TIVK RAISI, O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI TASHQI ISHLAR VAZIRI ABDULAZIZ KAMILOVNING OAV VAKILLARI UCHUN YAKUNIY BRIFINGDAGI NUTQI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Bismillahir rohmanir rohiym,
Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari,
Endigina yakunlangan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashida IHTga a’zo va kuzatuvchi maqomiga ega davlatlarning tashqi siyosat idoralari rahbarlari va nufuzli delegatsiyalari, muhtaram Bosh kotib janob Iyad Amin Madani, Tashkilotimiz komissiyasi va turli tuzilmalarining rahbar va vakillari hamda turli mintaqaviy va xalqaro tashkilotlardan taklif qilingan mehmonlar ishtirok etdi.
Mamnuniyat bilan ma’lum qilamanki, a’zo davlatlar mustahkam birdamlikni, xalqaro kun tartibining aksariyat dolzarb masalalari yuzasidan qarashlar va pozitsiyalarning o‘xshash va muvofiqligini, murosaga kelish va eng muhimi, mavjud muammolarni samarali hal qilish hamda Tashkilotimizning jahondagi nufuzini mustahkamlashga ko‘maklashish uchun siyosiy xohish-irodani yana bir bor namoyish qildilar.
Ishimiz yakunlariga ko‘ra Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjat IHTning obro‘li va nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan bir qatorda o‘zining munosib o‘rniga egaligini ta’kidlaydi hamda musulmon ummati birligini ta’minlash, mustahkam tinchlik va xavfsizlikni o‘rnatish, a’zo davlatlarga barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish maqsadida tashkilot faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni faollashtirishga chaqiradi.
TIVK Falastin va Al-Quddus Ash-Sharifni, Falastin xalqining qonuniy va dahlsiz huquqlarini, Yaqin Sharqda tartib o‘rnatish bo‘yicha tinchlik tashabbuslarini hamda Falastin qochoqlari muammolarini adolatli va BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyutsiyalari va xalqaro huquq normalariga muvofiq hal qilinishini yana bir bor to‘liq qo‘llab-quvvatladi.
IHTga a’zo davlatlar Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi vaziyatni BMT Nizomidagi tamoyillar va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga muvofiq ravishda inqirozlarni siyosiy yo‘l bilan tartibga solish orqali zudlik bilan barqarorlashtirish zarurligi to‘g‘risida yagona fikrga egadirlar.
Afg‘onistondagi vaziyatga xalqaro hamjamiyat e’tiborini jalb etgan holda Afg‘oniston muammosiga harbiy yechim yo‘qligi yana bir bor ta’kidlandi. Afg‘onistondagi ichki ziddiyatlarni hal qilish butun xalqni yarashtirish jarayonlarini olg‘a surish orqali hamda afg‘onlar rahbarligida va afg‘onlar tomonidan amalga oshirilishi kerak deb hisoblaymiz.
Tashkilotga a’zo mamlakatlar terrorizm va ekstremizmning barcha ko‘rinishlariga, narkotik moddalarning noqununiy ishlab chiqarilishi va aylanishiga, noqonuniy qurol savdosi, ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatish va yetkazish vositalariga qarshi kurashishning ustuvorligi ta’kidlandi. Qayd etilganidek, mazkur xavfli muammolarni yengish va bartaraf etish hamjihatlikda kurashish hamda ularning paydo bo‘lish alomatlari va ildizlarini yo‘q qilish uchun choralar ishlab chiqish orqali amalga oshiriladi.
43-sessiyaning barcha ishtirokchilari terrorizm mafkurasi, zo‘ranvonlikka asoslangan ekstremizm va diniy fanatizmga qarshi kurashishning zarur vositasi sifatida muqaddas Islom dini haqidagi bilimlarni ommalashtirish zarurligini qayd etdilar.
O‘zbekistonning IHT TIVKdagi rasiligi “Ta’lim va ma’rifat – tinchlik va bunyodkorlik yo‘li” shiori ostida o‘tishini hisobga olib, Islom olamining mashxur olim va mutafakkirlarining ilmiy merosini chuqur anglash, inson kapitaliga kiritilayotgan investitsiya va mablag‘lar miqdori o‘sishini ta’minlash, ta’lim tizimini rivojlantirish va takomillashtirish, yosh avlodni umuminsoniy va islomiy qadriyatlarni hurmat qilish hamda zamonaviy fan cho‘qqilarini zabt etishga intilish ruhida tarbiyalash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
IHT oliy ta’lim sohasida, jumladan Ta’lim almashinuv dasturi doirasida dastur va tadbirlarni davom ettirish va yanada kengaytirish, oliy ta’lim muassalari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarni jadallashtirish hamda professional tayyorgarlik uchun stipendiya va dasturlarini ta’sis etishga tayyordir.
Shu nuqtayi nazardan yangi qabul qilingan “O‘n yillik harakat dasturi: IHT – 2025”ga yuqori baho berildi. Ushbu hujjatni hayotga tadbiq etilishi XXI asrda musulmon davlatlarida savdo va investitsiya, yuqori texnologiyalarga o‘tish, xususiy sektor, sanoatlashtirish, ilmiy soha va ta’limni rivojlantirishga ko‘mak beradi.
Iqtisodiy o‘sishning sekinlashuvi masalalarini hal etish yuzasidan tajriba almashish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli uzoq muddatga mo‘ljallangan loyihalarni amalga oshirish va infratuzilmani rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Qayta tiklanadigan energiya manbaalaridan foydalanishning milliy dasturlarini amalga oshirish va innovatsion iqtisodiyot barpo qilish bo‘yicha IHTga a’zo davlatlarning sa’y-harakatlari bir ovozdan ma’qullandi.
Kengash sog‘liqni saqlash sohasining yuqori yashash darajasini ta’minlashda va umuman jamiyat farovonligida asosiy ahamiyatga egaligini ta’kidladi hamda “2014-2023-yillarga mo‘ljallangan sog‘liqni saqlash sohasida IHTning strategik harakat dasturi”n” samarali va to‘liq amalga oshirishga da’vat qildi.
Sessiya davomida IHTning mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar, ayniqsa BMT va uning institutlari bilan hamkorlik va munosabatlarini yanada chuqurlashtirish borasida Bosh kotibning sa’y-harakatlari to‘liq ma’qullandi.
O‘zbekiston Islom hamkorlik tashkilotining barcha ustuvor yo‘nalishlarini ma’qullaydi va o‘zining TIVKdagi raislik davrida belgilangan rejalarni amalga oshirish uchun harakat qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Sessiya doirasida “Yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish va bunyodkorlik salohiyatini rag‘batlantirish” mavzusida maxsus yig‘ilish o‘tkazildi. Unda a’zo davlatlarning yoshlar siyosati va mazkur sohadagi hamkorlik istiqbollari masalalari yuzasidan batafsil va samarali fikr almashildi.
O‘zimga berilgan ushbu fursatdan foydalanib IHT TIVK raisi sifatida Bosh kotib janobi oliylari muhtaram Iyad Amin Madaniga musulmon ummatining manfaatlarini ilgari surish hamda siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar sohalarda qo‘yilgan maqsadlarga erishishda IHTga a’zo davlatlar sa’y-harakatlarini birlashtirishdagi roli uchun o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.
Shuningdek Ikki kunlik ishimiz davomida 118 ta rezolyutsiya ham qabul qilindi. Ushbu hujjatlar matni bilan keyinroq IHT saytida hamda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi saytining “O‘zbekistonning IHT TIVKda raisligi” nomli sahifasida tanishishingiz mumkin.
IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashi Kot-d’Ivuar Respublikasi taklifini qabul qildi va IHT TIVKning 44-sessiyasini 2017-yilda Yamusukro shahrida o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
So‘zim so‘ngida, hurmatli OAV vakillari, ushbu uchrashuvda ishtirok etganingiz uchun sizlarga minnatdorchilik bildirishga ijozat bergaysiz.
E’tiboriningiz uchun rahmat!
Mamnuniyat bilan so‘zni janob Bosh kotibga beraman.