VYACHESLAV VASYAGIN: «O’ZBEKISTON BILAN HAMKORLIGIMIZ XALQLARIMIZ FAROVONLIGI YO’LIDA YANADA KENGAYADI»
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Butun dunyoda e’tirof etilayotganidek, O’zbekiston 24 yillik mustaqil rivojlanish yillari mobaynida turli sohalarda keng qamrovli islohotlarni hayotga tadbiq etdi.
Xususan, samarali tashqi iqtisodiy faoliyatning natijasi o’laroq, mamlakatimiz jahon bozorida o’zining mustahkam o’rnini egalladi, yildan-yilga dunyoning yetakchi mamlakatlari hamda yirik xalqaro kompaniyalar bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarini kengaytirmoqda.
Yaqinda “Jahon” axborot agentligi muxbiri Moskvada Informatika va elektronika xalqaro markazi (InterEVM) Bosh direktorining xalqaro va tashqi iqtisodiy aloqalar bo’yicha o’rinbosari Vyacheslav Vasyagin bilan muloqotda bo’ldi. U o’zining Rossiya Federatsiyasi va O’zbekiston Respublikasi o’rtasidagi hamkorlik istiqbollari xususidagi fikrlarini bayon etar ekan, mamlakatimiz xalqini tobora yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik kuni bilan samimiy muborakbod etdi.
Dastavval, shu yil may oyida Rossiyaning yirik kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya tarkibida Toshkentda bo’lib o’tgan Mini-texnologiyalar va ixcham asbob-uskunalarning “Uzbekistan Agrominitech Expo - 2013” VIII Xalqaro ixtisoslashtirilgan ko’rgazma-savdosida qatnashganimni qayd etishni istar edim.
“Uzbekistan Agrominitech Expo” mintaqadagi eng yirik ko’rgazmalardan biri hisoblanadi. Ushbu tadbirda mamlakatingiz bilan hamkorlik aloqalarini o’rnatishdan manfaatdor bo’lgan ko’pdan-ko’p xorijiy tashkilotlar, yirik biznes vakillari ishtirok etganini ta’kidlash zarur, deb o’ylayman. Menimcha, bu tabiiydir. Chunki keyingi yillar davomida O’zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bo’yicha yetakchi o’rinlardan birini egallab kelmoqda. Bu esa qishloq xo’jaligi sohasida amalga oshirilgan keng ko’lamli islohotlarning salmoqli samarasi hisoblanadi.
Bundan tashqari, mamlakatingizda fermer xo’jaliklari, agrofirma, kichik korxonalarning soni kundan kunga oshib bormoqda. Ular “Uzbekistan Agrominitech Expo” ko’rgazmasi chog’ida xarid qilingan yuqori texnologiyaga asoslangan texnika va uskuna-jihozlardan foydalanishayotgani bois o’zlari yetishtirgan mahsulotlarni nafaqat xom ashyo ko’rinishida, balki qayta ishlangan mahsulot sifatida sotishmoqda. Bularning barchasi qayta ishlab chiqarish tarmog’ini rivojlantirishga hamda milliy iqtisodiyotning qishloq xo’jaligi tarmog’idagi eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
“Uzbekistan Agrominitech Expo” ko’rgazmasi yaratadigan barcha imkoniyatlarni anglaganimiz bois ichki va tashqi bozorda zamonaviy texnologiyalarimizni ilgari surish maqsadida biz ushbu tadbirda qatnashishga qaror qilganmiz. Xususan, biz Oltoy o’lkasida ishlab chiqarilgan sut mahsulotlarini qayta ishlashga mo’ljallangan asbob- uskunalarimizni taklif etdik. Tadbir doirasida o’zbekistonlik va xorijlik kasbdoshlarimizdan juda ko’p takliflar oldik. Bu bizga ular bilan o’zaro ishonchli aloqalarni o’rnatish uchun juda qulay imkoniyat yaratdi.
Umuman olganda, tez sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan O’zbekiston iqtisodiyoti hamda mamlakatda yaratilgan mustahkam huquqiy zamin ishbilarmonlik aloqalarini o’rnatish va rivojlantirish uchun xorijiy kompaniyalarga kafolat sifatida xizmat qiladi. Ishonchimiz komilki, bizning O’zbekiston bilan hamkorligimiz xalqlarimiz farovonligi yo’lida yanada kengayadi.
Bugungi imkoniyatdan foydalanib, quyoshli O’zbekistonning barcha aholisini yaqinlashib kelayotgan milliy bayram - Mustaqillik kuni bilan tabriklayman. O’zbekistonga va uning xalqiga tinchlik, ezgulik va farovonlik hamisha hamroh bo’lsin.
“Jahon” AA, Moskva