TURKIYA BUYUK MILLAT MAJLISI SPIKERI: “TOLEI BALAND O’ZBEK XALQI JUDA HAM BAXTLIDIR”
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Xabar qilinganidek, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasiga buyurgan davlat tashrifi chog’ida mamlakatimiz rahbari Turkiya Buyuk millat majlisida ham bo’lib, Turkiya Respublikasining oliy qonun chiqaruvchi organi - Buyuk millat majlisida Spiker Ismoil Qahramon bilan uchrashdi.
Mazkur uchrashuv nihoyasiga yetganidan so’ng Turkiya parlamenti raisi “Jahon” axborot agentligining Anqaradagi muxbirining savollariga bajonudil javob berdi. Quyida mazkur suhbatning matni e’tiboringizga havola etiladi.
— O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga buyurgan davlat tashrifi ikki qardosh mamlakat va xalqlar o’rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishdagi o’rni haqidagi fikrlaringizni bilishni istar edik...
— Bizlarning ildizlarimiz bir, qadim zamonlardan tariximiz, e’tiqodimiz, imonimiz bir.
O’zbekiston o’z mintaqasida va dunyoda kuchli davlat hisoblanadi. Respublikangiz jahonda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasida muhim ahamiyatga ega bo’lgan mamlakatdir. Shunday bir davlatning muhtaram Prezidenti bizning mamlakatga tashrif buyurganlaridan behad mamnunmiz. Bu tashrif biz uchun uzoq kutilgan tarixiy bir voqyea bo’ldi.
Ishonchim komilki, Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari siymosida butun O’zbekiston biz bilan o’zaro aloqalarini mustahkamlaydi, do’stligimiz chuqurlashadi. Bu esa, o’z navbatida, nafaqat ikki xalqning, balki mintaqalarimizda, qolaversa, dunyoda tinchlik va barqarorlik ta’minlanishida katta ahamiyat kasb etadi.
— Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan bo’lgan uchrashuv chog’ida O’zbekiston islom madaniyatining markazi ekanligini e’tirof etdingiz. Bu fikringizni kengroq ifodalash uchun yana qanday jihatlarni tilga olgan bo’lar edingiz?
— O’zbekiston haqiqatan ham Islom dunyosining madaniyat markazidir. Dinimizning muqaddas shaharlari sifatida ko’pchilik Makka va Madinani biladi. Ulardan boshqa qutlug’ shaharlar ham mavjud, albatta. Ana shunday muhim shaharlar sirasida Buxoroni, Samarqand, Quddus va Istanbulni qayd etish joizdir. Biroq Buxoroning o’rni boshqacha. Chunki bu shahar ilmu urfon markazi, ma’rifat o’chog’idir, tevarak-atrofni yoritgan, nurga to’ldirgan, ilm-fanning taraqqiy topishiga beqiyos hissa qo’shgan bir ziyo maskani, insoniyatga xizmatlari singgan buyuk olimlarni yetishtirgan ulug’ shahardir. Yer yuziga ziyo taratgan bu shahar, shubhasiz, muborak maskan hisoblanadi. Buxoroday zaminda yashash katta bir saodat.
Asosiy bilimlar G’arbga Sharqdan borgan, Sharqning tamaddun beshigi esa Buxoro va Samarqandda yaratilgan. Bunday shaharlarga ega bo’lgan, yuksak manaviyatli mutafakkirlarning avlodi, tolei baland o’zbek xalqi juda ham baxtlidir.
Ko’plab turkiyaliklar ushbu muqaddas qadamjolar, maqbara va madrasalar ziyoratiga borishni orzu qilishadi. O’tmishdagi tazyiqlarga qaramasdan, Islom dini O’zbekistonda saqlanib qoldi va rivojlandi.
Bugungi kunda dunyoda noto’g’ri, buzg’unchi bir tushunchani yaratishga, islomofobiya, ya’ni islomdan qo’rqish hissini odamlar ongiga singdirishga qaratilgan urinish kuzatilmoqda. Aslida, terrorning dini yo’q, millati yo’q. Terrorchilik insoniyatga qarshi jinoyatdir.
Terrorchilikni Buxoro va Samarqandda yashab o’tgan buyuk mutafakkirlarning ma’naviy merosi bilan yengish mumkin.
Buxoro madrasalari ko’plab ulamolarni yetishtirgan, ular dunyoning to’rt tomoniga ilmu urfonni tarqatganlar. Biz ulug’ allomalar yodini har doim minnatdorlik bilan xotirlaymiz. Olloh o’tgan ajdodlarimizni o’z rahmatiga olsin, ularning xotirasini abadiylashtirishga sharoit yaratayotgan davlat rahbarlariga muvafaqqiyatlar tilaymiz.
— O’zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakat uchun juda muhim bo’lgan islohotlar hayotga tadbiq etilmoqda. Tajribali siyosatchi sifatida bu islohotlarni qanday baholaysiz?
— O’zbekistonning ichki va tashqi siyosatida ko’plab ijobiy o’zgarishlar yuz berayotganini kuzatmoqdamiz. Ayniqsa, qo’shni davlatlar bilan munosabatlardagi ijobiy siljish juda muhim jarayondir. O’zbekiston o’z aholisining soni, ilm-fan va taraqqiyotining yuksak darajasi, shuningdek, barqaror rivojlanishdagi o’rni nuqtai nazaridan mintaqadagi muhim davlat hisoblanadi. Muhtaram Prezidentning sa’y-harakatlari, shubhasiz, ijobiy natijalarini beradi. Xulosa tariqasida shuni ta’kidlashni istardim: Prezidentlarimiz Rejep Erdo’g’on va Shavkat Mirziyoyev kabi ikki yetakchining bir-biriga qo’l berishlari o’ta muhim tarixiy voqyeadir. Bu har ikki davlat o’rtasidagi munosabatlarning rivojlanishida hal qiluvchi omil sifatida beqiyos ahamiyatga ega.
“Jahon” AA, Anqara