XALQARO MUSIQA FESTIVALI ISHTIROKCHILARI: “SAMARQAND GO’ZAL VA BETAKROR EKAN”
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

“Sharq taronalari” X Xalqaro musiqa festivali kunlarida xorijlik san’atkorlar va festival mehmonlari “Jahon” Axborot agentligi muxbiri bilan suhbatda o’z fikr va mulohazalarini bildirdi.
Jibaba Madi Subira (sozanda, Komor orollari):
— Agar ruxsat berishsa, Samarqanddagi Registon maydonida bir kecha tunagan bo’lardim. Shunday sokin, go’zal, buning ustiga, buyuk tarixga ega xalqning o’tmishidan so’zlab turgan obidalar qarshisida turib kim ham ilhomlanmaydi, deysiz!? Maskan devorlariga ishlangan har bir naqsh, me’morchilikning noyob namunalarining o’ziyoq, ijodkor nazari bilan qaralsa, yangi musiqiy asarlarning tug’ilishiga asos bo’lishi mumkin.
Brayeken Bart Luis («Hilde Frateur & Trio HoP» guruhi a’zosi, Belgiya):
— O’rta Osiyoga dastlabki sayohatim. Yurtingiz bilan faqat internet orqali tanish edim. Samarqand tarixiy obidalarini tomosha qilib katta taassurot oldim. Shohi-Zinda majmuasi o’zbek xalqining tarixiy ildizlari, madaniy merosi xususidagi qarashlarimni o’zgartirgan bo’lsa, Mirzo Ulug’bek rasadxonasi yulduzlar ilmiga oid qiziqishlarimni yanada boyitdi.
Shu zaminda jahon sivilizatsiyasi rivojiga munosib hissa qo’shgan ko’plab allomalarning yetishib chiqqani, xalqingizning salohiyati, mamlakatning bugungi qiyofasi - barcha sohada yuksalish sari odimlayotgani e’tiborimizni tortdi.
Yip Tong Persy Chan Mai Fen (menejer, Mavrikiy):
— Ko’plab davlatlardagi musiqa festivallarida ishtirok etganman. Ulardan Samarqandda o’tkazilayotgan anjumanning farqi, birinchidan, shou-tomosha, ikkinchidan, tanlov-musobaqa tarzida tashkil etilganidadir.
Qolaversa, Registondek tarixiy obidalar qurshovidagi sahna jahonning hyech bir hududida yo’q. Sayyohlarni bunday ochiq chehra, mehmonnavozlik bilan kutib oladigan, muhimi, har qanday davlatning milliy musiqa san’atini tushunib, ularga ongli munosabat bildiradigan xalqni yer yuzining boshqa joyida uchratmaysiz.
Mixalis Xolevas (“Lingua Franca Ensemble” guruhi a’zosi, Gretsiya):
— Festival haqida avval eshitgan edim. Ishtirokchilarning chiqishlarini ko’rib havas qilganman. O’ninchi bor o’tkazilayotgan bu nufuzli festivalga taklif qilinganimizdan juda faxrlandim. Butun dunyoga mashhur, qadimiy shaharni ko’rish baxtiga muyassar bo’lganimdan boshim ko’kka yetdi.
Samarqand tasavvurimdagidan ham go’zal ekan. Bir-biridan aziz qadamjolar, zamonaviy shahar dizayni, ya’ni G’arb va Sharq me’morchilik san’ati uyg’unlashgan bino va inshootlarni ko’rib kishining ko’zi to’ymaydi.
Amir Temur maqbarasidagi naqshlarni ko’zdan kechirganda o’xshashi yo’q ranglar jilosiga guvoh bo’lasiz. Ammo bu naqshlarni yorug’lik tutib tomosha qilganda, yana bir boshqa ranglar dunyosini ko’rasiz. Bitta naqsh ikki xil holatda ikki xil ko’rinishga ega. Va har biri takrorlanmas go’zallik namunasi. Mana shu majmuaning o’zi bu zaminda azaldan madaniyat qay darajada bo’lganini anglatadi.
Maqbaraning tarixiy yog’och eshiklari ham e’tiborimni tortdi. Birinchidan, bu eshiklar qadimiyligi bilan juda noyob hisoblansa, ikkinchidan, ulardagi naqshlar bo’rtma uslubda ishlangan. Bunday uslubda shu qadar chiroyli naqsh ishlash zamonaviy texnologiyalar yordamida ham juda murakkab jarayon.
Maged Mostafa Kamel Mahmud («Cairo Opera House Arab Music Group» guruhi a’zosi, Misr):
— Festival bahona Samarqand shahri bilan, bu yerdagi qadimiy osori-atiqalar bilan yaqindan tanishdim. Ayniqsa, betakror naqshlar bilan jilolangan Shohi-Zinda majmuasi, Ulug’bek rasadxonasi va muzeyi menda katta taassurot qoldirdi. Samarqand dunyoni o’ziga maftun etadigan darajada go’zal va betakror ekan.
Araujo Migel (sozanda, Portugaliya):
— Oqdaryo tumanidagi zamonaviy musiqa maktabida tahsil olayotgan jajji qizaloqlarning nafis raqslari meni hayratda qoldirdi. Murabbiy sifatida shuni aytishim mumkinki, Portugaliyada mana shu yoshdagi bolalar bilan men bunday natijaga erisholmasdim. O’zbekiston yoshlarida yuksak darajada iste’dod va iqtidor borligiga ishonch hosil qildim. Ularning ustozlariga rahmat.
Gomes Tavares Andre Filipe (sozanda, Portugaliya):
— Samarqanddagi betakror tarixiy obidalar arxitekturasi juda hayratlanarli. Ayniqsa, Amir Temur maqbarasi me’moriy yodgorligi ichida ob-havo mo’’tadil saqlanarkan. Bu ota-bobolaringizning intellektual salohiyati naqadar yuqori bo’lganidan dalolatdir.
"Jahon" AA