Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

Ustozlarga ehtirom ko‘rsatish, ularni yod etish – muqaddas burch

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
Ustozlarga ehtirom ko‘rsatish, ularni yod etish – muqaddas burch

1 oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni

(akademik Hoji-Akbar Rahmonqulov xotirasiga)

Ustoz hayot tushunchasi paydo bo‘lganidan buyon yashab kelayotgan siymo. Shu bois, azal-azaldan ustoz-murabbiylarga bo‘lgan ishonch, hurmat-izzat o‘zgacha. Ustoz deganda, har qaysi inson ko‘nglida chuqur hurmat-ehtirom va cheksiz minnatdorlik tuyg‘ulari, shu bilan birga, hech qanday boylik bilan o‘lchab va ado qilib bo‘lmaydigan qarzdorlik hissi paydo bo‘ladi. Inson, avvalo, unga bilim va ma’rifat dunyosi sari yo‘l ochib bergan, uning qalbiga yuksak insoniy fazilatlar hissini singdirish yo‘lida zahmat chekkan ustoz va murabbiylariga nisbatan ko‘nglida hamisha minnatdorlik tuyg‘usi bilan yashaydi.

Ustoz Hoji-Akbar Rahmonqulov. U kishini milliy sivilistika fanlarining chinoriga mengzashadi. Bu o‘xshatishda ustoz nomi va undan qolgan yuridik adabiyotlarning umrboqiyligiga ishora bordek. Aslida,
bu e’tirofda shu yam-yashil chinor soyasida qad rostlagan, u kishining mehru muruvvatidan bahramand bo‘lganlarning ehtiromi ham mujassam.

«Fuqarolik huquqi fuqarolik jamiyatining tashkil topishi va rivojlanishi uchun muhim huquqiy vositadir. Fuqarolik jamiyatining shakllanishida fuqarolik huquqi zimmasiga eng yuksak vazifa yuklatiladi. Fuqarolik huquqining ta’sirchan kuchi shundan iboratki, shaxsning hayotda yuqori maqomga ega ekanligini yuridik jihatdan mustahkamlaydi, mulkning daxlsizligini va uning asosida vujudga keladigan munosabatlarning erkinligini ta’minlaydi. ...», – deydi ustoz olim asarlaridan birida.

Hoji-Akbar Rahmonqulovich o‘zining serqirra faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan keng jamoatchilikda o‘chmas va yorqin iz qoldirdi. U kishi mamlakatimizda yuridik fan va amaliyot rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, katta hurmat va obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan atoqli olim sifatida tanilgan edi.

Ustoz olimning hayotga kelib orttirgan dunyosi nimada edi? Ijodi, tayyorlagan shogirdlari, asarlarimi? Darhaqiqat, milliy sivilistika fanlarida munosib o‘rin olgan «O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining birinchi qismiga umumiy tavsif va sharhlar», «O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining ikkinchi qismiga sharhlar», «Mulk huquqi», «Xususiy mulk va uning daxlsizligi», «Majburiyat huquqi», «Fuqarolik huquqining sub’ektlari», «Fuqarolik huquqi ob’ektlari», «Oldi-sotdi shartnomasi», «Fuqarolik huquqi muammolari», «Xalqaro xususiy huquqning dolzarb muammolari va rivojlanish istiqbollari», «Insonparvar davlat Konstitutsiyasi» singari 400 ga yaqin monografiya, darslik, ilmiy maqolalar, o‘quv qo‘llanmalar, fuqarolik qonun hujjatlariga sharhlar yuridik fanlarni ilmiy-nazariy jihatdan yanada boyitishda, sohaga oid milliy qonunchilikni takomillashtirishda, «Fuqarolik huquqi» hamda «Tadbirkorlik huquqi» fanlari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini mazmunan yuqori saviyada tashkil etishda muhim manba bo‘lib kelayotir.

Hoji-Akbar Rahmonqulovich haqida so‘z aytganlar ko‘p. Aytmoqchi bo‘lganlar esa undan-da ko‘p. Ustozning do‘stlari va shogirdlari qalbidagi yorug‘ xotiralar – o‘zi alohida olam. Ular qog‘ozga tushsa, ibrat va o‘rnak ko‘zgusiga aylanishi tayin. Ulug‘ ustozga shogird bo‘lish baxti menga ham nasib etgan edi.

Ustozning sadoqatli shogirdlaridan, taniqli olimlardan biri, professor Omonboy Oqyulov «Ziyoli inson, ustoz qanday bo‘lishi kerak?» degan savolga bir og‘iz so‘z bilan: «Hoji-Akbar Rahmonqulovichday bo‘lishi kerak, deb javob bergan bo‘lardim», degan gapi barcha shogirdlarning nomidan aytilganidek.

Hoji-Akbar Rahmonqulovichning tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlarida birinchi bo‘lib Toshkent shahrida yuridik fanlar bo‘yicha doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarini yoqlash bo‘yicha Ixtisoslashgan kengash tashkil etildi, nafaqat O‘zbekiston, balki boshqa qo‘shni mamlakatlar uchun ham yuqori malakali huquqshunos olimlarni tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. U kishi Konstitutsiyaviy komissiyaning a’zosi sifatida mustaqil O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi loyihasining «Jamiyat va shaxs» deb nomlangan bo‘limini tayyorlovchi ishchi guruhiga rahbarlik qildi. Fuqarolik va Oila kodekslari loyihalarini ishlab chiqishda bosh-qosh bo‘ldi.

1995-1996 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida tahsil olish jarayonida ustoz biz yoshlarga «Fuqarolik huquqi» fanidan o‘tgan ma’ruza mashg‘ulotlari tinglovchilarning qiziqishlariga sabab bo‘lgan. 1998 yilda u kishining Akademiya professori lavozimida ishlash davrida menga ilk marotaba ustoz bilan yaqindan suhbatlashish jarayonida kelajakda ilm yo‘lini tanlash, nomzodlik dissertatsiyasi ustida ilmiy izlanishlarni amalga oshirish zarurligi haqida bildirgan qimmatli fikr-mulohazalari o‘qish davridan keyingi hayotimni ushbu yo‘nalishda davom ettirishga «tamal toshi» bo‘lib xizmat qildi.

Keyinchalik Akademiyaning kunduzgi bo‘lim ad’yunkturasida o‘qigan davrimda akademik Hoji-Akbar Rahmonqulovich rahbarligida nomzodlik dissertatsiyasini, mehnat faoliyatim davrida esa doktorlik ishini tayyorlash hamda ularni muvaffaqiyatli himoya qilish baxtiga musharraf bo‘ldim.

U kishining xonadoniga borganimizda monografiya yoki darslikni yozish ustida ishlab o‘tirishlarining, ushbu holatning gohida ertalabgacha davom etishining guvohi bo‘lganmiz. Ustoz halolligi, mehnatsevarligi, fan yo‘lidagi tinmay izlanishlari, yoshlarga nisbatan xayrixohlik, mehribonligi, har qadamda qo‘llashga urinishlari singari olim va insonga xos ajoyib fazilatlari bilan ajralib turar, u kishining bu xislatlari shogirdlariga o‘rnak va yorqin namuna bo‘ldi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

Suhbat jarayonida ustoz o‘tmishda ilmga berilgan e’tibor, mashaqqatli kunlar, Ulug‘ Vatan urushi davridagi boshidan o‘tkazgan kechinmalari, sivilistika fanlarining dolzarb muammolari va ularni hal etish istiqbollari haqida so‘zlab berar, ilmiy ishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlarni erinmasdan tushuntirib berar edi. Bayramlarda, tug‘ilgan kunlarida do‘stlari, shogirdlari, yaqinlari, hamkasblari ustozning xotiralarini maroq bilan tinglardilar, hazil-mutoyibalari ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlar edi.

U kishi bilan o‘tkazgan har bir suhbat kishining ruhiyatini ko‘tarishga xizmat qilar edi. Shaxsan menda ilmiy ishdan tashqari, oilamdagi turmush sharoitimga, qiyinchiliklarga e’tibor qaratishlari, farzandlarimning ta’lim-tarbiyasida, mehnat faoliyatimdagi duch kelayotgan masalalar bilan yaqindan qiziqishlari, o‘z maslahatlarini berishlari, hatto yosh oila bo‘lgan paytda shaxsiy muammolarni hal etishga ko‘rsatgan amaliy ko‘maklari yorqin xotira bo‘lib qolgan.

Xalqimizda «Ustoz otangdek ulug‘», degan yaxshi ibora bor. Darhaqiqat, ota insonning dunyoga kelishiga sababchi bo‘lsa, ustoz unga hayotda yashashni ta’lim beradi.

Ustoz bilan birgalikda monografiyalar yozish baxtiga muyassar bo‘ldim. Dissertatsiya ishim bo‘yicha nuqtai-nazarlari, xususan Fuqarolik kodeksi bilan Tadbirkorlik kodeksining o‘zaro nisbati haqida bildirgan fikrlari kelgusidagi ilmiy izlanishlarimda, shogirdlarimning nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari bo‘yicha mo‘ljalni to‘g‘ri olishda bugungi kunda ham muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda, bir so‘z bilan aytganda, ijtimoiy hayotda shaxs sifatida voyaga yetishimda, munosib o‘rin egallashimda ustozning o‘gitlari poydevor vazifasini o‘tadi va bugungi kunda ham o‘tib kelmoqda. Bu borada buyuk mutafakkir Yusuf Xos Hojibning quyidagi fikrlarini eslash ham ayni muddaodir.

Bilimni buyuk, o‘quvni ulug‘ bil,

Bu ikkisi tanlangan bandasini ulug‘laydi.

Zakovat qaerda bo‘lsa, ulug‘lik bo‘ladi,

Bilim kimda bo‘lsa buyuklik oladi.

Dunyo hamisha ezgu niyatli odamlar, buyuk ishlarga qodir salohiyatli insonlarning va atoqli olimlarning borligi va fidoyiligi bilan barqarordir. Hadislarda aytilganidek, kasbning eng yaxshisi kishining o‘z qo‘li bilan bajarilgan ishi va halol savodidir.

Hoji-Akbar Rahmonqulovich ana shunday mutafakkir donishmand olimlardan edi. Ustoz umrining oxirigacha o‘ylashdan, xolis fikrlashdan, odamlarga yaxshilik qilishdan to‘xtamagan kishi, yoshlarga madadkor bo‘lgan, sabr-matonatli, hayot yo‘li barchaga o‘rnak bo‘lgan, mamlakatimiz ilm-faniga, milliy qonunchiligi rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk insonlardan edi, bunday kishilar esa hayotda «ustoz» so‘ziga qaraganda keng ma’noga ega bo‘lgan «ustod» degan nomga ham sazovordir. Buyuk o‘zbek shoiri, mutafakkir, davlat arbobi Alisher Navoiy ta’kidlaganidek, «Kishikim qilsa olimlarga ta’zim, andoqki qilur payg‘ambarga ta’zim».

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Hoji-Akbar Rahmonqulovich o‘z shogirdlarini ilmiy jamoatchilikka tanishtirishda, safiga qo‘shishda hamda ilm-fan taraqqiyotining faol ishtirokchisi bo‘lishlarida, ular o‘rtasida birdamlikni hosil qilishda, shu bilan birga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda bevosita hissa qo‘shishlarini ta’minlashda bosh-qosh bo‘lgan, o‘zining milliy sivilistika fanlari maktabini yaratgan zabardast olimlardan biridir. Mehribon ustoz yaratgan ilmiy ta’limot va ilgari surgan ilg‘or g‘oyalari bugungi kunda ko‘plab shogirdlari tomonidan davom ettirilmoqda.

Bugungi kunda respublikamizda yuridik fanlarning, xususan fuqarolik huquqi, tadbirkorlik huquqi, xalqaro xususiy huquq, oila huquqi kabi fanlarning ravnaq topayotganligi va bu sohalarda nafaqat amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlarda, balki milliy qonunchilikning rivojida hamda huquqni qo‘llash va sud amaliyotini takomillashtirishda Hoji-Akbar Rahmonqulovichning o‘z vaqtida amalga oshirgan ilmiy-tashkiliy sa’y-harakatlarning natijasida, yaratgan maktabining samarasida ko‘rish mumkin.

Jahonda bo‘lmasa muallim agar,

Hayot ham bo‘lmasdi go‘zal bu qadar.

Ustozni eslaganda ko‘z o‘ngimizda yuksak fazilatlar egasi, ziyoli, bilimi va mehri oqar chashmadek to‘lib-toshgan inson gavdalanadi. Umrlarining oxirigacha u kishining ilmga sadoqat, ijodiy shijoat, izchillikning susaymagani, yosh avlodni tarbiyalash, ham nazariy, ham amaliy jihatdan o‘rgatishlari, har qanday kishining shaxsiy hayotida, mehnat faoliyatida, ilm yo‘lida bergan nasihatlari va qo‘llab-quvvatlashlari ko‘pchilikning qalbida, u kishining tanigan, bilganlarning qalbida butun umr saqlanib qolishi, yuksak ibrat namunasi bo‘lishi shubhasizdir.

Nuriddin NORMATOV,

yuridik fanlari doktori, professor.

O‘zA