XALQARO VALYUTA JAMG’ARMASI NIZOMINING IV MODDASIGA MUVOFIQ, 2015 YILGI MASLAHATLAR DOIRASIDA XVJNING O’ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI MISSIYASI YAKUNLARI BO’YICHA PRESS-RELIZI
Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28
Xalqaro valyuta jamg’armasining janob Raji Almarzoki rahbarligidagi missiyasi 2015-yilning 29-aprel – 12-may kunlari IV Moddaga muvofiq, 2015-yilgi maslahatlar o’tkazish uchun Toshkentda bo’ldi.
Raji Almarzoki missiya ishi yakunlari to’g’risida quyidagicha bayonot berdi:
«O’zbekiston iqtisodiyoti Yevropa va Rossiyadagi iqtisodiy faollikning sustligi, shuningdek, neft narxi pastligi bilan ifodalanadigan murakkab tashqi sharoitda ham o’z barqarorligini namoyon etmoqda. 2014-yilda iqtisodiyotning o’sish sur’atlari 8,1 foizni tashkil etdi va bunday yuqori o’sish sur’atlari saqlanib qoldi. 2015-yilning birinchi choragida yalpi ichki mahsulot 7,5 foiz o’sdi. Davlat tomonidan katta hajmda investitsiyalar sarflanayotgani va gaz eksportini Rossiyadan Xitoyga qayta yo’naltirish strategiyasi ushbu bosqichda mamlakat iqtisodiyotini mintaqaning boshqa davlatlarida ro’y berayotgan sekinlashishdan himoya qildi. Tashqi iqtisodiy mavqye mustahkamligicha qolmoqda, ammo joriy operatsiyalar hisob-kitobi bo’yicha profitsit hajmi kamaygan. XVJ xodimlari tomonidan iste’mol narxlari indeksini hisoblashning muqobil uslubi asosida hisoblab chiqilgan yillik inflyatsiya darajasi 2015-yilning mart oyini ham qo’shganda, bir raqamli ko’rsatkichgacha pasaydi va taxminan 9 foizni tashkil etdi.
Soliq-byudjet siyosati har doimgidek puxta amalga oshirilmoqda. 2014-yilda birlashtirilgan byudjetda kichik profitsit yuzaga kelgandan so’ng, 2015-yilning birinchi choragi yakunlari bo’yicha byudjet ijrosi muvozanati ta’minlandi. Bu byudjetda ko’zda tutilganidan kam mablag’ sarflangani bilan bog’liqdir. Investitsiyalar hamon davlat xarajatlarining muhim tarkibiy qismi bo’lib qolmoqda.
Pul-kredit siyosati ham moslashuvchanlik darajasida saqlanib turibdi. O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2014-yilning yanvar oyidan asosiy stavkani, qayta moliyalashtirish stavkasini 12 foizdan 9 foizga tushirdi. Iqtisodiyotda kreditlar hajmi yuqoriligicha qolmoqda. O’zbek so’mini almashtirish kursining pasayish sur’atlari O’zbekistonning savdo sheriklari bo’lgan mamlakatlar valyutasiga nisbatan ancha past.
Bank sektori barqarorlik, izchil kapitallashuv va yuqori likvidlik darajasini saqlab qolmoqda. 2014-yilda garov ta’minotini ro’yxatga olishning markazlashtirilgan tizimi joriy etilgani moliyaviy resurslardan foydalanishni kengaytirish imkonini berdi.
Kelgusi istiqbol haqida so’z borganda, shuni aytish kerakki, 2015-yilda iqtisodiy o’sish, kutilganidek, yuqori bo’ladi. Bunga yaqinda qabul qilingan sanoat va infratuzilmani modernizatsiya qilish, shuningdek, tarkibiy islohotlarni amalga oshirish hamda iqtisodiyotda davlatning rolini kamaytirish imkonini beradigan xususiylashtirish va korporativ boshqaruv dasturlari samarasida erishiladi. Shunday bo’lsa-da, qisqa muddat ichida O’zbekistonning asosiy savdo sheriklari hisoblangan mamlakatlarda o’sish sur’atlarining kutilganidan ham sezilarli darajada sekinlashishi bilan bog’liq xavflarning kuchayish ehtimoli kuzatilmoqda. Valyuta zaxiralarining yetarliligi, byudjet sohasining mustahkamligi va davlat ulushi darajasining pastligini o’z ichiga olgan salmoqli bufer zaxirasi hisobidan yuqorida keltirilgan omillar ta’sirining oldi olinadi. Tegishli iqtisodiy siyosat choralari, jumladan, soliq-byudjet siyosatining o’rtacha yumshatilishi, qat’iy pul-kredit siyosati va moslashuvchan almashuv kursi qisqa muddatli davrda iqtisodiyotda salbiy ta’sirlarni yumshatish imkonini beradi.
Aholi barcha qatlamlari manfaatlariga xizmat qiladigan barqaror va muvozanatli o’sish sur’atlari xususiy sektorni izchil rivojlantirishni rag’batlantirishga asoslangan. Bunda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, korporativ boshqaruv va oshkoralik prinsiplarini mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi. Rasmiy idoralar xususiy sektorni izchil rivojlantirishning ahamiyatini yaxshi tushunadi. Rasmiy idoralarning ta’kidlashicha, valyutani nazorat qilish choralarini yumshatish, asosiy infratuzilma va xom ashyo resurslaridan foydalanishni kengaytirish, xususiy mulk huquqlari himoyasini ta’minlash, litsenziya va ruxsat berishni rasmiylashtirish bilan bog’liq tartib-taomillar, muddat va xarajatlarni kamaytirish, shuningdek, xususiy eksportchilarni qo’llab-quvvatlash orqali xususiy sektorni rivojlantirishni rag’batlantirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar ko’riladi. Bu boradagi qat’iy choralar xususiy sektorni rivojlantirishga yangi turtki beradi.
Shu munosabat bilan missiya rasmiy idoralarning energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish va tartibga solinadigan narxlarni bosqichma-bosqich oshirish orqali energiya resurslari uchun mavhum subsidiyalarni qisqartirish bo’yicha strategiyasini, shuningdek, davlat mulki bo’lgan 1500 dan ziyod ob’yektni korporativ boshqarishni mustahkamlash va xususiylashtirish to’g’risidagi qarorini ijobiy baholaydi.
Rasmiy idoralarning soliq-byudjet statistikasini e’lon qilish orqali ma’lumotlar oshkoraligini ta’minlash to’g’risidagi qarori ham e’tiborga molikdir. Muhim iqtisodiy va ijtimoiy axborotdan foydalanish va uning sifatini yanada oshirish amalga oshirilayotgan siyosatni haqiqiy ma’lumotlarni qo’llash yordamida mustahkamlash imkonini beradi. Shu munosabat bilan missiya rasmiy idoralarning milliy hisob-raqamlar statistikasi masalasi bo’yicha texnik yordamni jalb etish borasidagi rejasini ma’qullaydi.
Missiya O’zbekistonning rasmiy idoralari va bo’lib o’tgan uchrashuvlarning boshqa ishtirokchilariga samimiy mehmondo’stlik hamda samarali muloqot uchun minnatdorlik izhor etadi».