TERAN MA’NAVIYAT SARCHASHMASI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
O‘zbekiston davlat konservatoriyasida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi bilan hamkorlikda "Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishda musiqa san’atining o‘rni va ahamiyati" mavzuida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirining o‘rinbosari, "O‘zbeknavo" estrada birlashmasi bosh direktori F.Jo‘rayev, O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi raisi R.Abdullayev va boshqalar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan milliy musiqa san’atimizni ravnaq toptirish, bu yo‘nalishdagi ta’lim jarayonini sifat va mazmun jihatdan yuksaltirish borasidagi ezgu sa’y-harakatlar bugungi kunda ham izchil davom etayotganini ta’kidladi. Yurtboshimizning 2002-yil 16-apreldagi "Toshkent davlat konservatoriyasini O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga aylantirish to‘g‘risida"gi farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 5-sentabrda qabul qilingan "O‘zbekiston davlat konservatoriyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori musiqa ta’limini isloh etishga oid ishlarni zamon ruhi bilan hamqadam yo‘lga qo‘yishda muhim bosqichni boshlab berdi.
Poytaxtimizda 2002-yilda qad rostlagan O‘zbekiston davlat konservatoriyasining muhtasham binosi o‘z taqdirini san’at bilan bog‘lagan yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlar, musiqa ixlosmandlari uchun chin ma’nodagi tuhfa bo‘ldi. Musiqa madaniyati va san’ati sohasida yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlovchi ushbu maskan nainki mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo mintaqasidagi nufuzli ma’rifat dargohi sanaladi. Uni tamomlagan kompozitorlar, musiqashunoslar, sozanda va xonandalar, musiqa pedagoglari bugungi kunda yurtimizdagi ijodiy tashkilotlar, uyushmalar, badiiy jamoalar, konsert birlashmalarida, musiqa yo‘nalishidagi maktab, litsey va kollejlarda samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Musiqa ta’limi sohasi rivoji yo‘lidagi e’tibor natijasida O‘zbekiston yoshlari Yevropa va Osiyo davlatlari, boshqa qit’alarda o‘tkazilayotgan ko‘plab nufuzli xalqaro tanlov va festivallarda sovrinli o‘rinlarga munosib topilmoqda. O‘zbekiston davlat konservatoriyasida AQSh, Germaniya, Polsha, Janubiy Koreya, Xitoy va boshqa bir qator xorijiy davlatlardan musiqachilar malaka oshirayotgani ushbu bilim dargohining xalqaro miqyosda tan olinganligining yana bir yorqin ifodasidir.
– Alisher Navoiy va musiqa san’atiga oid ilmiy ish ustida izlanmoqdaman, – deydi katta ilmiy xodim-izlanuvchi Laylo Jo‘rayeva. – Ulug‘ allomaning bir qator asarlarida musiqa tarixi, cholg‘u asboblari, bastakorlik, sozanda va xonandalik bilan bog‘liq ta’riflar, sharhlar, baho va izohlarni uchratish mumkin. Adabiyot, tilshunoslik, tarix bilan uyg‘un bo‘lgan ushbu tadqiqot milliy musiqa san’atimizning inson kamoloti, ma’naviyatidagi o‘rni nechog‘li beqiyos ekanini mukammalroq o‘rganishga qaratilgandir.
Konservatoriya tomonidan Madaniyat va sport ishlari vazirligi, bir qator ijodiy tashkilotlar bilan birga o‘tkazilayotgan loyihalar, festivallar, ijodiy kechalar, konsertlar, ko‘rik-tanlovlar navqiron avlod musiqiy didini to‘g‘ri shakllantirish, ularni milliy va jahon musiqa san’atining nodir durdonalaridan bahramand etish, yangi iste’dodlarni kashf etish imkonini berayotir.
Anjumanda ta’lim tizimida musiqa san’ati masalalari, musiqa san’atida ijrochilik, estetik tarbiya va bolalar qo‘shiqchiligi kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
O’zA