VAFO VA SADOQAT TARANNUMI
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Istiqlol barcha sohalar qatori milliy adabiyotimiz, muazzam she’riyatimiz rivojida ham yangi bir yuksalishni boshlab berdi.
Buni nafaqat ijod ahli, balki adabiyot muxlislari ham yurak-yurakdan his etadi. O’zbekiston xalq shoiri Zulfiyaning ijodiy taqdiri buning yorqin misolidir. Vatan va millat, mehr va muhabbat tuyg’ularini o’ziga xos badiiy uslubda, baland pardalarda kuylagan shoira Prezidentimiz Islom Karimov ta’biri bilan aytganda, ma’naviy jasorat timsoliga, vafo va sadoqat ramziga aylandi.
Shoira ijodining mavzu ko’lami anchayin keng, obraz va timsollar olami behad boy. Uning merosi, tahlili, ayniqsa, tong timsoliga ayricha mehr qo’yganini, orzu-umidlari va nafis tuyg’ularini, iztiroblari hamda armonlarini ushbu timsol zamiriga mahorat bilan joylay bilganini ko’rsatadi. “Muhabbat tongi kulganda”, “Biz tongni sevgan-chun”, “Sahar men bilan...”, “Mening tongim”, “Tongda so’z qudug’in tubiga cho’kib...”, “Tong”, “O, ertam, eng go’zal afsonam”... Sarlavhalarning o’ziyoq shoiraning tongni qanchalar qadrlagani isbоtidir. Uningcha, tong — tiniqlik va yorug’lik ramzi. Bu tiniqlik nainki olamga, ko’ngillarga ham safo baxsh etadi.
Biz tongni sevgan-chun, sof ko’kimizga
Ufqdan o’tolmas zulmat dudlari —
deya obrazli fikr yuritadi shoira.
She’rlarida izhor etilganidek, tun o’tib, chorbog’dan sahargi tuman ko’tarilar ekan, shoira chiroq so’ndirib, otayotgan tongni kutdi. Yorqin tongga yetishar ekan, tundan omon chiqqan jonini nur siylaganidan quvondi. Shomning ustidan yal-yal kulgan har sahar unga xalqining yuragiga safar qilmoq imkonini berdi.
Ijodkorning mahorati shundaki, boshqalar ham bir xil kuzatish imkoniga ega bo’lgan hodisada u o’zgalarning xayoliga kelmaydigan qonuniyatlarni payqay oladi. O’zi his etgan tuyg’uni o’zgalarning shuuriga kelishi qiyin bo’lgan ohorli shaklda ifodalay biladi. Tabiat va jamiyat tongidagi ajib mutanosiblikni tajassum etgan mana bu misralar ushbu fikrni tasdiqlaydi:
Mening tongim qalbimda otar,
O’ydan, ko’zdan haydab uyquni.
O’ydan, ko’zdan zulmatning haydalishi, qalblarda tong otishi — barcha mutafakkirlar shuni orzu qilib kelmaganmi?! Qalbida tong otgan odam — mudroq fikrlardan, g’aflat uyqusidan xalos bo’lgan, olamga ko’ngil ko’zi bilan qaray oladigan, faqat zohirni emas, mohiyatni ham anglashga qurbi yetadigan odam. Bunday kishilarning ko’payishi — jamiyatning baxti. Ana shunday teran haqiqatlarni mujassam etgani jihatidan ham yuqoridagi she’r alohida e’tiborga molik.
O’tayotgan vaqtni, umrni qadrlash to’g’risida juda ko’p asarlar bitilgan. Bu haqda yozmagan shoiru adibni topish amrimahol. Ana shu ko’hna mavzuda qalam tebratar ekan, Zulfiyaxonim tamomila yangicha yo’ldan boradi. O’zigacha bo’lgan birorta ham ijodkorni takrorlamaydi, mavzuga o’zgacha rakursda yondashadi, o’zgacha miqyosda fikr yuritadi:
Tundan yulgan tongim:
Goh bir she’r,
Goh o’qilgan bir kitob bo’lur,
Goh umrning o’tgan behosil
Sahfasiga bo’m-bo’sh bob bo’lur.
Tundan yulingan tong... bir she’r yoxud bir kitob mutolaasiga bag’ishlanishi — vaqtning isrof qilinmaganidan dalolat. Agar tong umrning behosil o’tgan sahifasiga bo’m-bo’sh bob bo’lsa-chi? Bundan Yaratganning o’zi asrasin. Shoira ana shunday teran, ta’sirchan, ohorli fikrlarni she’rga soladi. O’quvchining ruhida, qalbida, shuurida ogohlik hissini uyg’otadi.
Tongning ziddi — tun. Bir she’rida shoira tunni sevmay qo’yganini aytadi. Chunki u bir sirni tuygan: har tun umridan bir kunni uzib ketadi. Modomiki, hushyor tortmasa, toma-toma ko’l bo’lgani singari umrni butkul mahv etishi hyech gap emas. Uning tongni sevishi sababi shunda.
Darhaqiqat, beshafqat vaqt sinovidan o’tib, xalqimizning qalb mulkiga aylangan Zulfiyaxonim asarlarini mutolaa qilar ekan, o’quvchi o’zini bamisoli nurafshon tong qarshisida turgandek his etadi. Ko’ngillar uning nafis sehridan, go’zal latofatidan o’zgacha fayz tuyg’usini tuyadi. Bu tong barcha elparvar ijodkorlar singari Zulfiyaxonim ham intiqib kutgan, suyub qarshilagan, jonbaxsh epkinlaridan ko’ngli tog’ qadar yuksalgan Istiqlol tongidir. Bu tong nasimi shoira qalbidan chuqur joy oldi, ko’ngliga halovat berdi. Zero, u nazmga ixtiyor, erkinlik ato etdi, milliy she’riyat ravnaqiga zamin yaratdi:
Hurriyat, keldingmi, nahotki, kelding?!
Pinhona sog’indim, pinhona kutdim.
Yomg’irga bag’rini tutgan sahrodek
Sening nasimingga qalbimni tutdim.
Ishonch bilan aytish mumkinki, shoira ijodi bundan keyin ham istiqlol va istiqbol tongi yanglig’ vafo va sadoqat, mehr va muhabbat nurlari bilan ko’ngillarga yorug’lik bag’ishlayveradi.