Birinchi slide После первого Ikkinchi slide Uchinchi slide To'rtinchi slide Beshinchi slide Oltinchi slide Ettinchi slide Sakkizinchi slide
Bosh sahifa Doimiy vakolatxona Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik Yangiliklar/tadbirlar O’zbekiston haqida Galereya

VATANIMIZNING YUKSAK MUKOFOTLARI TOPSHIRILDI

SHAVKAT MIRZIYOYEV Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O’zbekistonning Investitsion Salohiyat Uchrashuvlar Uchrashuvlar XMT doirasidagi xamkorlik XMT doirasidagi xamkorlik BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlari Press-relizlar Press-relizlar Vakolatxona yangiliklari Vakolatxona yangiliklari Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi Rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni O’zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning inson huquq kengashiga nomzod Sayyohlik Sayyohlik 8-Dekabr O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8-Dekabr O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni O'zbekiston matbuoti daydjestlari O’zbekiston matbuoti daydjestlari 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА 2022 — 2026 ЎЗБЕКИСТОН СТРАТЕГИЯСИ ТЎҒРИСИДА Конституциявий ислоҳотлар Конституциявий ислоҳотлар Boshqa yangiliklar va voqealar Boshqa yangiliklar va voqealar
hamma resurslarni ko'rsatish
VATANIMIZNING YUKSAK MUKOFOTLARI TOPSHIRILDI

Prezidentimiz Islom Karimov 5-dekabr kuni Oqsaroyda bir guruh yurtdoshlarimizga Vatanimizning yuksak mukofotlarini topshirdi

Davlatimiz rahbarining farmonlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 24-yilligi arafasida mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan, el-yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini mustahkamlashda fidoyilik ko‘rsatgan, jamiyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnik va ma’naviy-ma’rifiy hayotida alohida e’tiborga sazovor bo‘lgan bir guruh yurtdoshlarimiz davlat mukofotlari – faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.

Oqsaroyda 5-dekabr kuni ana shu yuksak mukofotlarni tantanali topshirish marosimi bo‘ldi.

– Bugun mana shu muhtasham zalda siz, azizlarni Konstitutsiya kuni bilan tabriklab, sizlarga samimiy hurmatimni izhor etib, barchangizga sihat-salomatlik, tinchlik-omonlik, yangi-yangi omadlar tilashga ijozat bergaysiz, – dedi Islom Karimov. – Bugungi uchrashuvimizdan asosiy maqsad – siz, azizlarga Vatanimizning mukofotlarini – yuksak unvon, orden va medallarni topshirish, sizlarni tabriklash, men uchun o‘ta sharafli vazifani ado etishdir.

Sizlarning timsolingizda davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan barcha yurtdoshlarimizga ham, g‘oyibona bo‘lsa-da, chin qalbimdan chuqur hurmatimni, ezgu tilaklarimni bildirish va qutlash – menga katta mamnuniyat va xursandchilik yetkazadi.

Bugun odatlarimiz qatoriga kirib qolgan Konstitutsiyamiz kuni arafasida uchrashib, o‘tgan davr mobaynida biz oldimizga qo‘ygan ustuvor vazifamizga erishish yo‘lida, ya’ni dunyodagi eng rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga chiqish, xalqimizning hayot darajasi, sifati, obro‘-e’tiborini yuksaltirish maqsadida qo‘lga kiritgan marralar va yutuqlar, shu bilan birga, yangi rejalarimiz haqida, hayotimizga katta ta’sir o‘tkazgan voqealarni eslab o‘tamiz, dedi Prezidentimiz.

Agar yakuniga yetayotgan yilimiz haqida gapiradigan bo‘lsak, bu yil xalqimiz uchun omadli, xosiyatli keldi, Vatanimiz ravnaqi, islohotlarimizni yanada chuqurlashtirish va samarasini oshirish borasida ulkan yutuq va natijalarga erishdik.

Sanoat, qurilish va transport, qishloq xo‘jaligi, kichik biznes va tadbirkorlik, ilmu fan, ta’lim-tarbiya, ijtimoiy tarmoqlar, bir so‘z bilan aytganda, qaysi sohani olmaylik, barqaror va izchil o‘sish sur’atlarini yaqqol ko‘rish, kuzatish mumkin.

Qishloq xo‘jaligi sohasida 7 million 500 ming tonnaga yaqin g‘alla, 3 million 350 ming tonna paxta hosilini qisqa muddatda yig‘ishtirib olib, mavsumni yorug‘ yuz bilan yakunlaganimiz, shuningdek, pillachilik, chorvachilik, meva-sabzavot kabi tarmoqlarda ham salmoqli natijalarga erishganimizni hisobga oladigan bo‘lsak, o‘z ishimizdan rozi bo‘lishga barcha asoslarimiz bor, dedi davlatimiz rahbari.

Buning tasdig‘i sifatida iqtisodiyotimiz barqaror sur’atlar bilan rivojlanayotgani barchamizni quvontiradi. Xalqaro miqyosda sanoqli davlatlar qatorida oxirgi 11-yil davomida yalpi ichki mahsulotimiz o‘sishi 8 foizdan kam bo‘lmasdan kelayotgani jahon tajribasida kamdan-kam uchraydigan hodisa, desak, hech qanday xato bo‘lmaydi.

Ayniqsa, joriy yilda yurtimizda eng zamonaviy texnologiyalarga asoslangan, iqtisodiyotimizning lokomotivi bo‘lgan yirik korxonalar foydalanishga topshirilgani mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida alohida o‘rin oladi. Surg‘il koni negizida qiymati 4 milliard dollardan ziyod bo‘lgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasi ishga tushirilayotgani, Samarqand avtomobil zavodida Germaniya bilan birgalikda dunyoda nom qozongan “MAN” rusumli og‘ir yuk tashiydigan mashinalar va avtobuslarni, Yaponiya sherikligida “Isuzu” avtobuslarini, shuningdek, Xorazmda “Orlando” va “Damas” avtomashinalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani bu borada ulkan qadam bo‘ldi, dedi Yurtboshimiz.

Yuqori tezlikda harakat qiladigan, elektrlashtirilgan temir yo‘limizning Toshkent shahridan Qarshigacha yetib borgani, nasib etsa, bu yo‘l yangi yilda Buxoroga yetib borishi – bunday ishlarimiz ro‘yxatini yana davom ettirish mumkin – bularning barchasi aholimizning hayot darajasini yanada yaxshilash, odamlarimizni rozi qilishda, xalqaro maydonda obro‘yimizni oshirishda, hech shubhasiz, beqiyos hissa bo‘lib qo‘shiladi.

Shahar va qishloqlarimizning qiyofasi tobora o‘zgarib, bozor va do‘konlarimizda serobchilik va arzonchilik hukm surayotgani, oylik maoshlarning izchil oshib borayotgani, yurtdoshlarimizning bugungi hayotidan ko‘ngli to‘q bo‘lib, ertangi kunga ishonchi tobora ortib borayotgani haqida albatta ko‘p gapirish mumkin.

Xalqimizning tinch va osoyishta hayotini, chegaralarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilish yo‘lida tog‘dek tayanch bo‘lib kelayotgan jasur va fidoyi harbiylarimiz, huquq-tartibot xodimlarining mardonavor xizmati tufayli yurtimizda osuda hayot va barqarorlik hukm surmoqda va bu bizning eng katta, bebaho boyligimizdir, deb ta’kidladi Islom Karimov.

Ayniqsa, odamlarimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi o‘zgarib, egalik hissiyoti, ularning yon-atrofdagi voqealarga daxldorligi, fuqarolik va siyosiy faolligi kuchayib borayotgani, bu yurt, bu zamin – meniki, uning kelajagi mening mehnatimga, mening qo‘shayotgan hissamga bog‘liq, degan qarash bilan yashayotgani, vatanparvarlik tuyg‘usi yuksalib borayotgani bugun erishayotgan barcha yutuqlarimizning eng muhim omili bo‘lmoqda, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz.

Shu borada eski qolip va qarashlardan xoli bo‘lgan, mustaqil fikrlaydigan, zamon talab qilayotgan bilim va kasb-hunarlarni egallayotgan, dunyodagi tengdoshlari bilan har qanday bellashuvga tayyor bo‘lgan yosh avlodimiz – bizning farzandlarimizning hal qiluvchi kuch bo‘lib minbarga chiqayotgani, hech shubhasiz, ertangi kunimizning, erkin, demokratik jamiyat va farovon hayotimizning kafolati, desam, hech qanday xato bo‘lmaydi.

Prezidentimiz xalqaro ahvol haqida to‘xtalar ekan, bugungi kunda bizning o‘ta notinch va tahlikali zamonda yashayotganimiz, uzoq va yaqin atrofimizda qarama-qarshilik, ziddiyat va qon to‘kishlar, jahon miqyosida iqtisodiy inqirozlar tobora kuchayib, vaziyat yanada keskinlashib borayotgani barchamizni katta tashvish va xavotirlikka solmasdan qo‘ymaydi, deb ta’kidladi.

Bunday murakkab sharoitda turli balo-qazolarni ostonamizga yo‘latmaslik, ularning oldini olish, bugun biz kechirayotgan tinch va osuda hayotga yetkazgani uchun Yaratganga shukronalar bildirib, musaffo osmonimizni ko‘z qorachig‘idek asrashni har birimiz chuqur anglamoqdamiz, yanada sezgir va ogoh bo‘lishimiz zarurligini yaxshi tushunmoqdamiz.

Shu borada g‘oyat muhim bir masalaga, tariximizda, bugungi hayotimizda ham o‘z tasdig‘ini topgan haqiqatga e’tiboringizni tortmoqchiman, dedi Islom Karimov.

Agar bizdan, ko‘hna tariximiz davomida el-yurtimizning qancha-qancha suronli va bo‘ronli sinovlardan eson-omon o‘tishida uni asrab-avaylagan, unga kuch-quvvat bergan narsa nima, deb so‘rasa, javob bitta bo‘lishiga ishonaman. Ya’ni, asrlar mobaynida boshidan qanday og‘ir kunlar o‘tgan bo‘lmasin, xalqimiz bir tanu bir jon bo‘lib, har qanday ofat va balolarga qarshi kurashgan, hech qachon bo‘sh kelmagan, xalqimizga mansub mardlik va matonat, qat’iyat, azmu shijoat ko‘rsatgan, jonini fido qilishga tayyor bo‘lib maydonga chiqqan.

Shu bilan birga, mehr-oqibat, hamjihatlik, bag‘rikenglik kabi noyob xususiyatlar bu yo‘lda el-yurtimizga tayanch bo‘lgan. Bunga tarixdan ko‘p-ko‘p misollarni olib kelish qiyin emas.

Bizni o‘zgalardan ajratib turadigan ayni shunday fazilatlar har doim xalqimizga madad berib, bugungi kunda ham oldimizda qanday murakkab muammolar turgan bo‘lmasin, ularni mardona yengib o‘tish, dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagan, adolatli davlat va jamiyat qurishda bizga kuch-quvvat, ertangi kunimizga ishonch bag‘ishlab kelmoqda.

Bunday xalqimizga xizmat qilish, butun borlig‘ini safarbar etish haqiqatan ham eng katta saodatdir, dedi davlatimiz rahbari.

So‘ngra Prezidentimiz davlat mukofotlarini tantanali ravishda topshirdi.

– Bugun sizlarning ochiq chehrangiz, baxtiyor ko‘zlaringizni, sizlardagi baland ruhni ko‘rib, ochig‘ini aytsam, go‘yoki o‘zim ham mukofot olgandek xursand bo‘lib turibman, – dedi Islom Karimov. – Mening niyatim, tilagim bitta: ko‘ksingizga yarashib turgan bu mukofotlar barchangizga buyursin, sizlarni yangi-yangi yutuq va marralarga ruhlantirsin.

Halol mehnat bilan mana shunday yuksak qadr topish, elu yurtimiz ardog‘ida bo‘lish barchamizga nasib etsin. Vatanimizni, xalqimizni doimo Yaratganning o‘zi asrasin! Barchangizga sihat-salomatlik, ishlaringizga rivoj, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman, dedi pirovardida davlatimiz rahbari.

Taqdirlanganlar nomidan so‘zga chiqqan O‘zbekiston Qahramoni, “Nuroniy” jamg‘armasining Andijon viloyati bo‘limi raisi Tavakkal Topvoldiyev, O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti, Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqiy teatri aktyori Mirzajon Azizov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston akademik rus drama teatri aktyori Oleg Galaxov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fuqaro aviatsiyasi xodimi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi bosh direktorining o‘rinbosari Gennadiy Xarlap, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Kenes Karimov, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, “Davsuvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasining Xorazm viloyati bo‘yicha inspektori Kenjaboy Ortiqov, “Shuhrat” medali sohibi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining Surxondaryo viloyati Kengashi qoshidagi “Yoshlar markazi” to‘garak rahbari Nafosat Qurbonova, “Shuhrat” medali sohibi, boks bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zosi Bektemir Meliqo‘ziyev davlatimizning ushbu yuksak mukofotlari ularga yanada kuch-g‘ayrat bag‘ishlashini, Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida yangi marralarni egallashga undashini ta’kidladi, yuksak e’tibori va g‘amxo‘rligi uchun Prezidentimiz Islom Karimovga samimiy minnatdorlik bildirdi.

O‘zA