VATANGA MUHABBAT VA IFTIXOR TUYG’USI YUKSALMOQDA
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o’rganish markazi Mustaqillik bayrami arafasida «O’zbekiston: mustaqillikning 24 yili» mavzusida ijtimoiy so’rov o’tkazdi, deb xabar beradi O’zbekiston Milliy axborot agentligi.
Tadqiqotdan ko’zlangan maqsad mustaqillik yillarida ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va siyosiy sohalarda erishilgan yutuqlar to’g’risida jamoatchilik fikrini o’rganish, iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida ro’y bergan o’zgarishlarni, shuningdek, fuqarolar dunyoqarashi va tafakkurini, ularning siyosiy va fuqarolik faolligini oshganini baholash edi.
Mamlakatimizning barcha hududlarida o’tkazilgan tadqiqotda aholining turli ijtimoiy guruhlari (davlat xizmatchilari, tadbirkorlar, fermerlar, talaba va ishchilar), erkaklar va ayollar, yoshlar, pensionerlar, turli millat va elat vakillari ishtirok etdi.
Ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, mamlakatimiz fuqarolari O’zbekiston Respublikasi mustaqilligining 24 yilligini ko’tarinki kayfiyat, Vatandan iftixor tuyg’usi va kelajakka ishonch ruhida kutib olmoqda. So’rov qatnashchilarining aksariyati (99,2 foizi) o’tgan vaqt davomida mamlakatimiz xalqaro miqyosda munosib o’rin egallab, jahon hamjamiyati tomonidan millati va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, barcha fuqarolar uchun qulay sharoitlar yaratilgan davlat sifatida e’tirof etilganini qayd etdi.
Bunga Prezidentimiz Islom Karimovning tashabbusi bilan demokratik va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar strategiyasining to’g’ri tanlangani va puxta o’ylangani tufayli erishilmoqda. Buni so’rovda qatnashganlarning fikri ham tasdiqlaydi. Masalan, fuqarolarning 96,8 foizi iqtisodiyotimiz yuqori o’sish sur’atlari bilan rivojlanib borayotgani, 94,8 foizi fuqarolar yuqori darajada ijtimoiy himoyaga olingani, 96,9 foizi insonning shaxsiy xavfsizligi ta’minlanish darajasi o’sgani, 95,7 foizi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratilgani, 96,1 foizi xalq va oliy ta’lim tizimi isloh etilayotgani, 96,6 foizi tibbiy xizmatlardan foydalanish samaradorligi o’sgani, 96,8 foizi aholi transport xizmatlari bilan yuqori darajada ta’minlangani, 96,4 foizi inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, 92,3 foizi atrof-muhitni muhofaza qilish borasida yuqori natijalarga erishilayotganini ta’kidladi.
Fuqarolarimiz xotin-qizlarga doimiy e’tibor va g’amxo’rlik ko’rsatish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, oila va jamiyatda mavqyeini yuksaltirish, salohiyatini to’liq ro’yobga chiqarish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, reproduktiv salomatlikni ta’minlash yo’lida amalga oshirilayotgan davlat siyosatini yuqori baholadi. Ayniqsa, Keksalarni e’zozlash yili deb e’lon qilingan joriy yilda yoshi ulug’ insonlarga hurmat va ehtirom yanada kuchaydi.
So’rov natijalari fuqarolarning oila, jamiyat, mamlakat oldidagi shaxsiy mas’uliyati oshgani va ijtimoiy hayotda faol ishtirok etayotganidan dalolat beradi. Mustaqillik yillarida fuqarolarning qonunlarga nisbatan eng yuqori reytingi qayd etildi. So’rov ishtirokchilarining 86,5 foizi fuqarolarning inson huquqlariga nisbatan hurmati oshganini ta’kidladi. Mazkur natijalar «The World Justice Project» mustaqil xalqaro tashkiloti tomonidan mamlakatimizga yuqori baho berilgani bejiz emasligini yana bir bor tasdiqlaydi. Unga ko’ra, O’zbekiston qonun ustuvorligining asosiy ko’rsatkichlari bo’yicha jahondagi yetakchi besh davlat safiga qo’shilgan.
Ijtimoiy tadqiqot natijalariga muvofiq, istiqlol yillarida O’zbekistonning izchil rivojlanishi, davlatimizning xalqaro maydondagi obro’-e’tibori oshgani ko’p jihatdan mamlakatimizda hukm surayotgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik bilan belgilanadi. Joriy yilda mamlakatimiz fuqarolari saylovoldi kampaniyasi va saylov jarayonida faol ishtirok etdi. Ishtirokchilar o’tkazilgan saylovlarda qatnashish ularga o’z fuqarolik burchi va konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirish imkonini berganini ta’kidladi. So’rov fuqarolarimiz O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Prezidenti saylovlarida faol ishtirok etib, vatanparvarlik tuyg’usini namoyon etgani, mustaqillik yillarida ularning huquqiy madaniyat, faol fuqarolik pozitsiyasi va mamlakat taqdiri uchun shaxsiy javobgarlik hissi oshganini ko’rsatdi.
Tadqiqot natijalari mamlakatimiz aholisining O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga ishonchi yildan-yilga ortib borayotganini tasdiqladi. Jamoatchilik fikri mustaqillik yillarida davlatimiz rahbari aholi ishonchini qozonib, xalqimiz tomonidan keng qo’llab-quvvatlanayotganidan dalolat beradi.
Shuningdek, so’rov fuqarolarimiz davlatimizning tinchlikparvar siyosatini to’liq qo’llab-quvvatlashini, dunyoda yuz berayotgan hozirgi notinch va tahlikali davrda O’zbekistonda tinchlik va osoyishtalik, millatlararo va fuqarolararo totuvlik, chegaralarimiz daxlsizligini saqlash, barcha mamlakatlar bilan do’stlik rishtalari hamda o’zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ko’rsatdi. Fuqarolar bularning barchasi bugungi kunda eng muhim vazifa ekanini yaxshi anglaydi.
Tadqiqot qatnashchilarining 90 foizdan ortig’i so’rov davomida jamiyatimiz va davlatimizda tinchlik va barqarorlik mustahkamlanib borayotgani istiqlol yillarida erishilgan asosiy muvaffaqiyatlardan biri ekanini va bunga erishishda davlatimiz rahbari muhim o’rin tutayotganini qayd etdi. Fuqarolarimiz Prezidentimiz tashabbusi bilan O’zbekistonda xorijiy davlatlar bilan do’stlik aloqalarini rivojlantirish, hamkorlikni mustahkamlash bo’yicha amalga oshirilayotgan tashqi siyosatni to’liq qo’llab-quvvatlaydi, uning mazmun-mohiyatini yaxshi anglaydi.
Monitoring tadqiqot natijalari shuni ko’rsatdiki, bugun O’zbekiston xalqi o’zining fuqarolik pozitsiyasi va qadr-qimmatini teran anglaydi, o’z kelajagi, nima uchun yashayotgani va mehnat qilayotgani haqida aniq tasavvurga ega. So’rov ma’lumotlariga ko’ra, 2015 yilda fuqarolarning mamlakatimiz kelajagi buyukligi va yanada farovon bo’lishiga nisbatan ishonchi 98,2 foizga yetgan.
Muxtasar aytganda, o’tkazilgan so’rov shundan dalolat beradiki, O’zbekiston o’z mustaqilligining 24 yilligini ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va siyosiy rivojlanish borasida yangi yutuqlar bilan kutib olmoqda. Ijtimoiy so’rovning asosiy xulosasi shundan iboratki, istiqlol yillarida erishilgan muvaffaqiyatlar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ishlab chiqilgan, jahonda taraqqiyotning «o’zbek modeli» deb tan olingan, mashhur besh tamoyilga asoslangan va puxta o’ylangan taraqqiyot modelining hayotga izchil tatbiq etilayotgani samarasidir.