TO‘G‘RI OVQATLANISH VA SALOMATLIK
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida inson salomatligini asrash, oilalarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilayotgan doimiy e’tibor xalqimizning uzoq umr ko‘rish ko‘rsatkichini oshirishda muhim omil bo‘layotir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 25-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisining sog‘lom ovqatlanishi sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni izchil davom ettirishda muhim dasturilamal vazifasini o‘tamoqda.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining ovqatlanish gigiyenasi bo‘yicha bosh mutaxassisi, tibbiyot fanlari doktori, professor Anatoliy Xudoyberganov bilan O‘zA muxbirining suhbati to‘g‘ri ovqatlanishning inson salomatligida tutgan o‘rni, bu boradagi milliy qadriyatlar va zamonaviy tamoyillar, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida bo‘ldi.
– To‘g‘ri ovqatlanish uzoq umr kechirishning muhim omilidir. Buyuk ajdodlarimiz bu xususda ko‘plab qimmatli ma’lumotlar qoldirgan. Tib ilmining sultoni Abu Ali ibn Sino ta’limotida bu masalaga alohida e’tibor qaratilgan. Ulug‘ allomaning asarlarida qayd etilishicha, tansihatlikning asosiy tadbiri parhezdir.
Bugungi kunda buyuk ajdodimiz o‘gitlarining ahamiyati tobora ortib borayotir. Kam harakat, me’yoridan ortiq taom iste’mol qilish, pala-partish ovqatlanish ko‘plab tibbiy-ijtimoiy muammolarga sabab bo‘layotir. Buning oldini olish tibbiy-profilaktika xizmatini yanada rivojlantirish, ilm-fan izlanishlarini takomillashtirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini yanada kengaytirishni taqozo etmoqda.
Mamlakatimizda ushbu sohadagi vazifalarni hayotga tatbiq etishning mustahkam tashkiliy-huquqiy mexanizmi yaratilgan. Sog‘liqni saqlash tizimining moddiy-texnik bazasi takomillashayotgani diagnostika va davolash ishlari sifatini oshirish, tibbiy-profilaktika xizmatini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda. Oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, atrof-muhit musaffoligini saqlash, xalqimizni yurtimizda yetishtirilgan ekologik sof, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotir.
– Ratsional ovqatlanish bilan bog‘liq milliy qadriyatlarimiz va zamonaviy tamoyillar haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
– O‘zbek oilasida barchaning dasturxon atrofida jamuljam bo‘lib ovqatlanishi bebaho qadriyat darajasiga ko‘tarilgan. Taomga avvalo yoshi ulug‘ insonlar qo‘l uzatadi. Bu jarayonda yoshlarimiz kattalardan me’yorida taom iste’mol qilish, nafsni tiyish bilan bog‘liq ma’naviy va tibbiy tarbiya oladi. Oilalarda taom tayyorlashda xonadon bekalari nuroniylarning tajribasini o‘rganish, toza-ozodalikni saqlash, ovqatni me’yorida pishirish, har kuni xilma-xil ovqatlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratadi.
Bugungi tibbiyotda bu boradagi milliy qadriyatlarimiz alohida e’tiborga olingani quvonarlidir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan qabul qilingan sog‘lom ovqatlanishning o‘n ikki tamoyili ichida ushbu jihatlar o‘z ifodasini topgan. Oziq-ovqatlar xilma-xilligi, ovqatlanishda me’yorni saqlash kabi jihatlar dunyoda keng targ‘ib etilmoqda.
Yog‘ va tuzni kam iste’mol qilish tavsiya etiladi. Choyni iloji boricha taom bilan birga iste’mol qilmaslik lozim. Ovqatdan bir-ikki soat keyin choy ichish sog‘liq uchun foydalidir. Bunday tamoyillar aholi orasida keng targ‘ib etilmoqda. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli salomatlik va tibbiy statistika instituti, tegishli ilmiy-tadqiqot va tibbiyot oliy o‘quv yurtlari mutaxassislari bilan hamkorlikda maxsus bukletlar chop etilib, aholi orasida tarqatilmoqda.
– Insonning kundalik ovqatlanish ratsionida meva-sabzavotlarning ulushi qanchani tashkil etishi kerak?
– Ba’zi oilalarda to‘g‘ri ovqatlanish tushunchasini yuqori kaloriyali taomlarni to‘yib yeyish, deb tushuniladi. Bu zararli odat ko‘plab xastaliklarga zamin bo‘ladi. Holbuki, meva-sabzavot inson organizmi uchun juda foydali. Ovqatlanish ratsionida bunga ahamiyat beradiganlar o‘z salomatligi haqida qayg‘urgan bo‘ladi.
Ayniqsa, bolalarning ovqatlanish tarziga alohida e’tibor qaratish darkor. Ota-onalar farzandlariga bu borada ibrat bo‘lishi kerak. Ovqat bilan birga pomidor, bodring, qizil lavlagi, ko‘katlar va boshqa tabiat ne’matlari asosida tayyorlangan salatlar, meva-sabzavotlar iste’mol qilish tavsiya etiladi. Maktabgacha tarbiya muassasalari va maktablarda ham ovqatlanish masalasiga alohida e’tibor qaratish, to‘g‘ri ovqatlantirish bilan birga bu boradagi milliy qadriyatlar va zamonaviy tibbiyot tamoyillarini yoshlar ongiga singdirish muhim vazifadir.
Aytish joizki, jannatmonand yurtimizda to‘g‘ri ovqatlanish uchun barcha sharoit muhayyo. Ona zaminimizda yilning to‘rt faslida ham yuzlab xil tabiat noz-ne’matlari yetishtiriladi. Hatto qish faslida ham bozorlarimizdan sarxil meva-sabzavotlar, ko‘katlar uzilmaydi.
O‘zbek pazandachiligi taomlarga boyligi va xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Sumalak, ko‘k somsa, ko‘k chuchvara, yalpizli moshxo‘rda, palov, kabob, karam va qalampir do‘lma, ayron, go‘ja osh, sabzavotli dimlamalar, qovurilgan baliq, behili palov, qovoq somsa, sarxil mevalardan tayyorlangan ovqatlar dasturxonimizga fayz bag‘ishlaydi. Bizning vazifamiz ulardan yoshimiz, kasbimiz, yil fasllari, sog‘lig‘imiz holatidan kelib chiqib oqilona tanovvul qilishdir.
Mamlakatimizda sog‘lom ovqatlanish sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar jarayonida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yuqorida qayd etilgan qarori asosida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasi bo‘yicha bu yo‘nalishda keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotir. Bu jarayonda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda yuqori sifat va samaradorlikka erishish, ular sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish, xalqimizni yurtimizda yetishtirilgan ekologik sof, to‘yimli, sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilangan.
To‘g‘ri ovqatlanish va u tufayli salomatlikka e’tibor berish har bir insonning tibbiy madaniyatiga ham bog‘liq. Aholi orasida sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanishni targ‘ib etishni yanada kuchaytirish lozim. Shu maqsadda diyetolog mutaxassislar tayyorlash, shifokorlarning malaka va mahoratini yuksaltirish, diyetologiya yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv-uslubiy dasturlar va qo‘llanmalarni zamon talabidan kelib chiqib yangilash va takomillashtirish yuzasidan ko‘plab ishlar olib borilmoqda.
Bu kabi chora-tadbirlar inson manfaatlariga yo‘naltirilgan islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarish, inson umrini uzaytirish, sog‘lom va barkamol avlodni kamolga yetkazish kabi ezgu ishlarga xizmat qilmoqda.
O‘zA