va amirlik hokimi shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktumning gʻoyalari kuchli turtki boʻldi.

Oʻzbekiston ham dunyoga ochilmoqda. Mamlakatimiz jadal va izchil rivojlanish yoʻlidan bormoqda, bu jarayonda jahon tajribasini oʻrganish, shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan innovatsion, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va boshqa sohalarda faol hamkorlik qilish muhim oʻrin tutadi.

Koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlash masalalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan “Zaabil” saroyida boʻlib oʻtgan uchrashuvining asosiy mavzusi boʻldi.

BAA vitse-prezidenti, Bosh vaziri davlatimiz rahbarini samimiy qutlab, Abu-Dabida mamlakatlarimiz oʻrtasida erishilgan kelishuvlardan mamnuniyat bildirdi. Dubay amiri oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qoʻygan BAA Oʻzbekiston bilan koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mehmondoʻstlik va istiqbolli qoʻshma loyihalar qoʻllab-quvvatlangani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi hamda Oʻzbekiston Birlashgan Arab Amirliklari, jumladan, Dubay amirligi bilan doʻstlikka asoslangan munosabatlarni mustahkamlashga tayyor ekanini qayd etdi.

Oʻzaro ishonch ruhida oʻtgan suhbatda qator sohalarda sheriklik va tajriba almashishni kengaytirish yoʻllari, turli darajalarda yangi aloqalar oʻrnatish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralardan soʻng imzolangan hujjatlarni almashish marosimi boʻldi. Qoʻshma investitsion kompaniya tashkil etish toʻgʻrisida shartnoma, Samarqand shahri infratuzilmasini modernizatsiya qilish va zamonaviy agroklaster tashkil etish toʻgʻrisida bitimlar, qishloq xoʻjaligi va logistika sohalarida hamkorlik boʻyicha ikki tomonlama hujjatlar shular jumlasidandir.

Davlatimiz rahbarining Birlashgan Arab Amirliklariga tashrifi, uning doirasida imzolangan kelishuvlar mamlakatlarimiz munosabatlarida yangi sahifa ochdi. Tomonlarning oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga intilishi va erishilgan kelishuvlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yakdil fikrga kelgani mamlakatlarimiz manfaatiga xizmat qiladi.

www.uza.uz