Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

VATAN SHA’NINI ULUG‘LASH – ENG BUYUK BAXT

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
VATAN SHA'NINI ULUG‘LASH – ENG BUYUK BAXT

Poytaxtimizda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida avgust-sentabr oylarida bo‘ladigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan O‘zbekiston sport delegatsiyasini kuzatish marosimi bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar inson manfaatlari, xalqimizning ezgu orzu-istaklari ro‘yobiga xizmat qilayotgani, ayniqsa, kelajagimiz egalari bo‘lgan yosh avlodni jismoniy va ma’naviy yetuk, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga qaratilayotganini ta’kidladi. Yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib voyaga yetkazish, Vatanimizning xalqaro maydondagi obro‘sini yanada yuksaltirishning muhim omillaridan biri sifatida sportni rivojlantirish va ommalashtirishga Prezidentimiz tomonidan qaratilayotgan doimiy e’tibor o‘zining yuksak samaralarini berayotganini qayd etib, sport olamining nufuzli musobaqalari – XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlarida sportchilarimizga muvaffaqiyat tiladi.

Mustaqilligimiz sharofati bilan sportchilarimiz jahon sport arenalarida ona Vatanimiz nomidan bellashuvlarga chiqib, ulkan g‘alabalarni qo‘lga kiritayotgani, davlatimiz madhiyasini baralla yangratib, bayrog‘imizni sarbaland etayotgani qalblarimizga faxr-iftixor tuyg‘ularini bag‘ishlaydi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan sportning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sohaning rivojlanishi uchun xalqaro standartlar talablari darajasida asos yaratish maqsadida 2002-yilda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil qilindi. O‘tgan davr mobaynida jamg‘arma tomonidan mamlakatning barcha hududlarida zamonaviy sport inshootlari barpo etildi. Bugungi kunda 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarning qariyb 60 foizi sport seksiyalariga qatnashmoqda.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda olimpiya harakati keng tus oldi. “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalaridan iborat uch bosqichli sport o‘yinlari muntazam tashkil etilmoqda. “Kichik Olimpiada” maqomini olgan bu musobaqalar bugun minglab sportsevar yoshlarning iqtidoru mahoratini yuzaga chiqarib, ularning jahon sport arenalariga chiqishida katta parvoz maydoniga aylandi.

Prezidentimizning hech bir soha mamlakatni sportchalik dunyoga tez tanita olmaydi, degan so‘zlarining isbоtini yuksak maqsadlar sari kurashadigan, xalqaro maydonlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir sportchilar yetishib chiqayotganida, ularning Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarida munosib qatnashib, yuksak g‘alabalarni qo‘lga kiritayotganida yaqqol ko‘rishimiz mumkin.

Mamlakatimiz sportchilari Rio-de-Janeyro shahrida o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari va XV Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etishi buning dalilidir.

Prezidentimizning 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori sportchilarimizni ushbu nufuzli sport anjumanlariga puxta, bosqichma-bosqich tayyorlab borishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalarni qo‘lga kiritish va ushbu musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni egallash imkoniyati yuqori bo‘lgan istiqbolli sport turlari aniqlanib, ular bo‘yicha federatsiyalarning faoliyati atroflicha o‘rganib chiqildi.

Davlatimiz rahbarining qarori ijrosi doirasida 2013-yil 2-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi huzuridagi O‘zbekiston olimpiadachilarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Jamg‘arma mablag‘lari respublika sport federatsiyalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlashga yo‘naltirilmoqda. Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston sportchi va murabbiylariga stipendiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanib, sportchi va murabbiylar munosib rag‘batlantirilmoqda.

Poytaxtimizda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining yangi binosi foydalanishga topshirildi, O‘zbekiston sportchilarini tibbiy-biologik xizmat va sport psixologiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan markaz tashkil etildi. Sportchilarimiz mamlakatimiz va xorijda tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etib, tajriba va mahoratini oshirdi.

Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, Toshkent shahrida Oliy mahorat sport maktablari barpo etilmoqda.

Tadbirda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi M.Usmonov mustaqillik yillarida Prezidentimiz rahnamoligida barcha sohalar qatori sport ham jadal rivojlanayotganini alohida qayd etdi. So‘zga chiqqan sportchilarimiz Olimpiya o‘yinlarida o‘zlarining mahoratini namoyish etib, yuksak g‘alabalar bilan qaytishga va’da berdilar. Bu g‘alabalar mustaqilligimizning 25-yillik bayramiga munosib tuhfa bo‘lajagini ta’kidladi.

Prezidentimizning 2016-yil 12-iyuldagi O‘zbekiston Respublikasi sportchilarining 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarligi va ishtiroki to‘g‘risidagi qarori sportchilarimizning mazkur nufuzli musobaqalarda munosib qatnashishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Agar, 2012-yili bo‘lib o‘tgan Londondagi musobaqalarda 63 sportchimiz ishtirok etgan bo‘lsa, bu yilgi o‘yinlarda 100ga yaqin sportchimiz qatnashishi keyingi to‘rt yil ichida professional sportimiz shiddat bilan o‘sganini yaqqol ko‘rsatadi.

Olimpiya o‘yinlarida sportchilarimiz akademik eshkak eshish, badiiy gimnastika, baydarka va kanoeda eshkak eshish, boks, dzyudo, yengil atletika, og‘ir atletika, sport gimnastikasi, stol tennisi, suzish, taekvondo (WTF), tennis, trampolin, o‘q otish, erkin va yunon-rum kurashi kabi qator sport turlari bo‘yicha bahslashadi. Ular orasida Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlari g‘olib va sovrindorlari bo‘lgan tajribali sportchilar bilan bir qatorda ushbu musobaqada ilk marotaba ishtirok etadigan yosh sportchilar ham ko‘pligi mamlakatimiz sport salohiyati yuksalib borayotganidan dalolat beradi.

Bu yilgi XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligi arafasida tashkil etilayotgani ham o‘ziga xos ma’no-mazmunga ega. Zero, istiqlolimiz tufayli iste’dodu salohiyatda hech kimdan kam bo‘lmagan va hech qachon kam bo‘lmaydigan, jahon maydonlarida O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarib yuksak g‘alabalarni tantana qiladigan sportchilar yetishib chiqayotganidan faxrlanamiz.

Sportchilarimiz bu yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” degan shiorni qalbiga jo qilib, bo‘lajak bellashuvlarda yuksak natijalarni qo‘lga kiritishga va eng ulug‘, eng aziz bayramimizga munosib tuhfa bilan qaytishga ahd qilgan.

– Meni Prezidentimiz asos solgan uch bosqichli uzluksiz sport musobaqalari tarbiyaladi, iste’dodimni yuzaga chiqardi. Biz Braziliyaga yo‘l olar ekanmiz dilimizda ham, tilimizda ham “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” degan shior bilan kurashga kirishamiz, – deydi boks bo‘yicha Osiyo chempioni, jahon chempionati sovrindori Bektemir Meliqo‘ziyev. – 2015-yilda Oqsaroyda “Shuhrat” medalini topshirayotganlarida Prezidentimiz meni bag‘riga bosib, «Sen Olimpiadadan albatta chempion bo‘lib kelishing kerak!» deya yuksak ishonch bildirdilar. Yurtboshimizning bu so‘zlari yuragimdan mustahkam o‘rin olgan. Olimpiya o‘yinlaridan albatta chempion bo‘lib, Vatanimga yorug‘ yuz bilan qaytaman.

– Londonda o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida bronza medalni qo‘lga kiritganimdan keyin Prezidentimiz meni “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan taqdirlaganida, bu yuksak mukofot men uchun oltin medaldan ham qadrliroq ekanini his qildim, – deydi dzyudo bo‘yicha ikki karra jahon chempioni, ikki karra Olimpiya o‘yinlari sovrindori Rishod Sobirov. – Men Rio-de-Janeyro shahrida bo‘ladigan XXXI yozgi Olimpiadada “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” deya bellashuvlarga kirishaman va Prezidentimizning, xalqimizning ishonchini oqlayman!

– Har bir sportchimiz kabi men ham jahon maydonlarida ona Vatanimiz – O‘zbekiston sharafini himoya qilish imkoniga istiqlol sharofati bilan erishganimni chuqur his qilaman, – deydi taekvondo (WTF) bo‘yicha jahon chempioni Dmitriy Shokin. – Men mana shunday yurtda tug‘ilib, voyaga yetganimdan, sport bilan shug‘ullanib, jahon sport arenalarida Vatan sha’ni uchun bellashuvlarga kirish baxtiga muyassar bo‘layotganimdan faxrlanaman. Jahon chempionatida qo‘lga kiritgan oltin medalimni Olimpiya o‘yinlarida ham takrorlashni maqsad qilganman. Chunki “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori qalbimdan mustahkam joy olgan. U menga kuch-quvvat beradi.

– Mamlakatimizda sportning qizlarga xos turlari, jumladan, badiiy gimnastikani rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik minglab sportsevar qizlarning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishida, orzularining ro‘yobga chiqishida muhim omil bo‘lmoqda, – deydi badiiy gimnastika bo‘yicha Osiyo chempioni Luiza G‘aniyeva. – Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikka javoban Olimpiadadan yorug‘ yuz bilan qaytishga va’da beramiz.

O‘zbekiston xalq shoiri S.Sayyid O‘zbekiston sport delegatsiyasiga bo‘lajak musobaqalarda omad yor bo‘lishini tilab, yangi she’rini o‘qib berdi.

San’atkorlar ishtirokida namoyish etilgan konsert sportchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

XXXI Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlarida qatnashadigan O‘zbekiston sport delegatsiyasi a’zolari an’anaga muvofiq Mustaqillik va ezgulik monumenti, Amir Temur va Alisher Navoiy haykallari poyiga gul qo‘ydi.

– Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘yish asnosida xalqaro maydonlarda erishayotgan barcha yutuqlarimiz istiqlol tufayli ekanini yana bir bor chuqur his etdik va ushbu muazzam maydonda turib Olimpiadadan yorug‘ yuz bilan qaytishni maqsad qildik. Prezidentimiz xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida meni bag‘riga bosib, Olimpiya o‘yinlarida chempion bo‘lishimga ishonch bildirdi. Prezidentimizning ishonchi menga dalda bo‘ladi! – deydi boks bo‘yicha jahon chempionati sovrindori Bahodir Jalolov. – Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarib chiqish menga topshirilganidan faxrlanaman. Prezidentimiz tomonidan sportchilarga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlikka javoban Olimpiya o‘yinlarida yuksak natijalarga erishish uchun barcha kuch va salohiyatimizni ishga solamiz.

– Sport olamining eng nufuzli musobaqasi – Olimpiya o‘yinlarida jonajon O‘zbekistonimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, madhiyamizni yangratish biz, sportchilar uchun yuksak sharafdir, – deydi yunon-rum kurashi bo‘yicha jahon chempionati sovrindori Elmurod Tasmurodov. – Chunki o‘z taqdirini mana shu yurt taqdiri bilan mushtarak ko‘rish, Vatan sha’nini himoya qilish – eng ulug‘ baxtdir!

– Biz ne-ne ulug‘ allomalarga beshik bo‘lgan buyuk yurt farzandlari ekanimizdan faxrlanamiz, bobolarimizga munosib voris bo‘lishni burchimiz, deb bilamiz, – deydi taekvondo (WTF) bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Nigora Tursunqulova. – Maqsadimiz Rio-de-Janeyro shahrida bo‘ladigan XXXI yozgi Olimpiadada O‘zbekiston sportchilari iste’dodu salohiyatda, tajriba va mahoratda hech kimdan kam emasligini va hech qachon kam bo‘lmasligini yana bir bor isbоtlashdir.

O‘zbekiston sport delegatsiyasini kuzatish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi N.Yo‘ldoshev, Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov ishtirok etdi.

O’zA