Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

TINCHLIK, MA’RIFAT VA BUNYODKORLIK YO‘LIDA HAMKORLIK

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
TINCHLIK, MA'RIFAT VA BUNYODKORLIK YO‘LIDA HAMKORLIK

Toshkentdagi Simpoziumlar saroyida 2016-yil 18-oktabr kuni Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi boshlandi.

Tashqi ishlar vazirlari kengashi Islom hamkorlik tashkilotining eng muhim tuzilmalaridan biri bo‘lib, uning sessiyasi har yili a’zo mamlakatlardan birida o‘tkaziladi. 2015-yilda Al-Kuvayt shahrida bo‘lgan 42-sessiyada navbatdagi sessiyani Toshkent shahrida o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2016-yil 19-avgustdagi qaroriga muvofiq ushbu xalqaro anjumanga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Sessiya tadbirlari uchun barcha zarur sharoit yaratildi.

Sessiyada Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari, tashkilotning yordamchi va maxsus muassasalari rahbarlari, AQSh, Fransiya, Buyuk Britaniya, Shveytsariya, Italiyaning IHTdagi maxsus vakillari hamda BMT, YeXHT, Arab davlatlari ligasi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash kabi qator tuzilmalar vakillari ishtirok etmoqda.

Sessiyani Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining amaldagi raisi, Kuvayt Davlati Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri shayx Saboh Xolid al-Hamad as-Saboh kirish so‘zi bilan ochdi.

Qur’on tilovat qilindi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning vafoti munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga chuqur ta’ziya izhor etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev sessiyaning ochilish marosimida nutq so‘zladi.

Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Iyad Amin Madaniy Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov O‘zbekistonni rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqish maqsadida ulkan ishlarni amalga oshirganini, islom dini rivojiga munosib hissa qo‘shganini, bunday ezgu ishlar izchil davom ettirilayotganini alohida ta’kidladi. Sessiyaga yuksak darajada tayyorgarlik ko‘rilganini qayd etib, mamlakatimiz hukumatiga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Sessiya Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov taklif etgan “Ta’lim va ma’rifat – tinchlik va bunyodkorlik sari yo‘l” shiori ostida o‘tmoqda. Anjuman ishtirokchilari mazkur g‘oya Islom hamkorlik tashkilotining buzg‘unchi mafkuraga qarshi kurashish, aholi, ayniqsa, yosh avlodda muqaddas islom dini qadriyatlari haqida to‘g‘ri fikr shakllantirish, yuksak ma’naviyatli va bilimli yoshlarni tarbiyalash orqali farovonlikka erishish kabi ustuvor maqsadlariga mos ekanini ta’kidladi.

Buyuk ipak yo‘lining markazida joylashgan mamlakatimiz hududida qadim sivilizatsiyalar mujassamlashgan. Imom Buxoriy, Abu Mansur Moturidiy, Iso Termiziy, Hakim Termiziy, Mahmud Zamaxshariy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Muhammad Qaffol Shoshiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi bobolarimiz jahon ilm-fani, islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan.

Mustaqillik yillarida Islom Karimov rahnamoligida diniy qadriyatlarimiz tiklandi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun asosida vijdon erkinligi kafolatlandi. Diniy bilimlarni o‘rganish, diniy amallarni bajarish uchun keng erkinlik va sharoit yaratildi. Qur’oni karim va uning tafsirlari, Hadisi shariflar va boshqa muqaddas kitoblar o‘zbek tilida ko‘pming nusxada nashr etilmoqda. Ulug‘ ajdodlarimiz qadamjolari obod etildi, yubileylari xalqaro miqyosda nishonlandi.

Toshkent islom universiteti, Toshkent islom instituti va bir qator maxsus ta’lim maskanlari faoliyat yuritmoqda. Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro markazi olimlari buyuk allomalarimiz merosini tadqiq etib, xalqimiz va dunyo jamoatchiligiga yetkazmoqda.

Har yili o‘n bir mingdan ziyod yurtdoshimiz Haj va Umra ziyoratlariga borib kelmoqda.

O‘zbekiston ulkan ijtimoiy, ma’naviy va iqtisodiy salohiyati bilan Islom hamkorlik tashkilotida muhim o‘rin tutadi. Mamlakatimiz bu tashkilotga 1996-yilda a’zo bo‘lgan. Bugungi kunda o‘zaro hamkorlik keng ko‘lam kasb etgan.

Islom hamkorlik tashkiloti Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkentda o‘tgan Afg‘oniston mojarosini tinchlik yo‘li bilan hal qilishga qaratilgan “6+2” guruhi uchrashuvini, Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud barpo etilishini qo‘llab-quvvatlagan.

Tashkilotning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tuzilmasi – ISESCO tomonidan Toshkent shahri 2007-yilda Islom madaniyati poytaxti, deb e’lon qilingan.

IHT vakillari 2007 va 2015-yillarda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, 2009 va 2014-yillardagi parlament saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida qatnashgan. 2014-yil may oyida Samarqandda o‘tgan “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati”, o‘sha yili iyunda Toshkentda bo‘lgan “O‘zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zaxiralari” hamda oktabrda Urganchda o‘tgan “Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish” mavzularidagi xalqaro konferensiyalar va boshqa anjumanlarda ishtirok etgan.

O‘zbekiston 2003-yilda Islom hamkorlik tashkilotining ixtisoslashtirilgan tuzilmasi – Islom taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lgan. O‘tgan davrda mazkur bank bilan hamkorlikda sog‘liqni saqlash, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, ta’lim, qurilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohalarida o‘nlab loyihalar amalga oshirilgan.

O‘zbekiston Islom hamkorlik tashkilotiga musulmon davlatlarni birlashtiruvchi umume’tirof etilgan forum sifatida qaraydi, IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashidagi raisligini mamlakatimizning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasining e’tirofi, deb hisoblaydi. Shundan kelib chiqqan holda O‘zbekiston tashkilotning jahondagi rolini kengaytirish, tashkilot oldidagi muhim vazifalarni hal etishga har tomonlama ko‘mak berishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashi 43-sessiyasining yalpi majlisida Kot d’Ivuar Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdalla Mabri, Afg‘oniston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Salohuddin Rabboniy, Sudan Respublikasining Saudiya Arabistonidagi elchisi Ali Alsanosiy, O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Rustam Qosimov so‘zga chiqdi.

– O‘zbekiston dunyodagi baxtli mamlakatlar reytingida yuqori o‘rinlardan birida qayd etilganini yaxshi bilamiz, – deydi Birlashgan Arab Amirliklari davlat vaziri Maysa al-Shamsi. – Toshkentdagi bunyodkorlik va taraqqiyotni, odamlar yuzidagi mamnuniyatni ko‘rib, bunga ishonch hosil qildik. O‘zbekiston azaldan islom madaniyati va ilm-fan rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Sessiyada O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar, mamlakatingizning Tashqi ishlar vazirlari kengashiga raisligi ilm-fan, ta’lim va texnologiyalar sohasini yanada rivojlantirishga hissa qo‘shishi shubhasiz.

– O‘zbekiston yon qo‘shnimiz, yaqin qardoshimiz va ishonchli hamkorimiz, – dedi Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Yerlan Idrisov. – Bugungi kunda o‘zaro aloqalarimiz yanada faollashmoqda. Transport va tranzit, mashinasozlik, metalni qayta ishlash, bojxona, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda yangi istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda. Ulkan iqtisodiy salohiyatga ega bo‘lgan mamlakatlarimizning bunday keng ko‘lamli va samarali hamkorligi avvalo xalqlarimiz, qolaversa, butun mintaqamiz farovonligiga xizmat qiladi.

– O‘zbekistonga har gal kelganimda ulkan o‘zgarishlarning guvohi bo‘laman, – dedi Malayziya tashqi ishlar vaziri Anifa Aman. – Bu mamlakatingiz izchil rivojlanib borayotganining yorqin ifodasi. O‘zbekistonda yosh avlod tarbiyasiga qaratilayotgan alohida e’tibor natijasida ta’lim va fan sohalari yaxshi rivojlangan. O‘zbekiston Respublikasi Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashiga raisligida ushbu sohalarga ahamiyat qaratishi a’zo davlatlarda ta’lim tizimi rivojiga ijobiy ta’sir qiladi, deb o‘ylayman.

Tashqi ishlar vazirlari kengashining amaldagi raisi Kuvayt Davlati o‘z raislik vakolatini O‘zbekistonga topshirdi. O‘zbekiston Respublikasining tashqi ishlar vaziri mazkur organning 2017-yildagi navbatdagi sessiyasiga qadar Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashiga raislik qiladi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati