XALIT EREN: O‘ZBEKISTON – ISLOM MADANIYATINING ENG BOY MARKAZLARIDAN BIRI
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Shu yilning 15 iyun kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusidagi anjumanda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning so‘zlagan nutqi xorijiy davlatlar rasmiy, ekspert-tahliliy va jamoatchilik doiralari vakillari tomonidan keng sharhlanmoqda. Quyida Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi qarorgohi Istambul shahrida joylashgan Islom tarixi, san’ati va madaniyati ilmiy-tadqiqot markazi (IRCICA) Bosh direktori Xalit Erenning bu boradagi fikr-mulohazalarini e’tiboringizga havola etamiz.
— Prezident Shavkat Mirziyoevning O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbarlari, din arboblari, “Nuroniy” va “Mahalla” jamg‘armalari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, hokimliklar, huquq-tartibоt idoralari vakillari, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, islomiy ta’lim muassasalari mutasaddilari va talabalari, jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tgan anjumandagi nutqi o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumki, O‘zbekiston islom madaniyatining eng boy, sermahsul markazlaridan biri sanaladi. Islomning dastlabki chog‘larida, sahobalar davridayoq ushbu o‘lka islomga musharraf bo‘lgan va Qur’oni karimdan keyin dinimizning eng muhim manbalaridan biri bo‘lgan “Sahihi Buxoriy” risolasi Imom Buxoriy tomonidan to‘plangan va shu zaminda yozilgan.
O‘zbekiston va O‘rta Osiyo mintaqasi har tarafidan islom madaniyati sochilgan va dunyoga yoyilgan sarchashma bo‘lib kelgan. Diniy ilmlar haqida so‘z yuritganda, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi muhaddislar, Nasafiy va Zamaxshariy kabi eng nufuzli tafsir ilmi olimlari mana shu zamindan yetishib chiqqanini ta’kidlash joiz. Qolaversa, dunyoviy fanlar darg‘alari – Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi singari ko‘plab mashhur allomalar ham aynan shu o‘lka farzandlaridir.
O‘tmishda jahon darajasida ilmga, fanga, islomiy ilmlarga xizmat qilgan bir mintaqaning qayta tiklanuvi, davlat rahbari tomonidan bularning kun tartibiga qo‘yilishi haqiqatan o‘ta muhim ahamiyatga ega. Xususan, 2016 yilning oktyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida ham Shavkat Mirziyoev bu xususlarga to‘xtalib, islomning ilm-fanga qanchalik e’tibor berishini, ushbu diyordan yetishib chiqqan allomalarni tilga olgan, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazini tashkil etish taklifini ilgari surgandi.
IRCICA tashkiloti mazkur tadqiqot markazining vujudga kelishida o‘z hissasini qo‘shayotganidan baxtiyormiz. Umid qilamanki, ushbu ilm maskani faoliyatini boshlaganidan keyin hamkorligimiz yanada kengayadi va loyihalarni birgalikda amalga oshiramiz.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi huzurida Islom madaniyati markazini tashkil etishga qaror qilinishi O‘zbekiston Prezidentining bu masalaga berayotgan yuksak ahamiyatini namoyon etmoqda. Jamiyatning kelajagini shunday tadqiqot markazlari, ham dunyoviy, ham ma’naviy ilmlar bilan boyitish mumkin. Agar davlat diniy sohani e’tiborsiz qoldirsa, yosh avlodni chetdan boshqa kimsalar noto‘g‘ri g‘oyalar bilan tarbiyalashga kirishadi. Oqibatda islom dinining asliyatidan, sofligidan begona va mutaassib g‘ayriqonuniy guruhlar qo‘liga tushib qolgan yoshlarning kelajagi barbod bo‘ladi. Shu bois O‘zbekiston Prezidentining bu masalalarga jiddiy ahamiyat qaratishi, yoshlarni ham diniy, ham dunyoviy ilmlardan xabardor holda tarbiyalashga undashi juda hikmatli tadbir, mamlakat kelajagi uchun umid baxsh etuvchi tashabbusdir.
Yuqorida aytganimdek, O‘zbekiston shunday o‘lkaki, farzandlari azaldan ham diniy ilmni, ham dunyoviy bilimlarni yangi bosqichlarga olib chiqqan, o‘zlaridan butun jahon manba sifatida foydalanadigan asarlar qoldirgan. Islomning yagona manbasi bo‘lgan Qur’oni karimning ilk nusxalaridan biri hozir ham Toshkent shahrida ekani mamlakatingiz poytaxti va tashkil etilayotgan yangi tadqiqot markazining ahamiyatini yanada oshiradi.
Men Prezident Shavkat Mirziyoevga o‘z ehtiromimni bildirgan holda, butun O‘zbekiston xalqiga baxt-saodat, qutlug‘ kelajak tilayman.
“Jahon” AA, Istambul